Mahalliy
Iyaksiz jangchining asrga teng umri
“Askar, o‘zingga kel, uyg‘onishing kerak…”
“Ozgina chida, iltimos, yetib qoldik…”
“O‘lma, o‘lishga haqqing yo‘q…”
Qulog‘imga uning so‘zlari elas-elas eshitilar, keyin yana jimlik, qorong‘ilik… Avvaliga u meni opichlab oldi, iyagimdan oqqan qon uning plashiga surkalib borardi, uning og‘zidan chiqayotgan hovurni, olayotgan nafasini his qilib turardim…
* * *
Men – Xolnazar Xolmurodov, XX asrning 20-yillarida Qashqadaryo viloyatida tug‘ildim. Oilada uzoq kutilgan farzand edim, ota-onam kitoblik sohibkaromat nuroniydan duo olishgach, men tug‘ilgan emishman. Keyin meni olib sohibkaromat buvaning yoniga borishgan. O‘zingiz qulog‘iga azon aytib, ism qo‘yib bering, deb. Buva bir kitobni ochib, onamga “shu kitobning istalgan betiga barmog‘ingni bos”, debdi. Ko‘rsalar “nazar” degan so‘z chiqibdi. “Xudoyning nazari tushgan bola ekan, yuzida xosiyatli xoli ham bor, ismi Xolnazar bo‘lsin, qayda bo‘lsa O‘zi uni panohida asrab yursin”, deb duo qilibdi. Mendan so‘ng oilamizda bir qiz dunyoga keldi, undan keyin tug‘ilgan egizaklarimiz turmadi, ota-onam qattiq o‘ksidi, lekin Alloh yana bir qiz bilan siyladi, undan keyin ukam Shonazar tug‘ildi…
Urush…
Urush boshlanganida ukam hali yosh bola, oilaning suyangani men edim. 1941-yilda urushga ketdim. Mening bo‘yim ikki metrga yaqin bo‘lgani uchun ko‘pincha oldingi saflarda joylashtirilardim. Jangdan tashqari ochlik, sovuq, tinimsiz yo‘l yurish bizni ko‘proq holsizlantirib qo‘ygich edi. Har tong Oliy bosh qo‘mondonning bir qadam ham ortga chekinmaslik haqidagi jangovar buyrug‘i bilan uyg‘ondik.
Albatta, har bir buyruq so‘zsiz bajarilishi kerak. Askarlar bir qadam ham ortga chekinmasdan jon berardi. Old safda emasmizmi, birinchi o‘q bizga qaratilar, nishonga ilk o‘qni ham uzardik. Bu albatta, e’tiborsiz qolmagan. Stalinning tashakkurnomalari bir necha bor o‘qib eshittirildi. Yarador yotganimda esa qo‘limga keltirib berishdi.
Birinchi jarohat
Shunday janglardan birida qurshovga tushib qoldik, asosiy qo‘shin bilan oramizni ajratib qo‘yishdi. Bu yerda bizga fashistlardan ham beshafqat dushman – ochlik hujum qildi. Fashistni otib o‘ldirish uchun qo‘limizda qurol bor, lekin ochlikka qarshi qurol yo‘q. Shunchalik holdan toydikki, avtomatni ko‘tarishga majol qolmadi. Jangovar topshiriq – qishloqni himoya qilish, asosiy kuchlarimiz, dushmanni oradan siqib chiqarmaguncha, ularni bu yerga kirgizmaslik. Bir burda non odamning hayotini saqlab qolishi mumkinligini o‘shanda his qildim. Safdoshlarim ochlikdan hushdan ketib qolar, sovuq qorni yeb, kun kechirardik. Shunday kunlarda qishloq aholisi bizning hayotimizni, biz ularning hayotini saqlab qoldik, desam ham bo‘ladi.
Bir kuni tong qorong‘isida xira sharpa ko‘rindi, keksa kampir, u bizga bir burda non, bir bo‘lak pishloq, bir dona pechene olib kelgan ekan, kechiringlar, bolalarim, boshqa yegulik topolmadim, deb yig‘ladi. Qishloq ahli qon qotib yag‘iri chiqib ketgan kiyimlarimizni yuvib kelib berishar, yaralarimizga malham qo‘yardi. Tinimsiz jang, uzluksiz ochlik holdan toydirdi hammamizni, bu yoqdan qanday chiqqanimizni bilmayman, aytishlaricha, oxirgi jangda o‘q yebman, biznikilar yetib kelishgan, qishloq saqlab qolingan. Gospitalda hushimga keldim. Shifoxonada urushga kirganimdan beri ilk marta tiniqib uxlabman. Oxirgi marta bunday uyquni qishloqda, tutlar tagidagi so‘rimizda olgandim. Tuni bilan uyimni, onamni, qishlog‘imizni, ukalarimni sog‘inib yig‘ladim, ertasiga jangga kirishga tayyor ekanimni, jarohatim og‘riq bermayotganini aytdim.
Bir rotadan 20-30 kishi omon qolardi
Frontga qaytganimda bir rotada men bilan yelkama-yelka jang qilgan do‘stlarimdan hech kim yo‘q edi. Hammasi halok bo‘lgan. Qulog‘imda hamon otamdan eshitganim, nuroniy boboning so‘zlari aylandi: “Xudoning nazari tushgan bola ekan… qayda bo‘lsa, O‘zi uni asrab yursin!”
Stalingrad uchun jang men ko‘rgan eng qonli, beshafqat jang edi. Urushdan so‘ng tushlarimga kirib chiqqan, alahsib dodlab uyg‘onishimga sabab bo‘lgan xotiralar shu jangdan qolgan. Har to‘qnashuvdan so‘ng bir rotada 20-30 kishi qolardi, tiriklarni jamlab, yana rotalar tuzilib, jangga tashlanardi.
Har safar urushga kirganda bizdan avval ketganlarning jasadlari ustidan o‘tardik, yerga oyoq qo‘yish imkoni yo‘q.
Bu janglar tarix kitoblarida qanday bitilgan, qanday raqamlar bor, bilmayman. Mening xotiramda olov bilan tilib yozilgan u kunlar. Har kuni tirik ekanimni, yana jangga kirishim kerakligini eslab uyg‘onardim. Ba’zan agar o‘lgan bo‘lsam-chi, bu jang ro‘yo bo‘lsa-chi, deb o‘ylagan paytlarim bo‘lgan. Agar o‘lgan bo‘lsam-u, bu ro‘yo bo‘lsa, shu ro‘yoda ham dushmanni yo‘q qilishim kerak.
Ikkinchi jarohat
Dushman doim tong qorong‘isida hujumga o‘tadi. Shunday janglardan birida qor bo‘roni kuchaydi, o‘q qaydan kelayotganini sezib bo‘lmaydi. Oldingi safda boshqalardan gavdam kattaroq shekilli, dushmanga nishon bo‘lib qolaverdim. Harakatlanib bo‘lmay qoldi. Shu payt qulayroq pozitsiyaga o‘tish uchun qimirlaganimni bilaman, kuragimdan o‘q yedim, ortimdan “yot!” degan qichqiriq keldi, o‘zimni qorga tashladim. Og‘riq zo‘ridan holsizlanib, hushimdan ketdim.
Hushimga kelib qarasam, atrofda hech kim yo‘q, qor bo‘roni, shamol ovozidan boshqa tovush eshitilmaydi. Yerni bir metrga yaqin qor qoplagan. Bu jimlikning vahimasi urushdan ham dahshatli. Ustimni qor qoplay boshladi. Chalqancha yotib oldim, nafasim tafti yuzimni qor qoplab olishiga qo‘ymas edi. Qani edi, shu joyda jonim chiqsa, hammasidan qutulardim, degan o‘y o‘tdi miyamdan. Jon-ku chiqmadi, ammo jarohat qimirlasam og‘rirdi. Tong otib, atrof yorishgach, o‘zimni amallab o‘nglab o‘rnimdan turdim. Og‘riq zo‘raydi, har qimirlaganda jonim chiqib ketay derdi. Mayli, chiqaqol, hammasi tugasin, deb harakat qilaverdim. Allohga tavakkal qilib, bir tomonga yuraverdim. Oyoqlarimda kuch bor, miyam hech narsani sezmasdi, ketaverdim. Qor qalinligidan yo‘l bormi, yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi, to‘satdan oyog‘im toyib, qor uyumi ichiga sho‘ng‘ib ketdim. Kichik jarlik ekan, tepaga qaradim, ha, shu yergacha ekan. “Mayli, shu yerda jonimni olaqol, bu umrdan roziman, oilamizda mendan boshqa o‘g‘il bor. Ota-onamga o‘zi qaraydi. Peshonamga yozilgani shu yerda nom-nishonsiz o‘lib ketish ekan, yashagan umrimga roziman”. Shunday deb, jarlikda yotaverdim. Hushim joyida edi, tanamda harakat qilay desam kuch bor. Xudo bergan jonini mendan so‘rab olmaydi. Bu yerdan chiqish kerak. Shunday dedim-u, tepaga tirmasha boshladim, qorni o‘yib, yergacha yetib bordim, yerni tirnab chiqishga urindim. Tirnoqlarim sovuqdan, kuchli tirmashishdan qonab ketardi. Belimdagi kamarni yechib, u bilan tuproqni o‘yib, zinapoya yasay boshladim. Bir kecha-kunduz deganda, jarlikdan chiqib oldim. Odamning jonini O‘zi uzmasa, osonlikcha uzilmas ekan. Yana yo‘lga tushdim. Qancha yurganimni bilmayman, uzoqdan bir qishloqning qorasi ko‘rindi, tanamga qon yugurgandek bo‘ldi, qadamimni tezlatay derdim-u, madorim yo‘q, bir uyning ostonasiga yetganda hushdan ketdim.
Ikki soatcha yotdim, chamasi. Ko‘zimni ochganimda atrofimdagi odamlarni ko‘rib, ho‘ngrab, yig‘lab yubordim. Ular ust-boshimni alishtirdi, qornimni to‘ydirdi, yaramga malham qo‘ydi. Bu sodda odamlarni o‘zimning qishloqdoshlarimga o‘xshatdim. Dunyodagi hamma yomonlar o‘zicha yomon, lekin hamma yaxshilar bir xil yaxshi ekanligini his qildim. Ular o‘zimga kelib olganimdan so‘ng meni harbiy gospitalga yetkazishdi. Shifoxonada yana bir oy davolanib chiqdim. Urushga, uni boshlaganlarga bo‘lgan nafratim yanada oshgandi. Endi o‘limdan qo‘rqmay qo‘ydim, agar o‘lishim kerak bo‘lganda, o‘sha jardan omon chiqmasdim, dedim. Mening ismim – Xolnazar, O‘zi nazar qilgani rost bo‘lsa, bu urush tugamaguncha o‘lmayman. Jang maydoniga qaytdim.
Xushvaqt momoning jasorati
Jangda yaralanganim haqida do‘stlarim uyga xat yuborgan ekan. Tilab olgan farzandining 2 marta yaralanganini eshitgan ota-onamning holini tasavvur qiling. Onam urushni qarg‘agan, “o‘g‘limning yoniga boraman, uni fashistdan o‘zim qo‘riqlayman”, deb dod solgan. Otam “hoy esingni yig‘, u yoqda urush bo‘lyapti, seniyam otib tashlashadi”, desa, “mayli, o‘g‘limni bir martagina ko‘rsam bo‘ldi, keyin otib tashlashsa ham roziman”, deb sochini yulib yig‘lagan. Bir tongda onam hech kimga aytmasdan uydan chiqib ketibdi. Poyezdga yetib borib, Rossiyaga yo‘l olibdi. Izlab-izlab xatda yozilgan harbiy gospitalni topib kelibdi. Indamasa, jang maydoniga kirgulik shaxti bor Xushvaqt momoning jasoratiga qoyil qolgan harbiy rahbarlar meni jang maydonidan chaqirib olib, o‘n kun onamning yonida qolishga ruxsat berishdi. Onam, onaginam qishloqdan qand-qurs, mayiz-turshak, issiq to‘qilgan jun kiyimlar olib kelibdi.
Ikki yillik sog‘inch 10 kunda arirmidi?! Lekin urush bo‘lyapti, safdoshlarim jon olib, jon beryapti. Onamning qaytish oldidan duosi qulog‘imdan jaranglab qoldi: “Seni Ollo(h)ga topshirdim, O‘zi menga omon qaytarsin”.
Uchinchi jarohat: o‘q iyagimni yulib ketdi
Jang Yevropaning ichiga qarab siljib borar, shahar va qishloqlar galma-gal ozod etilardi. “O‘t och!” buyrug‘i berilgandan o‘q yomg‘iri ostida jangga otilamiz. Har tong odamning miyasiga dahshatdan boshqa narsa qoldirmaydigan holatlar bilan yuzlashamiz…
Bizdan uncha uzoq bo‘lmagan joyda bomba portladi. Chang-to‘zon ichidan oldinga intilardik. Oldindagi askar ham ko‘rinmas edi tutundan. Shu vahima orasida yonginamda kimdir minani bosdi… O‘zimni qo‘lga olishga ulgurmasimdan dushman o‘qi vizillab kelib, iyagimni sidirib ketdi. Haykaldek qotib qoldim. Iyaksiz qolgan jag‘imdan tilim osilib qoldi. Hech narsaning farqi yo‘q edi. Dushman snayperi o‘q uzgan tomonga qarab tik turaverdim. Otib tashlasin, qutulay. Atay otmadi, qiynalib o‘lishimni istadi. Yerga quladim…
Atrofda biznikilar sochilib yotar, ingroq ovozlari tinmasdi. Ora-orada juda yaqindan o‘q ovozi quloqqa chalinyapti. Bildimki, dushman yotgan yaradorlarni o‘ldirib chiqyapti. Yuzim qonga belangan, ingrashga ham holim yo‘q. Meni ham kelib, tepib ko‘rdi. Agar tirik ekanimni, qo‘l-oyog‘im but ekanini bilishganda, asir olib ketishlari shubhasiz edi. Ular ketgach, biroz muddat o‘tib, yaradorlarni olib ketish uchun biznikilar yetib keldi. Pastki jag‘imni, labimni sezmayapman. Ovozim chiqmayapti. Ular yaradorlarni alohida mashinaga olib borishyapti. Mengacha kelishmadi. Elas-elas bizdan nari ketayotgan tibbiy mashinani ko‘rib turardim. O‘zimni o‘lik sonida ekanimni, shu yer oxirgi manzilim bo‘lishini o‘ylab xo‘rligim kelib, bor ovozim bilan baqirib yubordim. Oxirgi marta mashinadan otilib tushgan hamshiraning – men tomonga yugurib kelayotgan hamshiraning sharpasini ko‘rdim, hushdan ketdim.
“Askar, o‘zingga kel, uyg‘onishing kerak!..”
“Ozgina chida, iltimos, yetib qoldik!..”
“O‘lma, o‘lishga haqqing yo‘q!..”
Qulog‘imga uning so‘zlari elas-elas eshitilar, keyin yana jimlik, qorong‘ilik… Avvaliga u meni opichlab oldi, iyagimdan oqqan qon uning plashiga surkalib borardi, uning og‘zidan chiqayotgan hovurni, olayotgan nafasini his qilib turardim. Yana jimlik. Men jasadlar bilan emas, bemorlar bilan gospitalga olib kelindim. O‘lim mening yonimda edi. Ammo bu safar ham olib ketmaslikka qaror qildi. Biroq men charchadim. Baribir shu yerda o‘lsam kerak, yashab ham nima qilaman, og‘zim bo‘lmasa, ovqat yeya olmasam, qanchaga ham borardim, deb o‘ylardim.
“Senga o‘zim turmushga chiqaman, askar”
Menga alohida hamshira biriktirib qo‘yishdi. U og‘zimga rezina ichak bilan ovqat quyar, yaralarimga malham bosar, tomirimdan osma ukol yuborar, oyoq-qo‘llarimni uqalardi. Shu alfozda meni operatsiyaga tayyorladi.
Bir oy deganda o‘zimga keldim. Hamshira qizning meni hayotga qaytarishga urinishlarini befarq qoldirishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Operatsiyaga rozilik berdim. Jarrohlar oyog‘imning son qismidan teri kesib olib, pastki labimni tiklashmoqchi edi. Lekin bu operatsiya ijobiy bo‘lmadi. Oyoqdan olingan et o‘rniga malham surib bog‘lab qo‘yishdi. Bir azobim ikki azob bo‘ldi. Lekin yana bir marta urinib ko‘radigan bo‘lishdi. Endi ko‘krak qismimdan namuna olib, uni lab o‘rniga tikishni reja qilishdi. Avval lab o‘rniga ilashtirib, teriga yopishib ketsa, operatsiya qilamiz, deyishdi. Bir necha kun kutgandan keyin Allohning irodasi bilan teri og‘iz qismimga yopisha boshladi. 16 soat davom etgan amaliyotdan so‘ng menda yangi iyak va lab paydo bo‘ldi. Operatsiya bir necha bosqichda o‘tdi, birinchi bosqichda iyak “yasalgan” bo‘lsa, keyin terining ustki qismi og‘izning ichiga qatlanib, lab hosil qilingan. Shu sabab ham keyinchalik har soqol olganda labimning ichi bilan oladigan bo‘ldim. Bu esa bir marta urush dahshatini his qilish degani edi.
Operatsiyadan so‘ng 6 oy davolandim. Bu vaqt davomida hamshiram mendan ham ko‘p qiynaldi. Bu rus qizining harakatlari meni hayotga qaytardi. Gohida unga “Nima qilasan menga buncha g‘amxo‘rlik qilib, qancha askar yordamga muhtoj, ularga yordam ber!” deb xarxasha qilardim. “Yo‘q, askar, sen tuzalib, uyingga qaytishing kerak, yaqinlaring seni kutyapti”, derdi qiz.
“Yuzimni qara, endi bir umr shu yuz bilan yashashim kerak, qishloqqa borganim bilan birov qizini bermaydi menga”, dedim alam bilan. “Agar hech kim senga tegmasa, mana, men senga turmushga chiqaman, sen bilan ketaman, butun umr senga qarayman, chunki sen Vatan uchun shu ahvolga tushding, askar, sen qahramonsan, bizning qahramonimizsan, mening qahramonimsan”. Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi. U ko‘zlardagi umidni sindirmaslik uchun ham tuzalishga qaror qildim.
Hamshira uch mahal menga suyuq atalani qoshiqda ichirar, go‘shtni qiymalagichdan o‘tkazib yedirar edi. Shunday qilib, 6 oy deganda odam soniga kirib qoldim. Bu paytda urush tugagan, Germaniya taslim bo‘lgan, Reyxstagga bayroq ilingan edi. Shifoxonadan chiqqan askarlar o‘z uyiga jo‘nab ketayotgandi. Shifokorim men bilan “Sen, bola uch marta o‘limning og‘zidan qaytding, endi kamida 100 yil yashaysan!” deb xo‘shlashdi. Hamshira qizning yoniga borib, men bilan ketishini so‘radim. “Askar, mening vazifam seni hayotga qaytarish edi, vazifa bajarildi, boraqol qishlog‘ingga, seni baxting kutyapti”, deb ko‘zyosh bilan xayrlashdi u.
Bozor momoning yolg‘iz qizi
Qishloqqa kelganimda meni ko‘rganlar ko‘ziga ishonmasdi, avvalgi basavlat, bo‘ydor, kelishgan yigitdan asar ham qolmagan. Yuzim tanib bo‘lmas ahvolda. Ota-onam bag‘riga qaytganimdan so‘ng iqtisod yo‘nalishida o‘qib kelib, kolxozda hisobchi bo‘lib ishlay boshladim. Onam meni uylantirish payiga tushdi. Ammo qay eshikka bormasin, “qizim endi butun umr atala pishirib o‘tadimi”, deb rozi bo‘lishmas ekan. Onam qattiq o‘ksinar, mening avvalgi savlatim, qiyofamni eslab, urushni qarg‘ab chiqardi. Shunday kunlarning birida onamning yaqinlari Bozor momo uni yupatadi. Mana, men qizimni beraman o‘g‘lingga, deb. Shunday qilib, Omon bobo va Bozor momoning yolg‘iz qizi menga qayliq bo‘ldi. Qiz bir kun ko‘chadan yig‘lab kelib, Bozor momoga hasrat qiladi: “Men butun umr atala qilib o‘tarkanman, dugonalarim ustimdan kulyapti”. “Ularning gapiga e’tibor berma, bu yigit biz uchun jonini xatarga qo‘yib jang qilib keldi, qancha o‘limdan qoldi, uning xizmatini qilib, duosini ol, hali hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Quroldosh va ketmondoshlar
Urushdan keyin hayot davom etardi. Bu zamin kimlarning qoni evaziga omon qolganini his qilib turgan odam hayotini shunchaki yashay olmaydi. Mening bolalarim, mening avlodlarim urush ko‘rmasligi shart. Buning uchun qo‘limdan keladigani tinmay mehnat qilish edi. Ishdan keyin dehqonchilik bilan shug‘ullanardim, hovlimizda katta ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotni yetishtirardim. Shunday kunlardan birida men bilan bir safda jang qilgan quroldoshim Yaxshi Omonov o‘zi raislik qilayotgan kolxozga ishga taklif qildi. Yaxshi Omonov boshchiligida Qarshi tumanining bir chetidagi kolxoz oyoqqa turdi, odamlarning hayoti yaxshilandi, qurilishlar, obodonliklar bo‘ldi. Vafotidan keyin jamoa xo‘jaligiga uning nomi berildi. U qurdirgan binolar hozir ham Qovchin qishlog‘i aholisiga xizmat qilib kelyapti…
Biz – urushdan jonini omon olib chiqqan odamlar faqatgina mehnat yurtning obodligi, insonlarning farovonligini ta’minlashiga ishonib yashadik.
Meni urush dahshati umrimning oxirigacha ta’qib qildi. Katta alyumin qoshiqda ovqatlanardim, bo‘g‘zimdan o‘tayotgan har bir luqma boshim uzra portlagan snaryadlar dahshatini qayta-qayta eslatar edi. Bolalarimga u kunlarni so‘zlab berishdan charchamadim. Chunki ular bu tinch hayotga qanday erishilganini unutmasliklari, o‘qishdan, mehnatdan og‘rinmasliklarini istardim. Har suhbatdan so‘ng ko‘zlarim yosh, yuragim ma’yus bo‘lib qolardi.
* * *
Shunday qilib, men – Xolnazar Xolmurodov 2015-yil 1 sentabrda O‘zbekistonimizning mustaqillik ayyomi kuni, jang maydonida uch bor o‘lim ostonasidan qaytgan jonimni Allohga topshirdim. Umrimni odamlarga, qishlog‘imga, yurtimga bag‘ishladim. Ilmga, mehnatga ixlos qo‘ydim. Nima bo‘lganda ham Xudoy bergan umrni munosib yashashga harakat qildim. O‘g‘il-qizlarimni o‘qitdim: to‘rt qizim muallim bo‘ldi, o‘g‘illarim el xizmatida yurib, e’tibor topdi. Bugun men ularda, ularning o‘g‘il-qizlari, nevaralarida yashayapman. Ushbu xotiralarni katta qizim, kutubxonachi qizim Hanifa sabab o‘qib turibsiz.
Suhrob ZIYo
“O‘zbekiston armiyasi” jurnali, 2023-yil 4-son.
(Oyina.uz dan olindi)
Mahalliy
Prezident Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini shakllantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqishdir.
Yangi vazirlik oldiga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan bosqichlar va ilmiy faoliyat o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, tizimni yagona yondashuv asosida boshqarish vazifasi qo‘yilgan. Bunda ta’lim mazmunini zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.
Taqdimotda yangi vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy bo‘g‘inlar mas’uliyatini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish qarorlarni ishonchli ma’lumotlar asosida qabul qilishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Maktabgacha ta’limda bolani har tomonlama rivojlantirish, dastur va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Maktab ta’limida darsliklarni yangilash, o‘quvchilarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini izchil rivojlantirish hamda ularni baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Pedagoglarga metodik yordam ko‘rsatishda sun’iy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida ta’lim berish tajribasini o‘tkazish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Kasbiy ta’lim bo‘yicha yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual ta’limni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy o‘quv materiallarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy ta’limda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun mas’uliyatini oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Taqdimot davomida Prezidentimiz ta’limning bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylik mustahkamlanishi zarurligini ta’kidladi. Har bir bosqichda ta’lim sifatiga e’tiborni kuchaytirish, bolalarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash va bu qadriyatlarga butun ta’lim jarayonida va ilmiy faoliyatda tayanish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilib, rektorlar o‘z universitetining yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda qanday rivojlanishi haqida aniq tasavvur va rejaga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish topshirildi.
Mahalliy
Bloger, auditoriya va mas’uliyat: layklar haqiqat mezoni emas
So‘nggi vaqtlarda blogerlar, ular bilan bog‘liq turli voqealar, turli vaziyatlar, odamlar taqdiri haqida ko‘plab postlarni o‘qidim, ushbu mavzularga doir imkon qadar o‘z fikrimni bildirib bordim. Lekin carhisob qilsam aslida bu maqolalarning barchasi bitta katta mavzu atrofida aylangan ekan: so‘z erkinligi, ta’sir kuchi va mas’uliyat. Bizning jamiyatda blogerlik bugun oddiy shaxsiy sahifa yuritish darajasidan ancha o‘zgardi. Ayrim blogerning auditoriyasi ba’zi gazetalar adadidan, hatto ayrim telekanallar auditoriyasidan ham katta. Bir necha daqiqada yuzlab, minglab odamning fikrlashiga ta’sir qilish mumkin.
Shunday ekan, «men faqat o‘z fikrimni aytdim» degan qarash har doim ham mas’uliyatdan ozod qilmaydi. Chunki omma oldida aytilgan har bir gapning ortida oqibat bor. Bloger mansabdorning, davlat idorasining xatosini ochiq aytishi mumkin. Sud qarorini muhokama qilishi, qonunni tanqid qilishi, jamoatchilik manfaatini himoya qilishi mumkin. Bu tabiiy holat. Lekin tanqid bilan ayblov o‘rtasida katta farq bor. «Menimcha, bu qaror noto‘g‘ri» deyish boshqa, «bu odam jinoyatchi» deb hukm chiqarish boshqa. Ya’ni uning millionta obunachisi bo‘lishi ham uni sudyaga aylantirmaydi. Insonning aybdor yoki aybsizligini layklar, repostlar, izohlar yoki jamoatchilik g‘azabi belgilamaydi. Buning uchun dalil, protsess va sud bor. Xuddi shuningdek, bloger advokat ham emas. Huquqiy muammoga duch kelgan odamning huzuriga borib, kamerani yoqib, «men bu ishni hal qilib beraman», «sud qarorini bekor qildirib beraman», «jamoatchilikka chiqarsak, hammasi o‘zgaradi» deyish oson. Ammo sud qarorini ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, muhokamalar emas, qonunda belgilangan protsessual tartib o‘zgartiradi. Apellyasiya, kassatsiya, taftish bor, qolaversa, qonunda nazarda tutilgan boshqa huquqiy mexanizmlar bor.
Odamning dardini kontentga aylantirish bilan uni huquqiy jihatdan himoya qilish bir xil narsa emas. Eng xavflisi, ba’zan insonning musibati boshqa birov uchun auditoriya yig‘ish vositasiga aylanadi. Avvaliga shov-shuvli sarlavha, keyin hissiyotga bosim, so‘ng «adolat talab qilamiz» degan chaqiriq va minglab izohlar, yuzlab ulashishlar…
Ammo oradan vaqt o‘tib, voqea qiziqarli bo‘lmay qolgach, o‘sha jabrlangan odam o‘z muammosi bilan yana yolg‘iz qolishi mumkin. Bloger esa navbatdagi mavzuga o‘tib ketadi. Bu yerda yana bir muhim masala bor: ko‘p obunachiga ega bo‘lish insonni avtomatik ravishda huquqshunos, shifokor, iqtisodchi, ekspert yoki siyosatshunos qilib qo‘ymaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha teskari manzarani ko‘ramiz. Kimning auditoriyasi katta bo‘lsa, uning gapi haqiqatdek qabul qilinadi. Aslida esa haqiqat ovoz balandligi bilan emas, dalil bilan aniqlanadi. Shuning uchun blogerning muhim vazifalaridan biri faktni fikrdan ajratishi, ya’ni «aniqlandi» bilan «menimcha» o‘rtasidani farqni bilishi lozim bo‘ladi.
«Jinoyat sodir qilgan» bilan «jinoyat sodir qilganlikda gumon qilinmoqda» o‘rtasida ham katta farq bor. Har bir yozayotgan so‘zimiz, fikrimiz, matnimiz bir insonning sha’ni, obro‘si, ishi, oilasi va butun hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Shu bilan birga, masalani faqat «blogerlar ehtiyot bo‘lsin» degan nuqtaga olib borish ham to‘g‘ri emas. Omma e’tiboridagi bloger mas’uliyatli bo‘lishi kerak, lekin davlat ham qonun doirasida harakat qilishi lozim. So‘z erkinligi blogerga berilgan imtiyoz emas. U jamiyatning davlat ustidan nazorat qilish imkoniyatlaridan biri.
Ko‘pincha provakatsiyalarsiz, baqir-chaqirlarsiz tayyorlangan kontentlar omma e’tiboriga tushishi qiyin bo‘ladi. E’tibor berib qaralsa, u ham xuddi o‘sha masalani ko‘tarmoqda, faqat qattiq ovozsiz. Ya’ni, etikaga rioya qilayotgan jurnalist yoki bloger zaiflik, qo‘rqoqlik qilayotgani yo‘q. Qattiq savolni ham xotirjam tarzda berish mumkin. Mansabdordan javob so‘rashda esa baqir-chaqirdan ko‘ra, aniq fakt va dalillar ko‘proq ta’sir qiladi.
Faktlar joyida bo‘lsa, ba’zan oddiy va xotirjam berilgan bitta savolning o‘zi ancha ko‘p narsani ochib berishi mumkin.
Yana bir gap, professional jurnalist yoki bloger intervyuga tayyorgarlik bilan boradi: mansabdorning vakolatini biladi, hujjatlar bilan tanishadi, raqamlarni tekshiradi, qonunni yaxshi biladi va keyin savol beradi. Ana shunday savoldan qochish qiyin.
Yana bir masala — auditoriya. Ko‘pincha bloger auditoriyaga ta’sir qiladi, deb o‘ylaymiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan auditoriya ham blogerni o‘zgartiradi: qaysi post ko‘proq layk oldi, qaysi gap ko‘proq tarqaldi, qaysi mavzu ko‘proq janjal chiqardi? Algoritm ham shuni rag‘batlantiradi.
Shunda axborot berish bilan e’tibor tortish o‘rtasidagi chegara sekin-asta yo‘qola boshlaydi. Natijada tahlil emas, keskinlik g‘alaba qila boshlaydi. «Ehtimol» degan so‘z auditoriyaga yoqmaydi, «hammasi aniq!» degan gap esa tez tarqaladi. Bloger asta-sekin haqiqatni emas, o‘z auditoriyasi eshitishni xohlagan narsani ayta boshlaydi. Bu esa axborot maydonida o‘ziga xos yopiq doiralarni paydo qiladi. Bir xil fikrdagi odamlar bir-birini tasdiqlaydi. Boshqa fikr dushmanlik sifatida qabul qilinadi. Dalil emas, «bizning odam» yoki «ularning odami» degan qarash ustun keladi.
Bunga siyosiy ta’sir ham qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, chetdan turib keskin chaqiriq qilayotgan odam bilan shu chaqiriq oqibatini mamlakat ichida o‘z tanasida his qiladigan blogerning tavakkali bir xil emas. Chetdan turib post yozayotgan odam javobgarlikka tortilmasligi mumkin, ammo mamlakat ichidagi bloger huquq buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa jinoyat ishi, sud, jarima, qamoq yoki boshqa oqibatga duch keladi. Shu sabab har qanday siyosiy, diniy yoki ijtimoiy chaqiriqni tarqatishdan oldin uning ortida kimning manfaati turganini ham o‘ylash kerak.
Menimcha, bugun muammoni faqat «yaxshi bloger» va «yomon bloger» degan ikki toifaga ajratib bo‘lmaydi. Masala ancha keng. Bloger, uning auditoriyasi, ijtimoiy tarmoq algoritmlari, pul, obro‘, siyosiy, ijtimoiy manfaatlar, inson psixologiyasi — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq va bir-biriga ta’sir qiladi.
Huquqshunos sifatida blogerlarga munosabatim ularni cheklash kerak, degan qarashdan yiroq. Aksincha, jamiyat rivoji uchun jurnalistlar kabi blogerlar ham kerak. Faqat mustaqil fikr, hokimiyatni tanqid qilish, jamoatchilik nazorati, bularning barchasi faktlarga, kasb etikasiga, huquqiy madaniyatga va shaxsiy mas’uliyatga tayanishi lozim. Aks holda, so‘z erkinligi boshqa insonning huquqini buzish vositasiga aylanishi mumkin.
So‘z erkinligi katta kuch. Shuning uchun bugun biz blogerlarni cheklash haqida emas, axborot tarqatish madaniyati haqida ko‘proq o‘ylashimiz kerak. Chunki muammo blogerning o‘zida emas, uning qo‘lidagi imkoniyatdan qanday foydalanayotganida. Bir xabarni tekshirmasdan tarqatish, birovni dalilsiz ayblash yoki shaxsiy hayotini ommaga olib chiqish ortida haqiqiy insonning taqdiri turganini unutmaslik kerak.
Ehtiyotkorlik va mas’uliyat faqat blogerlarga tegishli emas. Jurnalist ham, amaldor ham, ijtimoiy tarmoqda o‘z fikrini bildirayotgan oddiy odam ham so‘zi uchun mas’ul. Zero, so‘z erkinligi bor joyda fikrlar xilma-xilligi ham, tanqid ham, bahs ham bo‘ladi. Muhimi, bularning barchasi haqiqatni izlashga xizmat qilsin, birovning huquqini poymol qilishga emas.
Azamat Ashirbayev,
huquqshunos
Mahalliy
O‘qituvchi bolalar qalbiga qanday yo‘l topmoqda?
Oddiy kunlarning biri, navbatda turibman, yonimda o‘tirgan ayol o‘qituvchi ekan va biz biroz uyoq-buyoqdan gaplashdik. Suhbatimiz tabiiyki bolalar tarbiyasiga borib taqaldi.
«O‘quvchilarimga birinchi sinfdanoq birovning haqiga tegmaslikni quruq nasihat bilan emas, hayotiy sinov orqali o‘rgataman. Masalan, stol ustiga hamma ko‘radigan qilib pul qo‘yaman. Agar bolalar tegishmasa — tahsinga sazovor, ularga minnatdorlik bildiraman. Agar kimdir olib qo‘ysa, (axir u qiziquvchan bolada) buni hech qachon ovoza qilmayman, sinfdoshlarining oldida uyaltirmayman. Bolaning o‘zi bilan ohista, hech kim bilmaydigan tarzda suhbatlashaman. Va qarabsizki, keyingi to‘rt yil davomida sinfda bemalol sumkamni ochiq holatda qoldiraveraman, hech kim tegmaydi…»
Ana shu oddiygina hangoma menga o‘qituvchi bilan yaqindan tanishish ishtiyoqini uyg‘otdi. Ba’zan ana shu kutilmagan tanishuv inson qalbini, haqiqiy qahramonni kashf qilishga turtki bo‘ladi. Suhbatdoshim Jumagul Yoqubova asli Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Xo‘sh, endigina 2-sinfga o‘tgan qirq nafar qolaversa, yana uch nafar alohida e’tiborga muhtoj bolajonlar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lish — shunchaki oddiy o‘qituvchilik kasbimi yoki bolaning butun keyingi ta’limi va fe’l-atvoriga poydevor qo‘yadigan katta mas’uliyatmi? Suhbatimiz aynan shu haqda kechdi.
— Aytingchi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lish qiyinmi?
— Har kim ham boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘la olmaydi. Chunki bu kasb faqat bolaga harf tanitish, o‘qish va yozishni o‘rgatish bilan cheklanmaydi. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bolaning qalbiga, dunyoqarashiga va kelajagiga ilk yo‘l ko‘rsatadigan yo‘lchi mayoq desak ham bo‘ladi.
Men har bir o‘quvchimga qaraganimda, uning kelajagini tasavvur qilishga harakat qilaman. Chunki bugun oldimda partada o‘tirgan kichkina bola ertaga jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topadigan inson bo‘ladi. Uning ilk bilimlari, maktabga bo‘lgan munosabati, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi aynan boshlang‘ich sinflarda shakllanadi.
Shuning uchun o‘qituvchi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilishi kerak. Boshlang‘ich sinfda qo‘yilgan poydevor qanchalik mustahkam bo‘lsa, bolaning keyingi ta’lim bosqichlari ham shunchalik ishonchli bo‘ladi. Men uchun o‘quvchining darsdagi muvaffaqiyati bilan birga, uning inson sifatida shakllanishi ham juda muhim. Har bir bolaning qalbida bir olam bor. O‘qituvchining vazifasi esa ana shu olamni ko‘ra bilishdir.
— Bola maktabga ilk kelgan kuni uning muhitga moslashishiga qanday yordam berasiz?
— Men uchun birinchi navbatda bolaning ko‘zlari muhim. Maktabga ilk qadam qo‘ygan bolalarning nigohlarida turli savollarni ko‘rasiz. Bir bolaning ko‘zlari qiziqish va hayajondan yonib turadi. Boshqasida begona muhitdan qo‘rquv yoki tortinchoqlik, yana birida esa o‘ziga ishonchsizlik seziladi.
Shuning uchun men yangi o‘quvchilarim bilan ilk uchrashuvdayoq ularning nigohiga, o‘zini tutishiga va atrofdagilar bilan munosabatiga e’tibor beraman. Chunki har bir bola qalbiga bir xil kalit bilan yo‘l topib bo‘lmaydi. Kim bilandir ko‘proq suhbatlashish kerak, kimdir biroz vaqt o‘tib o‘zini erkin his qiladi. Ba’zi bolaga ko‘proq rag‘bat, boshqasiga talabchanlik kerak.
Yaxshi o‘qituvchi bolaning faqat daftaridagi yozuvni emas, uning ko‘zidagi savolni ham o‘qiy olishi lozim. Shunda bola o‘zini yaqin tutadi va bilim olish jarayoni ham tabiiy kechadi.
— Bugungi bolalar avvalgi avloddan ajralib turadi. O‘qituvchi telefon, multfilm va internet bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘quvchining diqqatini qanday ushlab turasiz?
— Bugungi bolalarning axborot olamiga kirish imkoniyati juda keng. Ular bizning bolaligimizga qaraganda ancha ko‘p narsani ko‘rishadi, eshitishadi va tez o‘zlashtirishadi. Shu bilan birga, ularning diqqati ham tez chalg‘iydi. Uzoq vaqt bir joyda o‘tirib, faqat tinglab turish ular uchun qiyin.
Shuning uchun o‘qituvchi ham zamon bilan birga o‘zgarishi kerak. Men dars jarayonida turli metodlar, didaktik o‘yinlar, jamoaviy topshiriqlar va kichik bellashuvlardan foydalanaman. Ba’zan bolaning e’tiborini tortish uchun u yaxshi ko‘radigan multfilm qahramonlari yoki zamonaviy texnologiyalarni darsga olib kiraman.
Telefonni faqat «dushman» deb bilish emas, undan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish kerak. Bola texnologiyaga qiziqayotgan bo‘lsa, o‘qituvchi shu qiziqishni ta’lim tomon burib yuborishi mumkin.
Albatta, faqat o‘yin bilan ta’lim berib bo‘lmaydi. Ba’zan talabchanlik va intizom ham kerak. Lekin bu talabchanlik bolaning ko‘nglini sindirish uchun emas, uni tartibga, mas’uliyatga va maqsad sari intilishga o‘rgatish uchun xizmat qilishi lozim.
— Baho bolani rag‘batlantiradimi yoki o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradimi? Siz uchun «yaxshi o‘quvchi» kim?
— Baho bolaning mehnatini ko‘rsatadigan vosita, lekin u ta’limning yagona maqsadi emas. Boshlang‘ich sinfda bolani avvalo o‘qishga qiziqtirish, unda «men ham uddalay olaman» degan ishonchni shakllantirish juda muhim. Shu sababli o‘quvchilarni rag‘bat va kichik sovg‘alar orqali qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.
Masalan, sinfda o‘quvchilar bilan kichik «bank» tizimini tashkil qilganmiz. Bola yaxshi javob bersa, she’r yod olsa yoki darsda faol bo‘lsa, shartli «pul» yig‘ib boradi. Ma’lum vaqt o‘tgach, ular to‘plagan «mablag‘i» evaziga sovg‘a tanlashlari mumkin. Bu usul bolalarda mehnat va natija o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunishga yordam beradi.
Lekin men uchun «yaxshi o‘quvchi» — faqat hamma fandan a’lo baho oladigan bola emas. Savol beradigan, qiziquvchan, mustaqil fikrlaydigan, xato qilishdan qo‘rqmaydigan va o‘z fikrini ifodalay oladigan bola ham yaxshi o‘quvchidir. Vaqt o‘tishi bilan intilish baho uchun emas, bilim olish va o‘z imkoniyatlarini namoyon qilishga xizmat qilishi kerak.
— Ota-onalarning farzandi ta’limiga aralashuvi qayergacha yordam, qayerdan boshlab o‘qituvchining ishiga xalaqit berishga aylanadi?
— Ota-ona maktabdan butunlay chetda turmasligi kerak. Chunki bolaning kayfiyati, qiziqishlari va uydagi muhiti haqida ota-onadan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega inson kam. O‘qituvchi esa bolaning maktabdagi faoliyati va tengdoshlari bilan munosabatini yaxshi biladi. Shu sababli ota-ona va o‘qituvchi hamkorligi qancha mustahkam bo‘lsa, bolaning rivojlanishi uchun shuncha yaxshi. Lekin bu hamkorlikning chegarasi bo‘lishi kerak. Ota-ona vazifani bolaning o‘rniga bajarib bermasligi, har bir xatosini yashirishga yoki bahosini sun’iy oshirishga urinmasligi lozim. Aks holda bola mas’uliyatni his qilmay qo‘yadi.
Ota-onalarga doimo shuni aytaman: farzandingizning uy vazifasini bajarib berish yordam emas. Ba’zan unga xato qilish, o‘ylash va o‘z kuchi bilan natijaga erishish imkonini berish — eng katta ko‘makdir.
— Bolalar uchun ma’lumot manbalari juda ko‘p. Lekin axborot ko‘pligi hali bilim degani emas. Boshlang‘ich sinfda bolaga nimani ko‘proq o‘rgatish kerak, ko‘p narsani bilishnimi yoki to‘g‘ri fikrlashni?
— Bugungi davrda ma’lumot topish muammo emas, internetdan bir necha soniyada minglab javob chiqadi. Shu sababli zamonaviy maktabning vazifasi faqat «ko‘p narsani biladigan» bolani emas, balki topgan ma’lumotini tushuna oladigan, tahlil qiladigan va undan to‘g‘ri foydalana oladigan shaxsni tarbiyalashdir.
Boshlang‘ich sinfda savodxonlik, matematika, tabiatshunoslik bo‘yicha mustahkam poydevor beriladi. Ammo bilim bilan bir qatorda mustaqil fikrlash, savol berish, jamoada ishlash va o‘z fikrini asoslab berish kabi ko‘nikmalar shakllanishi zarur.
Darslarimda bolalarga tayyor javobni berishdan ko‘ra: «Nima deb o‘ylaysan?», «Nega shunday deb hisoblaysan?», «Boshqa qanday yechim bo‘lishi mumkin?» kabi savollarni ko‘proq beraman. Bola o‘qituvchidan olgan axborotni unutishi mumkin, lekin unda mustaqil fikrlash odati shakllansa, kerakli bilimni ertaga o‘zi izlab topa oladi.
— Sun’iy intellekt bolalar hayotiga ham kirib keldi. Bundan cho‘chish kerakmi yoki to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish mumkinmi?
— Sun’iy intellektni ta’lim uchun foydali vositaga aylantirish mumkin, ammo bunda eng katta mas’uliyat o‘qituvchiga tushadi. Bolaga undan foydalanishni taqiqlashdan ko‘ra, to‘g‘ri ishlatishni o‘rgatish muhim.
O‘quvchilarga sun’iy intellekt ularning «o‘rniga o‘ylaydigan» vosita emas, balki izlanishga yordam beradigan yordamchi ekanini tushuntirish kerak. Masalan, undan mavzuni soddaroq tushuntirishni so‘rash, misollar topish yoki o‘z ishini tekshirtirish mumkin. Lekin tayyor javobni ko‘chirib olish mustaqil fikrlashga zarar yetkazadi. Eng muhimi, bola sun’iy intellekt bergan ma’lumotni tekshirib ko‘rishni ham bilishi lozim.
— Sinfingizda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham bor ekan. Inklyuziv ta’lim muhitida bolalar bir-birini qanday qabul qiladi?
— Ba’zan bolaning xulqi va tengdoshlariga munosabatidan oiladagi muhit seziladi. Lekin shoshilinch xulosa chiqarmaslik, avvalo bolani tushunishga harakat qilish kerak.
Sinfimdagi jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga kelsak, men ularni boshqalardan aslo ajratmayman. Eng avvalo, bolaga «sen boshqachasan» degan tuyg‘u berilmasligi kerak. Ular uchun zarur sharoit yaratamiz, topshiriqlarni imkoniyatiga moslashtiramiz.
Inklyuziv ta’limning mohiyati ham shunda, har bir bola o‘zini shu sinfning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi kerak. Buning natijasida sog‘lom bolalar ham juda katta insoniylik sabog‘ini olishadi: sabr, mehr, hamdardlik va boshqalarni qadrlashni o‘rganishadi. Mehr va o‘zaro yordam mavjud bo‘lgan sinfda bola nafaqat bilim oladi, balki chin inson bo‘lib shakllanadi…
Suhbatdoshim bilan xayrlashar ekanman, xayolimdan bir fikr o‘tdi: ba’zan biz ta’limni murakkab dasturlar, zamonaviy texnologiyalar va baholar tizimidan iborat, deb o‘ylaymiz. Vaholanki, aslida hammasi juda oddiy va hammasi bolaning ko‘zlaridagi savolni o‘qiy oladigan, uning xatosini ayblamay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan oddiy muallimning mehridan boshlanadi.
Barno Sultonova suhbatlashdi
Mahalliy
50 ming dollar — mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi…
Ustozlik — inson hayotiga ta’sir o‘tkazish, uning kelajagiga daxldor qarorlarga sababchi bo‘lish demak. Ayniqsa, bu kasbni yillar davomida chekka hududda sidqidildan ado etib, ilmiy izlanishni ham, oilaviy mas’uliyatni ham birdek yelkada ko‘tarib kelayotgan pedagog uchun e’tirofning har qanday shakli ortida katta mehnat va mas’uliyat bor.
Qoraqalpog‘istonlik pedagog, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nigora Allambergenova ana shunday ustozlardan biri. Uning kasbiy faoliyatida maktab, ilm-fan va shogirdlar hayoti bir-biridan ayro tushmaydi. Ustozlik unga oiladan meros bo‘lgan qadriyat bo‘lsa, ilmiy izlanish uning dunyoqarashini boyitgan, shogirdlarining yutuqlari esa mehnatining eng katta mukofotiga aylangan. Ayniqsa, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uning hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi…
— Nigora opa, bugun sizni xalqimiz «Yil o‘qituvchisi» va 616 million so‘mlik mukofot sohibasi sifatida yaxshi taniydi. Ammo bu mukofotlarni bir chetga surib qo‘ysak, o‘zingizni yana qaysi yutuqlaringiz, ta’lim sohasiga qo‘shgan hissangiz bilan kim deb tanishtirgan bo‘lardingiz?
— Avvalo, men o‘zimni oddiy maktab o‘qituvchisi, Qonliko‘l tumanidagi maktabda faoliyat yurituvchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, o‘z kasbiga mehr qo‘ygan pedagog va ilmiy izlanishdan to‘xtamaydigan tadqiqotchi sifatida tanishtirgan bo‘lardim. «Yil o‘qituvchisi» unvoni men uchun katta sharaf, ammo mening eng katta yutug‘im shogirdlarimning natijasi.
— Nega aynan o‘qituvchi bo‘lishni tanlagansiz, kim sababchi bo‘lgan bu sohani tanlab, shu darajaga yetishishingizga?
— Bolalikdan o‘qituvchilik muhitida ulg‘ayganman. Ota-onam, bobom, buvim, amakim va ammalarim ham o‘zbek tili o‘qituvchisi bo‘lgan. Dadam Qurbaneyazov Gulmurza — Ajiniyoz nomidagi NDPI professori, fan doktori. Onam Sobirova Hakima Nukus shahridagi 38-sonli maktabda o‘zbek tili fani o‘qituvchisi. Opam Allambergenova Nodira ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent. Ona tomondan katta bobom Xivadagi madrasada xon farzandlariga ta’lim bergan. Shuning uchun oilamizda bu kasbga alohida hurmat bilan qaraladi.
Men juda kichikligimdan ilm muhitida ulg‘ayganman. Olti yoshimdayoq barcha harflarni tanirdim. 1997-yilda dadam fan nomzodi bo‘lgan. Undan oldin ilmiy ishini yozuv mashinasida yozardi. Men esa yonida o‘tirib, kitobdan belgilangan joylarni o‘qib turardim. Aks holda bir vaqtning o‘zida kitobga ham, yozuv mashinasiga ham qarash ko‘p vaqt olardi.
13 yoshimda birinchi kompyuterimizni oldik. Dadam doktorlik ishini qo‘lda yozar, men esa kompyuterda ko‘chirib berardim. Shunday qilib, ilmga kirib kelganman. Institutda ham ustozlarim bilan birdek mulohaza yurita olardim, garchi hali ilmiy darajam bo‘lmasa ham.
— Bugungi Nigora Allambergenova o‘zi o‘quvchilik yillaridagi Nigora bilan uchrashsa, unga birinchi navbatda nima degan bo‘lardi?
— «Sen to‘g‘ri ketyapsan, faqat to‘xtama», derdim. Chunki inson o‘z yo‘liga ishonch bilan borsa, natija albatta bo‘ladi. Balki o‘sha paytda bugungi kunlarimni tasavvur ham qilmagandirman. Lekin orzu qilishdan va harakat qilishdan to‘xtamagan bo‘lardim.
— Qonliko‘lda ishlashning shaharda o‘qituvchilik qilishdan farqi nimada, deb o‘ylaysiz? Bu hududda pedagog bo‘lishning siz aytmagan, faqat o‘zingiz biladigan qiyin va o‘ziga xos tomoni nimada?
— Qishloqda o‘qituvchini nafaqat o‘quvchisi, balki uning ota-onasi, mahallasi ham taniydi. Shuning uchun siz har bir harakatingiz bilan o‘quvchiga ham, jamiyatga ham namuna bo‘lasiz. Qishloqda o‘qituvchilar juda qadrlanadi. O‘quvchilar bilan samimiy munosabat o‘rnatish imkoniyati bor. Ammo imkoniyatlar o‘quvchilarga shahardagi bolalar bilan teng bilim berish uchun o‘qituvchidan yanada ko‘proq izlanish talab etiladi.
— Sizni ishdan ketish yoki boshqa kasb tanlash haqida jiddiy o‘ylashga majbur qilgan voqea bo‘lganmi?
— Jiddiy ravishda kasbimni tashlash haqida o‘ylagan davrim bo‘lmagan. Albatta, har bir kasbda qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin o‘quvchining bir og‘iz yaxshi gapi yoki kichik yutug‘i ham insonga yana kuch beradi. Ba’zida o‘quvchilar «Maylimi siz bilan do‘stona gaplashsam», deb kelishadi. Ularni tinglab, meni o‘ziga yaqin olayotganliklaridan quvonaman. Sizni o‘z idealidagi inson sifatida ko‘ra olsa, har qanday o‘quvchi sizga ergashadi.
— Olis hududda ishlayotgan o‘qituvchi uchun eng katta muammo — maosh, sharoit, kadrlar, o‘quvchilar imkoniyati yoki boshqa narsami?
— Menimcha, bitta muammoni ajratib ko‘rsatish qiyin. Sharoit, kadrlar, o‘quvchining imkoniyati — bularning barchasi bir-biri bilan bog‘liq. Lekin eng muhimi yaxshi mutaxassisni hududda ushlab qolish. Chunki aksariyat bilimli va yaxshi kadrlar doim markazga intiladi.
— Sizda «shu bolaning hayoti o‘zgarsa, mening mehnatim bekor ketmabdi», degan hisni uyg‘otgan o‘quvchingiz bormi?
— Albatta, bunday o‘quvchilar bor. O‘quvchining siz bergan bilimdan foydalanib, o‘z yo‘lini topganini ko‘rish — o‘qituvchi uchun eng katta mukofot.
Bir oilada faqat qiz bolalar edi. Dadasi qizlarini «o‘g‘il emas», deb ba’zan xafa bo‘lardi. O‘sha qiz juda yaxshi o‘qib, tanlovlarda qatnashdi. O‘qishga kirdi va o‘zining hech bir o‘g‘ildan kam emasligini isbotladi.
— O‘quvchilaringiz sizning «Yil o‘qituvchisi» bo‘lganingizni qanday qabul qildi? Ular orasida sizga aytilgan eng ta’sirli gap qaysi?
— Juda samimiy qabul qilishdi. Ayniqsa, kichik yoshdagi o‘quvchilarning munosabati menga juda ta’sir qildi.
2024-yilda davlatimiz rahbari bilan ilk muloqotimni 2-sinf o‘quvchisi ko‘rgan ekan. Keyin menga: «Ustoz, Prezident bilan telefonda gaplashgandingizmi?» deb so‘radi. «Ha, gaplashdim», desam, «sizda ularning raqami bormi», deydi. Bu oqko‘ngillik va samimiyat to‘la ko‘zlarni sira unutmasam kerak. Men o‘shanda unga «Hozircha yo‘q, nasib shunday kunlar kelib qolar» deb javob bergandim.
— Prezident bilan muloqotda siz «50 ming dollar olyapman», dedingiz. Bu jumla jamoatchilikda turlicha talqin qilindi. Aniqlik kiritadigan bo‘lsak, 50 ming dollar — sizning oylik maoshingiz emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli, shundaymi?
— Ha, bu hayajonga to‘la so‘zlar edi. Bu mening oylik maoshim emas, «Yil o‘qituvchisi» tanlovidagi g‘oliblik uchun berilgan bir martalik mukofot puli edi. Yaratilgan imkoniyatlar uchun yurtboshimizga o‘z minnatdorchiligimni aytmoqchi edim. Avvalgi muloqotda «4 ming dollar maosh oling», deb aytganlarini eslab, bugun ham izlanishdaman, sizning oldingizdagi va’damni bajardim, demoqchi edim aslida. Bu tushunmovchilik uchun barchadan uzr so‘rayman.
— Ikki yil avval muhtaram Prezidentimiz bilan suhbatda 2 ming dollar maosh olishingizni aytganingizda, ular maoshingiz 4 ming dollarga yetishiga umid qilgandilar. Sir bo‘lmasa, hozirgi oylik maoshingiz qancha? 616 millionlik mukofotdan keyin doimiy oylik daromadingiz o‘zgarganmi?
— Hozirgi oylik daromadim 26 million so‘m. Bundan tashqari, uch yildan buyon «Vazir ustamasi»ni ham olyapman. 24 soat darsim bor, 300 foiz ustama egasiman.
— O‘sha kuni Prezidentga «50 ming dollar olyapman», deganingizda, bu gapingiz qanday tushunilishi haqida o‘yladingizmi yoki o‘sha lahzada hissiyot ustun keldimi?
— O‘sha lahzada hissiyot ustun kelgan. Men oddiy maktab o‘qituvchisiman va so‘zlarim yurakdan chiqdi. Videomuloqot bo‘lsa ham, Prezident bilan muloqotning o‘zi insonda katta hayajon uyg‘otar ekan, salobatlari bosar ekan.
— Ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchilik sabab negativlar juda ko‘paydi, ularni o‘qib ko‘nglingizdan nimalar o‘tdi?
— Albatta, og‘ir ta’sir qildi. O‘quvchilarim, ota-onam, farzandlarim o‘qiganidan juda uyaldim. Bu tanlovda qatnashish 3 bosqichdan iborat edi. Farzandlar, oila, ro‘zg‘or va maktabdan bo‘sh vaqtimda necha tunlar bedorlikda tayyorgarlik ko‘rdim. Ustozlarimdan maslahat oldim. Huddi Martin Iden kabi uyqu vaqtini 4 soat qilib belgilab oldim. Insonni noto‘g‘ri tushunishlari, aytmagan ma’noni gapiga yuklashlarini qabul qilish oson emas.
— Prezidentning siz aytgan gapga munosabatini eshitgan paytingizda nimani his qildingiz?
— U kishining xursand bo‘lib ketganlarini ko‘rib, o‘zim ham juda hayajonlanib ketdim. Ularning maqtovlarini «qani endi dadam ham eshitsalar», degan o‘y eng birinchi hayolimga keldi. Chunki ilm yo‘lidagi ilk ustozim — bu dadam.
— 616 million so‘mlik mukofot puli qo‘lingizga tekkan ilk daqiqada birinchi bo‘lib nimani o‘yladingiz?
— Avvalo, Allohga shukurlar aytdim. Buni ta’riflash qiyin. Shu bilan birga, bu mukofot menga yanada katta mas’uliyat yuklaganini his qildim. Attestatsiya sinoviga kirayotganimda juda istagan edim. «Allohim, shu mukofotni menga nasib qilgin», deb juda niyat qilgan edim.
— Sizningcha, o‘qituvchi mehnatini katta pul mukofoti bilan rag‘batlantirish pedagoglarning kasbga munosabatiga qanday ta’sir qiladi?
— Bu, avvalo, o‘qituvchi mehnati jamiyat tomonidan qadrlanayotganini ko‘rsatadi. Moddiy rag‘bat insonga katta motivatsiya beradi. Lekin o‘qituvchilikni faqat pul uchun tanlab bo‘lmaydi. Chunki har kuni bola bilan ishlash, uning muammosini tushunish, o‘z ustida ishlash uchun kasbga mehr ham kerak.
— Mukofot puli olganingizdan keyin odamlarning sizga munosabati o‘zgardimi, hamkasblaringiz buni qanday qabul qildi?
— Hamkasblarim juda yaxshi qabul qilishdi. «Siz bunga loyiqsiz», «Sizga ishonar edik», «Halolingiz bo‘lsin», degan gaplarni aytishdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar sabab, o‘zimni juda yomon his qildim. Lekin jamoam meni doimo qo‘llab-quvvatladi. Bu men uchun juda muhim. Ahil jamoamga har doim rahmat aytaman.
— Prezident bilan ikki marta muloqot qilgan inson sifatida ayta olasizmi, birinchi uchrashuvingizdagi Nigora bilan bugungi Nigora o‘rtasida qanday farq bor? Keyingi galgi uchrashuv nima munosabat bilan bo‘lishini istardingiz?
— Bundan oldingi muloqotda eng chekka hududda yashasam ham, oddiy maktab o‘qituvchisi bo‘lsam ham, inson qadriga sadoqat bilan xizmat qilsa, «mo‘jizalar» yuz berishini his qildim. Keyingi gal Prezidentimiz bilan Qo‘rako‘lda uchrashishni istar edim.
— Ko‘pincha muvaffaqiyatli inson haqida gapirganda uning ortidagi oila a’zolarining ham mehnatini unutib qo‘yamiz. Sizning yutug‘ingiz ortida kimlarning mehnati bor?
— Bu yutuq ortida, birinchi navbatda, oilam bor. Meni hamisha tushunib, qo‘llab-quvvatlaydigan yaqinlarim boriga shukur. Shu fursatdan foydalanib, turmush o‘rtog‘im, qaynonam va farzandlarimga rahmat aytaman.
— Ish, ilmiy izlanishlar va oilaviy hayot o‘rtasida muvozanatni qanday saqlaysiz?
— Oson emas. Kunduzi oddiy ona, uy bekasi va ustozman. Ilmiy ishlarim bilan asosan tunda yoki tongda shug‘ullanaman.
— Filolog-tadqiqotchi sifatida o‘zbek va qoraqalpoq tillarining frazeologiyasi bo‘yicha tadqiqot olib borgan ekansiz, PhD dissertatsiyasini himoya qildingizmi? Tadqiqot ishingiz orqali qanday yangilik qila oldingiz yoki endi qilmoqchisiz?
— Ha, 2023-yil 18-martda ilmiy ishimni himoya qilganman. Ilmiy rahbarim — Xudayarova Muhabbat bilan tadqiqotimizda o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi nutq ma’noli frazemalarni qiyoslab, ma’nolarini tahlil qildik. Bu qoraqalpoq grammatikasida o‘rganilmagan yo‘nalish edi.
— Ilmiy izlanishlaringizda o‘rgangan narsalaringiz dars berish uslubingizni o‘zgartirganmi?
— Albatta, chunki ta’lim jarayoni qoraqalpoq tilida bo‘lgan maktabda dars beraman. Ilmiy ish sabab bu tilni ham mukammal o‘rganib, o‘quvchilarimga mavzularni ikki tilda solishtirib, o‘rgata olyapman.
— Sizning eng katta tanqidchingiz kim — o‘zingizmi, yaqinlaringiz yoki hamkasblaringizmi?
— Ham tanqidchim, ham ustozim — dadam. Ular eng yaqin maslahatchim.
— Uyga charchab qaytgan kuningizda ham ertangi dars haqida o‘ylaysizmi? Yoki ishni maktabda qoldirib ketishni o‘rganganmisiz?
— Hech qachon ishim maktabda qolmaydi, menimcha. Ko‘pincha o‘qituvchilar farzandidan ham ko‘proq o‘quvchilarini o‘ylab yashaydilar. Men ham doimo o‘quvchilarimni o‘ylab yuraman. Ularning kichik yutug‘i ham meni quvontiradi.
— Ota-onangiz bugungi yutug‘ingizni ko‘rib, sizga nima dedi? Ularning qaysi gapi siz uchun eng ta’sirli bo‘ldi?
— «Qizim, Sirojiddin Sayyid boshqa hech qaysi Nigora ustoz haqida she’r yozmagan. Sen yurtboshimizning yodida qolgansan. Bu o‘qituvchi uchun eng katta sharaf» deyishdi.
— Agar bugungi mukofot, Prezident bilan muloqot va «Yil o‘qituvchisi» unvoni hamda hozirgidek yuqori maoshingiz bo‘lmaganida ham, ertaga yana maktabga borishga sizni nima undardi?
— Hayotim mazmuniga aylangan jonajon maktabim, o‘quvchilarim. Bir kun bormay qolsam, sog‘inib qolaman.
— O‘qituvchi uchun yaxshi maosh muhimmi yoki jamiyatdagi hurmat?
— Hurmat va e’tibor muhim.
— Bugungi bolalarni o‘qitish qiyinlashdimi yoki fanlar avvalgidan qiyinlashdimi? Balki biz, kattalar, hozirgi zumerlarni tushunishga harakat qilmayotgandirmiz?
— Bolalar nimani bilishini, qaysi fanni o‘rganishni, qaysi mavzuga qiziqishini bilmasangiz, yaxshi o‘qituvchi bo‘la olmaysiz. Ularni qalban his qila olsangizgina sizni hurmat qilishadi.
— O‘quvchining bahosi past bo‘lsa, siz birinchi navbatda bolani ayblaysizmi yoki «men bu bolaga bilimni boshqacha usulda tushuntirishim kerak», deb o‘ylaysizmi?
— Avvalo, o‘zimni ayblayman. «Nega o‘zlashtira olmayapti?», deb o‘ylayman. Keyingi darsimda o‘sha o‘quvchimga ko‘proq e’tibor beraman.
— Bugungi kunda davlat maktablari avvalgidek dars bermayotgandek, puli bor inson iloji boricha farzandini xususiy maktabga berishga intiladi. Bunga o‘qituvchilar aybdormi yoki maoshlar kamligi sababmi?
— Jamiyatda shunday fikr shakllanib qolgan. Aslida hali ham fidoyi hamkasblarimiz bor. Ularning shogirdlari tushdan keyin maktabga kelib to‘garaklarda qatnashib, hatto qo‘shimcha ishlab ham turli sertifikatlarni olayotganlar bor. Lekin ota-onalar ko‘p hollarda repetitorni afzal ko‘rishadi.
— Siz o‘quvchilarni faqat fan bo‘yicha o‘qitasizmi yoki uni hayotga tayyorlashni ham o‘z vazifangiz deb bilasizmi?
— Faqat fanni emas, hayotni ham o‘rgatish kerak, deb bilaman. O‘quvchilarga to‘g‘rilik, halollik, do‘stlikni qadrlash, mehnat qilish va insonni hurmat qilishni o‘rgatishga harakat qilaman. Chunki maktab faqat bilim beradigan emas, inson shaxsi shakllanadigan muhit.
— Hayotingizda hech kim bilmaydigan, lekin bugungi Nigora bo‘lishingizga sabab bo‘lgan bir qiyin davr bo‘lganmi?
— Hayotimda bir farzandimni baxtsiz hodisa sabab yo‘qotganman. Bu og‘riqni so‘z bilan ifodalash qiyin. Lekin bu voqeadan olgan eng katta sabog‘im boladan qadrli hech bir ne’mat yo‘q. Shuning uchun har bir o‘quvchimga kimningdir jondek aziz farzandi sifatida qarayman. Unga shunday munosabatda bo‘lish kerakki, ertaga qilgan ishingizdan afsus chekmasligingiz kerak.
— Siz uchun eng katta qo‘rquv nima — muvaffaqiyatsizlikmi yoki muvaffaqiyatdan keyin unga mos bo‘la olmaslikmi?
— Muvaffaqiyatga munosib bo‘la olish eng qiyini.
— Bugun minglab o‘qituvchilar sizga havas bilan qarashadi. Sizning ularga aytar gapingiz?
— Har bir o‘quvchingizni o‘z farzandingizdek ko‘ring. Ulardagi imkoniyatni ko‘rishga harakat qiling va o‘zingizda bor bilimni berishga erinmang. Doimo o‘qing, o‘rganing, o‘z faningizdagi yangiliklarni kuzatib boring. Eng muhimi, kasbingizni seving!
— Kun kelib o‘quvchilaringiz xotirasida qaysi gapingiz bilan qolishini istar edingiz?
— Faqat yaxshi xotiralar bilan eslashlarini xohlardim.
— Bugun sizga «Yil o‘qituvchisi» degan unvon berildi. Ammo o‘zingiz uchun hali olinmagan eng katta unvon yoki erishilmagan eng katta maqsad nima?
— «Xalq o‘qituvchisi» bo‘lish!
Yana bir katta maqsadim o‘quvchilarimni asosiy olimpiadaning respublika bosqichida g‘olib qilish. Chunki shogirdlarning muvaffaqqiyati — ustozning eng katta yutug‘idir!
E’zoza Turg‘unova suhbatlashdi
Mahalliy
g‘oliblarga oliy ta’limga kirishda imtiyoz beriladi
O‘zbekistonda o‘quvchilar o‘rtasida «Jadidlar izidan» tanlovining yangi mavsumi boshlanmoqda. Tanlovda jadid ma’rifatparvarlarining hayoti va ijodini o‘rganish, asarlaridagi g‘oyalarni tahlil qilishga qiziqqan 6-8 hamda 9-10-sinf o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Respublika «Kelajak» markazi tomonidan tashkil etilayotgan tanlovning tuman va shahar bosqichlari oktyabr oyida, hududiy bosqichi noyabrda, respublika bosqichi esa dekabr oyida o‘tkaziladi.
Dastlab o‘quvchilar jadidlar hayoti va ijodiga oid test hamda og‘zaki savollarga javob beradi. Keyingi bosqichda boshqotirma yechish, belgilangan asarlarni tahlil qilish va insho yozish vazifalari beriladi.
Finalga yo‘llanma olgan ishtirokchilar jadidlar haqidagi bilimlarini namoyish etish bilan birga, o‘zlari tanlagan mavzu bo‘yicha loyiha taqdim etadi. Loyihalar maktab, milliy ta’lim, xorijiy ta’lim tajribasi, til, ekologiya, teatr, tarix, kasb-hunar, matbuot, milliy qadriyatlar va xotin-qizlar kabi yo‘nalishlarda tayyorlanishi mumkin.
Tanlovga tayyorgarlikni maktablardagi «Jadidlar izidan» klublaridan boshlash mumkin. Prezidentning 2026 yil yanvardagi qaroriga muvofiq, klub a’zolari o‘qigan kitoblarini muhokama qiladi va yil davomida kamida 20 ta asar mutolaa qiladi. Eng faol klub a’zolarini har chorakda rag‘batlantirish belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, tanlovning o‘tgan yilgi mavsumida 656 171 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. G‘oliblar Germaniyadagi Berlin va Gamburg universitetlari bilan tanishgan.
Joriy mavsumda ham eng yuqori natija ko‘rsatgan 14 nafar o‘quvchi xorijiy ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan bitiruvchilarga oliy ta’lim muassasalaridagi kasbiy (ijodiy) imtihonda eng yuqori ball ajratilgan fandan maksimal ball olish imtiyozi beriladi. Ushbu imtiyozdan tanlov o‘tkazilgan kundan boshlab bir yil davomida foydalanish mumkin.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar 15 oktyabrga qadar «jadidlarizidan.uz» platformasi orqali qabul qilinadi. Saytda 6-8 va 9-10-sinf o‘quvchilari uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish shakllari mavjud.
