Connect with us

Jamiyat

“Ixtiyoriy topshir, bo‘lmasa sud orqali baribir olamiz” – xovoslik fermerlar qanday kamsitilayotgani haqida

Published

on


Huquqsizlik fermerlikning kuchli, iqtisodiy faol harakatga aylanish jarayoniga to‘siq bo‘lib kelmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti tayanchiga aylanishi mumkin bo‘lgan soha hokimlar “kayfiyati”ga qaram. Buning oqibatlaridan yana biri – tayinli egasi bo‘lmagan yerlar o‘lik tuproqlarga aylanyapti. Sirdaryoda bo‘layotgan ishlar – holatga illyustratsiya. Jurnalist Shokir Sharipov Xovos tumanida bo‘lib, yerlari zo‘rlik bilan tortib olinayotgan fermerlar faryodini tingladi.

Ko‘p yillik tajribaga ega fermerlarning yerlaridan asossiz mahrum etilishi, qarzdorlik botqog‘iga botirilishi va ularning muammolariga mutasaddi tashkilotlarning befarqligi qishloq xo‘jaligi sohasida jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

“Men 1969 yilda yettinchi sinfni bitirib, komsomol yo‘llanmasi bilan Sirdaryo viloyatining 27-sovxoziga kelganman. Yoshlar brigadasini ochib, traktorlarda paxta terib, 1973 yili Sharof Rashidovdan orden olganman. Qishloq xo‘jalik institutini qizil diplom bilan bitirganman. Uch chanoqli paxta bo‘yicha diplom himoya qildim. 3700 gektar yerda ishladim”, – deydi 50 yildan oshiq tajribaga ega dehqon-fermer Gulsara Umarova.

1969 yildan beri Sirdaryo viloyatida mehnat qilgan, shaxsan Sharof Rashidovning qo‘lidan orden olgan fermer ayol o‘z tajribasi haqida gapirar ekan, yerlarining birin-ketin olib qo‘yilganini kuyunib tilga oladi. U atigi olti kun shifoxonada yotgani uchun bir yeridan, besh kun farzandi isitmalagani uchun esa yana bir yeridan judo bo‘lganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, na hokimiyat vakillari, na fermerlar kengashi o‘n yil davomida biror marta ham ularning holidan xabar olib, qarzdorlik sabablari bilan qiziqmagan.

“13 gektar yerga paxta, 22 gektar yerga g‘alla ekdim. G‘alla “plani”ni ham, paxtanikini ham bajardim. Klaster bilan shartnoma qilib, fyuchers shartnomasini bajardim. Lekin hokimiyat da’vo arizasi kiritdi sudga, “sen noqonuniy to‘rt gektar piyoz ekkansan”, deb. Lekin men to‘rt gektarda boshqa ekin ekishim mumkin, shunga ishchilarim uchun 2 gektar piyoz ekilgan edi. Piyozni olib, o‘rniga yana g‘o‘za ekib, “plan”ni bajardik. Davlat oldidagi qarzdorlik menda katta emas. 70 million soliqlarning hammasini nol qilib, texnika chiqarganman lizingga. Lekin qarzimni to‘lasam ham, baribir yerimning ijara shartnomasini bekor qilishdi”, – deydi fermer Mamadali Mamarahimov.

Fermerlar o‘zlarining klasterlar bilan teng ko‘rilmayotganidan, ularga berilayotgan subsidiyalar hech bo‘lmaganda vaqtincha fermerlarga ham taqdim etilmayotganidan shikoyat qiladi.

“Yoqilg‘i-moylash materiallari, ximikatlar qimmat sotiladi bizga. Imtiyozli kreditlar ham vaqtida berilmaydi. Banklarda ochib qo‘yiladi, lekin uni vaqtida olib foydalana olmaymiz. Joriy yilda 10 gektar g‘allani yonimdan xarajat qilib ekib qo‘yganman. Menga imtiyozli kredit chiqarishmadi, hammasini yonimdan qilganman”, – deydi Mamarahimov.

Fermerlar mahalliy hokimiyatlar ularning yerlarini tortib olish uchun turli bahonalarni ro‘kach qilayotganini, bunday bosimlar tizimli tus olganini aytishdi.

“Besh gektar bog‘im bor. Olxo‘ri, olma, gilos, hamma ko‘chatlardan bor. O‘zimning qulog‘im eshitmaydi, ikkinchi guruh nogironiman. Nachalnik milisa yordamchisi zo‘rlab olib keldi xonasiga sudrab, kasalman deganimga qaramadi, “qayoqqa borsang, boraver, farqi yo‘q, sudga borasanmi, prokurorga borasanmi, baribir olamiz, bizga shunday prikaz bo‘lgan”, dedi. Ishlayotgan odamlarning ishini yo‘q qilishyapti, hamma ishsiz bo‘lyapti. Prezidentimiz “bitta ishchi yaratsang, pul beraman”, deyapti. Yetti, sakkiz yil ko‘chatlarni paqirlab suv quyib parvarishladim. Suv yo‘q chunki. Solyarka solib motor bilan suv tortaman. Prezidentimiz qaror chiqardi “bitta daraxtni kessang, mana shuncha jarima” deb. Bu yerda 400 ta daraxtni yo‘q qilishmoqchi. Men ham tadbirkorman-ku, davlatga pul to‘layman, yerni ishlataman”, – deydi fermer G‘ulom Qurbonov.

Hududdagi yerlarning meliorativ holati achinarli darajada. 80 yillarda o‘zlashtirilgan cho‘l yerlarining unumdor qatlami (gumus) sidirib tashlangani sababli aksariyat maydonlar “o‘lik yer”ga aylanib qolgan. Bunday yerning tabiiy ravishda qayta tiklanishi uchun 70-100 yil vaqt kerak bo‘ladi.

“80-yillarda o‘zlashtirilgan bu yerlar. O‘shanda yerning yuzasi surib tashlangan. “O‘lik” yerlar yuzaga chiqib qolgan. Buxoro, Xorazmning yerlari ham sho‘r, lekin u yerlarning gumusi turibdi, bu yerlarning esa gumusini chuqurga tiqishdi. Gumusni qaytarish tez bo‘ladigan narsa emas. Yerning sharoitiga qarab rayonlashtirib qo‘ymayapti. G‘alla-paxta faqat – almashtirib ekish yo‘q. Yildan yilga hosildorlik tushib ketyapti”, – deydi agronom Abdurashid Joniqulov.

Agronom mutaxassisning aytishicha, sohada ilmiy yondashuv mutlaqo yo‘q: almashlab ekish joriy qilinmagan, yerning holati hisobga olinmaydi. “Yer bejiz “ona yer” deyilmaydi, u ayol kabidir, sog‘lom yer yaxshi “farzand” beradi”, – deydi u.

Shu kuni hokimlik binosi oldida kunimizni o‘tkazdik, kirib chiqayotgan fermerlar nigohlarini kuzatdik – hammalari g‘ussada. Hokimlikning axborot xizmatiga mas’ullar nimadir aytgilari keldi, ammo aytarli gap bo‘lmadi chog‘i tiyilishdi. Shunaqa gaplar – Sirdaryoda yomon ishlar bo‘lyapti.

Shokir Sharipov



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etdi

Published

on


Yangiqo‘rg‘on tumani Birlashgan qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Munojot To‘raboyeva oilaviy shifokor punktida qon ko‘paytiruvchi osma ukol olayotgan payti vafot etdi. Yaqinlari u sog‘lom, tetik bo‘lganini aytmoqda. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, marhuma unga o‘tgan yili berilgan preparatni olib kelgan, dorining yaroqlilik muddati o‘tmagan. O‘limga ekspertiza aniqlik kiritishi kutilyapti. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.

Marhum Munojot To‘raboyeva kunlik ishlarda mehnat qilgan. Davlat tomonidan bepul beriladigan qon ko‘paytiruvchi preparatlarni olib kelgan. Bunday preparatlardan navbatdagisi unga o‘tgan yili sentabr oyida, keyinroq esa joriy yil 4 mart kuni berilgan.

Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, To‘raboyevaga o‘tgan yili sentabrda “Ferlek”, joriy yil mart oyida esa “Neofer” nomli qon ko‘paytiruvchi preparatlar berilgan. U vafotidan 3-4 kun oldin uch kunlik “Neofer” kursini yakunlagan. Lekin 28 mart kuni yana punktga kelib, tanasida og‘riqlar borligidan shikoyat qilgan va sentabrda berilgan “Ferlek”dan bir dona qolib ketgani, uni uyida saqlab kelgani, joriy kursning davomi sifatida ana shu bir donani ham ishlatib yuborishni so‘ragan.

“Vrach nazoratida oling, bizga mumkin emas, deb aytdim. Lekin “yo‘lkira qilib borib-kelishga pulim yo‘q” deganidan keyin, rahmim kelganidan ulab qo‘ydim. Ulashdan oldin “Ferlek”ning yaroqlilik muddatini ko‘rdim – 2026 yil oktyabrgacha. Natriy xlorniki 2027 yilgacha.

Oldin ham qon ko‘paytiruvchi dorini boshqa joyda olganida, sal mazasi qochgan ekan. Biz birinchi yordam uchun hech narsa qilolmadik, buning uchun zarur hech narsamiz yo‘q”, – dedi marhumga ukol ulagan hamshira Gulbahor Ergasheva.

Oilaviy shifokor Xudoyberdi Alijonovga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlarida doim ham vrach bo‘lavermaydi – kadrlar yetishmovchiligi bor. Uning o‘zi o‘sha paytda G‘ovazon mahalla tibbiyot punktida (mahallaning asosiy tibbiy maskani) bo‘lgan, hamshiralarning chaqiruviga asosan chekkaroq joyda joylashgan oilaviy shifokor punktiga yetib borganida ayol vafot etgan bo‘lgan.

“Mutaxassis sifatida hozir aniq xulosa aytolmayman. Hali ekspertiza xulosasi yo‘q. Dori reaksiya berdimi yoki o‘zida qandaydir boshqa kasallik bo‘lganmi, aniq ma’lumot yo‘q”, – deydi shifokor.

Biz marhumning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular Munojot To‘raboyeva sog‘lom va tetik bo‘lganini aytmoqda.

“Ovsinim poliklinikaga sog‘lom holatda o‘z oyog‘i bilan yurib kelib, shifokorlar tomonidan berilgan osma ukol olishi natijasida vafot etdi. U baquvvat ayol edi. Kunlik ishda ishlardi. Turmush o‘rtog‘i Toshkentda ishlagani uchun ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zi bajarardi. Tetikligidan qopdagi unni ham ko‘tara olardi.

Eng achinarlisi, u kenja o‘g‘li yonida jon berdi. O‘g‘li onasining jon berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

Oilaviy poliklinikamiz abgor holatda, hatto qon bosimini o‘lchagich ham yo‘q. Oddiy termometri ham yo‘q edi. Ovsinimning o‘lganini ko‘rib o‘zimning ham mazam qochib qoldi, oddiy glitsin ham topib berisha olmadi. O‘sha kuni poliklinikada to‘rt hamshiradan boshqa vrach ham bo‘lmagan. Muolajadan avval shifokor ko‘rigidan o‘tmagan. Sizlarning kelishlaringni bilishib yangi, toza o‘rindiq va yotoqlar tayyorlab qo‘yishibdi. Ovsinim o‘lgan kuni yotgan to‘shagini ham ko‘rib bo‘lmas darajada iflos edi”, – deydi ovsini Nargiza Tursunova.

Turmush o‘rtog‘i Botir Tursunov rafiqasi bilan vafotidan taxminan 20 daqiqa avval telefonda gaplashgan.

“Toshkentda ishlayman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im ishga chiqmagan ekan. Telefon qilib bugun bo‘shman, poliklinikaga chiqib ukolimni olsam maylimi, 20 daqiqada uyga qaytaman dedi. Xo‘p, mayli dedim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘shnim telefon qildi: “Ayolingizning mazasi qochib og‘irlashib qoldi, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi”.

Turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilsam, telefon o‘g‘limning qo‘lida ekan. “Dada, ayam…” deganidan keyin telefonni bir ayol olib, xotinim o‘lganini aytdi. Ekspertizadan chiqishiga men ham qishloqqa yetib bordim.

Ikki o‘g‘lim bor. O‘sha kuni 1-sinfda o‘qiydigan kichik o‘g‘lim bilan poliklinikaga birga borishgan ekan…

Turmush o‘rtog‘im sog‘lom edi. Shu ishni qilganlar javobini bersin. Ikki farzandim yetim qoldi. Bugun bilinmayapti, ertaga bilinmas, indinga “onam qayerda?” desa nima deb javob beraman? Ayolim poliklinikaga sog‘lom kelgan. O‘limidan 20 daqiqa oldin ham gaplashgan edim”, – deydi u.

Holat bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

«Yashil makon» loyihasiga hissa qo‘shayotgan fuqarolar rag‘batlantiriladi

Published

on


Ekologiya qo‘mitasi «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantiradi. 

Bunda kamida 100 ta daraxt ko‘chatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 10 mln so‘m hadya qilgan shaxsga «Ekofaol fuqaro» maqomini beriladi.

Shuningdek, kamida 1000 ta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 100 mln so‘m hadya qilgan tadbirkorlarga «Ekohamkor» maqomi beriladi. Bunda tadbirkorlarga ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi.

Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasiga quyidagi:


50 mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 5 mlrd so‘m hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parkini o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarga «Kelajak bunyodkori» davlat mukofotini berish bo‘yicha taklif kiritish vakolatlari berilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirish modeli ishlab chiqiladi

Published

on


Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirishning zamonaviy va samarali modeli ishlab chiqiladi. 

«Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan o‘rinbosarlari va soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan 5 kunlik dastur yakunlandi. 

O‘quv dasturi davlatimiz rahbarining «Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va xorijiy mutaxassislar hamkorligida tashkil etildi. 

O‘quv jarayonida quyidagi muhim jihatlarga alohida urg‘u berildi: 

-Yangi o‘sish nuqtalari va ishga solinmagan zaxiralarni aniqlash, ijtimoiy sohani hududning drayver yo‘nalishlari qatoriga qo‘shish (buning uchun xorijiy ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangi boshqaruv modelini ishlab chiqish); 

-O‘zlashtirilgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish orqali hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash; 

-Davlat xizmati va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish; 

-Tumanlarning o‘ziga xos rivojlanish modellari va muvaffaqiyatli boshqaruv tajribalarini ommalashtirish. 

O‘quv dasturi doirasida ijtimoiy infratuzilmani «master-reja»lar asosida rivojlantirish, boshqaruvga raqamli yechimlarni tatbiq etish hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro modellar ham tahlil qilindi. 

Shuningdek, nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi yirik loyihalar — Olimpiya shaharchasi, Milliy tibbiyot markazi, «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi va «IT Park Uzbekistan» misolida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bevosita joyiga chiqib, ular bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 

Tinglovchilarning fikricha, mazkur dastur hududlarning yangi «o‘sish nuqtalari»ni maqsadli aniqlash va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modelini joriy etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilib, o‘rganilgan zamonaviy modellarni hududlarda samarali tatbiq etish bo‘yicha aniq metodik tavsiyalar berildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

AQShdagi mavsumiy ishlar: fuqarolarga muhim ogohlantirish berildi

Published

on


Migratsiya agentligi AQShdagi mavsumiy ishlar dasturi yuzasidan fuqarolarni faqat rasmiy e’lonlarga ishonishga, vositachilar va asossiz takliflarga aldanmaslikka chaqirdi.

Migratsiya agentligi va AQShning USAFARMLABOR tashkiloti o‘rtasidagi dastur doirasida dastlabki talabnomalar qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.

Qayd etilishicha, ish beruvchi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar hamkor tashkilot saytlari yoki uning tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishga urinmoqda. Biroq bunday yo‘l bilan murojaat qilish hech qanday natija bermaydi.

Migratsiya agentligi ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov e’lon qilinganidan keyingina fuqarolar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini eslatdi. Shu bois mustaqil ro‘yxatdan o‘tishga urinish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish foydasiz ekani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, fuqarolardan vositachilar va pulli “taklif”larga aldanmaslik, faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi

Published

on


Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida pensionerlar ham ishtirok etgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri — keksa yoshdagi kurer qo‘lga olingan va uning yonidan narkotik modda aniqlangan. Keyinchalik uning sheriklari ham fosh etilib, ulardan biriga tegishli pul mablag‘lari, yana biriga tegishli 5 gramm narkotik modda daliliy ashyo sifatida musodara qilingan.

Tergov harakatlari davomida guruh tashkilotchisiga tegishli xonadonda yirik miqdordagi narkotik zaxirasi aniqlangan. U yerdan umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq bo‘lgan 12 ta o‘ram opiy va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.