Iqtisodiyot
Investitsiya bo‘yicha hokimlar reytingi e’lon qilindi
O‘zbekistonda investitsiya jalb qilish bo‘yicha eng faol hokimlar ro‘yxati e’lon qilindi.
«Yuksalish» harakati investitsiya samaradorligi bo‘yicha mamlakatning eng yetakchi 35 ta tuman va shahar hokimlari reytingini taqdim etdi.
Reyting natijalariga ko‘ra, hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni amalga oshirish borasida yuqori ko‘rsatkich qayd etgan rahbarlar aniqlangan.
Unga ko‘ra, Qobil Xamdamov (Olmaliq shahri hokimi) — 835,2 mln dollar bilan ro‘yxatda mutlaq yetakchilik qilmoqda.
Ikkinchi o‘rinni Azamat Fayziyev (Nurota tumani hokimi) egalladi — 719,4 mln dollar.
Anvar Baymuratov (Qorao‘zak tumani hokimi) — 593,2 mln dollar bilan uchinchi pog‘onani yakunlab bergan.
Shuningdek, kuchli beshlikdan Xurshid Tohirov (Qorako‘l tumani, 581,3 mln dollar) va Bekzod Madaminov (Qo‘shko‘pir tumani, 580,7 mln dollar) joy olgan.
Reytingdan respublikaning turli viloyatlari, jumladan, Navoiy, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyati tumanlari vakillari o‘rin olgan.
Ro‘yxatdagi yagona ayol hokim — Olot tumani rahbari Nargiza Ne’matova bo‘lib, u 226,5 mln dollarlik ko‘rsatkich bilan Top-35 talikka kirgan.
Ro‘yxatning yakuniy pog‘onalarini Otabek Nosirov (Yangiyer shahri), Alisher Abdug‘aniyev (Zomin tumani) va Asadulla Najmiddinov (Yangiqo‘rg‘on tumani) kabi rahbarlar band etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi investitsion muhit naqadar faol ekanini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
Jahon banki bilan uzoq muddatli Mamlakat dasturi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveytsariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qaysi hududlarida moliyaviy xizmatlardan ko‘proq foydalanilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 65,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta moliyaviy xizmatlar hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 38 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi:
Farg‘ona viloyati — 3,4 trln so‘m;
Andijon viloyati — 2,9 trln so‘m;
Toshkent viloyati — 2,8 trln so‘m;
Samarqand viloyati — 2,7 trln so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 2,2 trln so‘m;
Buxoro viloyati — 2 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,9 trillion so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax viloyatida 1,6 trillion so‘mdan, Navoiy viloyatida 1,5 trillion so‘m, Sirdaryo viloyatida esa 1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
Endi cheklarni «Soliq» ilovasiga yuklaganlar avtomobil yutib olishi mumkin
2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tiraj g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil topshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Buning uchun xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kifoya. Chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil taqdim etiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi tovarlarni eng ko‘p import qilyapti?
2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulushni mashinalar va transport asbob-uskunalari egallagan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari importi eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 5,5 mlrd AQSh dollarlik mashinalar va transport asbob-uskunalari import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga ko‘p.
Import tarkibida sanoat tovarlari 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2,0 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar esa 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek, xizmatlar importi 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz), mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar 1,4 mlrd dollar (+25,8 foiz)ni tashkil etgan.
Turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz) miqdorida import qilingan.
Statistikaga ko‘ra, eng yuqori o‘sish sur’ati oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importida kuzatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi import hajmi bir yil oldingi davrga nisbatan 47,2 foizga oshgan.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarni tekshirishning yangi tartibi belgilandi
O‘zbekistonda raqobat sohasida tadbirkorlik sub’yektlarini tekshirish jarayonida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, xavf darajasi past deb baholangan tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Adliya vazirligi Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik sub’yektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga muvofiq, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xomashyo birjalari, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Natijaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari yuqori, o‘rta va past xavf toifalariga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Ayni vaqtda, elektron tizim orqali aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
-
Jamiyat4 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan4 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Jamiyat3 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
