Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda “Musodara tovarlar” nomli soxta guruhlar tashkil etib, firibgarlik qilgan shaxslar ushlandi
Jinoiy guruh Telegram va Instagram’da Bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan. Ular go‘yoki musodara qilinganini aytib, aslida mavjud bo‘lmagan turli tovarlarni juda arzon narxlarda taklif qilgan. Xarid uchun amalga oshirilgan to‘lovlarni esa bank kartalar orqali qabul qilib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Foto: Toshkent viloyati IIBB
Telegram va Instagram’da soxta guruhlar tashkil etib, odamlarni chuv tushirib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda Telegram va Instagram’da Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli 5 nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, Telegram va Instagram’da bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, guruhlarda “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.
Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan, iPhone telefonlarining so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan. To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalar orqali qabul qilingan.
Jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovga qadar jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 mln so‘mni o‘zlashtirgan. Pullarni esa shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.
Holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
Jamiyat
Turkiyada topilgan o‘zbekistonlik ayol jasadi O‘zbekistonga qaytarildi
Istanbuldagi o‘rmon hududidan o‘zbekistonlik ayol jasadi topildi va O‘zbekistonga qaytarildi.
Joriy yilning 6-mart kuni Turkiya hududida o‘ldirilgan va ma’lum vaqt davomida qidiruvda bo‘lgan, asli samarqandlik 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘lliyevaning jasadi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, Dilafro‘z Cho‘lliyeva 2026-yil 25-yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududidagi ish joyidan noma’lum tomonga chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Shu munosabat bilan uning o‘g‘li Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti orqali murojaat yo‘llagan.
Mazkur murojaatdan so‘ng, O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborildi hamda Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda qidiruv ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Anqaradagi Elchixona va Istanbuldagi Bosh konsulxona, diaspora tashkilotlari, advokatlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan qidiruv ishlari olib borildi.
2026-yil 28-fevral kuni Balikesir tumanidagi o‘rmon hududidan shaxsi noma’lum jasad topildi.
Jasad uzoq vaqt davomida qolib ketganligi sababli tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan. Shu bois topilgan jasad va marhumaning o‘g‘lidan qon namunalarini olish orqali tibbiy solishtiruv (DNA) tekshiruvlari o‘tkazildi va jasad Dilafro‘z Cho‘lliyevaga tegishli ekani tasdiqlandi.
Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avval Istanbulda Sayyora Ergashaliyeva va Durdona Hakimovaning jasadi topilgandi.
Jamiyat
Ayol jigarining yarmini eriga berdi
Og‘ir kasallik tufayli hayot-mamot yoqasiga kelib qolgan turmush o‘rtog‘ini saqlab qolish uchun ayol jigarining bir qismini berishga qaror qildi. Navoiy viloyatida ilk bor o‘tkazilgan bu murakkab operatsiyagacha oila yillar davomida dard, xavotir va umid bilan yashadi. Oilasi uchun ayol nimalar qila olishi mumkinligi haqidagi hayotiy hikoya.
Nargiza Ro‘ziyevaning aytishicha, 2022 yilda turmush o‘rtog‘iga jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Unda gepatit asoratlari kuzatilgan. Avvaliga oila bu xabardan dovdirab qolmadi, kasallikka qarshi kurashishga harakat qildi. Davolanishlar olib borildi, tekshiruvlar o‘tkazildi.
Biroq vaqt o‘tgani sari kasallik asoratlari kuchayib bordi. Bu holat ba’zan Sherzod Jo‘rayevni tushkunlikka ham tushirib qo‘ygan.
“Bu sinov, hali hammasi o‘tib ketadi. Biz bu kasallikni yengamiz. Hayotga qarang, odamlarga qarang, yaqinlaringiz, farzandlaringiz bor. Kurashish uchun juda ko‘p sabablar bor, deb turmush o‘rtog‘imga tasalli berib turardim”, – deydi Nargiza Ro‘ziyeva.
Oila bir necha marta Navoiy va Toshkentda tekshiruvlardan o‘tdi. Shifokorlar jigar transplantatsiyasi, ya’ni jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti zarurligini bildirdi. Buning uchun esa donor kerak edi.
“Birinchi bo‘lib o‘zim jigarimni beraman dedim. Singillari ham donor bo‘lishga tayyorligini aytdi. Bir nechta tekshiruvlardan keyin mening natijalarim mos keldi. Turmush o‘rtog‘imga jigarimni berishim mumkin ekan. Buni eshitganimda juda xursand bo‘ldim.
Allohga shukur qilaman. Bu bergan ne’matlari oldida kichik bir sinov. Nasib qilsa, ikkimiz ham bu sinovdan o‘tamiz”, – degan u operatsiyaga kirishdan oldin.
Operatsiya Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida – viloyatda birinchi marta o‘tkazildi.
Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi O‘tkir Xushvaqtovning aytishicha, operatsiya Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Uning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlarning hududlarda yo‘lga qo‘yilishi yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish imkonini beradi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar ham bunday murakkab operatsiyalarni bajarish bo‘yicha tajriba orttiradi.
Jigar transplantatsiyasi juda murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Operatsiya vaqtida bir vaqtning o‘zida ham donor, ham bemor operatsiya qilinadi. Bu esa shifokorlar jamoasidan katta mas’uliyat va ko‘plab mutaxassislarning hamkorligini talab qiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu operatsiyaga uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rilgan. Sherzod Jo‘rayevga turmush o‘rtog‘ining jigarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti qariyb 12 soat davom etgan va muvaffaqiyatli yakunlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning o‘zida Milliy tibbiyot markazida 150 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan. Navoiy viloyati esa bunday murakkab operatsiya o‘tkazilgan oltinchi hududga aylandi.
Shifokorlar jamoasi qariyb yarim kun davomida operatsiya xonasida ishlashdi.
Operatsiyadan keyin Sherzod Jo‘rayev uchun eng katta yengillik – gapira olish imkoni bo‘ldi.
“Ayolim donorlik qilaman degan paytda avvalo o‘zim qarshilik qilganman. Bolalarimizni o‘yladim. Agar ikkimiz ham operatsiyadan sog‘lom chiqmasak, ularning taqdiri nima bo‘ladi, deb xavotirlandim.
Ammo ayolim qaroridan qaytmadi. Kasallikka qarshi birga kurashamiz, deb yonimda turdi.
Narkozdan chiqqanimdan keyin birinchi izlaganim u bo‘ldi. Uni ko‘rdim, yonimdagi krovatda yotar ekan. Ikkimiz ham operatsiyadan yaxshi chiqdik. Shunday ayolni bergani uchun shukur qilaman”, – deydi u.
Operatsiyadan keyin Nargiza Ro‘ziyeva o‘zini yaxshi his qilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmagan, ammo u turmush o‘rtog‘ini yolg‘iz qoldirishni tasavvur ham qila olmagan.
“Avvalo Allohga shukur qilaman. Keyin yaqinlarimiz, farzandlarimiz va duo qilib turgan odamlarning qo‘llab-quvvatlashi bizga kuch berdi. Albatta, qo‘rquv bo‘ldi, yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Lekin baribir qalbimda ishonch bor edi – biz bu sinovdan o‘tamiz deb ishonardim.
Turmush o‘rtog‘im avval donorlikka qarshi bo‘ldi. Bolalarimiz haqida o‘yladi, mening sog‘lig‘imdan xavotir oldi. Qat’iy turdim, agar shu holatga men tushganimda siz ham o‘zingizni ayamagan bo‘lardingiz. Chunki oilada bir-birini asrash – eng katta burch, dedim.
Operatsiyadan keyin ko‘zimni ochganimda birinchi so‘raganim turmush o‘rtog‘im bo‘ldi. Uning tirikligi, sog‘lomligi men uchun hammasidan muhim edi.
Men bu ishni qahramonlik deb hisoblamayman. Bu – oila uchun qilingan oddiy burch. Agar oilada muhabbat va ishonch bo‘lsa, inson har qanday sinovdan o‘ta oladi. Ayniqsa, oilani saqlab qolish uchun ayol kishi sinovlarga bardosh berishi, qiyinchiliklarga tayyor turishi lozim.
Biz go‘yo hayotga qaytadan kelgandek bo‘ldik. Endi yanada kuchliroq yashaymiz, farzandlarimiz bilan baxtli hayot kechirishni istaymiz”, – deydi Nargiza Ro‘ziyeva.
Bu voqea inson qalbidagi muhabbat va sadoqat ba’zan tibbiyotning eng murakkab amaliyotlariga ham kuch bag‘ishlashini yana bir bor ko‘rsatdi. Navoiydagi bu operatsiya nafaqat bir oilaning hayotini saqlab qoldi, balki hududlarda ham yuqori texnologiyali tibbiy amaliyotlarni amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatdi.
Jamiyat
Sirdaryoda Kadastr agentligi xodimi ushlandi
Kadastr xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Kadastr agentligining Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani bo‘limi bosh inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda 1975 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, o‘zining mansabdor tanishlari orqali uning yashash xonadoni kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va ushbu hujjatlarni muddatidan oldin tayyorlab berish evaziga 1500 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektor 1000 AQSh dollari va 6 mln 50 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Tilla va platina bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Andijon shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs bir nechta tashmachilar yordamida “Do‘stlik” xalqaro nazorat-o‘tkazish punkti orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda Qirg‘izistondan olib kelingan, qiymati 17 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan jami 162 gramm tilla buyumlarni qabul qilib olgan va Andijon shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida Xo‘jaobod tumanidagi YPX maskanida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro 908 gramm “platina” metallini sotish uchun xaridor izlayotganligi aniqlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur shaxs qimmatbaho metallni shartli xaridorga 62 950 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishi so‘raldi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Nyu-Yorkdagi YTHda O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
Joriy yilning 10 mart kuni AQShning Nyu-York shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekiston fuqarosi Nilufar Komilova vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa shahar transport departamentiga qarashli yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan.
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur og‘ir va o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotish munosabati bilan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Qayd etilishicha, Bosh konsulxona ayni paytda marhumaning oilasi bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyor.
O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi quyidagi manzil va aloqa vositalari orqali faoliyat yuritadi: 630 Third Avenue, 5th Floor, New York 10017, telefon: +1-212-754-74-03, elektron pochta: [email protected]. Telegram: @nyconsul.
-
Jamiyat5 days ago
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan ushlandi
-
Jamiyat2 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Jamiyat5 days agoFarg‘onada 90 tup tol noqonuniy kesildi
-
Dunyodan3 days ago
2015 yilgi Suriya stsenariysi Eronda takrorlanishini istamaymiz.
-
Dunyodan2 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp: “Eron bilan hech qanday kelishuv boʻlmaydi”
-
Dunyodan4 days ago
Indoneziyada bolalarga qaratilgan ijtimoiy tarmoqlar taqiqlandi.
-
Jamiyat5 days ago“Yangi daraxt – yangi nafas” respublika ekochempionati o‘tkaziladi
