Jamiyat
IIB boshlig‘i ustidan sudda tezkor xodim ko‘rsatmalari o‘zgarib qoldi
Farg‘onada IIB boshlig‘i va uning o‘rinbosari ustidan sud ishida OAVning ishtiroki cheklangandi. 24 oktyabr kungi sudda tinglangan tezkor xodim Yusufbek Yoqubovning ko‘rsatmalari tergov organiga bergan guvohlik ko‘rsatuvidan keskin farq qilmoqda. Sudning “davlat siri” bahonasi bilan yopiq qilib qo‘yilishi uning kelgusida qonuniy va adolatli o‘tishiga shubha uyg‘otadi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tgani va unda jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan “tezkor tadbir” ishtirokchisi bo‘lgan IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov ko‘rsatmalari eshitilgani haqida ma’lum qilgandik.
Yusufbek Yoqubovning tergov davrida bergan ko‘rsatmalari bilan suddagi ko‘rsatuvi bir biridan keskin farq qilmoqda. Quyida uning 24 oktyabr kuni sud majlisida aytgan va Kun.uz muxbiri yozib olgan ko‘rsatmasini keltiramiz:
“2025 yil 17 aprel kuni tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i xizmat xonasiga maktab o‘quvchisini olib kirib ketdi, degan xabar kelib tushdi. Bu xabarni ro‘yxatdan o‘tkazmaganman. Tezkorlik bilan o‘sha yerga bordik. Biz hovliga eshikdan kirdik, devordan sakrab o‘tmaganmiz. Eshikdan kirgan zahoti 2-qavatga ko‘tarildik. 2-qavatda soliq boshlig‘i va maktab direktorini qip-yalang‘och holatda ko‘rdik. Bizga xabar bergan shaxs xizmat uyiga maktab formasidagi yosh qiz kirib ketdi degandi. Ko‘rdikki, u yerda maktab o‘quvchisi emas, maktab direktori ekan. Shundan keyin boshliq o‘rinbosari Jasur Rasulov bizga hammasi joyida, pastga tushaveringlar, dedi”.
Endi Yusufbek Yoqubovning tergov davrida bergan ko‘rsatmasiga e’tibor qaratamiz:
“…2025 yil 17 aprel kuni Furqat tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning xizmat uyida Furqat tuman IIB xodimlari Jasur Rasulov, G‘ayrat Otaqulov, Tohir Bashirov, Sohib Nazarov, Aziz Mamajonov, A’zam Hamidjonov ishtirokida o‘tkazilgan kechiktirib bo‘lmaydigan holdagi tezkor-qidiruv tadbirini o‘tkazish uchun asos bo‘lgan ma’lumotni Jasur Rasulovga ham, boshqa shaxslarga ham bermaganman. Menda davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov xizmat uyiga biron bir shaxsni, jumladan, voyaga yetmagan ayol kishini yoxud qizni olib kirib ketgani bo‘yicha biron bir ma’lumot va xabar bo‘lmagan.
2025 yil 17 aprel kuni soat taxminan 15:30 larda hamkasbim Tohir Bashirov bilan birga Furqat tumani Tomosha qishlog‘ida chet el valutasini noqonuniy almashtirish holati yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tezkor tadbirni o‘tkazish jarayonida turganimizda Tohir Bashirovning telefoniga katta tezkor vakil G‘ayrat Otaqulov qo‘ng‘iroq qildi. Tohir Bashirov telefonni o‘chirganidan so‘ng G‘ayrat Otaqulov unga tuman markaziga tezda yetib kelishimizni, boshqa tezkor-qidiruv tadbiri borligini aytganini gapirdi. Mening boshqaruvimda bo‘lgan, davlat raqami 40 M 831 SA belgili Nexia-2 mashinamda Tohir Bashirov bilan birga tuman markaziga yetib keldik.
Shundan so‘ng Tohir Bashirov G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qilganida u bizga tuman prokuraturasi oldiga yetib kelishimizni aytganini tushuntirdi. Shu sababli biz boshqaruvimdagi mashinamda tuman markazidan tuman prokuraturasi tomonga qarab harakatlanib bordik. Tuman prokuraturasi oldiga yetib kelganimizdan so‘ng Tohir Bashirovga G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qilib, aniq manzilni so‘rang-chi, qayerga borishimizni aytsin, dedim. Keyin Tohir Bashirov takroran G‘ayrat Otaqulovga qo‘ng‘iroq qildi va qayerga borishimiz kerakligini so‘radi. Shunda G‘ayrat Otaqulov tuman IIB boshlig‘iga biriktirilgan xizmat uyi oldiga kelishimizni tushuntirdi. Shunga ko‘ra biz ushbu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib bordik.
Soat taxminan 15:45 larda sektor rahbarlarining xizmat uylari joylashgan manzilga yetib keldik. U yerga yetib borganimizda tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov davlat raqami 40 850 ZBA belgili, oq rangli Nexia-2 avtomashinasida turgan ekan. G‘ayrat Otaqulov, Sohib Nazarov, profilaktika inspektori Aziz Mamajonov, A’zam Hamidjonov, voyaga yetmaganlar bilan ishlash guruhi inspektori Elbek Muhammadjonov xizmat uylari oldida turishganini ko‘rdik. G‘ayrat Otaqulovning oldiga yetib borib, undan nima bo‘lganini so‘raganimizda, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyida qandaydir noqonuniy holat bo‘lmoqda ekan, shu sababli xizmat uyiga kirib, u yerdagi holatni aniqlashtirish kerak, dedi. Shunda Tohir Bashirov undan biron bir asosimiz bormi, deb so‘raganida, G‘ayrat Otaqulov men bilmayman, meni ham chaqirishdi, ichkaridagi holatdan xabarim yo‘q, tezroq u yerga kirib, nima bo‘layotganini aniqlash kerak ekan, deb gapirdi. Va gapiga qo‘shimcha qilib, qimor bo‘lyaptimi yoki 3-4 tasi dori chekib o‘tiribdimikan, xullas aniqlashtirish kerak ekan, dedi.
Keyin barchamiz Jasur Rasulovning xizmat mashinasi oldiga yetib bordik. G‘ayrat Otaqulov birinchi o‘rinbosar Jasur Rasulovga barcha xodimlar yetib keldi, deb aytdi. So‘ng Jasur Rasulov tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyi eshigini ko‘ringlar-chi, ochiqmikan, ichkaridagi vaziyatni, holatni bilinglar-chi, dedi. Shunda A’zam Hamidjonov tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyi eshigi ochiqligini aytdi.
Biz ushbu xizmat uyi oldiga yetib kelib, birin-ketin ichkariga kirishni boshladik. Dastlab Sohib Nazarov, undan so‘ng Tohir Bashirov, so‘ngra men va mendan keyin G‘ayrat Otaqulov, undan so‘ng esa profilaktika inspektorlari A’zam Hamidjonov va Aziz Mamajonov kirib kelishgan. Tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning xizmat uyiga kirib borganimizda 1-qavatda hech kim bo‘lmagan, 2-qavatdan ayol va erkak kishining ovozi eshitilayotgani sababli barchamiz zina orqali 2-qavatga ko‘tarilganmiz. Zinadan ko‘tarilib, to‘g‘ridagi xona eshigi oldiga yetib kelib, eshikni ochganimizda Qurbonali Abdurahmonov yalang‘och holatda eshik oldida turgan edi. Xonadagi divanda keyinchalik bilishimcha 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova ham yalang‘och holatda yotgan edi.
Gulira’no Qosimova bizlarni ko‘rib, darhol ustiga qizil rangli choyshabni tashlab, divan va devor orasidagi joyga yarim o‘tirgan holda turib oldi va baland ovozda kimsanlar, deb baqirib yubordi. Uning baqirganini eshitgan Jasur Rasulov va G‘ayrat Otaqulov ham bizning oldimizga chiqib kelishdi va bo‘lgan holatni ko‘rib, Qurbonali Abdurahmonov va Gulira’no Qosimovaga ustingizga biron nima kiyib olinglar, o‘zingizni bosing, deb aytdi. Men ushbu holatni o‘zimga tegishli bo‘lgan Samsung A33 rusumli telefon apparatimga videotasvirlarga olganman. Biroq ushbu videotasvirlarni 2025 yil 17 aprel kuni birinchi o‘rinbosar Jaur Rasulovga Telegram orqali tashlab berganimdan so‘ng o‘zimdan o‘chirib yuborganman. Shuningdek, ushbu telefon apparatimni ham hozirga qadar sotib yuborganman”.
Yusufbek Yoqubovning tergovda bergan ko‘rsatmalarining eng muhim jihatlariga to‘xtalsak:
“menda davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov xizmat uyiga biron bir shaxsni, jumladan, voyaga yetmagan ayol kishini yoxud qizni olib kirib ketgani bo‘yicha biron bir ma’lumot va xabar bo‘lmagan;
“tumanning Tomosha qishlog‘ida chet el valutasini noqonuniy almashtirish holati yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan tezkor tadbirni o‘tkazish jarayonida turganimizda Tohir Bashirovning telefoniga katta tezkor vakil G‘ayrat Otaqulov qo‘ng‘iroq qildi. Tohir Bashirov telefonni o‘chirganidan so‘ng G‘ayrat Otaqulov unga tuman markaziga tezda yetib kelishimizni, boshqa tezkor-qidiruv tadbiri borligini aytganini gapirdi”;
“G‘ayrat Otaqulovning oldiga yetib borib, undan nima bo‘lganini so‘raganimizda, tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘ining xizmat uyida qandaydir noqonuniy holat bo‘lmoqda ekan, shu sababli xizmat uyiga kirib, u yerdagi holatni aniqlashtirish kerak, dedi”;
“biron bir asosimiz bormi, deb so‘raganida, G‘ayrat Otaqulov men bilmayman, meni ham chaqirishdi, ichkaridagi holatdan xabarim yo‘q, tezroq u yerga kirib, nima bo‘layotganini aniqlash kerak ekan, deb gapirdi”.
Bundan tashqari, tezkor xodimi Yusufbek Yoqubovning suddagi “Bizga xabar bergan shaxs xizmat uyiga maktab formasidagi yosh qiz kirib ketdi degandi”, degan ko‘rsatmasi holat bo‘yicha Furqat tuman IIBda “102” xabari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatga ham teskari. Ushbu hujjatda “shaxsini sir saqlagan fuqaro Furqat tumani DSI xodimi Furqat tumani “Chirkay” MFY Mustaqillik ko‘chasida joylashgan kottej uylarning biriga bir ayolni jinsiy aloqa qilish uchun olib kirib ketgani” qayd qilingan. Ya’ni xabar beruvchi (Gulira’no Qosimova ishning bu qismi ham uyushtirilganini aytgandi) do‘kondor “maktab formasidagi yosh qiz” emas, “bir ayol” haqida gapirgan.
Suddagi ko‘rsatuvlar tergovdagisi bilan solishtirilsa, IIB xodimlari asl vaziyatni yashirishga, imkon qadar soliq idorasi rahbari hamda Gulira’no Qosimova manziliga “loy chaplash”ga, eng muhimi bu orqali sudni chalg‘itishga harakat qilayotganini tushunish qiyin emas.
Ochiq sudning OAV vakillari (ochiq sud majlisida ommaviy axborot vositalaridan faqat Kun.uz muxbiri ishtirok etmoqda) uchun yopib qo‘yilishi, boz ustiga sud raisining jabrlanuvchi Gulira’no Qosimovadan sud majlisidagi gaplarni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik bo‘yicha tilxat olishi bundan keyingi sud jarayonlarining adolatli va qonuniy o‘tishiga soya solmay qo‘ymaydi.
Yodingizda bo‘lsa, holat jamoatchilikka oshkor bo‘lgach, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi qonunbuzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanini bildirgan va mazkur holatni nazoratga olgandi. Senatning Xotin-qizlar masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Malika Qodirxonova ham masaladan chetda emasligini bildirgan, tergov va sud jarayonlari ochiq va xolis bo‘lishi, jabr ko‘rgan ayolning huquqlari to‘liq tiklanishi zarurligini aytgandi.
Oliy sud JIB Quva tumani sudi raisi Avazbek Rahimovning mazkur ishda OAV (Kun.uz muxbiri) ishtirokini cheklash to‘g‘risidagi ajrimining xolisligini o‘rganib qo‘ysa, zarar qilmasdi.
Har holda “qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi” degan gap bor…
Mavzuga oid:
Ruslan Saburov,
Kun.uz
Jamiyat
O‘zbekistonda pensiya, nafaqa, ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Prezidentning «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga to‘lanadigan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdori 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming so‘m, nogironlik pensiyasining eng kam miqdori esa 1 million 83 ming so‘m etib belgilandi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun 3 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzandga har oylik nafaqa 386 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bir nafar farzand uchun 295 ming so‘mni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha 177 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa qo‘shimcha 118 ming so‘m to‘lanadi.
Shuningdek, mazkur toifadagi oilalar uchun moddiy yordam miqdori oyiga 450 ming so‘m etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari ham 7 foizga oshiriladi.
Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 million 360 ming so‘m, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming so‘m etib belgilanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oyiga 504 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamiyat
Olimlar kimlar tezroq qarishini aniqlashdi
Turli mamlakatlar olimlari inson organizmini vaqtidan oldin qaritadigan asosiy sabablarni aniqlashdi.
Kambag‘allik, past daromad va sifatli ta’lim olish imkoniyatining yo‘qligi inson tanasidagi biologik qarishni tezlashtirishi isbotlandi. Eng yomoni, bu salbiy jarayon ko‘pincha bolalikdanoq boshlanadi.
Xulosa chiqarish uchun mutaxassislar dunyoning 23 ta davlatidan 66 mingdan ortiq odam ishtirok etgan 140 ta ilmiy tadqiqot natijalarini o‘rganib chiqishdi. Unda chaqaloqlardan to 86 yoshgacha bo‘lgan odamlar ishtirok etdi. Olimlar odamlarning qarish tezligini maxsus «epigenetik soatlar» (organizmning ichki holatini ko‘rsatuvchi tizim) yordamida tekshirishdi. Bu haqda «Nature Human Behavior» nashri ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra agar biologik qarish sekinlashsa inson o‘z yoshiga nisbatan tetik, yosh va sog‘lom bo‘lib yuradi. Uning tashqi ko‘rinishi ham, ichki sog‘lig‘i ham xuddi pasportdagi yoshidek (yoki undan ham yoshroq) saqlanib qoladi.
Agar qarish jarayoni tezlashayotgan bo‘lsa odatda keksalikka xos bo‘lgan kasalliklar insonda vaqtidan ancha oldin paydo bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’minoti past va kambag‘al oilalarda o‘sayotgan bolalarning ichki organizmi (biologik yoshi) o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlariga qaraganda ancha katta, ya’ni ertaroq qariyotgani ma’lum bo‘ldi. Xuddi shunday holat katta yoshli insonlar orasida ham kuzatilmoqda.
Jamiyat
Yaponiyada noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
U Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli hibsga olingan.
Yaponiya immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi.
Deportatsiya qilingan shaxs Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolib ketganligi sababli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, agar mamlakatda noqonuniy yashash yoki noqonuniy ishlash holatlari aniqlansa, politsiya tomonidan hibsga olish va ushlab turish, immigratsiya muassasalarida qamoqqa olish yoki deportatsiya qilish kabi choralar ko‘riladi.
Shuningdek, bildirilishicha, Yaponiyada qochqin maqomini olish uchun ariza berilsa, “uzoq muddat qolish mumkin” yoki “ishlash mumkin” degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan bo‘lib, shu kabi maqsadlar bilan qochqin maqomini olish uchun ariza berishga ruxsat etilmaydi.
Agar qochqin maqomi rad etilsa, immigratsiya muassasasiga joylashtirish yoki deportatsiya qilish kabi choralar qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, soxta ma’lumot berish yoki noqonuniy usullar bilan qochqin maqomini olish uchun murojaat qilish jiddiy huquqiy choralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Jamiyat
Namanganda 381 ming dollarga 50 sotix yerni rasmiylashtirib berishni va’da qilganlar ushlandi
Ikki fuqaro 5 000 AQSh dollarini, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda fuqarolar U.A. va M.B. kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali 381 000 AQSh dollari evaziga fermer xo‘jaligi balansidagi 50 sotix yer maydonining hujjatlarini fuqaro A.S.ning nomiga noturar joy sifatida rasmiylashtirib berishlarini aytib, shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, kadastrlar palatasi Pop tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i S.A. 1 500 AQSh dollari va 6 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada gaz to‘ldirish vaqtida avtobus tomidagi gaz balloni yorilib ketdi
Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, hech kim tan jarohati olmagan.
27 iyun kuni soat 19:00 larda Farg‘ona shahridagi AGTKSh hududida avtobus tom qismiga o‘rnatilgan gaz ballonlariga gaz to‘ldirish vaqtida gaz ballonlaridan birida yorilish paydo bo‘lgan.
Viloyat FVBning xabariga ko‘ra, yorilish natijasida yong‘in sodir bo‘lmagan, tan jarohati olganlar yo‘q.
Voqea joyiga viloyat FVB boshlig‘i va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tegishli xizmat vakillari chiqqan.
Yorilish sababi vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlanmoqda.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan24 hours agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliqda kanalga tushib ketgan ikkinchi bolaning jasadi ham topildi
-
Iqtisodiyot5 days ago1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Sport4 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
