Jamiyat
Ichimlik suvi narxlarini tasdiqlash vakolati Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimi yanada yaxshilanadi.
«Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–140-son, 24.07.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan «O‘zsuvta’minot» AJ (Jamiyat)ga foydalanish uchun topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari «Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro‘yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi» elektron platformasida aks ettiriladi.
Jamiyat va uning tizim korxonalari o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tor doiradagi malaka oshirish, o‘qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi.
Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv sohasidagi yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) qarz va grant mablag‘lari oldindan xarid, retroaktiv va shu kabi boshqa moliyalashtirish usulini tanlagan holda jalb qilinadi.
2027-yil 1-yanvardan:
-markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki o‘zini oqlamaydigan hududlarda xizmat ko‘rsatish alohida yondashuv asosida (maxsus texnikalarda suv yetkazib berish, shoxobchalarni tashkil etish va shu kabilar) amalga oshiriladi.
-tarif siyosatini takomillashtirish maqsadida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi.
Jamiyat
Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston: hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda
Kecha, 23-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakat Milliy kuni munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi.
Dastlab ikki davlat madhiyalari yangradi. Marosimda Saudiya Arabistoni Podshohligining respublikamizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed mamlakatda o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar xususida so‘z yuritdi, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib, yildan-yilga bu hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va iqtisodiyotning ko‘plab strategik sohalarini qamrab olmoqda. Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2,8 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokida 433 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib, yillik 178 million dollarni tashkil etmoqda.
Hamkorlikning eng yirik va strategik sohasi energetika hisoblanadi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning turli hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati milliardlab dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, tibbiyotga innovatsion yechimlarni joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish borasida faol ish olib bormoqda. Shuningdek, shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar mavjud. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Saudiya Arabistonining Podshoh Saud universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jamiyat
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
Markaziy bank 2026-yil 17-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 22,54 so‘mga oshib, 11 797,46 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 20,11 so‘mga oshdi va 13 608,27 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 874,66 so‘mni tashkil qildi (-2,64).
Rossiya rubli 139,77 so‘m etib belgilandi (+0,6).
Jamiyat
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
«Yuksalish» harakatining «Opinions» sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda «Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1371 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, respondentlarning 88,9 foizi, ya’ni 1219 nafari undan foydalanishini bildirgan. Keyingi o‘rinlarda Instagram — 73,5 foiz va YouTube — 61,8 foiz qayd etilgan. Facebook’dan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanadi.
Respondentlarning 69,9 foizi ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanishini aytgan. 64 foiz yangiliklarni kuzatish, 43,8 foiz ta’lim olish, 42,2 foiz ko‘ngilochar kontent uchun ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qiladi. 40,6 foiz ishtirokchi esa ijtimoiy tarmoqlardan daromad olish va kasbiy maqsadlarda foydalanishini bildirgan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash imkoni berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda sarflanayotgan vaqt ham o‘rganilgan. Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. 12,4 foiz ishtirokchi esa kuniga 4 soatdan ko‘proq vaqtni ijtimoiy tarmoqlarga ajratishini bildirgan. Dam olish kunlarida 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi, ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq vaqt qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan 511 nafar respondent (61 foiz) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foiz) esa buning uddasidan chiqa olmagan. Ishtirokchilarning 28 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Tadqiqot natijalari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazish faqat yoshlarga xos emasligini ham ko‘rsatgan. Kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlar orasida 43,7 foizni tashkil etgan. Maktab o‘quvchilarida bu ko‘rsatkich 27,3 foiz, talabalarda esa 32,7 foiz bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning uyqu va kundalik vazifalarga ta’siri ham o‘rganilgan. Respondentlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta ishtirokchilarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshli ishtirokchilarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Ularning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalarini bajarishga ham xalaqit berishini aytgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini bildirgan. 5,1 foiz o‘smirning ota-onasi bu borada nazorat qilmasligini aytgan.
Respondentlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lgan — 30,1 foiz, ya’ni 413 nafar. Keyingi o‘rinlarda soxta yoki ishonchsiz axborot — 18,6 foiz (255 nafar), firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi — 13,2 foiz (181 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, respondentlarning 6,9 foizi ijtimoiy tarmoqlarning uyqu va salomatlikka ta’sirini, 6,9 foizi oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini, 4,2 foizi esa haqorat va tazyiqni asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan. 8,5 foiz ishtirokchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish hech qanday muammo keltirib chiqarmasligini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashdan ko‘ra, ulardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va soxta axborotni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni ta’lim muassasalari va mahallalarda yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratishini, biroq ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, uyqu, salomatlik va kundalik vazifalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Jamiyat
Dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda.
Tashabbusdan asosiy maqsad yo‘llar va dalalarni toza saqlash, shuningdek, chiqindilarni maxsus qutilarga tashlash odatini shakllantirishdan iborat.
Vazirlik safar davomida plastik idishlar va boshqa chiqindilarni avtomobil salonida saqlab turish, so‘ng xavfsiz joyda to‘xtab, ularni chiqindi qutisiga tashlashni tavsiya qilmoqda. Chiqindi qutisiga tushmagan chiqindilarni esa yerda qoldirmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, harakatlanayotgan avtomobildan chiqindi tashlash mumkin emasligi, yo‘lda harakat xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi ta’kidlangan.
Fermerlar va mahalliy hokimliklarga chiqindi qutilarini yo‘lovchilar xavfsiz foydalana oladigan joylarga o‘rnatish hamda ularni muntazam bo‘shatib turishni tashkil etish taklif qilindi.
Vazirlik dalalarni chiqindilardan asrash va atrof-muhitni toza saqlashga chaqirdi.
Jamiyat
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
Surxondaryo viloyatida Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qiziriq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Savdo-sanoat palatasi Qiziriq tumani bo‘limi boshlig‘i M.Ch. fuqaro O.B.ga dehqon xo‘jaligi tashkil etishi uchun auksion orqali 2 gektar yer maydoni olib berishini va’da qilgan. So‘ngra firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan 5 mln so‘mni O.B.ga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Prokuratura departamenti Ekologiya va kadastrlar palatasi xodimlari tezkor tadbirda ushlanganini xabar bergandi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
-
Jamiyat5 days ago
Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali o‘tkaziladi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zi uchar gilamlardan ekranlar qa’rigacha….
-
Jamiyat5 days ago
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
-
Mahalliy4 days ago
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
-
Mahalliy2 days ago
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
-
Iqtisodiyot5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi sanoatlashgan intensiv bog‘ni ko‘zdan kechirdi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekistondagi elektromobillarning qariyb 72 foizi Toshkentda
