Mahalliy
«Hur Vatan» kitobi muallifi 70 yoshni qarshiladi
Iqtidorli ijodkor – shoir, tarjimon va publitsist Nurulloh Ostonov tabarruk 70 yoshni qarshiladi. Nurulloh akaning she’rlari bilan o‘quvchiligimda tanishganman. Shoirning dastlabki «Yulduzlar chaqnagan tun» nomli she’riy to‘plami yosh ijodkorlar Temur Karimov va Asror Qilichevlar bilan hamkorlikda 1987-yili chop etiladi. Unda jajji bolajonlarga atalgan she’rlar talaygina. Ana shunday she’rlaridan biri «Nizomjonning orzusi» beg‘ubor bolakay tilidan aytiladi:
Men ulg‘aysam bo‘laman
Zo‘r uchuvchi,
Bulutlarni poygada
Qoldiruvchi
Yaqinlashib kelganda
Uyimizga
Darrov signal beraman
Oyi, sizga
Keyin qizil chiroqni
Yondiraman
Samolyotni hovliga
Qo‘ndiraman!
Ajoyib topilma. Aytish kerakki, she’r yozilgan yillarda bolalar adabiyoti ancha faol edi, bu jarayon bugun sust. Bolalar uchun yoziladigan asarlarimiz juda kam va maqtagulik emas. Ammo, Nurulloh aka ko‘p yillik ijodi davomida bolalar uchun vaqt topdi, unga sadoqat bilan qoldi. Hatto, bir necha xorijiy tillardagi asarlarni tarjima qildi. Keyinchalik Nurulloh aka shoir sifatida o‘sdi, she’rlarining qamrovi ham kengayib bordi, o‘quvchi sifatida she’rlarining muxlisiga aylanaverdim. Shoirning lirik qahramonlari turfa tabiatli odamlar – hech kimga o‘xshamaydi. Ularning birida «Oltovlon va yettinchi» qiyofasida gruzin birodarlarimizning vatanparvarligini misol qilib keltirsa, yana birida olis shahardan uzoq yo‘l yurib qizini sog‘ingan otaning uyiga yetib kelishi, otasini kuta-kuta qizchaning uxlab qolishi, yana bir she’rida shaharlik qizga aldangan yigitning g‘urursizligidan arazlagan baland tog‘lar tilga olinadi. Deyarli har bir she’rida boshqalarga o‘xshamaydigan, faqat Nurulloh Ostonovga xos uslub namoyon bo‘ladi. Ijodkor nafaqat yozgan, balki ingliz, shved, chex, serb va yana bir qator tillardagi asarlarni rus tili orqali tarjima ham qilgan. Ammo ularning nashr salmog‘i, adadi juda kamligi achinarli. Shu bois, shoirning aynan bolalarga bag‘ishlangan asarlari jamlanib qaytadan chop etilsa, bu bolajonlar va adabiy jamoatchilik uchun munosib sovg‘a bo‘lar edi. Shu paytga qadar shoirning «Chumoliga xat», «Osmon to‘la farishta», «Oy cho‘milar chaylada», «Yashasin oftob kabi» bir qator kitoblari chop etilgan. «Hur Vatan» to‘plami esa turli yillarda yozilgan vatanparvarlik va lirik mazmundagi asarlarni o‘zida jamlagan.
Shuningdek, Nurulloh Ostonov tarixiy mavzularda – «Sulton Jaloliddin», «Shayx Najmiddin Kubro», «Ena tut», «G‘alaba noni» dostonlarini ham yaratgan. Ayni paytda uning asarlari rus, qozoq, tojik va nemis tillariga tarjima qilingan.
Zavqli onlar sog‘inchi
Ijodkor haqidagi ilk ma’lumotni biz uning asarlari orqali bilamiz. Nurulloh akaning bolaligi va hayoti haqida esa o‘zidan eshitgim keldi.
– Bolaligim Samarqandning yonginasida Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida o‘tgan, – deydi Nurulloh aka. – Ko‘p farzandli oilada tug‘ilib o‘sganman. Otam rahmatli xo‘jalikda oddiy ishchi bo‘lib ro‘zg‘or tebratgan. Biz bola paytlarimizda qishlog‘imiz hali katta va shaharlashmagan bo‘lsada, go‘yo sehrli bir mo‘’jizali maskan sifatida xotiramda saqlanib turibdi. Ertalabdan odamlar yumushlar bilan band bo‘lar, ro‘zg‘or tashvishlariga ko‘milib, go‘yoki gap sotish, g‘iybat yoki oliftalikka vaqti bo‘lmaganmi, deb o‘ylayman ba’zan. Shu sabab samimiyat odamlarni bog‘lab turgan. Dastlab 8-sinfgacha 36-umumta’lim maktabida, bitiruvchi sinfni qo‘shni maktabda o‘qiganman. Ko‘p fanlardan o‘qituvchi kam edi. Maktablarda o‘rin yetishmagan, bola soni ko‘payib borgan. Meni adabiyotga oshno qilgan o‘qituvchim To‘raqul Jo‘rayev edi.
Jurnalistika ostonasida
U paytlar hozirgi O‘zMU (o‘sha paytdagi ToshGU) mamlakatimizdagi dovrug‘i baland dorilfununlardan biri edi. Har holda maktabda murabbiylarimiz bizni yomon o‘qitishmagan ekan. Buni jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgach his qilganman. Masalan, rus tilini yaxshi o‘zlashtirgan ekanman. Aslida bo‘lajak jurnalistning dastlabki tasavvurlari o‘quvchilik, jiddiy qadamlari talabalik davridayoq boshlanadi. So‘zning ma’nosini his qilish, o‘rinli foydalanish, gazeta o‘quvchisiga tushunarli va uni sehrlay oladigan tarzda yozish o‘sha havasmandlik davridayoq namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, g‘alabani qo‘lga kiritgan chempion, cho‘lda qo‘y boqib yurgan cho‘pon, yer ostidan ma’dan kovlayotgan konchi mehnatini his qilib hayrat va hayajonsiz yozish qiyin. Shu kabi urinishlarim harbiy xizmatda ham namoyon bo‘lgan – jamoatchi harbiy muxbir sifatida yozgan maqolalarim arxivimda saqlanib turibdi. Hatto Lvov harbiy bilim yurti harbiy jurnalistika fakultetiga o‘qishga yo‘llanma bergan. Jurnalistika fakultetining kechki bo‘limida o‘qib, Toshkent metrosi qurilishida ishchi bo‘lib ishlaganman. O‘sha paytlari ishlagan talabaning maoshi o‘ziga yetib ortardi. Uydagilarga ham deyarli zararimiz tegmasdi. Qolaversa, ishlab o‘qiyotgan talabaning vaqtdan unumli foydalanishini, tirishqoqligini bilgan o‘qituvchilar hurmat bilan qarashardi.
Universitetdagi domlalarimiz Anvar Shomaqsudov, Ochil Tog‘ayev, Anvar Karimov, Muxtor Xudoyqulov, Boybo‘ta Do‘stqorayev, Saydi Umirovlar bizni o‘qitganini faxr bilan tilga olaman. Ulardan faqatgina ustozimiz Muxtor Xudoyqulov tabarruk yoshda keksalik gashtini surmoqda. Hozir o‘ylayman, ustozlar bizday o‘jar va haqiqatgo‘y bo‘lajak jurnalistlarning erkaliklariga qanday chidaganiga hayron qolaman. Menimcha, butun dunyoda jurnalistlarni tayyorlashda shu kabi jarayon bo‘lsa kerak. Bo‘lajak «To‘rtinchi hokimiyat» vakillari hamisha yangilikka intiluvchi, haqiqatchi, eski qoliplardan voz kechuvchi, hamma narsani bilishga intiladigan yangi avlod vakillari bo‘ladi. Domlalarim orasida rahmatli Ochil Tog‘ayevga hurmatim cheksiz edi. O‘zbek jurnalistika nazariyasini va publitsistikasining tamal toshini qo‘ygan ustoz diplom ishimga ham rahbarlik qilgan.
Ustozlarim…
Bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev bilan tanishishim ham qiziq bo‘lgan – «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi orqali menga maqola yozib, qayerdaligimni surishtirgan. Keyin bilsam, u kishi bolalar uchun yozgan she’rlarimni to‘plab, «Sharq» nashriyotiga kitob qilib chiqarishga bergan ekan. Tursunboy akaning qo‘llovi bilan 2007 yil «Sharq» nashriyotida «Tongga peshvoz chiqaylik», «Qo‘rqmas uloqcha» to‘plamlarim bosilib chiqdi. Bundan hatto xabarim ham bo‘lmagan. Shundan keyin Tursunboy Adashboyev bilan ustoz-shogird bo‘ldik.
Ma’naviy ustozim esa Hakim Nazir deb hisoblayman. Sababi, 1991 yilda Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinayotganimda uyushma raisi Odil Yoqubov komissiya a’zolariga qarab: Qani, kimda Nurulloh Ostonovga savol bor, deb so‘raganida Hakim Nazir o‘rnidan turib shunday degan: «Men bu bolani tanimayman, birinchi ko‘rishim. Lekin ism-familiyasini aytishganidan keyin esimga keldi: uning bolalar uchun yozgan she’rlarini o‘qiganman, juda ma’qul bo‘lgan», dedi. Shundan keyin meni Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilishgan. Lekin men ham o‘shanda Hakim Nazirni birinchi marta ko‘rganman, ilgari tanimaganman, xullas shunaqa gaplar…
Samarqand mening taqdirimda
– Jurnalist hayot bilan teng odimlashi lozim, – deydi Nurulloh aka. – Boisi, hayotdan ortda qolgan ijodkor ijodkor emas. Buni ko‘p ko‘rganman va kuzatganman. Aslida, Samarqandda tahsil olishim ham mumkin edi. Ammo… hayrat dunyosi sizni uzoq-uzoqlarga chorlayveradi, dunyoni keng tasavvur etishni xohlaysiz. Samarqand adabiy muhitining faollaridan hamyurtim taniqli adabiyotshunos Nuriddin Shukurovni eslab o‘tmasam bo‘lmas, ya’ni bu muhit menga begona emas va unga keyinchalik o‘zim ham hissa qo‘shdim, deb o‘ylayman. Ko‘p yillar O‘zbekiston Milliy axborot agentligining Samarqanddagi muxbiri bo‘lib ishladim. U paytlar hozirgidek qulayliklar yo‘q edi, ammo, tezkor axborot uzatish lozim. Keyin esa «Axborot» direksiyasining Samarqand viloyatidagi muxbiri bo‘lganman. Xizmat mashinasi yo‘qligi uchun jamoat transportida og‘ir apparat va mikrofonni ko‘tarib operator bilan birga chopib yurardik. Lavha suratga olingach, kasseta avtovokzal orqali avtobusda poytaxtga berib yuborilar, Toshkentda maxsus mashina kasseta kelishini kutib turar, keyin uni televideniyeda montaj qilinib, ovozlashtirilib efirga berilardi. Deyarli har kuni shu ahvol, biz viloyat muxbirlari kechqurun lavhamiz efirda uzatilgachgina, ko‘nglimiz joyiga tushardi. Ko‘p yillik jurnalistlik faoliyatim shunday kechgan. Qolaversa, Samarqand viloyati hududi katta. Birda olis Paxtachida tadbirni suratga olsak, birda tog‘li Qo‘shrabodga chopamiz. O‘sha damlar mening eng qizg‘in va ajoyib jurnalistlik davrimmikin, deb o‘ylab qolaman. Buni 70 yosh qarshisida turib, o‘zimni o‘zim sarhisob qilayotganimda tushungandayman…
Nurulloh Ostonov bundan o‘n yillar burun Samarqand shahar hokimligining nashrida bosh muharrir bo‘lib ishlaydi. Ajoyib jamoa bilan qisqa muddatda nashrni o‘qimishli qilishga erishadi.
– Jamoatchilik vakillarining e’tiborini tortadigan maqolalar berdik, – deydi hamsuhbatim o‘sha davrlarni entikib eslarkan, – mualliflar soni ko‘paydi. U paytlar odamlar gazeta va radio, tele ekranga juda bog‘langan edi. Farzandlarim Samarqandda tug‘ilib voyaga yetishdi. Samarqand mening qalbimda ilhomlantiruvchi kuch, kindik qonim to‘kilgan yurt, ulug‘ ma’vo bo‘lib qolaveradi.
Yaqinda esa katta izlanishlar samarasi o‘laroq «Xalq so‘zi» gazetasida yana Samarqandga bag‘ishlangan «Dunyo sivilizatsiyasi poytaxti» maqolam e’lon qilindi. Unda ayrim izlanishlar Samarqandning 2700 dan ortiq yoshi bilan bog‘liq yangi topilmalar tilga olingan.
Qalamda sehr bor
Buni Nurulloh Ostonovning turli davriy nashrlarda yozgan maqolalarini o‘qib his etdim. Internet kun sayin taraqqiy etayotgan yillarda Nurulloh aka «O‘zbekiston ovozi» gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi va turli publitsistik maqollari, sud ocherklari bilan gazeta sahifalarida faol qatnashdi. Muallifning o‘zi o‘sha davrni eslab «Hurriyat» gazetasining shu yil 19 fevral sonida «Boqiylik saodati» maqolasida tilga oladi. Unda o‘zbek jurnalistikasining zabardast vakili, yaqin kunlarda oramizda bo‘lgan iqtidorli muharrir Safar Ostonov ijodi va muharrirlik qobiliyati haqida to‘lqinlanib yozadi.
«Fortochka ochiq bo‘lsin» pamfleti orqali esa («Hurriyat» gazetasi 2025-yil 25 aprel soni) Nurulloh aka bir paytlar ommabop janr sifatida shakllangan, keyinchalik unutilgan pamflet janrining imkoniyatlarini namoyon qiladi. Bundan ilgariroq «Oltin qalamli jurnalistlar» to‘plamida ham jurnalistning pamfletlaridan biri e’lon qilingan edi. Aslida Nurulloh Ostonov ijodida hajviya va hajviy tanqid ham munosib o‘rin tutadi. Bunga ijodkorning «Kesakning ta’siri», «Yig‘laydigan o‘lik» hajviy asarlar to‘plamini misol keltirish mumkin. Ayni vaqtda ijodkor «Xalq so‘zi» gazetasining bo‘lim mudiri sifatida ham faol ijod qilmoqda – gazetaning 2 avgust sonidagi «Ishonchni oqlamagan «Ishonch telefoni» maqolasida ham dolzarb masalalar ko‘tarilgan.
Mustaqillik bayramining 34 yillik tantanalari arafasida o‘tkazilgan «Eng ulug‘, eng aziz» tanlovida Nurulloh Ostonov bosma OAV xodimlarining eng yaxshi jurnalistik ishlari, vatanparvarlik, milliy qadriyatlarni ulug‘lash, nuroniylar va keksalarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xususida markaziy nashrlarda e’lon qilingan turkum maqolalari uchun 2-o‘rin sohibi deya e’tirof etildi.
Tinib-tinchimas, fidoyi, ijodkorlikni o‘ziga qismat bilgan zamondoshimizni tabarruk 70 yoshi bilan qutlab, oilaviy baxt va ezgu ishlarida omad tilaymiz.
Suhbatni O‘ljaboy Qarshiboyev yozib oldi
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot5 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat1 day ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport15 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat4 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport4 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
