Iqtisodiyot
Homiladorlik va kasallik nafaqalari endi qanday to‘lanadi?
O‘zbekistonda homiladorlik va kasallik nafaqalarini tayinlash hamda to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Endilikda to‘lovlar “Baraka” ijtimoiy kartasi orqali amalga oshiriladi. Kun.uz yangi tizimning asosiy o‘zgarishlari, nafaqa olish shartlari va to‘lov mexanizmini tushuntiradi.
“Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 796-son qaroriga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi mexanizmi joriy etildi. Bunda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘liq, kasallik nafaqasi esa 6-kundan boshlab Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi .
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi nima?
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi — sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urtalangan shaxslarning daromadlari yo‘qolishi oldini olishga qaratilgan davlat kafolatlari tizimidir. U majburiy va ixtiyoriy asoslarda amalga oshiriladi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish kabi sug‘urta hodisalari yuz berganda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishni ta’minlaydi.
Quyidagilar majburiy asosda qamrab olinadi:
mehnat faoliyatini mehnat shartnomalari asosida amalga oshirayotgan fuqarolar;
fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatayotgan (ish bajarayotgan) fuqarolar;
yuridik shaxslarning rahbarlari sifatida faoliyatni amalga oshiradigan fuqarolar.
Ixtiyoriy asosda sug‘urtalanadigan shaxslar esa quyidagilar:
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar;
dehqon xo‘jaligida band bo‘lgan shaxslar;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila a’zolari;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan tashkilotlarda ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
chet elda yollanib ishlaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida daromad keltiradigan faoliyatni amalga oshiradigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
ishlamaydigan fuqarolar, ular uchun sug‘urta badali eri (xotini) tomonidan to‘langanda;
yuridik shaxslarning muassislari (ishtirokchilari) sifatida daromadlar oladigan fuqarolar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar, shu jumladan, “Hunarmand” uyushmasining a’zolari bo‘lgan hunarmandchilik faoliyati sub’yektlari;
faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiradigan oila a’zolari;
dehqon xo‘jaligining boshlig‘i.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (dekret puli) qanday to‘lanadi?
2026 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urtalangan shaxslarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanmoqda. Avval ushbu nafaqani ish beruvchi to‘lab kelgan edi.
Nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasi (kasallik varaqasi) asosida tayinlanadi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (dekret) puli qanday hisoblanadi?
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ayolning o‘rtacha oylik ish haqi hamda sug‘urta staji asosida hisoblanadi. Sug‘urta stajiga qarab o‘rtacha ish haqining quyidagi ulushi qo‘llanadi:
10 oydan 24 oygacha staj uchun — 75 foiz;
25 oydan 60 oygacha staj uchun — 85 foiz;
61 oy va undan ortiq staj uchun — 100 foiz.
Bunda nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (MHTeKM) 10 baravaridan oshmagan qismi inobatga olinadi.
Nafaqa miqdorini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining axborot tizimi mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblaydi va ayoldan alohida ariza topshirish talab etilmaydi.
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi 126 kalendar kun uchun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda — 140 kalendar kun uchun) biryo‘la hisoblanadi va bir martalik to‘lov sifatida to‘lab beriladi.
Rasmiy ishlamaydigan ayollar ham dekret puli olishi mumkinmi?
Ha. Biroq buning uchun ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirok etish talab qilinadi. Nafaqa quyidagi holatlarda tayinlanishi mumkin:
ayol o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab kelayotgan bo‘lsa;
yoki ayol ishlamasa, uning uchun ishlovchi turmush o‘rtog‘i ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lab kelayotgan bo‘lsa.
Bunda badallar kamida 10 oy davomida to‘langan bo‘lishi, shundan oxirgi 6 oy uzluksiz bo‘lishi shart. Nafaqa miqdori to‘langan badallar muddati va hajmiga bog‘liq.
Shu bilan birga, ixtiyoriy asosda sug‘urtalangan shaxslar uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravaridan oshmaydi. Hozirgi kunda bu 6 million 355 ming so‘mni tashkil etadi.
Ixtiyoriy ijtimoiy sug‘urta badalining eng kam oylik miqdori esa MHTeKMning 5 foizi bo‘lib, hozir 63 ming 550 so‘m etib belgilangan. Ixtiyoriy badallarni “Baraka” ilovasi orqali to‘lash mumkin.
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi nima?
Bu xodim kasalligi yoki boshqa qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar sabab vaqtincha ishlay olmagan davr uchun to‘lanadigan nafaqadir.
Kasallik nafaqasi elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi asosida tayinlanadi. Nafaqani tayinlash, hisoblash va to‘lash Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasining axborot tizimlari orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, kasallik nafaqasi kalendar yilidagi dastlabki 5 kalendar kun uchun ish beruvchi (ish beruvchi mavjud bo‘lmaganda — shaxsning o‘zi) hisobidan, 6-kundan boshlab esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan to‘lanadi.
Nafaqa miqdori sug‘urta stajiga qarab belgilanadi:
Bunda nafaqani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTeKM) 10 baravaridan oshmagan qismi inobatga olinadi.
Kasallik nafaqasi bir kalendar yilida jami 182 kalendar kungacha to‘lanadi.
Bunda kasallangan bolani parvarish qilish zarur bo‘lganda nafaqa to‘lanadigan muddat:
Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, 18 yoshga to‘lmagan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor shaxslar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan shaxslar uchun kasallik nafaqasi miqdori yana 20 foiz bandga oshiriladi.
Nafaqalar qanday tayinlanadi?
Yangi tizim proaktiv shaklda ishlaydi, ya’ni nafaqani tayinlash uchun fuqarodan ariza yoki alohida murojaat talab etilmaydi.
1-bosqich. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtiriladi
Fuqaro kasallanganda yoki homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqishda tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi. Shifokor “Yagona tibbiy” axborot tizimi orqali elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtiradi.
Nafaqa tayinlanishi bo‘yicha xabarnomalarni olish uchun elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasida fuqaroning amaldagi telefon raqami ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Chet elda kasallangan O‘zbekiston fuqarolari xorijda berilgan tibbiy hujjatlarni notarial tasdiqlangan tarjimasi bilan O‘zbekistondagi yashash joyi bo‘yicha poliklinikaning vrachlik-maslahat komissiyasiga taqdim etadi.
2-bosqich. Nafaqa avtomatik hisoblanadi
Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgach, ma’lumotlar avtomatik ravishda “Ijtimoiy sug‘urta” axborot moduliga yuboriladi. Tizim fuqaroning sug‘urta staji va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda nafaqa miqdorini avtomatik hisoblaydi.
3-bosqich. Fuqaroga xabarnoma yuboriladi
Nafaqa tayinlangani yoki uni tayinlash rad etilgani haqida fuqaro SMS, “Baraka” mobil ilovasi hamda my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
4-bosqich. Nafaqa to‘lanadi
Tayinlangan nafaqa qonunchilikda belgilangan muddatlarda fuqaroning “Baraka” ijtimoiy kartasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaziladi.
“Baraka” kartasi bo‘lmasa nima bo‘ladi?
Fuqarodan alohida murojaat talab etilmaydi. Nafaqa tayinlangach, “Baraka” mobil ilovasida avtomatik ravishda virtual ijtimoiy karta ochiladi va mablag‘ aynan shu kartaga o‘tkaziladi. Agar plastik karta kerak bo‘lsa, uni mobil ilova orqali buyurtma qilish mumkin. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi tayinlangan fuqarolarga “Baraka” ijtimoiy kartasi bepul rasmiylashtirib beriladi. Shuningdek, nafaqa tayinlangani va mablag‘ tushgani haqidagi ma’lumotlarni ham “Baraka” mobil ilovasi orqali kuzatish mumkin.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
