Connect with us

Jamiyat

hojatxona tagligidan 456 baravar ko‘p bakteriya saqlaydigan oshxona buyumi haqida nimalarni bilasiz?

Published

on


Gubkadagi namlik, issiqlik va oziq-ovqat qoldiqlari mikroblar ko‘payishi uchun ideal muhit yaratadi. Siz esa har kuni “zararkunandalar uyasi”ga aylangan ana shunday tozalash vositasi bilan idish-tovoqlarni yuvayotgan bo‘lishingiz mumkin. Mazkur buyum har bir kvadrat santimetrida o‘rtacha 362 xil bakteriya turini to‘playdi. Ayrim holatlarda esa bitta gubkada 45 milliardgacha mikroorganizmlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu maqolada oshxona gubkasida uchraydigan bakteriya turlari, ularning sog‘liqqa salbiy ta’siri hamda idish yuvish vositasidan xavfsizroq foydalanish yo‘llari haqida so‘z yuritiladi.

Mikroblar armiyasiga mezbonlik qilayotgan tozalash vositasi

Tashqi ko‘rinishdan zararsizdek tuyulgan oshxona gubkasi (machalkasi) aslida uydagi bakteriya eng ko‘p to‘planadigan buyumlardan biri sanaladi. Unda yig‘iladigan zararli moddalar miqdori unitaz o‘rindig‘idagidan bir necha ming barobarga ko‘p. Ayniqsa, u ho‘l holatda uzoq vaqt bir joyda qoldirilganida turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar uchun ideal “inkubator”ga aylanadi: iliqlik, doimiy namlik va oziq-ovqat qoldiqlarining mavjudligi mikroblar uchun qulay yashash muhitini yaratadi.

Ilmiy manbalarga ko‘ra, gubkada inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan quyidagi bakteriyalar yig‘iladi:


Salmonella – oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga ta’sir qiluvchi eng keng tarqalgan patogenlardan biri bo‘lib, u gubkada 7 kungacha yashay oladi. Salmonella bilan zararlanish ovqatdan zaharlanish holatlarining asosiy sabablaridan biridir. Infeksiya kuchli ich ketishi, harorat ko‘tarilishi, umumiy holsizlikni yuzaga keltiradi.
Stafilokokk (staphylococcus aureus) – bu bakteriya teri va yumshoq to‘qimalarda turli infeksiyalarni paydo qiladi. U yaralar, hatto o‘pka va qon infeksiyalarini ham hosil qilishi mumkin.
Ichak tayoqchasi (escherichia coli, E. coli) – mazkur mikroorganizmlarning ayrim turlari odam organizmida tabiiy holatda mavjud bo‘lsa-da, uning zararli shtammlari ichak yallig‘lanishini yuzaga keltiradi. Holat ich ketishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Listeriya (listeria monocytogenes) – ushbu bakteriya homilador ayol, yangi tug‘ilgan chaqaloq, qariya va immuniteti past odamlar uchun xavfli hisoblanadi. U past haroratda ham yashay oladi, shuning uchun sovitilgan mahsulotlar orqali ham tarqalish qobiliyatiga ega.
Kampilobakter (campylobacter) – ko‘pincha xom go‘shtda uchraydi. U organizmga tushgach, 2-5 kun ichida o‘zini namoyon qilib, diareya, isitma, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qusish kabi simptomlarga sabab bo‘ladi.

Bu bakteriyalar gubkadan bevosita qo‘llarga, undan esa ovqatlar, oshxona sirtlari yoki idishlarga o‘tib, organizmga kirib boradi.

Oshxona gubkasi hojatxona o‘rindig‘idan ham iflosroq

“Scientific repors” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, ishlatilgan oshxona gubkasining har bir kvadrat santimetrida 362 xil turdagi bakteriya aniqlangan. Ya’ni kichkina bir tangadek joyning o‘zida yuzlab turli mikroblar mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, ba’zi keyslarda ushbu bakteriyalarning soni shu kichik joyda 45 milliardgacha yetgani aniqlangan.

Germaniyalik mikrobiolog Markus Egert boshchiligidagi yana bir izlanishda mazkur ko‘rsatkich 54 milliardgacha chiqqani qayd etilgan. Tadqiqotchilar bu miqdorni “inson najasidagi bakteriyalar soniga yaqin” deb baholagan.

Filadelfiyadagi Drexel universiteti olimlari 100 dan ortiq uy oshxonalarini tahlil qilib, idish-tovoq yuvish gubkasi hojatxona tagligiga qaraganda bakteriyani o‘zida 456 baravar ko‘proq saqlashini isbotladi. Yana bir tadqiqotda esa oshxona peshtaxtalarida har 25 sm² da 316 ta, hojatxona qopqog‘ida esa 398 ta bakteriya aniqlangan. Solishtiradigan bo‘lsak, xuddi shu o‘lchamdagi oshxona rakovinasida 32 000 ta, gubkaning o‘zida esa 7,9 milliondan ortiq bakteriya topilgan.

Gubkani uzoq vaqt almashtirmasdan ishlatish undagi mikroblarning tez ko‘payishi va butun oshxona bo‘ylab tarqalishiga olib keladi. Uni faqat yomon hid chiqqanda yoki ko‘zga ko‘rinadigan darajada kirlanganda almashtirish esa sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Oshxona machalkasidan to‘g‘ri foydalanish uchun:


Ishlatib bo‘lganingizdan keyin gubkani yaxshilab chayib, siqib quriting;
Oziq qoldiqlarini olib tashlang;
Gubkani ho‘l joyda emas, ochiq, quruq idishda saqlang;
Uni har haftada kamida bir marta almashtiring;
Yoqimsiz hid chiqa boshlasa, eskirishini kutmay darhol almashtiring;
Stol yoki gaz sirtini artishda gubka o‘rniga qog‘oz sochiq yoki dezinfeksiyalovchi salfetka ishlating.

Alternativlar

Mutaxassislar gubkani tez-tez almashtirish yoki undan butunlay voz kechib, muqobil vositalardan foydalanishni tavsiya etadi. Masalan, bir martalik qog‘oz sochiqlar stol, peshtaxta, go‘sht yoki sabzavotdan tushgan suyuqliklarini artishda juda qulay. Ular ishlatilgach darhol tashlanadi, shuning uchun bakteriyalar to‘planmaydi. Mikrofiber salfetkalar esa qayta-qayta foydalanish mumkin bo‘lgan vosita bo‘lib, sirtlarni samarali tozalaydi, tez quriydi va bakteriyalarni kamroq to‘playdi.

Bundan tashqari, bambuk tolalaridan tayyorlangan matolar ekologik tozaligi va tabiiy antibakterial xususiyati bilan ajralib turadi. Silikon gubka yoki cho‘tkalar esa uzoq muddat xizmat qilishi, oson tozalanishi hamda zararli mikroorganizmlarni o‘zida kam saqlashi bilan afzal hisoblanadi. Shuningdek, paxtadan to‘qilgan matolar ham yaxshi alternativ sanaladi, faqat ularni tez-tez yuvib, quritib turish kerak.

Unutmang, bir oyda 4 ta yangi gubka xarid qilish bitta antibiotik tabletkasidan arzonroq, ammo sog‘liq uchun ko‘proq foydali!

Diyoraxon Nabijonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi

Published

on


Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi. 

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.  

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!

Published

on


Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.

Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.

“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.

Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.

Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!

Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif

Published

on


BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

– boshlang‘ich to‘lov – 35%;

– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;

– foiz stavkasi – 0%;

– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.

Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.

360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.

Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.

BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.

BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari

Rasmiy ishonch telefoni: 1811

Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz

Instagram: @bydauto.uz

Telegram: t.me/bydautouz





Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Published

on


E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.  

Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Shundan:

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;

— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;

— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.

Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.