Jamiyat
Hindistondan O‘zbekistonga tirik hayvon va qushlarni olib kirish taqiqlandi
O‘zbekiston Hindistondan hayvon va qushlar olib kirishni taqiqladi.
O‘zbekiston Bosh davlat veterinariya inspektorining qaroriga binoan Hindiston Respublikasining barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirishga, shuningdek ushbu davlatning G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga 2026-yil 29-yanvardan e’tiboran vaqtincha cheklov o‘rnatildi.
Cheklov Nipah virusining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida o‘rnatildi.
Hujjatda Xalqaro hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti (WOAH) xamda ochiq manbalarda e’lon kilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston Respublikasining G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipax virusining tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani ta’kidlangan.
Jamiyat
Sergelida aholi ko‘paygan, infratuzilmani shunga mos rivojlantirish zarur
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda Sergeli tumanida amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar qayd etildi. Ta’kidlanishicha, o‘tgan o‘n yilda tumanda 30 ming xonadonli yangi uy-joylar, umumiy maydoni 2 million kvadrat metr bo‘lgan sanoat, savdo va servis obyektlari barpo etildi. Tadbirkorlar soni 2,5 mingdan 6,2 mingga, budjet tushumlari esa 382 milliard so‘mdan 2,2 trillion so‘mga yetdi.
Shuningdek, 9 kilometrlik yangi metro liniyasi va yo‘l qurildi, maktab o‘rinlari 38,5 mingga, bog‘cha o‘rinlari 15,5 mingga yetkazildi, 50 ta davlat va xususiy klinika ishga tushirildi.
Prezident aholini xatlovdan o‘tkazish natijalariga ham to‘xtalib, avval 181 ming deb hisoblangan Sergeli aholisi aslida qariyb 236 ming nafar ekani aniqlanganini qayd etdi. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 300 mingdan oshib ketishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga uy-joy, maktab, bog‘cha, poliklinika va ish o‘rinlari sonini aholi o‘sishiga mos ravishda ko‘paytirish bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda joriy yil Sergeli tumanini rivojlantirish uchun budjetdan 173 milliard so‘m va banklar orqali 2,2 trillion so‘m resurs ajratilgani qayd etildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 750 million dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Qashqadaryoda tormozi ishlamay qolgan yuk mashinasi 9 ta avtomobilni urib ketdi
YTH Shahrisabz tumanida sodir bo‘lgan. Howo yuk mashinasi o‘zi bilan bir qatorda harakatlanib ketayotgan mashinalarni urib yuborgan. Oqibatda yo‘l chetida ketayotgan piyoda jarohatlangan.
Shahrisabz tumanida bir necha mashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Qashqadaryo viloyati YHXB hodisa haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 3 iyul kuni soat 14:30 larda sodir bo‘lgan. Howo yuk mashinasi tormoz tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli o‘zi bilan bir qatorda harakatlanib ketayotgan jami 9 ta avtomobilni urib yuborgan.
Oqibatda 2 ta Lacetti, Tracker-2, Nexia-1, Nexia-3, Matiz, Damas, Spark mashinalari o‘zaro to‘qnashgan. To‘qnashuvdan so‘ng Nexia-1 haydovchisi yo‘l chetidagi piyodani urib yuborgan.
Piyodaga shifokorlar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda viloyat YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda 15 ta avtomobil ishtirokida YTH ro‘y bergandi.
Jamiyat
Transport sohasida xavf tahlili raqamlashtiriladi
O‘zbekistonda avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni takomillashtirish maqsadida «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimi joriy etiladi. Yangi tartib tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida huquqbuzarlik xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash imkonini beradi.
Adliya vazirligida avtomobil, temiryo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va yo‘l xo‘jaligi sohalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda «Xavfni tahlil qilish» elektron tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi. Bunda davlat organlarining axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Hujjatga muvofiq, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasi avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish nazorati, avtovokzal va avtostansiyalar faoliyati, suv, temiryo‘l, elektr transporti, metropoliten hamda yo‘l qurilishi obektlari bo‘yicha alohida mezonlar asosida baholanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlari huquqbuzarlik xavfiga ko‘ra yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’yektlarda profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi. Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’yektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizim tomonidan aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmasligi belgilangan.
Jamiyat
“Malibu bolani 100 metrgacha sudrab ketgan” – Andijondagi mudhish hodisa tafsilotlari
Andijon shahrida piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan buvi va uning ikki nabirasini katta tezlikda harakatlangan Malibu urib ketdi, ulardan ikkisi voqea joyida jon berdi. Qurbonlarning yaqinlariga ko‘ra, Malibu haydovchisi xuddi o‘zi kabi katta tezlikda harakatlangan BMW bilan poyga o‘ynab kelayotgan bo‘lgan. Fojiadan keyingina bu joyga svetofor o‘rnatilgan. Tafsilotlar – Kun.uz muxbiri reportajida.
25 iyun kuni Asaka tumanida yashovchi 49 yoshli Saodatxon Soliyeva nevaralari 4 yoshli Yusufjon Soliyev va 6 yoshli Muhammad Ismoil Soliyevni Andijon shahri Amir Temur shoxko‘chasida piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan paytda avtohalokatga uchradi.
Katta tezlikda harakatlangan Malibu urib ketishi oqibatida buvi va nevarasi Yusufjon voqea joyida halok bo‘ldi, Muhammad Ismoil jarrohlik amaliyotini o‘tab shifoxonada qolmoqda.
YTHda vafot etgan Saodatxon Soliyeva va uning nevarasi Yusufjon Soliyev
“Malibu haydovchisiga ham, BMW haydovchisiga ham chora ko‘rilsin”
Xondamir Soliyev, marhum bolaning otasi
— 25 iyun kuni 16:00 larda onam telefon qilib ishdan bo‘shagan-bo‘shamaganimni so‘radi. Hali ishda ekanimni aytganimda, o‘g‘illarimni bog‘chadan o‘zi borib olishlarini aytdi.
Soat 18:00 larda uyga keldim. Bolalarim odatda darvozani yugurib kelib ochishardi. O‘sha kuni uyda negadir hech kim yo‘q edi. Xavotirlanib onamga 10-15 marta telefon qildim, olmadi. Ko‘nglim g‘ash bo‘ldi; ro‘zador, issiqda hushidan ketib qolmadimikan deya turmush o‘rtog‘im bilan mashinaga o‘tirib bog‘cha yo‘nalishiga qarab ketdik.
Shaharga kiraverishda tumonat odam to‘plangan edi. Surishtirsam, ikki o‘g‘lim va onamni Malibu yuqori tezlikda kelib urib qochib ketgan ekan. 60 Z 511 ZZ raqamli Malibu 60 Y 017 KB raqamli BMW avtomashinasi bilan poyga o‘ynab kelayotgan bo‘lgan. 4 yoshli kichik o‘g‘lim Yusufjon bilan onam voqea joyida vafot etgan. To‘ng‘ich o‘g‘lim Muhammad Ismoil jarrohlik amaliyotini o‘tab, sog‘ qoldi.
Xondamir Soliyev, marhum Yusufjon Soliyevning otasi
Voqea guvohlarining aytishicha, o‘g‘lim Yusufjon Malibu’ning tagiga qisilib qolgan ekan. Mashina uni 100 metrgacha sudrab borgan. Bechora o‘g‘limning orqa miyasi ochilib, ichki a’zolari tashqariga chiqib ketibdi.
Malibu haydovchisini ichkariga olib kirib qo‘yishdi. Lekin u bilan birga poyga o‘ynab kelgan BMW haydovchisi ozodlikda yuribdi. Unga kim chora ko‘radi? Onam va o‘g‘lim o‘limiga sababchi bo‘lgan BMW va Malibu haydovchisiga qat’iy chora ko‘rilishini talab qilaman.
“Dahshatli voqeadan keyingina o‘sha joyga svetofor qo‘yishdi. Inson qadri shunchalik arzonmi?”
Dilmurod Soliyev, marhumaning turmush o‘rtog‘i:
— Malibu’ni 1997 yilda tug‘ilgan bola boshqarib kelgan ekan. Sud med ekspertizasiga kirib turmush o‘rtog‘imni ko‘rib dahshatga tushdim. Chap miya, bosh suyagi yorilib ketgan. Ko‘zi yopilmay turibdi, suyak itarib turibdi etini. Nevaramning chap yelkasini ham sindirib yuborgan. Qo‘llari, oyoqlari bukilib ketgan, shunaqangi azob bilan, qiyinchilik bilan jon bergan bechora turmush o‘rtog‘im va nevaram. Buni til bilan aytib bo‘lmaydi…
Dilmurod Soliyev, marhum Saodat Soliyevaning turmush o‘rtog‘i
Odamning xavfsizligi, hayoti hech kimning himoyasida emas ekan. Endi mana dahshatli voqeadan keyingina o‘sha joyga svetofor qo‘yishdi. Inson qadri shunchalik arzonmi?
Voqea guvohlari o‘sha kuni 60 Y 017 KB raqamli BMW avtomashinasi Malibu bilan poyga o‘ynab kelgani va buning oqibatida mudhish hodisa yuz berganini aytib berishdi. Bu haqda tergovchiga aytganimdan keyin ko‘p o‘tmay BMW haydovchisi uyimga kelib, aybi yo‘qligini aytdi. Unda kim aybdor?! Poygani kim o‘ynagan? Barchasiga qat’iy jazo berilishini so‘rayman.
Tergov ketmoqda
Kun.uz suhbatlashgan voqea guvohlariga ko‘ra, YTH sodir bo‘lgan paytda nevaralarini piyodalar yo‘lagidan olib o‘tayotgan buvi hayot bo‘lgan. Voqea joyiga chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida kelmagani aytilyapti.
Ayni paytda YTH sodir bo‘lgan piyodalar yo‘lagi panjara bilan to‘sib qo‘yilgan. Uning yaqiniga esa svetofor qo‘yilgan.
YTH sodir bo‘lgan piyodalar yo‘lagi
Bolalar jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Shavkat Usmonovga ko‘ra, YTHdan omon qolgan Muhammad Ismoil Soliyevning qoratalog‘ida yorilish holati aniqlangan va jarrohlik amaliyotini o‘tagan. Bolakay reanimatsiya bo‘limidan maxsus xonaga olib o‘tilgan.
Muhammad Ismoil Soliyev
Holat bo‘yicha Andijon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Malibu haydovchisi qamoqqa olingan.
IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Pochta jo‘natmasidan 1,8 kg «Pregabalin» musodara qilindi
Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Hindistondan yuborilgan pochta jo‘natmasidan 1,8 kg «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi aniqlanib, musodara qilindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan pochta bo‘limida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan shaxs Hindistondan yuborilgan pochta jo‘natmasini qabul qilib olganidan so‘ng to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshirildi.
Tekshiruv natijasida jo‘natma ichida tarkibida jami 1,8 kilogramm «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lgan 6000 dona kapsula borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda yoki bu haqda ma’lumotga ega bo‘lganda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Dunyodan2 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Turk dunyosi5 days agoAsaddan keyin Suriya: Turkiya yuksaladi, Eron chidaydi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat2 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan3 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat3 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Siyosat21 hours agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Mahalliy2 days ago
Jahon banki O‘zbekiston boshlang‘ich ta’limini imtiyozli moliyalashtiradi
