Jamiyat
Haydovchilarni “doiradan tashqariga” chiqarmoqchi bo‘lgan “Damas” jarima maydonchasiga olib kelindi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda “Damas” rusumli avtomobil haydovchisi o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalariga to‘sqinlik qilib, ortidan kelayotgan mashinani bir necha bor yo‘l chetiga “qisib qo‘ygani” aks etgan.
Foto: YHXB axborot xizmati
Samarqand viloyati YHXB axborot xizmati holat yuzasidan Kun.uz’ga ma’lumot berdi.
Boshqarma axborot xizmatiga ko‘ra, videodagi avtomashina qisqa fursatda aniqlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Bulung‘ur tumanida ro‘y bergan hodisa vaqtida haydovchi avtomobilning harakat trayektoriyasini qasddan o‘zgartirgan va boshqa haydovchilarning erkin harakatlanishiga xalaqit bergan. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
YHXB barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishga, haydovchilik madaniyatiga amal qilishga chaqirdi.