Jamiyat
Haydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
1 iyuldan boshlab qator hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) haydovchilar uchun amal qiladigan tartibga aniqlik kiritdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan e’tiboran pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa 15 dan ortiq hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi, ularni MyGov ilovasi orqali taqdim etish mumkinligi haqidagi xabar tarqaldi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda ijtimoiy karta tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham belgilangan.
Shundan so‘ng YHXX rasmiy munosabat bildirib, mazkur tartib yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan yo‘lda o‘tkaziladigan tekshiruvlarga to‘liq tatbiq etilmasligini ta’kidladi.
Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, haydovchilar transport vositasini boshqarayotganda YPX xodimi talabiga binoan biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi shart.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan 17 turdagi hujjatlarning raqamli servislari joriy etilgan. Unga ko‘ra, mazkur raqamli hujjatlarning qog‘oz nusxasi banklar, notarial idoralar, aeroportlar, temir yo‘l obektlari hamda davlat organlarida talab etilmaydi. YHXXning ta’kidlashicha, ushbu tartib ma’muriy amaliyot markazlari, shuningdek, ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlarida ham to‘liq amal qiladi.
Biroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga asosan, yo‘lda transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi lozim.
YHXX qayd etishicha, haydovchida pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, transport vositasiga egalik yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polisi hamda oynalarni qoraytirish uchun berilgan ruxsatnomani alohida olib yurish talab etilmaydi.
Jamiyat
Toshkentda uy xizmatchisi 91 yoshli ayolni qiynab kelgani aniqlandi
Uy xizmati va keksa yoshdagi ayolga qarash uchun yollangan qiz yashirin ravishda uy egalarining buvisini qiynab, kaltaklab kelgan. Ojiz ahvoldagi ayol yaqinlariga bu haqda aytib berolmagan. Xizmatchining qilmishi yashirin kamera orqali fosh etilgan.
Toshkent shahrida keksa yoshdagi ayolni qiynab kelgan qiz jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 33 yoshli Yu.U. poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonlardan birida uy xizmatchisi bo‘lib ishlagan. U 3-4 oy davomida xonadonda istiqomat qiluvchi 91 yoshli R.N.ni muntazam ravishda urib, qiynab kelgan.
Uning bu harakati uydagi yashirin kamera orqali fosh etilgan.
Uy xizmatchisi sudda aybiga iqror bo‘lgan.
“Menga xonadonda tozalik ishlarini amalga oshirish va 91 yoshli buviga qarash vazifasi yuklatilgandi. Har oyda bir-ikki marotaba dam olish kunlari berilgandi. Oylik ish haqim 7 mln so‘m bo‘lgan.
2025 yil taxminan dekabr oyida doimiy ishlab charchaganim sababli buvijonni hojatxonaga olib kirgan vaqtimda uni urib, tan jarohati yetkazdim. Bu holat 2026 yil 19 mart kuniga qadar davom etib keldi. Bosh, bo‘yin va qo‘l qismlariga urish orqali unga doimiy ravishda tan jarohati yetkazib kelganman”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
19 mart kuni ertalab R.N. erta uyg‘onib, hojatxonaga borishini aytgan. Yu.U. doimgidek qo‘li bilan uning bosh va yuz qismiga urib, tan jarohati yetkazgan. Keyin xonaga qaytib kelishgan. Shu payt xonaga buvining nevarasi kirgan hamda hol-ahvol so‘ragan. Buvi esa hech narsa demasdan yig‘lab yuborgan.
Shundan so‘ng uy egalari xonadonga o‘rnatilgan yashirin kameralardagi tasvirlarni ko‘rib chiqishgan hamda uy xizmatchisining qilmishi fosh bo‘lgan.
JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2026 yil 18 iyundagi hukmi bilan Yu.U. Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Muzrabotning jinoyatda gumonlangan sobiq hokimi davlat ishiga qaytdi
2018-2022 yillarda Muzrabot tumaniga rahbarlik qilgan Erkin Alimov yangi lavozimga tayinlandi. 2022 yilda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Sobiq hokim 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib berishda va boshqa jinoyatlarda ayblangan. Ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Bugun, 6 iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Jovdatxon Inagamov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Erkin Jo‘rayevich Alimov uyushmaning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani e’lon qilingan.
Erkin Alimov tayinlovga qadar xususiy sektorda faoliyat yuritib kelgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Erkin Alimov 2018 yil iyulidan 2022 yil sentabrga qadar Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi lavozimida ishlagan.
2022 yil noyabrida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.
Sobiq hokim Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddalari (mansab soxtakorligi) bilan ayblangandi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida sobiq hokim Muzrabot tumanidagi umumiy qiymati 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan 4,2 gektar yer maydonini auksion savdolarisiz o‘zining yaqin qarindoshlariga rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, tumandagi banklar Erkin Alimovning yaqin qarindoshlari nomiga 166 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratgan bo‘lib, ularning katta qismi muammoli kreditga aylangan.
«Hozir bank muassasalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lovlari amalga oshirilmagan 121 mlrd 406 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini undirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda», – deyilgandi xabarda.
Bundan tashqari, «Surxondaryodonmahsulotlari» AJda olib borilayotgan taftish davomida sobiq hokim ishtirokida qiymati 35 mlrd so‘mlik 9,6 ming tonna don talon-toroj qilingani aniqlangan.
Ushbu jinoyat ishi yakuni bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar berilmagan.
Jamiyat
1 kilogramm palov qanchaga tushadi?
Jamiyat | 10:36
2016
2 daqiqa o‘qiladi
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududlarida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar qiymatini hisoblab chiqdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, eng yuqori qiymat Toshkent shahrida, eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan.
Foto: arbuz.com
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 1 kilogramm palov tayyorlash uchun mahsulotlar qiymati hududlar kesimida quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 105 215 so‘m;
Andijon viloyati — 114 625 so‘m;
Buxoro viloyati — 116 578 so‘m;
Jizzax viloyati — 116 675 so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 118 582 so‘m;
Navoiy viloyati — 117 750 so‘m;
Namangan viloyati — 116 536 so‘m;
Samarqand viloyati — 120 721 so‘m;
Surxondaryo viloyati — 118 624 so‘m;
Sirdaryo viloyati — 112 222 so‘m;
Toshkent viloyati — 120 548 so‘m;
Farg‘ona viloyati — 123 759 so‘m;
Xorazm viloyati — 116 010 so‘m;
Toshkent shahri — 126 807 so‘m.
Hisob-kitoblar quyidagi mahsulotlar asosida amalga oshirilgan:
kungaboqar yog‘i — 0,3 litr;
piyoz — 300 gramm;
mol go‘shti — 700 gramm;
sabzi — 1 kilogramm;
lazer guruchi — 1 kilogramm;
no‘xat — 100 gramm;
zira — 10 gramm;
osh tuzi — 20 gramm.
Milliy statistika qo‘mitasi ta’kidlashicha, mazkur qiymatlar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxi asosida hisoblangan. Ular hududlarda tayyor holda sotilayotgan 1 kilogramm palovning bozor narxini ifoda etmaydi.
Jamiyat
Katta Chimyon tog‘ida oyog‘i lat yegan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan fuqarolardan biri oyog‘idan jarohat olib, mustaqil harakatlana olmay qoldi. Hodisa joyiga yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari unga amaliy yordam ko‘rsatib, xavfsiz hududga olib chiqdi.
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqidagi xabar kuni kecha soat 16:35 da 112 yagona dispetcherlik xizmati orqali Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘iga sayr qilish uchun chiqqan uch nafar fuqarodan birining oyog‘i lat yegani oqibatida u mustaqil harakatlana olmay qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Xabar olinishi bilan Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirgan.
Qutqaruvchilar jarohatlangan fuqaroga zarur amaliy yordam ko‘rsatib, uni xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonning aksariyat qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-35°.
Toshkentda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 30-32° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, momaqaldiroq paytida 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 17-22° bo‘ladi.
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan5 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago“Quyoshli xonadon”larga aprel–may oylari uchun subsidiya to‘lab berildi
