Jamiyat
Haydovchi YPX xodimiga pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart
1 iyuldan boshlab qator hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) haydovchilar uchun amal qiladigan tartibga aniqlik kiritdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan e’tiboran pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa 15 dan ortiq hujjatlarning elektron shakli rasman tan olinishi, ularni MyGov ilovasi orqali taqdim etish mumkinligi haqidagi xabar tarqaldi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda ijtimoiy karta tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham belgilangan.
Shundan so‘ng YHXX rasmiy munosabat bildirib, mazkur tartib yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan yo‘lda o‘tkaziladigan tekshiruvlarga to‘liq tatbiq etilmasligini ta’kidladi.
Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, haydovchilar transport vositasini boshqarayotganda YPX xodimi talabiga binoan biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi shart.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan 17 turdagi hujjatlarning raqamli servislari joriy etilgan. Unga ko‘ra, mazkur raqamli hujjatlarning qog‘oz nusxasi banklar, notarial idoralar, aeroportlar, temir yo‘l obektlari hamda davlat organlarida talab etilmaydi. YHXXning ta’kidlashicha, ushbu tartib ma’muriy amaliyot markazlari, shuningdek, ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlarida ham to‘liq amal qiladi.
Biroq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga asosan, yo‘lda transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat — pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi lozim.
YHXX qayd etishicha, haydovchida pasport yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, transport vositasiga egalik yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sug‘urta polisi hamda oynalarni qoraytirish uchun berilgan ruxsatnomani alohida olib yurish talab etilmaydi.
Jamiyat
Qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 1995 y.t. shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 1990, 1997, 1999 va 2003 yillarda tug‘ilgan 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, qalbaki Turkiya Respublikasi fuqaroligi pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Ulardan jami 11 dona mobil telefonlar va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Buxoroda hindistonlik talaba yurtdoshini o‘ldirdi
Buxoroda 22 yoshli hindistonlik talaba o‘z kursdoshi (yurtdoshi) bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida vafot etdi. Bu haqda Hindiston nashrlaridan biri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hindistonning Kerala shtatidan bo‘lgan Savariya ismli qizni o‘ldirishda gumonlanib, uning 23 yoshli kursdoshi Sadharul Anam qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, hodisa 3 iyul kuni ikki talaba o‘rtasida kelib chiqqan nizo ortidan sodir bo‘lgan. Janjal paytida yigit qizning boshiga noutbuk bilan urgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u ichki qon ketishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli vafot etgan.
Har ikkalasi ham Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi ekani aytilmoqda. Yigit O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Savariyaning jasadi Hindistonga yetkazilgan.
Jamiyat
Bo‘stonliqda quduqqa tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida dalahovlisida dam olayotgan fuqaro quduqqa tushib ketdi. Hodisa joyiga tezkor yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari uni quduqdan olib chiqib, tibbiyot xodimlariga topshirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa kuni kecha soat 12:27 da sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati FVBBga Bo‘stonliq tumani Novobod mahallasi hududida joylashgan dalahovlilaridan birida fuqaroning quduqqa tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, maxsus qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Natijada quduqqa tushib ketgan fuqaro sog‘-omon olib chiqilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Toshkentda onlayn qimor uchun mashina o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan erkak o‘zganing Spark mashinasini boshqarib ketgan. U avtomobilni ehtiyot qismlarga bo‘lib sotgan holda pulini onlayn qimorga tikmoqchi bo‘lganini aytgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahrida birovning mashinasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Yunusobod tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasidan Spark mashinasini egasining ruxsatisiz olib qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mashina Bektemir tumanida topilib, gumondor qo‘lga olingan.
“Moyka”dan Spark’ni olib ketib qoldim. Bu yoqqa kelganimga hozir bir soatcha bo‘ldi. Maqsad – “zapchast” qilib sotish edi. Onlayn qimor o‘ynayman. O‘sha O‘shanga pul tikib, yutaman degan maqsadda shu ishni qildim”, degan erkak.
Hozirda holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent shahar YHXB fuqarolardan mashinalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarini begona shaxslarga ishonib topshirmaslik hamda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan olib qochish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
Navoiyda noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikda qolib ketgan 3 nafar fuqaro qutqarildi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy ravishda oltin qazib olishga uringan 4 nafar fuqarodan 3 nafari qazilgan chuqurlikka tushib, tuproq ostida qolib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan ularning ikki nafari qutqarib olindi, yana bir fuqaro esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi yordamida chuqurlikdan chiqarildi.
Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.
Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.
FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Dunyodan5 days ago
Serbiyada majburiy harbiy xizmat tiklanadi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
