Jamiyat
Havo inversiyasi nima? Mutaxassis Toshkentdagi holatni izohladi
Toshkentda kuzatilayotgan havo sifatining yomonlashishi bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘lib, bir-birini kuchaytirgan bir nechta tabiiy-iqlimiy va antropogen omillar yig‘indisi bilan bog‘liq.
Tabiiy-iqlimiy omillar orasida kuchli inversiya hodisasi havo sifatining buzilishiga eng katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farruh Sattarov ana shu hodisa haqida ma’lumot berdi.
Toshkent qayerda joylashgan va u odatda qanday «nafas oladi»?
Toshkent shahri joylashuvi tog‘-vodiy shamol sirkulyasiyasini shakllantiradi, u tarixi davomida shaharni tabiiy shamollatib turib, iqlimiy barqarorlikni ta’minlab kelgan. Kunduzi issiqroq havo vodiydan tog‘ tomon ko‘tariladi. Kechasi esa sovuqroq va og‘ir havo tog‘lardan pastga — shahar tomon «oqib tushadi». Mana shu tabiiy «nafas olish» sikli yillar davomida Toshkentni shamollatib, ifloslantiruvchi moddalarning ma’lum qismini tashqariga chiqarishga yordam beradi.
Quruq iqlim va tabiiy changlanish esa Toshkent va umuman O‘zbekiston uchun tabiiy-iqlimiy xususiyat hisoblanadi. Asosiy tabiiy chang manbalari — Qizilqum va Qoraqum, Orolqum cho‘llari, degradatsiyaga uchragan yerlar va transchegaraviy ifloslanish bo‘lib, bu hududlar orqali mayda zarrachalar bizning mintaqamizga va bevosita shaharga ko‘chib keladi. Ya’ni tabiiy changli fon ma’lum darajada me’yoriy holat hisoblanadi. Biroq bugungi kunda ushbu tabiiy fonga antropogen tashlamalar hamda harorat inversiyasi kabi meteorologik sharoitlar qo‘shilmoqda. Aynan shu omillar yig‘indisi havo ifloslanishining keskin kuchayishiga olib kelmoqda.
Harorat inversiyasining ta’siri qanday?
Odatdagi kunlarda havo harorati balandlik bilan pasayadi:
— pastda — issiqroq,
— yuqorida — sovuqroq.
Yer yuzasiga yaqin issiq havo yengilroq bo‘lgani uchun yuqoriga ko‘tariladi, uning o‘rniga esa yuqoridan va yondan sovuqroq havo pastga tushadi. Shu orqali havo vertikal ravishda tabiiy aralashadi va ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning nisbatan qalin qatlamida tarqaladi.
Harorat inversiyasi sharoitida esa buning aksi yuz beradi: harorat balandlik bilan pasayish o‘rniga, aksincha, balandlik ortgan sari oshib boradi. Natijada nisbatan iliq havo qatlamlari pastdagi sovuqroq yer usti qatlamining ustida joylashadi. Buning oqibatida tashlamalar yuqoriga ko‘tarila olmaydi, ifloslantiruvchi moddalar yer yuzasiga yaqin qatlamda «qulflanib» qoladi.
Hozir kuzatilayotgan barqaror atmosfera holati kichik barik bosim gradiyenti va nisbatan ko‘tarilgan bosim bilan ifodalanadi. Bunday sharoitda havo gorizontal yo‘nalishda kam harakat qiladi, shamollar zaif bo‘ladi va aynan shunday vaziyatda harorat inversiyasi oson shakllanadi hamda uzoqroq davom etadi.
Toshkent uchun inversiya, odatda, taxminan 270–340 metr balandlikda hosil bo‘ladi — bu shahar ustidan o‘tuvchi atmosferaning chegaraviy qatlamiga to‘g‘ri keladi.
Nega PM2,5 konsentratsiyasi kechqurun va uzoq inversiya davrida yuqori bo‘ladi?
Kechqurun va tun davomida yer yuzasi tez soviydi, yer usti qatlamidagi havo ham sovib og‘irlashadi, undan yuqorida esa nisbatan iliq havo qatlamlari saqlanadi. Aynan mana shu paytda kuchli inversiya kuzatiladi. Shu sababli kechqurun va erta tong soatlarida PM2,5 va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasi ko‘pincha maksimal darajaga yetadi.
Kunduzi quyosh yer yuzasini isitadi, atmosferaning yer usti qatlamidagi havo qizib, yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Konvektiv jarayonlar va turbulentlik kuchayadi, ifloslantiruvchi moddalarning katta qismi atmosferaning yuqoriroq qatlamlariga tarqaladi, shu sababli yerga yaqin qatlamdagi konsentratsiyalar qisman pasayadi.
Nega yozda vaziyat nisbatan yengilroq, qishda esa og‘irroq bo‘ladi?
Yoz faslida yuqori harorat va yer qatlamining kuchli isishi natijasida, odatda, inversiya yo yuz bermaydi, yoki juda qisqa muddatli va zaif bo‘ladi — ko‘proq tong oldi soatlarida kuzatiladi. Bu holatda havoning tabiiy aralashuv jarayoni sodir bo‘ladigan qatlam qalinlashadi, issiq havo yengillashib, tezroq yuqoriga ko‘tariladi.
Jamiyat
Toshkent ko‘chalarida ta’mirlash ishlari davom etmoqda: asosiy manzillar ma’lum qilindi
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 2 mart kuni poytaxtda ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining xavfsizligi va o‘tkazuvchanligini oshirishga qaratilgan ishlar rejali tarzda davom ettirildi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi
Kun davomida bir qator tuman va markaziy ko‘chalarda frezalash, asfaltlash, yo‘l chiziqlarini yangilash hamda yo‘l belgilari o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, “aqlli” svetoforlar infratuzilmasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borildi.
Joriy ta’mirlash ishlari
Frezalash — 7 002 kv m. Bektemir (Ohanguzar), Mirobod (Banokatiy), Olmazor (Chimboy), Sergeli (Qo‘shqo‘rg‘on 4-tor), Shayxontohur (Xiromi, Bedil, Uchqo‘rg‘on 2-tor), Yunusobod (Baraka), Yakkasaroy (Sirojiddinov), shuningdek Markaziy ko‘cha boshqarmasi tasarrufidagi Furqat, Bobur va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalarida ishlar bajarildi.
Asfaltlash — 3 899 kv m. Yangixayot tumani (Do‘stlik, Qo‘rg‘ontepa, Chinor) hamda Markaziy ko‘cha boshqarmasi hududidagi Buyuk Ipak yo‘li va Qorasaroy ko‘chalarida amalga oshirildi.
Yo‘l chiziqlari va belgilari
00:00–06:00 oralig‘ida Osiyo va Maxtumquli ko‘chalarida 4 000 metr yo‘l yotiq chiziqlari chizildi. Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li, Muqimiy, Bobur, Nukus, Sebzor va Labzak ko‘chalarida 14 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi, 51 ta belgi almashtirildi.
“Aqlli” svetoforlar bo‘yicha ishlar
Qatortol–Taxtapul va Qatortol 1-tor chorrahalarida yer qazish, Cho‘ponota–Hamkorbank chorrahasida kabel-montaj ishlari olib borildi. Farobiy ko‘chasida ayrim nuqtalarda asfalt qoplamasi kesildi, Lutfiy–Cho‘ponota chorrahasida esa svetofor qurilmalari montaj qilindi.
Qo‘shimcha ishlar
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida lyuklar holati kommunal xizmatlar bilan birgalikda o‘rganildi, bordyur o‘rnatish ishlari boshlandi. Mirishkor, Zaytun va Sho‘rtepa kesishmalarida yo‘l belgilari yangilandi. Shuningdek, Shukur Burxonov kesishmasida avtobus bekatini yangilash ishlari boshlandi (eski bekat vaqtinchalik ko‘chiriladi).
Qayd etilishicha, ishlar shahar ko‘chalarining texnik holatini yaxshilash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda transport oqimini samarali tashkil etish maqsadida ob-havo sharoitiga mos holda davom ettirilmoqda.
Jamiyat
1 mlrd so‘mlik tabiiy qumni o‘zboshimchalik bilan qazib olish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning G‘uzor tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida qurilish sohasida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida reyd tadbiri o‘tkazildi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament
Reyd davomida “Qashqadaryo” daryosi o‘zanidan 39,5 ming m³ tabiiy qum xomashyosini maxsus texnikalar yordamida o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1 mlrd so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.X. va boshqalar G‘uzor tumanidagi “Qovchin” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi o‘zanidan noruda foydali qazilma hisoblangan tabiiy qum xomashyosini ruxsatsiz qazib olgan. Ushbu harakatlar natijasida 39,5 ming m³ qum qazib olingani, davlat va jamiyat manfaatlariga esa 1 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi (o‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Nurafshonda bankomatni ochishga urinish to‘xtatildi, gumonlanuvchi ushlandi
Nurafshon shahrida tungi soat 03:10 da bankomatdan kelib tushgan tashvish signali asosida tezkor guruh 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, bankomatni buzib ochishga uringan gumonlanuvchini ushladi.
Toshkent viloyati Nurafshon shahri hududida joylashgan bankomat qurilmasidan tashvish signali kelib tushdi.
Toshkent viloyati IIBB Qo‘riqlash boshqarmasiga Nurafshon shahar “Oppoq” MFY, Toshkent yo‘li ko‘chasida joylashgan bankomatdan tashvish xabari kelib tushgan. Xabar navbatchilik qismi orqali tungi xizmatga biriktirilgan tezkor guruhga zudlik bilan yetkazilgan va xodimlar 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan.
Aniqlanishicha, bankomat ichida bo‘lgan noma’lum shaxs ushlangan. Tekshiruv davomida uning yonidan bolg‘a, otvertka va boshqa xo‘jalik anjomlari borligi ma’lum bo‘lgan. U bankomat eshigini buzib ochib, ichidagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga uringan.
Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro (Y.A.) voqea joyida issiq izidan qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan hududiy IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Surxondaryoda nohaq ayblanganini aytgan yolg‘iz onaning ishi kassatsiyada o‘zgartirildi
Qabriston nazoratchisining xatti-harakati uchun aybdorga chiqarilgan obodonlashtirish bo‘limi mutaxassisining ishi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘zgartirildi. Ikki bolani yolg‘iz voyaga yetkazayotgan, oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan ayol o‘ziga nisbatan adolatsiz hukm chiqarilganini aytib, tergov va suddan norozi bo‘lgandi.
Uzun tumani obodonlashtirish boshqarmasi kadrlar bo‘limi mutaxassisi Iroda Sharipovaga nisbatan chiqarilgan sud hukmi kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan o‘zgartirildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud ajrimiga ko‘ra, Iroda Sharipovaga tayinlangan 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolib, 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi bekor qilindi. Kassatsiya sudi Iroda Sharipovaning qilmishi ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan, deb hisoblab, uni jazodan ozod qildi.
Shu bilan birga, sud hukmining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi, oqlov hukmi chiqarishni so‘rab qilingan kassatsiya shikoyati esa qanoatlantirilmadi.
Nima bo‘lgandi?
Uzun tumani qabriston nazoratchisi vazifasida ishlab kelgan Abubakr Hotamov ismli xodim 2022 yil sentabrdan 2025 yil apreligacha o‘z xizmat faoliyatida ishlab turgan holda qo‘shimcha ravishda Termiz shahridagi Imom Termiziy nomli o‘rta maxsus kasb-hunar diniy maktabida ta’lim olib kelgan, bundan rahbariyatni xabardor qilmagan.
Iroda Sharipova Abubakr Hotamov ish joyida bo‘lmagani holatida tabellarga soxta ma’lumotlar kiritib, unga ish haqi sifatida to‘langan 44,7 mln so‘m budjet mablag‘larini rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblangan.
Abubakr Hotamovning faoliyatini nazorat qilish Iroda Sharipovaning vakolatiga kirmagan. Qolaversa, aynan Hotamov ishlagan hudud Irodadan 35-40 km uzoqda, uni har kuni nazorat qilishga imkon yo‘q va u bo‘lim boshliqlari bergan hisobotga ko‘ra ish haqi yozgan. Ishga guvoh sifatida jalb etilgan Abubakr Hotamov ham Sharipovaning aybi yo‘qligini aytgan.
JIB Qiziriq tuman sudining 2025 yil 25 oktyabrdagi hukmi bilan Iroda Sharipova o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish jinoyatlarida aybli deb topilgan. Unga 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 9 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Ikki farzandni ulg‘aytirayotgan yolg‘iz ayol sud tayinlagan jazodan so‘ng og‘ir ahvolga tushib qolgan. U kassatsiya tartibida shikoyat bergach, ish kassatsiya sudida ko‘rib chiqilishi belgilangandi.
Jamiyat
FVV xodimiga 30 ming dollar pora taklif qilgan tadbirkor qo‘lga olindi
Tadbirkor bir qator kamchiliklar bilan qurilgan 12 qavatli “dom”ni pora berish orqali foydalanishga qabul qilishga erishmoqchi bo‘lgan. U shu maqsadda Toshkent shahar FVB xodimiga 30 ming dollar bergan vaqtida tezkor tadbirda ushlangan.
Toshkentda FVV xodimiga pora bergan tadbirkor qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tadbirkor o‘zi rahbarlik qiladigan MChJ tomonidan Yakkasaroy tumanida qurilgan ko‘p qavatli uyni pora berish orqali foydalanishga qabul qildirishga uringan. U “Nazorat.MS.UZ” elektron portali orqali yuboradigan arizasini ijobiy hal qilib berishi evaziga Toshkent shahar FVB xodimiga 30 ming AQSh dollari miqdorida pora taklif qilgan.
Aslida 12 qavatdan iborat mazkur “dom”ning bir qator kamchiliklari bartaraf etilmagan bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda MChJ rahbari 30 ming dollarni FVB xodimiga bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan tadbirkorga Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp oʻzining eski “hiylasini” takrorladi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat3 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Dunyodan5 days ago
Saudiya Arabistoni AQSh elchisining “Isroilning qo’shni hududlarga bo’lgan huquqlari” haqidagi izohlariga izoh berishni talab qildi.
-
Siyosat5 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Jamiyat3 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
-
Dunyodan5 days ago
Buyuk Britaniyada tez yordamni 10 kun kutgan 97 yoshli ayol vafot etdi
