Connect with us

Iqtisodiyot

Har uch o‘zbekistonlikdan biri pul jamg‘armaydi

Published

on


Markaziy bank iyun oyida o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 34 foiz respondentlar mablag‘ jamg‘armaydi, 23 foizi esa o‘z jamg‘armasini naqd pul shaklida saqlashni afzal ko‘radi. Kundalik xaridlar uchun asosan naqd shaklda to‘lov qiluvchilar ulushi 15 foizgacha kamaygan. Aholining 20 foizi bankomatlar faoliyatidan norozilik bildirgan.

O‘zbekistonda kundalik to‘lovlarni asosan naqd shaklda amalga oshiruvchi aholi soni 15 foizgacha kamaygan. Markaziy bank iyun oyida o‘tkazgan so‘rov natijalari shundan dalolat bermoqda.

So‘rovnomada: “Kundalik to‘lovlarni asosan (odatda) qaysi shaklda amalga oshirasiz?” degan savolga respondentlar quyidagicha javob berishgan:


faqat naqd pul ishlatuvchilar – 15 foiz
faqat bank kartasi ishlatuvchilar – 33 foiz
ikkala shaklda foydalanuvchilar – 52 foiz

Jizzax, Andijon, Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida naqd to‘lovchilar ulushi nisbatan yuqori.

Naqd pullardan asosan dehqon bozorlarida foydaniladi. Tovar va xizmatlar uchun naqd to‘lov qilishning asosiy sabablari sifatida odamlar quyidagilarni ko‘rsatmoqda:


dehqon bozorlarda xarid qilinadi – 56 foiz;
naqd to‘lov tez, xavfsiz va qulay – 17 foiz;
naqd tovarlar arzonroq – 13 foiz;
sotuvchilar naqd pul talab qiladi – 7 foiz;
terminal yo‘q yoki ishlamaydi – 7 foiz.

Terminal muammolari eng ko‘p Toshkent shahrida qayd etilgan.

So‘rovnomaga ko‘ra, har uchinchi o‘zbekistonlikning jamg‘armasi yo‘q:


umuman jamg‘armaga ega emas – 34 foiz;
jamg‘armasini naqd pulda saqlaydi – 23 foiz;
bank kartasida – 23 foiz;
bank omonatida – 20 foiz.

88 foiz fuqarolar kommunal xizmatlar uchun to‘lovni mobil ilovalar orqali amalga oshiradi. Respondentlarning faqat 5 foizi kommunal to‘lovlarni naqd pul bilan to‘lashini aytgan.

Aholining 20 foizi bankomatlar faoliyatidan norozilik bildirgan, asosiy muammolar qatorida quyidagilar sanalgan:


Pul tez tugab qoladi.
Ba’zida umuman ishlamaydi.
Zarur nominaldagi banknotlar yo‘q.

Do‘konlarda naqd xaridlar paytida, respondentlarning:


65 foizi – qaytimni oladi;
17 foizi – ba’zida qaytim o‘rniga saqich yoki gugurt oladi;
14 foizi – doim qaytim o‘rniga saqich yoki gugurt taklif qilinadi;
4 foizi – umuman qaytim berilmaydi, deya fikr bildirgan.

Ko‘pchilik ish haqlarini plastik kartalarda oladi:


87 foiz respondentga ish haqi bank kartasi orqali to‘lanadi.
7 foizi – ish haqini ham bank kartasi, ham naqd shaklda oladi.
6 foizi – ish haqini faqat naqd shaklda oladi.

3-Rasm. Ish haqi to‘lovlarining qaysi shaklda olinishi holati (Hududlarda) Infografika – Markaziy bank

So‘rovnoma natijalari raqamli to‘lovlar kengayayotgani, ammo moliyaviy savodxonlik va jamg‘arma madaniyati sust ekani, shu bilan birga so‘rov natijalari aholi moliyaviy hayotida raqamli to‘lovlar ko‘payayotganini ko‘rsatmoqda.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Toshkent viloyatida chiqindi tariflari oshadi

Published

on


Viloyat deputatlari jismoniy shaxslar uchun tarifni 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 12 foizga oshirishga qaror berdi. Yangi tariflar 1 apreldan kuchga kiradi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi 24 mart kungi qarori bilan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmati uchun yangi tariflarni tasdiqladi.

Tariflar jismoniy shaxslar uchun 38,6 foizga, yuridik shaxslar uchun 12 foizga ko‘tariladi. Yangi tarif 1 apreldan kuchga kirishi belgilandi.


Amaldagi tarif – aholi xonadonlari uchun kishi boshiga oyiga 7000 so‘m (QQS bilan 7840 so‘m). 1 apreldan e’tiboran tarif 9700 so‘m (QQS bilan 10 864 so‘m)ni tashkil etadi.
Yuridik shaxslar uchun esa 1 m3 chiqindini olib ketish xizmati amalda 74 000 so‘m (QQS bilan 82 880 so‘m). Bu tarif 1 apreldan boshlab 82 880 so‘m (QQS bilan 86 890 so‘m)ni tashkil etadi.

Mazkur tariflar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi hamda quyidagi sanitar tozalash korxonalariga taalluqli:

“Zero Waster” MChJ, “Zangiota Obodon” MChJ, “Angren Bunyod Fayz” MChJ, “Rahnamo Servis” MChJ, “Ohangaron Sanitariya Tozalash” MChJ, “Toshkent viloyati Toza hudud” DM.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Rubl kursi keskin ko‘tarildi, yevro ham qimmatladi

Published

on


Markaziy bank 2026-yil 25-martdan valyutalarning yangi kursini belgiladi. 

AQSh dollari 3,94 so‘mga oshib, 12 196,00 so‘m etib belgilandi.

Yevro kursi 144,78 so‘mga oshdi va 14 141,26 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 346,30 so‘m (+149,15).

Rossiya rubli 151,74 so‘m etib belgilandi (8,74). 



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Oltin keskin arzonlashdi. Sabab nima?

Published

on


Mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Yanvar oyining oxirida 5600 dollargacha ko‘tarilgan narxlar 4100 dollargacha pasaydi. Qimmatbaho metall narxining o‘zgarishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi ishlab chiqarish darajasi hisobga olinsa, yillik narxlarning o‘rtacha 100 dollarga qimmatlashishi oltin eksportidan keladigan daromadlarni taxminan 380 mln dollarga ko‘paytirishi mumkin.

Geosiyosiy vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Shu sababdan so‘nggi yillarda qimmatbaho metall bahosi keskin qimmatlashdi. 2026 yilning 28 yanvar kuni narxlar 5608 dollargacha ko‘tarildi. Ammo mart oyining o‘rtalarida oltin ketma-ket to‘qqiz kun arzonlashdi va 1983 yildan beri eng yomon haftani o‘tkazdi. Sabab nima?

Oltin nega keskin arzonladi?

Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Global inflatsiya kuchaydi. Natijada markaziy banklar, xususan, AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishni kechiktirishga majbur bo‘lyapti. Agar yirik markaziy banklar foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab tursa yoki davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik oshsa, sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini foiz keltirmaydigan oltindan ko‘ra, kafolatlangan daromad keltiruvchi obligatsiyalarga yo‘naltirishni afzal ko‘rishadi.

Shuningdek, mart oyi boshidan beri dollar 2 foizga mustahkamlandi. AQSh dollari boshqa asosiy valutalarga nisbatan kuchayganda, oltin narxi odatda pasayadi. Dollar qanchalik qimmat bo‘lsa, boshqa valutada xarid qiluvchilar uchun oltin shunchalik qimmatga tushadi, bu esa global talabni susaytiradi.

Agar xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar, masalan, savdo urushlari yoki mintaqaviy mojarolar, qisman barqarorlashgan bo‘lganda ham investorlarda «xavfsizlik bandargohi»ga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi. Bu esa xavfliroq, ammo daromadliroq bo‘lgan aksiyalar bozoriga kapital oqib yo‘naltirilishiga olib keladi.

Oltin narxining O‘zbekistonga ta’siri

Bir necha kun oldin Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari haqidagi ma’lumotlarni yangiladi. 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro aktivlari 77,1 mlrd dollargacha oshdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. Zaxiralarning 67,6 mlrd dollari yoki qariyb 88 foiz qismi aynan oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatida xalqaro aktivlar 41,2 mlrd dollar, uning tarkibida oltinning ulushi 32 mlrd dollar bo‘lgan. Ya’ni narxlarning qimmatlashishi hisobiga O‘zbekistonning oltin aktivlari 14 oy ichida 87 foizga yoki 35,9 mlrd dollarga ko‘paydi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Xususan, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2023 yilda esa 8,2 mlrd dollarlik, 2024 yilda 7,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan. 2025 yilda bu 9,9 mlrd dollargacha oshdi. 

Agar yil davomida oltinning o‘rtacha narxi unsiyasi uchun 5000 dollarni tashkil etgan taqdirda O‘zbekiston 2026 yilda 18,9 mlrd dollarlik, 4500 dollarni tashkil qilgan taqdirda 17 mlrd dollarlik, 4000 dollarni tashkil etgan taqdirda esa 15,2 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksportini amalga oshirishi mumkin. Shu jihatdan narxlarning qimmatlashishi bevosita mamlakat budjet daromadlari va valuta kursining barqarorlashishiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda oltin qazib olishning yillik ko‘rsatkichi 118 tonnaga yetkazilishi aytilgandi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Jizzaxda AES qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi

Published

on


“O‘zatom” va “Rosatom” rahbarlari O‘zbekistonda birinchi AESni qurish bo‘yicha yana ikkita hujjatni imzoladi. Forish tumanidagi qurilish maydonchasida yadroviy energoblok uchun beton quyish ishlari boshlandi. “Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik”, dedi Azim Ahmadxo‘jayev. Ma’lum bo‘lishicha, tanlangan maydonda AES qurish uchun regulyator ruxsati ham olingan.

Foto: “O‘zatom” matbuot xizmati

Bugun, 24 mart kuni Jizzax viloyati Forish tumanidagi bo‘lajak atom elektr stansiyasi qurilish maydonchasida dastlabki beton ishlariga rasman start berildi. Shu kuni Rossiya tomoni bilan loyiha yuzasidan yangi hujjatlar ham imzolandi.

Hujjatlar imzolandi

“O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida atom va unga yondosh sohalardagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda O‘zbekistonda integratsiyalashgan AESni qurish bo‘yicha shartnomaga doir kelishuv imzolandi.

Hujjatni Toshkentdagi tadbirda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov imzoladi.


Aleksey Lixachyov va Azim Ahmadxo‘jayev

“Yo‘l xaritasi” AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bosqichlari, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, atom energetikasining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishini ta’minlash, bo‘lajak atomchilar shaharchasi infratuzilmasini yaratish va sohani kompleks rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.

Stansiyaning yangilangan konfiguratsiyasini tasdiqlovchi kontraktga doir bitim esa 3+ avlodiga mansub VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita energoblok hamda RITM-200N reaktorlariga ega ikkita energoblok (har biri 55 MVt) barpo etishni nazarda tutadi.

Stansiya to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi – bu O‘zbekistondagi umumiy elektr energiyasi iste’molining 15 foizidan ortig‘ini tashkil etadi, deyiladi rasmiy bayonotda.

Birinchi beton quyildi

24 mart kuni Forish tumanidagi qurilish maydonchasida RITM-200N reaktoriga ega kam quvvatli atom elektr stansiyasi energoblokini barpo etish doirasida dastlabki beton ishlarini boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.


Pavel Bezrukov va Abdijamil Kalmuratov

Marosim O‘zbekistonda AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov va “Atomstroeksport” AJ vitse-prezidenti – O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasi direktori (“Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik divizioni) Pavel Bezrukov ishtirokida o‘tdi.

Hozirgi vaqtda reaktor binosi ostiga beton asos tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqichni 2026 yil aprel oyida yakunlash rejalashtirilgan. Jami 900 m³ ga yaqin beton qorishmasi yotqiziladi. Ishlar yakunida reaktor binosi poydevori uchun gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimiga ega asos tayyorlanadi.

Regulyator ruxsat bergan

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi RITM-200N reaktor qurilmalariga ega ikkita AES energoblogini joylashtirish maydonidan foydalanish uchun “AES qurilishi direksiyasi” davlat korxonasiga ruxsatnoma bergan.

“Ekspertiza faol tektonik yoriqlar, yuqori seysmiklik zonalari yoki jadal karst hosil bo‘lish hududlari kabi AESning reaktor qurilmalariga ega ikkita energoblogini joylashtirishni taqiqlovchi omillar mavjud emasligini tasdiqladi. Ijobiy xulosa tanlangan maydonchaning yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga, ekologik me’yorlar hamda texnik standartlarga to‘liq mos kelishini namoyon etadi. Ushbu hujjat maydonchadan foydalanish uchun asosiy hujjat bo‘lib, har qanday AESning hayotiy siklidagi eng muhim bosqichlardan biri hisoblanadi”, – deyiladi “O‘zatom” axborotida.

“Hal qiluvchi qadamni qo‘ydik” – Azim Ahmadxo‘jayev

“Bugun O‘zbekiston kelajagi uchun yana bir muhim kun – biz zamonaviy atom energiyasini yaratish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishda hal qiluvchi qadam qo‘ydik. Jizzax viloyati Forish tumanidagi qurilish maydonida RITM-200N reaktori o‘rnatilgan kichik quvvatli energoblokni barpo etish bo‘yicha birinchi beton ishlari tantanali ravishda boshlandi.

Ushbu loyiha, mamlakat energiya mustaqilligi va barqaror o‘sishining asosiy yo‘nalishi sifatida atom sanoatini rivojlantirishni shaxsan qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qat’iy nazoratlari ostida amalga oshirilmoqda. Jadval va eng yuqori xavfsizlik standartlariga qat’iy rioya qilgan holda, biz bosqichma-bosqich oldinga ketyapmiz: bu ishlar o‘z ichiga beton tayyorgarligidan, reaktor binosini qurishgacha, uskunalarni o‘rnatishdan toki energiya bloklarini ishga tushirishgacha bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi”, – dedi “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev jurnalistlarga bergan izohida.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Naqdsiz tizimga o‘tishda kartani to‘ldirish komissiyasi bekor qilinishi kerak

Published

on


1 apreldan boshlab, cho‘ntagida puli bor, lekin kartasida yo‘q odam rasman olib qaraganda mashinasiga benzin yo gaz quyolmaydi. Iqtisodchi Otabek Bakirov, iste’molchilar manfaatidan kelib chiqib, hech bo‘lmasa o‘tish davrida bank kartalarini to‘ldirish uchun komissiyalarni nollashtirishga chaqirdi.

Otabek Bakirov / Foto: Kun.uz

Bakirovga ko‘ra, bunday tashabbusni Markaziy bank ilgari surishi maqsadga muvofiq.

“Kartalarga va kartalarni naqd pul bilan to‘ldirishga bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar nollashtirilishi kerak, hech bo‘lmaganda o‘tish davri uchun. Buni tijorat banklari yoki to‘lov tashkilotlari o‘zlarining ixtiyori bilan qilmaydi, chunki buyoqda to‘lov tizimlari belgilab qo‘ygan komissiyalar bor-da. Shu yerda regulyator maydonga chiqishi kerak. “O‘rtoqlar, 1 apreldan boshlab naqdsiz hisob-kitobga o‘tyapmiz, kirim bilan bog‘liq bo‘lgan hamma komissiyalar bekor bo‘ladi, chiqim bilan bog‘liq komissiyalarni bozor asosida amalga oshiraverasizlar”, degan qandaydir ishorani kutyapman, misol uchun-da.

Agar biz tranzaksion xarajatlar, ya’ni komissiyalarni nazarda tutyapman, tartibga solmasak, teskari effekt beradi. Ma’lum muddat bitimlar amalga oshirilmasligi mumkin. Yoki, avtomobillar bilan ko‘p yuz beradi: oldi-sotdi qilinmaydi-da, ishonchnoma asosida bitim amalga oshiriladi. Teskari effekt beradi, xalq, iste’molchilar baribir yo‘lini topishga harakat qiladi. Vaqti keldi shu choralar haqida o‘ylashga. Regulyatsiya haqida o‘ylashga. Bu regulyatsiya aytganimdek, zanjirni – to‘lov tizimi, to‘lov tashkiloti, banklar bilan bog‘liq hamma jarayonlarni qamrab olishi kerak”, – deydi u Kun.uz studiyasidagi suhbatda.

Bank sohasi mutaxassisining qayd etishicha, avtomobil va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – aslida tijorat banklari uchun imkoniyat.

“Bugun avtomobil yoki uy-joylarning 5 foizi yoki 10 foizi – kredit asosida olinganlari banklar orqali o‘tyapti. Endi tasavvur qiling, yuz foiz o‘tadigan bo‘lsa, karrasiga oshadimi ularning hajmi? Banklar ham o‘z-o‘zidan tushunib yetadiki, endi komissiyalarimni kamaytirsam ham o‘sha daromadni olar ekanman degan narsa paydo bo‘ladi. Buni hali ko‘pchilik tushunib yetgani yo‘q. Banklarning daromadi kamayib qolmasmikan degan xavotir bor. Yo‘q, daromadi kamaymaydi. Sabab – hajm karrasiga oshadi”, – deydi Otabek Bakirov.

“Mana bugun, ilg‘or banklarimizdan biri aksiya sifatida e’lon qilyapti: bizning kartalarimizga naqd pul solsangiz 2 foiz komissiya. Bu aksiya ekan, tushunyapsizmi? Ularning nazarida 2 foiz bilan karta to‘ldirishimiz mumkin ekan deb, chopib borishimiz kerak”, – deya qo‘shimcha qiladi u.

“Banklar pulni saqlab qolish uchun jozibador takliflar bera boshlaydi” – Ismoil Turopov

Suhbatda ishtirok etgan bank sohasining yana bir mutaxassisi Ismoil Turopovga ko‘ra, naqd pulni naqdsiz shaklga o‘tkazish komissiyalarini minimallashtirish orqali banklar mijoz jalb qilib, kirim qilingan mablag‘larni bank tizimida saqlab qolishga harakat qilishi mumkin.

“Odamlarni boshida o‘rgatib olish uchun, “kartada saqlayverasan, sendan hech narsa ketmaydi” degan g‘oya bilan targ‘ibot olib borilsa, pul, birinchidan, bank tizimiga kirib oladi. Ikkinchidan, mijozning pulini bankda saqlab qolish uchun ham banklar kurashadi. Siz kirim qilingan pulni bankomatdan yechsangiz, foiz oladi. Bank aytadiki, bizga omonatga qo‘y, deydi yoki boshqa biror mahsulot taklif qiladi. Ya’ni bank pulni o‘zida saqlab qolishga harakat qiladi.

To‘lov tizimining o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi sifatida chiquvchi operatsiyalardan daromad olaverishi kerak. Chunki kiruvchi mablag‘ kirganidan keyin baribir chiqib ketadi. Pul kirdimi – Uzcard’gami, Humo’gami – u qachondir chiqib ketadi: P2P bo‘libmi, naqd pul ko‘rinishidami. Hammasiga komissiya bor. Supermarketga borib 1 mln so‘mga savdo qilsangiz, kartangizdan to‘lagan pulingizning ma’lum qismi do‘kon egasidan komissiyaga ketadi – karta chiqarganga, terminal chiqargan bankka, karta operatori – Uzcard va Humo’ga ham. Ular shundoq ham daromad olyapti. Barcha chiquvchilardan daromad olinyaptimi, demak kirim qilishni nollashtirish, imtiyoz berishni o‘ylab ko‘rish kerak”, – deydi Ismoil Turopov.

1 apreldan nima o‘zgaradi?

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan boshlab quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:


davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
alkogol va tamaki mahsulotlari;
transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
ko‘chmas mulk obektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

O‘tgan hafta Markaziy bank 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisidan davlat banklari undirishi mumkin bo‘lgan komissiyaning maksimal chegarasini e’lon qildi:


Ko‘chmas mulk bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmaydi (ya’ni 206 000 so‘mgacha).
Avtotransport vositalari bo‘yicha: komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmaydi (ya’ni 103 000 so‘mgacha).
Muhim jihat: agar xaridor va sotuvchiga bitta bankda xizmat ko‘rsatiladigan bo‘lsa, komissiya faqat bir marta olinadi.
Agar xaridor va sotuvchining banklari boshqa-boshqa bo‘lsa, har bir bank komissiyaning yarmidan oshmagan qismini oladi.

Agar bitim amalga oshmasa yoki bekor qilinsa, eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘ xaridorga qaytariladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.