Jamiyat
“Gospitalga borish uchun qo‘limda granata portlatdim” – Rossiya armiyasiga yollangan shaxs qamaldi
Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida yashovchi 38 yoshli erkak Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgani uchun ozodlikdan mahrum qilindi. Pul topish uchun Novosibirsk shahriga borib, tegishli hujjatlarsiz ishlab yurgan erkak qo‘lga olingan va urushga yuborilgan. U frontda ataylab o‘z qo‘lida granata portlatgan. So‘ngra gospitaldan qochib, O‘zbekistonga qaytgan.
Rossiya armiyasiga yollangan andijonlik erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan S.X. 2025 yil 14 aprel kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Novosibirsk shahriga borgan. U yerda yo‘llarni ta’mirlashga ixtisoslashgan firmada ishlay boshlagan. Biroq Rossiyada ishlash va vaqtincha yashash bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan.
2025 yil 1 iyun kuni S.X. va sherigi politsiya tomonidan ushlanib, hujjati tekshirilgan. Politsiya hujjati borligi uchun sherigini qo‘yib yuborgan, S.X.ni esa olib qolgan.
“Qandaydir hujjatga imzo qo‘ydirishdi. Ertasi kuni poyezdda Rostov viloyatiga olib ketishdi. U yerda 7 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. So‘ng harbiy yuk mashinasida Donetsk shahriga olib borishdi. 2025 yil 25 iyun kuniga qadar jangda qatnashayotgan Rossiya fuqarolari uchun keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashish bilan shug‘ullandim.
Shundan keyin Luhanskda qayta harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. 22 avgust kuniga qadar bizga biriktirilgan hududga Ukraina askarlari o‘tmasligini ta’minlab turdik. Bir amallab gospitalga borish rejasini tuza boshladim. Granataning ustki qismini ajratib olib, qo‘limda ushlab turganimda portladi. Chap qo‘limning kichik barmog‘i uzilib ketdi. So‘ng qo‘limni bilak sohasidan bog‘lab, o‘sha yerdagi harbiy shifokorga ko‘rindim. So‘ng meni avvaliga Luhanskdagi, keyin Volgograd shahridagi gospitalga jo‘natishdi”, degan erkak suddagi ko‘rsatmasida.
S.X. 2025 yil 6 oktyabr kuni gospitaldan qochib chiqib, Moskva shahriga borgan. So‘ngra samolyotga chipta olib, O‘zbekistonga qaytgan.
JIB Bo‘ston tuman sudining 2025 yil 4 dekabrdagi hukmi bilan S.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Avvalroq Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan surxondaryolik yigit 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Jamiyat
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.
Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.
Jamiyat
Deputatlarga «Tashabbusli budjet» loyihalari bo‘yicha yangi imkoniyatlar berildi
«Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Bunda:
har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;
deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda «Tashabbusli budjet» jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.
2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.
Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya ta’minlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli budjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.
Qiymati BHM 2000 baravarigacha (taxminan 824 mln so‘m) bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Jamiyat
Toshkentda YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia rusumli avtomobil chorrahada katta tezlikda harakatlangani va qayrilib olayotgan Lacetti’ni urib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jabrlanuvchilar haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida Lacetti va Kia K5 rusumli avtomobillar ishtirokida ayanchli avariya ro‘y berdi.
Poytaxt YHXB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 05:10 larda Amir Temur–Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Lacetti Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan o‘ng tomondan harakatlanib kelgan Kia K5 rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia katta tezlikda harakatlanib, Lacetti’ning orqa qismini urib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Xabarda avtomobilda bo‘lganlarning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
avtomobilni olib qochish moddasi ayblovdan chiqarilgan
Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatida ayblanmoqda. Jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda. 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahrida BMW mashinasida YPX inspektorini urib ketgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, ish sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbalari ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, jinoyat ishi Mirobod tuman sudida yopiq tarzda ko‘rib chiqilmoqda (JPK talabiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar yopiq ko‘riladi). 26 iyun kuni dastlabki sud majlisi o‘tkazilgan.
Jinoyat ishi yopiq tarzda o‘tkazilayotgani uchun sud majlislari jadvalida keltirilmagan.
Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rilayotgani, ish sudga Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan taqdim etilgani, sudlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi saqlanib qolgani haqida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 25 fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW mashinasida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgandi.
Inspektor og‘ir jarohatlar oqibatida vafot etgan.
Shundan so‘ng Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingan va unga Jinoyat kodeksining 267-moddasi (avtotransport vositasini olib qochish) va 104-moddasi uchinchi qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilingandi.
Marhum kichik serjant Hosilbek Eshnazarov prezident farmoniga ko‘ra, «Jasorat» medali bilan mukofotlandi va uning oilasiga Toshkent shahridan 3 xonali kvartira berildi.
Jamiyat
TIV Malayziyada o‘limga hukm qilingan uch o‘zbekistonlik haqida
Malayziyaga sayohatga borgan 3 nafar o‘zbekistonlik o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida material e’lon qilingandi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Omonulla Fayziyev ushbu fuqarolarning keyingi taqdiri haqida Kun.uz’ga ma’lumot berdi.
Omonulla Fayziyevning aytishicha, 2010 yil sentabr oyida O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda gumonlanib, Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Keyinchalik Malayziya sudi ularga nisbatan o‘lim jazosi tayinlagan.
Fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan 2013, 2014, 2016 va 2020 yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat Qiroli nomiga ularni afv etish to‘g‘risida bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan.
2018 yilda Malayziyada o‘lim jazosini ijro etishga moratoriy joriy etildi. Keyinchalik, 2024 yil 18 mart kuni kuchga kirgan “O‘lim va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolarini olgan shaxslarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chiqarilgan avvalgi o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirdi.
Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun nazarda tutilgan imtiyozlar inobatga olinganda, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030 yilda yakunlanishi kutilmoqda.
Hozirgi vaqtda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni bundan buyon ham davom ettiradi, dedi Omonulla Fayziyev.
Eslatib o‘tamiz, uch o‘zbekistonlikning Malayziyaga sayohatga borishi va giyohvand moddalar aniqlanib o‘limga hukm qilinishi haqidagi hikoyani iste’fodagi DXX xodimi O‘ktam Suvonov Xavfsizlik YouTube kanaliga bergan intervyusida aytib bergandi.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Sport5 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Jamiyat4 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot2 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
