Iqtisodiyot
“Global brendlar talabi uchun yuqori navli paxta kerak” – investitsiyalar vazirligi mas’uli AQShdan paxta import qilinishiga izoh berdi
O‘zbekiston hukumati Amerikadan paxta import qilishni rejalashtirmoqda. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mas’uli Inomjon Abdurahmonovning tushuntirishicha, Amerika paxtasidan foydalanish orqali mahsulotga “Made with U.S. Cotton” yorlig‘i beriladi, bu o‘zbek fabrikalariga Levi’s, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi brendlar bilan shartnoma qilish imkonini beradi.
So‘nggi haftalarda O‘zbekiston o‘zining yirik ishlab chiqarish hajmlariga qaramay, AQShdan paxta xarid qilishi mumkinligi haqidagi xabar faol muhokama qilinmoqda – Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti direktori Inomjon Abdurahmonov muhokamalar fonida nega O‘zbekistonga Amerika paxtasi kerakligiga izoh berdi.
“Mamlakat an’anaviy paxta eksportchisi bo‘lib kelgan. Lekin bu yerda gap O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining jahonning premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam haqida ketmoqda”, – deb yozdi u Facebook’dagi sahifasida. Vazirlik rasmiysi Amerikadan paxta import qilish uchun bir nechta sabablar keltirdi:
“Global brendlar talablariga mos kelish uchun faqat ichki imkoniyatlar yetarli emas”
Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilgan paxta hosilining barchasi mahalliy korxonalarda qayta ishlanib, paxta tolasi ichki qayta ishlash darajasi 100 foizga yetgan. O‘zbekiston to‘qimachilik fabrikalarining mahsulotlari hozirda 75 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. Barcha imkoniyatlar xomashyoni yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq siklni rivojlantirishga qaratilgan. Shu bilan birga, bunday yutuqlar yangi vazifalarni ham yuzaga chiqardi. Endilikda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati AQSh va Yevropa Ittifoqining premium bozorlarida o‘z o‘rnini mustahkamlashi lozim. Bu bozorlarda yuqori sifat standartlari, xomashyoning kelib chiqishini kuzatish imkoniyati (traceability) va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Bunday global brendlar talablariga mos kelish uchun faqat ichki imkoniyatlar yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli maxsus navli paxtani import qilish zarurati yuzaga kelgan. U faqat aniq buyurtmalarni bajarish uchun kerak bo‘ladigan joylarda uni to‘ldiradi. O‘zbekiston har yili 1–1,15 million tonna paxta tolasi ishlab chiqaradi va bu hajmning barchasi allaqachon mahalliy fabrikalarda qayta ishlanadi. Boshqacha aytganda, mahalliy paxta to‘liq ichki ehtiyoj uchun ishlatilmoqda.
“Tashqi bozordan paxta xaridi mahalliy fermerlarga raqobat tug‘dirmaydi”
So‘nggi yillarda mamlakatda ko‘plab yangi to‘qimachilik korxonalari ishga tushirildi va ularning umumiy quvvati tez sur’atlarda oshmoqda. Natijada fabrikalarning o‘rtacha quvvatdan foydalanish darajasi hozircha 75 foiz atrofida. Bu esa tarmoqda foydalanilmagan quvvatlar mavjudligini anglatadi va ularni aynan qo‘shimcha xomashyo hisobiga ishga solishi mumkin. Import qilinadigan paxta faqat yuqori sifat va sertifikatlashning xalqaro standartlari talab qilinadigan ishlab chiqarish liniyalari va shartnomalarga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, tashqi bozordan paxta xaridi mahalliy fermerlarga raqobat tug‘dirmaydi (ularning mahsuloti allaqachon to‘liq iste’mol qilinmoqda), balki sifatning yangi bosqichiga chiqish uchun maqsadli vosita bo‘lib xizmat qiladi.
“Amerika paxtasi mahsulotni “Made with U.S. Cotton” yorlig‘i bilan belgilashga imkon beradi”
Jahon bozorining premium segmentlariga chiqish strategiyasi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan «Made with U.S. Cotton” tashabbusi xalqaro sifat talablari, kelib chiqishini kuzatish (traceability) va ekologik barqarorlik standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.
AQShdan keladigan paxta tolasi barqaror yuqori sifati bilan mashhur bo‘lib, U.S. Cotton Trust Protocol – yetkazib berish zanjirini standartlashtirish va kuzatishning zamonaviy tizimiga mos keladi. Sertifikatlangan Amerika xomashyosidan foydalanish yakuniy mahsulotni “Made with U.S. Cotton” degan nufuzli yorliq bilan belgilash huquqini beradi. Bir qator yirik brendlar uchun bu shunchaki marketing emas, balki hamkorlikning majburiy shartidir. Masalan, Levi’s, Ralph Lauren, PVH, Puma, Gap, Tesco kabi kompaniyalar kolleksiyalarning bir qismi ushbu dasturga kiruvchi paxtadan tayyorlanishini talab qiladi. Shunday qilib, Amerika paxtasini xarid qilish o‘zbek fabrikalariga ilgari imkoni bo‘lmagan global brendlar bilan shartnomalar tuzish yo‘lini ochadi.
“Strict Middling paxta navi – brendlar talabi”
Sotib olinadigan xomashyo dunyoga mashhur Strict Middling paxta navi hisoblanadi. Bu o‘ziga xos xususiyatlarga ega yuqori navli paxta navidir. Tolasi uzun va qalin, bir xil ochiq va toza ranglarda. Aynan shunday paxta ko‘plab brendlarning premium kiyimlari uchun talab qilinadi. Uni har qanday xomashyodan olib bo‘lmaydi – u ma’lum sharoitlarda yetishtirilgan va qayta ishlangan bo‘lishi kerak. Jahon bozorida bu navning ishonchli yetkazib beruvchilari sifatida AQSh, qisman Avstraliya va Braziliya tan olingan. O‘zbekiston uchun esa AQShdan Strict Middling partiyasini import qilish milliy to‘qimachilik sanoati nufuzini oshirish va premium segmentga chiqish yo‘lidagi bevosita qadam hisoblanadi.
“Import qulay shartlarda amalga oshiriladi”
Amerika paxtasini xarid qilish AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligining GSM-102 dasturi doirasida rejalashtirilmoqda. Bu kredit kafolatlari mexanizmi bo‘lib, unga ko‘ra o‘zbek korxonalari xomashyoni 12-18 oygacha to‘lovni kechiktirish sharti bilan olishi mumkin. Amalda Amerika tomoni bitim summasining 98 foizigacha bo‘lgan qismini sug‘urtalaydi va ishlab chiqaruvchilarga paxtadan foydalanish, keyin esa kelajakdagi eksport tushumidan qiymatini to‘lash imkonini beradi. Bunday sxema rivojlanayotgan bozorlar uchun foydali va moslashuvchan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishda keng qo‘llanadi. O‘zbekiston uchun GSM-102ʼda ishtirok etish kompaniyalar aylanma mablag‘lariga darhol yuklama tushirmasdan yuqori sifatli xomashyoga imtiyozli moliyaviy sharoitlardan foydalanishni anglatadi. Strict Middling navini hozircha o‘zimizda yetishtirish imkoni yo‘q.
“O‘zbekistonda Strict Middling navini yetishtirish imkoni yo‘q”
Yaqin yillarda O‘zbekistonda Strict Middling darajasida paxta ishlab chiqarishga erishish bir qator obektiv sabablar tufayli qiyin. Chunki butun tarmoq ehtiyojini faqat mahalliy xomashyo hisobidan qoplash uchun paxta ekiladigan maydonlarni keskin kengaytirish va hosildorlikni sezilarli oshirish zarur bo‘ladi. Bunday agrotexnologik o‘zgarishlar tez amalga oshirilmaydi – mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bunga kamida 5 yil davomli tinimsiz mehnat kerak bo‘ladi. Eng asosiysi, Strict Middling navi faqat muayyan tabiiy-iqlim sharoitlarida va tolani qayta ishlash texnologiyalarida hosil bo‘ladi. Paxtaning sifati – uning uzunligi, mustahkamligi, bir xilligi va rangi – bevosita iqlimga, quyosh nuri miqdoriga va hosil pishish hamda yig‘im-terim davridagi namlik darajasiga bog‘liq. O‘zbekiston o‘rtacha navli paxta yetishtirish uchun qulay iqlimga ega, ammo eng yuqori nav uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni tabiatan ta’minlash qiyin.
Shu sababli, yaqin istiqbolda yuqori navli paxtani import qilish, xuddi shunday navni o‘zimizda yetishtirishga urinishi bilan solishtirganda, ancha real va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq yechim hisoblanadi. Bu, albatta, mahalliy paxta navlarini yaxshilash va seleksiya bo‘yicha uzoq muddatli dasturlarni bekor qilmaydi, ammo hozirgi bozordagi imkoniyatlarni boy bermaslikka yordam beradi.
“Mahalliy paxta asosidagi bazaviy ishlab chiqarish saqlanib qoladi”
O‘zbek to‘qimachilik korxonalari uchun import paxtadan foydalanish nafaqat sotuv hajmlarini, balki ishlab chiqarish jarayonini ham yangi bosqichga olib chiqadi. Yuqorida aytilgan kechiktirilgan to‘lov sxemasi (12-18 oy) doirasida xomashyo xarid qilish fabrikalarga o‘z mablag‘larini chalg‘itmasdan quvvatlarni ishga solish imkonini beradi. Oddiy qilib aytganda, zavod sifatli tolani oladi, darhol undan mahsulot ishlab chiqadi, eksport qiladi va faqat shundan so‘ng tushgan tushumdan paxta uchun to‘lov qiladi. Bu ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun juda qulay: eksport shartnomalaridan keladigan mablag‘lar aylanmasi hisobiga ketma-ket 2-3 ishlab chiqarish siklini bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Albatta, elita Amerika paxtasi oddiy xomashyoga qaraganda qimmatroq – uning narxi mahalliy paxtaga nisbatan qariyb 15-20 foiz yuqori. Ammo muhim jihati shundaki, uni barcha buyurtmalar uchun emas, faqat eng foydali, yuqori marjaga ega kontraktlar uchun sotib olinadi. Bunday hollarda xomashyo uchun qo‘shimcha xarajatlar tayyor mahsulotning yuqori narxi bilan o‘zini to‘liq oqlaydi. Aslida import o‘zbek fabrikalariga ilgari o‘tkazib yuborilgan global brendlar buyurtmalarini olish imkonini beradi. Shu bilan birga, mahalliy paxta asosidagi bazaviy ishlab chiqarish saqlanib qoladi – u ommaviy segment mahsulotlarining asosiy hajmini ta’minlaydi.
“Uzoq muddatli to‘lov esa narx va talab tebranishlarini yumshatadi”
GSM-102 kabi importni moliyalashtirish sxemalari korxonalarni bozor xavflaridan himoya qiladi. AQSh hukumati kafolatlari to‘lovsiz qolish mumkin bo‘lgan holatlarning katta qismini qoplaydi, uzoq muddatli to‘lov esa narx va talab tebranishlarini yumshatadi. Natijada o‘zbek ishlab chiqaruvchilari ish rejalarini qo‘rqmasdan tuza oladi, shartnomalarni bajarish uchun zarur xomashyoga ega bo‘lishini biladi va shunga moslashib, pul oqimlarini boshqaradi. Bularning barchasi paxta importini majburiy choradan puxta o‘ylangan biznes qaroriga aylantiradi.
Global imij va integratsiya
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining jahon bozori premium segmentlariga chiqishi faqat alohida fabrikalar darajasida emas, balki mamlakat miqyosida ham foyda keltiradi. Gap O‘zbekistonning sifatli mahsulot yetkazib beruvchi ishonchli hamkor sifatidagi xalqaro imijini mustahkamlash haqida ketmoqda. Agar “Made with U.S. Cotton” yorlig‘iga ega o‘zbek mahsulotlari AQSh va Yevropa Ittifoqi do‘konlarida paydo bo‘lsa, bu boshqa global chakana savdo tarmoqlari va distribyutorlarning ishonchini oshiradi. Allaqachon GSP+ imtiyozlarini olish Yevropa Ittifoqi kabi murakkab bozorlar uchun O‘zbekiston to‘qimachilik eksportini oshirishga imkon berdi – qisqa vaqt ichida YeIga eksport hajmi taxminan 74 million dollardan 140 million dollarga o‘sdi. Amerika hamkorlari bilan ishlash esa AQSh bozoriga chiqishda ham xuddi shunday ijobiy natija berishi mumkin.
Strategik jihatdan bunday qadam mamlakatning global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashishiga yordam beradi. O‘zbekiston so‘nggi yillardagi islohotlar, paxta plantatsiyalarida majburiy mehnatdan voz kechilishi va biznes muhitining yaxshilanishi tufayli jahon to‘qimachilik sanoati xaritasida tobora sezilarli o‘rin egallamoqda. Yuqori sifatli xomashyo importi va xalqaro barqarorlik protokollariga rioya qilish O‘zbekiston to‘qimachilik sektorini zamonaviy, mas’uliyatli biznes yurituvchi o‘yinchi ekanini tasdiqlovchi yana bir dalil bo‘ladi. Bu yangi investorlar va buyurtmalarni jalb etadi: mamlakat asta-sekin global brendlar ishlab chiqarishni joylashtirishi va uning samaradorligi hamda standartlarga mosligiga ishonch hosil qilishi mumkin bo‘lgan mintaqaviy sourcing hubʼga aylanadi.
Xullas, kiyim-kechak eksportchilari oldingi qatorlarida bo‘lish O‘zbekistonning eksport obro‘si yuksalishiga olib keladi. Bu esa logistika va dizaynga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Nike yoki H&M kabi brendlar uchun yetkazib beruvchi bo‘lish – bu “yuqori liga”da o‘ynash demakdir va bunday darajadagi reklama juda katta ahamiyatga ega. Shu tariqa, O‘zbekiston iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha davlat ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda xomashyoga bog‘liq bo‘lmagan eksportning uzoq muddatli o‘sishi uchun poydevor yaratmoqda.
Jahon tajribasi
O‘z xomashyosini import bilan uyg‘unlashtirish strategiyasi aslida yangilik emas – uni yetakchi to‘qimachilik davlatlari muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqda. Masalan, Turkiya, Bangladesh, Vetnam, Hindiston, Indoneziya, Kambodja, Meksika va hatto Xitoy har yili AQSh, Braziliya, Avstraliya va Afrika davlatlaridan katta hajmda paxta import qiladi. Nega ular bunday qiladi? Javob juda oddiy: o‘z yengil sanoatini global mijozlar talablariga javob beradigan sifatli xomashyo bilan ta’minlash uchun.
Masalan, Turkiya katta paxta ishlab chiqaruvchisi bo‘lishiga qaramay, yuqori sifatli tolani baribir chetdan sotib oladi. Bu esa turk fabrikalariga Yevropaning moda gigantlari bilan barqaror hamkorlik qilish imkonini beradi. Bangladesh esa deyarli paxta yetishtirmaydi, ammo butunlay import xomashyoga tayanib, dunyoda kiyim-kechak eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Vetnam import paxtasi tufayli AQSh bozoriga eng yirik besh to‘qimachilik yetkazib beruvchidan biriga aylandi, Turkiya esa Yevropa Ittifoqining tikuv mahsulotlari bo‘yicha asosiy hamkorlaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, global moda bozorida muvaffaqiyat qozonish uchun mamlakat butun paxtani o‘zi ishlab chiqarishi shart emas. Eng muhimi – yakuniy buyurtmachiga talab qilingan sifat va yetkazib berish ishonchliligini taqdim eta olishdir, hatto buning uchun xomashyoning bir qismini tashqi bozordan xarid qilishga to‘g‘ri kelsa ham.
Bundan tashqari, muayyan navli paxtani import qilish orqali ushbu davlatlar o‘z mahsulotlarini qo‘shimcha qiymat beradigan maxsus yorliqlar bilan belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston rasmiylari joriy yil avgust oyi boshida AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va “Made from U.S. Cotton” tashabbusini ishga tushirish masalalarini muhokama qilgandi.
GSM-102 dasturi importyor davlatlarga AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kafolatlangan kredit asosida sotib olish imkonini beradi.
May oyida O‘zsanoatqurilishbank bergan xabarga ko‘ra, AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu dasturning O‘zbekistondagi ilk ishtirokchisi sifatida SQBni tanlagan. Ikki tomon savdoni moliyalashtirishga qaratilgan kredit liniyalariga kafolatlar taqdim etish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan.
Iqtisodiyot
«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
2026 yil 9–10 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga tashrifi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) va «China International Capital Corporation» (CICC) Osiyo kapital bozorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida tomonlar Gonkong fond birjasida Xitoy yuani va O‘zbek so‘mida umumiy qiymati 250 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish hamda ularni Gonkong fond birjasida listingdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi bitimni imzoladilar.
Erishilgan kelishuv «O‘zmilliybank» AJning Osiyo kapital bozoriga ilk bor chiqishini anglatadi hamda bankning xalqaro qarz olish geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur kelishuvning amalga oshishi bankning moliyalashtirish manbalari va valyuta tarkibini diversifikatsiya qilish, xalqaro investorlar doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.
Rejalashtirilayotgan mazkur emissiya «O‘zmilliybank» AJning xalqaro kapital bozorlaridagi izchil faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. 2020 yildan buyon bank London va Vena fond birjalarda umumiy qiymati 1,13 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi uchta obligatsiya emissiyasini amalga oshirgan.
Mazkur kelishuv 2026 yilga mo‘jallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zmilliybank» AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib, mazkur hamkorlik so‘nggi yillarda ikki davlat yetakshilarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va strategik qarashlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard AQSh dollariga yaqinlashdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsad qilib olindi. Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard AQSh dollarini tashkil etib, O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kapital jalb qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. «O‘zmilliybank» AJning CICC bilan erishgan kelishuvi mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Osiyo kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli resurslarni jalb etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard AQSh dollaridan, jami kapitali esa 1,6 milliard AQSh dollaridan oshgan.
China International Capital Corporation (CICC) 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi investitsiya banklaridan biri hisoblanadi. Kompaniya investitsiya banking, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi hamda Gonkong, Singapur, London va Nyu-York kabi xalqaro moliya markazlarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p sotib oluvchi mamlakatlar ma’lum bo‘ldi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 19,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Mazkur davrda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan mamlakatlar (top-10):
Rossiya — 2,8 mlrd AQSh dollari;
Xitoy — 1,7 mlrd;
Afg‘oniston — 1,1 mlrd;
Qozog‘iston — 868 mln;
Fransiya — 854,9 mln;
Gonkong (Xitoy maxsus ma’muriy hududi) — 716 mln;
Turkiya — 596,2 mln;
Qirg‘iziston — 575,8 mln;
Tojikiston — 437,5 mln;
BAA — 420,8 mln.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
-
Jamiyat4 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport4 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat4 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Sport4 days ago
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
