Jamiyat
“Global avto” firibgarlik sxemasi ekani tasdiqlanmoqda
Odamlarga oson shartlarda Xitoydan mashina keltirib berishni va’da qilgan “Global avto kredit” MChJ mansabdorlarining ishi tergovda. Kun.uz surishtiruvidan so‘ng holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahridagi “Global avto kredit” MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov buni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Jinoyat ishi 2025 yil 12 noyabr kuni qo‘zg‘atilgan. Kun.uz bundan avvalroq ushbu “avtosalon” faoliyatini shubha ostiga olgandi.
Ma’lumotga ko‘ra, “Global avto kredit” MChJ tomonidan fuqarolarga avtotransport vositalarini qulay shartlarda yetkazib berish va’da qilingan. Ammo amalda tegishli shartnomalar tuzilmasdan ulardan pul olinib, majburiyatlar bajarilmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya’ni juda ko‘p miqdorda firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq “avtosalon”chilar hamon ochiqda. Tergov boshlanganiga yaqinda 5 oy bo‘ladi. Vaholanki, dastlabki tergov muddati 3 oy.
“Global avto” bilan shartnoma tuzgan vatandoshlarning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda firma ofisi muhrlab ketilgan.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida tergov sifatini tanqid qilgandi.
“Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘p. Jo‘rayev, Ashrapov har ming kishiga nisbatan eng ko‘p ariza tushayotgan Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Chirchiq shaharlariga borib, aholi muammolarini yechsa bo‘ladi-ku?” degandi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident yanvar oyida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida uyushgan jinoyatchilik biznes niqobi ostida daromadli sohalarga kirib borayotganini tanqid ostiga olgandi.
“Ilgari faqat “ko‘cha” deb bilgan uyushgan jinoyatchilik bugun biznes niqobi ostida ancha daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar, avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, Umra va Haj ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
“Global avto” ishi
2025 yil fevral oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda 30 maydan “sotuv” reklamalarini boshlagan “Global avto kredit” MChJ odamlarga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan qimmatbaho elektromobillarni va’da qilgan. Firma ijtimoiy tarmoqlardagi kanaliga bir nechta mashina “mijozlarga yetkazib berilgani” haqida videolavha joylashtirgan. Kun.uz o‘z surishtiruvida bu mashinalar boshqa avtosalonlardan xarid qilinganini aniqlagandi.
Keyinchalik ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha “avtosalon” direktori va sotuv bo‘limi boshlig‘i tahririyatga kelib, tushuntirish bergan edi. “Mijozlar bankka to‘lagan pulni dividend shaklida naqdlashtirib, Xitoyga yuboramiz”, degandi ular.