Jamiyat
Giyohvandlik vositalari ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar tarkibida ham uchramoqda
Insoniyat duch kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri – bu giyohvandlik. Turli yoshdagi kishilar, ayniqsa, yoshlar orasida narkotik moddalarni iste’mol qilish holatlari tobora ko‘payib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi katta inspektori Muhammadqodir Mahmudov giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanishi va yoshlar orasida tarqalishi holatlari haqida so‘zlab berdi:
– Narkotiklar ta’siriga bilib-bilmay tushib qolgan yoshlar hayoti, kelajagi barchani birday o‘ylantiradi, albatta. Bunday tubsiz jar tomonga borayotganlar nafaqat yaqinlari, balki jamiyat uchun ham zarar keltirishi shubhasiz.
Zamon taraqqiy etgani, texnologiya va internet rivojlanib borgani sayin giyohvandlik vositalari tarqatuvchilar ham savdo ko‘rinishini o‘zgartirib, murakkablashtirib bormoqda. Avval qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan og‘u bugun noma’lum lokatsiyalar va noaniq shaxslar tomonidan tarqatilmoqda.
Yurtimizda yashirincha yo‘llar bilan ochilgan narkolaboratoriyalarda minglab zahri qotil dozalarini yaratayotganlarni ham, ularga buyurtma berayotganlarni ham aniqlash mushkullashib borayotgani vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, bugun narkotiklarning shakli ham o‘zgarib bormoqda. Avvallari giyohvandlik vositalari tabiiy ko‘rinishda uchragan bo‘lsa, bugungi kunda turli mahsulotlar tarkibida, jumladan, ichimliklar, quvvatlantiruvchi ozuqalar, qahva, shirinliklar va shu kabi mahsulotlar tarkibida uchrayotgani dahshatlidir. Bitta iste’moldayoq o‘ziga qaram qiluvchi vositalar jins, yosh, ijtimoiy qatlam tanlamayapti.
Noqonuniy, yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanayotgan preparatlar esa yuqoridagilardanda xavfliroqdir. Hattoki, bitta doza iste’moli o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin. Raqamlarga nazar solsak, 2024 yil davomida 5 ta, 2025 yil 6 oyida esa 8 ta narkolaboratoriya aniqlangan.
Muammoning yana bir xavfli tomoni – ota-onalar ish va boshqa muammolar bilan bo‘lib, farzandlarining og‘u ta’siriga tushib qolganidan xabarsiz qolmoqda. Sababi, bugungi narkotiklar avvalgisi kabi o‘zini tezda namoyon qilmaydi.
Ilgari “narkoman” deganda, ko‘z osti qoraygan, tomirlarida igna izlari bor odamlar tushunilgan. Hozir esa narkotik iste’mol qilgan yoshlar haddan ortiq serharakat, faol va sergak bo‘lib qoladi. Bu esa ota-onalarni shubhalantirmasligi turgan gap. Boladagi ijobiy o‘zgarish barchani mamnun qilib, uning biror modda iste’mol qilishi mumkinligi hech kimning hayoliga ham kelmaydi. Ammo bu vaqtincha holat. Vaqt o‘tishi bilan paydo bo‘lgan og‘riqlar, azoblar va ruhiyatdagi keskin o‘zgarish ayrim yoshlarni suitsidga boshlayotgani ayanchlidir.
Giyohvandlik vositalarining iste’moli ortgani sari narkojinoyatlar soni ham oshib bormoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining sa’y-harakati natijasida joriy yilda aniqlangan narkojinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga oshgan.
Narkotiklarni sotishni kasb qilganlar narkokurer sifatida talabalarni tanlayotgani kuzatilmoqda. Oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan va kelajakda bir kasbning egasi bo‘lishi kutilayotgan yoshlarning boshi berk ko‘chaga kirayotgani ularning hayotini salbiy tomonga o‘zgartirayotgani dolzarb muammodir. Joriy yil 6 oyida 46 nafar oliy o‘quv yurti talabasi narkojinoyatlarning oldi-sotdisiga aralashib qolgani shuni ko‘rsatib turibdi.
Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanish ham, unga qaramlikning oqibati ham ayanchlidir. Shu sababli, har birimiz, ayniqsa, ota-onalarimiz ogoh bo‘lishi, farzandlariga befarq bo‘lmasligi maqsadga muvofiq.
Jamiyat
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 28 iyun – 3 iyul kunlari respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuchli yomg‘irlar kuzatilishi munosabati bilan sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida suv bosish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchiliklar tufayli Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘oldi tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud.
Xususan, xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot, shuningdek Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining bir qator tog‘li va tog‘oldi tumanlarida kuzatilishi mumkin.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi, dam oluvchilar hamda ushbu hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Shu bilan birga, respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Bu pastqam joylarning suv ostida qolishiga va mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar aholiga ob-havo haqidagi rasmiy ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish, xavfli hududlarga bormaslik hamda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni tavsiya etmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy himoya tizimida ish haqi shartlari yangilandi
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur muassasalar xodimlari uchun ish haqi razryadlari hamda ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun har oylik ustamalar miqdori belgilandi.
Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3589-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga muvofiq, quyidagi muassasalarda faoliyat yurituvchi direktor, bosh vrach, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor hamda ijtimoiy xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilandi:
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.
Shuningdek, ushbu lavozimlarda ishlovchi xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Unga ko‘ra:
1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;
3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;
5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;
10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;
15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga — 120 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatiga munosib haq to‘lash va ularni uzoq muddatli faoliyatga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Valyuta bozorida talab va taklif keskin oshdi – Markaziy bank
Markaziy bank 2026-yilning yanvar–may oylari bo‘yicha ichki valyuta bozori sharhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakatda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif sezilarli darajada oshgan bo‘lsa-da, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror saqlanib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning dastlabki besh oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi 25,7 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,1 foizga yuqori.
Shu jumladan, korxonalar tomonidan 20,2 milliard dollarlik valyuta xarid qilingan bo‘lsa, aholi 5,5 milliard dollar miqdorida chet el valyutasini sotib olgan.
Ayni vaqtda valyuta taklifi ham o‘sishda davom etgan. Hisobot davrida bozorga jami 22,3 milliard dollar taklif qilingan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 28,6 foiz yoki qariyb 5 milliard dollarga ko‘pdir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, besh oy davomida aholi tijorat banklariga 10,2 milliard dollar sotgan. Yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta hajmi esa 12,1 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu bilan birga, valyuta bozoridagi yuqori faollikka qaramasdan, milliy valyuta kursi nisbatan barqaror qolgan. Yanvar–may oylarida dollar kursi 11 938 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda harakatlangan va yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu davrda dollar kursining o‘rtacha kunlik tebranishi 30 so‘m yoki 0,25 foizni tashkil etgan.
Mutaxassislar fikricha, valyuta taklifining o‘sishi, aholi va biznesning banklar orqali valyuta operatsiyalarini faol amalga oshirayotgani ichki valyuta bozoridagi barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jamiyat
Farg‘onada 100 mln so‘m talab qilgan elektr korxonasi muhandisi ushlandi
Muhandislarning noqonuniy harakatlari fosh etildi.
Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, elektr hisoblagich o‘rnatib, ulab berish, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 100 mln so‘m talab qiladi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan muhandis so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ham o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, mahalliy fermer xo‘jalikning elektr energiyasidan mavjud 122 mln so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali yo‘q qilib berish evaziga 50 mln so‘m talab qilib, muqaddam 10 mln so‘m olgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 40 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi
Energetika vazirligida tayinlovlar amalga oshirildi.
Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u energetika vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Mamadaminov 2024-yildan beri vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Baxtiyor Mamatkarimov o‘rnini egallagan.
Umarjon Egamberdiyev energetika vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili bo‘linmasining yetakchi inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
-
Jamiyat5 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeTTB bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
-
Sport3 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Iqtisodiyot4 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
