Mahalliy
«Gazetchilikda yaponlardan oldindamiz…» – O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi
Bundan qariyb bir yarim asr oldin, aniqrog‘i 1870 yil 28 aprel (yangi taqvim bo‘yicha 10 may) kuni Toshkentda «Turkestanskiye vedomosti» gazetasining birinchi soni bosmadan chiqdi. Bu bilan nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi vaqtli matbuotiga tamal toshi qo‘yildi. Keyinchalik ushbu nashr o‘zbek tilida «Turkiston viloyatining gazeti» nomi bilan ham chop etila boshladi.
Tarixga nazar tashlasak, bu o‘sha davrdagi kishilik jamiyati taraqqiyotidagi tom ma’nodagi olamshumul voqea bo‘ldi. Chunki ayrim hozirgi sanoati rivojlangan davlatlarda hali gazetachilikdan asar ham yo‘q edi.
Misol uchun Yaponiyada ilk gazeta «Tokio Nichi Nichi Shimbun» (東京日日新聞) oradan ikki yil o‘tgandan keyingina – 1872 yilning 21 fevral kuni nashr etila boshlandi. Koreyada esa bizdan roppa-rosa o‘n uch yildan keyin, ya’ni 1883 yilning 31 oktyabr kuni birinchi milliy gazeta «Xansonsunbo» (한성순보) dunyo yuzini ko‘rdi.
Aynan shu sababdan ham o‘zbek milliy jurnalistikasi o‘tmishini o‘rganish, har tomonlama tadqiq qilish, undan saboq olish juda katta ma’rifiy va ma’naviy ahamiyat kasb etadi. O‘tgan turli bosqichlar birin-ketin ko‘zdan kechiriladigan bo‘lsa, ularni umumiy ma’noda quyidagicha guruhlashtirish mumkin.
Dastlab matbuotimiz chor Rossiyasiga xizmat qildi. Keyingi davrda u o‘ziga xos milliy va ma’rifiy ruhiyat kasb etdi. Sho‘rolar hukumat tepasiga kelgach vaziyat salbiy tomonga o‘zgardi. Ikkinchi jahon urushi yillarida bevosita front hayotini yoritdi. Stalin davrida umuman tanazzulga uchradi. Keyingi sovetlar zamonida eng mashaqqatli davrni boshdan kechirdi.
U hozirgi mustaqillik yillarida esa butun jahon jurnalistikasining boy tajribalari hamda zamonaviy tendensiyalarini o‘zida sinab ko‘rmoqda. Qayd etish joizki, matbuotimiz bugungi kunga kelib o‘ziga xos, betakror qiyofaga ega bo‘lishga harakat qilmoqda.
Tarixiy ildizlar
Aslida axborotni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatning dastlabki kurtaklari qadim-qadimda paydo bo‘lgan. Odamlarni ijtimoiy turmushda sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor qilish, ularga axborot vositasida ma’lum g‘oyaviy-ruhiy ta’sir o‘tkazish turli shakl va usullarda namoyon bo‘lgan. Og‘zaki axborot notiqlar, jarchilar tomonidan yetkazilgan.
Kishilik taraqqiyoti tarixida yozuvning ixtiro etilishi va natijada yozma adabiyotlarning paydo bo‘lishi axborot almashinuvida keskin burilish yasadi. Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston» (1030 yil), Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘ati turk» (1077 yil), Kaykovusning «Qobusnoma» (1082-1083 yillar), Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» (1526-1529 yillar) kabi asarlarida ham jurnalistikaning ilk kurtaklarini kuzatish mumkin. Chunki ushbu nodir asarlarda o‘ziga xos publitsistik ruh mavjud bo‘lib, ularda o‘sha zamon tarixi, odamlarning hayoti, madaniyati, kundalik turmush tarzi atroflicha aks ettirilgan. Shu ma’noda o‘zbek jurnalistikasining tarixiy ildizlarini ming yillarga borib taqaladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hozirgi davr jurnalistikasi «dastlab XVII asr boshidagi ilk davriy bosma nashrlar qiyofasida yuzaga kelgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrda fotografiya hamda kinematografiyaning kashf qilinishi tufayli foto va kinojurnalistika tashkil topdi. XX asrning 20-yillaridan e’tiboran radiotexnika yutuqlari asosida radiojurnalistika taraqqiy qila boshladi, 40-yillarda esa telejurnalistika maydonga keldi», deb yozadi taniqli olim Boybo‘ta Do‘stqorayev o‘zining «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi» kitobida.
Sir emaski, XIX asr o‘rtalari va XX asrninng dastlabki yillaridan boshlab aksariyat Sharq mamlakatlarida jurnalistikaning ommalashishi va rivojlanishida G‘arb mamlakatlarining bevosita ta’siri bo‘lgan. Xususan, Hindiston matbuoti Buyuk Britaniya ta’sirida, Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari (OAV) Amerika Qo‘shma shtatlari tajribasi asosida shaklllangan.
O‘zbekiston jurnalistikasi esa Rossiya matbuoti an’analariga tayangan holda paydo bo‘ldi va taraqqiy etdi. Ammo o‘tgan bir yarim asrga yaqin vaqt ichida o‘zbek matbuoti bir xilda, bir tekisda rivojlanmadi.
Xususan, u dastlab chor Rossiyasining minbari sifatida yuzaga kelgan bo‘lsa, keyingi davrda milliy va ma’rifiy ruhiyat kasb etdi. Sho‘rolarning kirib kelishi bilan vaziyat salbiy tomonga o‘zgardi. Ikkinchi jahon urushi yillarida bevosita front va front orti hayotini yoritdi. Stalin davrida tanazzulga uchradi, keyingi sovet davrida tom ma’nodagi turg‘unlikni boshdan kechirdi.
U hozirgi mustaqillik yillarida butun dunyoda mavjud bo‘lgan tarixiy tajribalar hamda zamonaviy tendensiyalarni o‘zida sinab ko‘rmoqda. Qayd etish joizki, o‘zbek matbuoti bugungi kunga kelib o‘ziga xos, betakror qiyofaga ega bo‘ldi.
Masalaning o‘rganilganlik darajasi
Cho‘lpon, Abdulla Avloniy, T.Ernazarov, A.Akbarov, T.Pidayev, B.Do‘stqorayev kabi olimu-adiblarning maqola, risola hamda o‘quv qo‘llanmalarida o‘zbek milliy jurnalistikasi tarixi atroflicha yoritib berilgan. Ularda qariyb 150 yillik tarix qamrab olingan. Eng muhim jihati shundaki, o‘tgan har bir davrga tegishli faktlar, raqamlar, voqealar o‘ziga xos qiyosiy sharh va tavsiflar bilan birgalikda berilgan.
Bu boradagi ilk o‘quv qo‘llanma o‘tgan asrning 70-yillari oxirida yozilgan. Ustozimiz B.Do‘stqorayevning qayd etishicha, «jami uchta kitob ko‘rinishida vujudga kelgan ushbu qo‘llanma aslida sho‘ro mafkurasi muhitida yozilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston jurnalistikasini bir tizimga solish, uni davrlashtirish, yaxlit fan sifatida talqin qilish, faktlarni ilmiy jihatdan tahlil etish bo‘yicha birinchi urinish sifatida ahamiyatga egadir».
Professor Boybo‘ta Do‘stqorayev tomonidan 2009 yilda nashr qilingan «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi» darsligini ushbu yo‘nalishdagi eng mukammal, ishonchli manbalardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Mazkur kitobni yozishda muallif o‘zigacha bu sohada maqola, monografiya, o‘quv qo‘llanmalari yaratgan olimlarning tajribalaridan foydalangan.
Ilk gazeta va jurnallar (1870-1905 yillar)
O‘zbekistonda jurnalistika XIX asrning 2-yarmida (1870 yillarda) paydo bo‘ldi. Turkistonda nashr etilgan ilk gazetalar – «Turkestanskiye vedemosti» va «Turkiston viloyatining gazeti» nashrlarining oldiga qo‘yilgan vazifalar o‘rganilganda ularning o‘sha davr mustabidlik siyosatini o‘tkazishda katta rol o‘ynaganini kuzatish mumkin. Ushbu nashrlarning yoritgan mavzu doiralari asosan chor Rossiyaning o‘lkadagi manfaatlaridan iborat bo‘lgan. Ya’ni dehqonchilik ishlari, paxta yetishtirish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, sug‘orish masalalari, savdo-sotiq ishlari, harbiylar hayoti va general-gubernatorning buyruq va farmoyishlari, shuningdek, mahalliy xalqni «ma’rifatli» qilish bilan bog‘liq kundalik voqealar aks ettirilgan.
«Turkiston viloyatining gazeti» (qisqartma – «TVG»)ga muharrirlik qilgan shaxslar orasida aka-uka Ibrohimovlar, M.Chanishev, N.Ostroumov nomlarini qayd etib o‘tish joiz. Bu davrda ilk bor senzura amalga oshirilgan. Turkiston matbuotini Oktyabr to‘ntarishigacha ta’minlagan axborot agentliklari: Markaziy telegraf agentligi (rus. STA) va Shimoliy telegraf agentligi (rus. STA).
XIX asr oxiriga kelib xususiy bosmaxonalar yuzaga keladi. Dastlab Toshkentda, so‘ngra Samarqand, Qo‘qon, Namanganda bosmaxonalar ish boshlaydi. Xususiy gazeta va jurnallar paydo bo‘ladi: «Okraina», «Zakaspiyskoye obozreniye», «Russkiy Turkestan», «Asxabad» va boshqalar. «Srednyaya Aziya», «Sredneaziatskiy vestnik» va boshqa jurnallar. Ularning g‘oyaviy yo‘nalishlariga e’tibor qaratilsa, aynan shu davrdagi siyosiy muhitni tasavvur qilish mumkin. Yoritgan mavzular esa rang-barang bo‘lib, mazkur jurnallar rus tili hamda madaniyatini tarqatishga katta e’tibor qaratishgan.
Turkistonda milliy matbuotning yuzaga kelishi. Jadidlar matbuoti (1906-1917 yillar)
XX asrning birinchi va ikkinchi o‘n yilligida O‘zbekistonda asosiy e’tiborni milliy taraqqiyotni ta’minlashga qodir ma’rifatli insonlarni tarbiyalashga yo‘naltirilgan xususiy, milliy gazeta hamda jurnallar yuzaga keladi. Bular – «Xurshid», «Sadoi Turkiston», «Samarqand», «Oyina» va boshqalar.
Birinchi jadidlar nashri – «Taraqqiy» gazetasi Toshkent shahrida Ismoil Obidov muharrirligida, 1906 yil 27 iyundan e’tiboran chop etila boshlangan. Aynan shu sababdan ham hozirgi kunda O‘zbekistonda 27 iyun – «Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni» sifatida nishonlanadi. Albatta, bu davrga kelib Turkistonda o‘ziga xos milliy matbuot paydo bo‘lishining siyosiy-ijtimoiy omillari ko‘p edi.
1905 yil 17 oktyabr manifesti. Unda Rossiya fuqarolariga va’da qilingan so‘z, matbuot va jamiyatlar (ya’ni firqalar) tuzish erkinligi. Bu erkinliklardan foydalanish uchun bo‘lgan soha vakillari ilk marotaba harakat qilishgan. Ayni paytda mustabid hukumatning mahalliy aholini aldashga bo‘lgan urinishlari ijtimoiy muhitni bir muncha murakkablashtirgan.
Jadidshunos olim Begali Qosimov «Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik» kitobida qayd etganidek, «jadidchilikning mohiyatini Millat va Vatanni anglashdan ular manfaati uchun kurashigacha bo‘lgan qizg‘in va hayajonli jarayon tashkil qiladi».
Jadidlar (ya’ni mahalliy ma’rifatparvar kuchlar) milliy gazeta chiqarish uchun harakat qiladilar. Natijada «Taraqqiy» gazetasi paydo bo‘ladi. Dastlabki vaqtda ziyolilar mazkur gazetaga alohida qiziqish bilan qaraydilar. Afsuski, ularning mazkur gazetadan kutgan narsalari yuzaga chiqmaydi va tez orada u chiqishdan to‘xtatiladi.
Ammo ana shu qisqa vaqt ichida mazkur gazeta dadil turib, mahalliy xalqlar manfaatlarini himoya qilishga urinadi. Hukumatga bo‘lgan munosabatini bildiradi. Gazeta sahifalarida erkinlik va ozodlik g‘oyalari tug‘iladi. Shu sababdan mustabid hukumat nashrni to‘xtatadi.
«Taraqqiy»ning muharriri Ismoil Obidiy qamoqqa olinadi. Shu singari «Xurshid», «Shuhrat», «Tujjor», «Osiyo» gazetalarining faoliyati ham uzoqqa bormaydi.
Bu davrda Buxoroda jadidlar matbuoti yuzaga keladi. «Buxoroi sharif» va «Turon» gazetalari nashr qilina boshlaydi. Toshkentda «Sadoi Turkiston», Qo‘qonda «Sadoi Farg‘ona» gazetalari ish boshlaydi. Samarqandda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnali chop etiladi. Jadidlar matbuoti bilan birga, Turkistonda diniy ulamolar nashrlari ham paydo bo‘ladi («Al-Isloh» jurnali).
«1914 yil iyul oyida boshlangan birinchi jahon urushiga tortilgan Rossiya imperiyasining bora-bora tinkasi qurib, iqtisodiy krizisga duchor bo‘ladi», deb yozgan edi B.Do‘stqorayev va bu holat, tabiiyki, matbuotda ham o‘z aksini topadi.
Muvaqqat hukumat davri. Turkiston (O‘zbekiston) jurnalistikasi
1917 yil Fevral to‘ntarishidan keyin Turkistonda yuzaga kelgan siyosiy-ijtimoiy vaziyat milliy jurnalistikaga jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Bu davrda «Sho‘roi islomiya» jamiyati yuzaga keldi. Vaqtli hukumatning Turkiston komiteti tashkil etildi. Hokimiyatni egallash uchun zimdan ichki kurash boshlandi.
«Turkiston viloyatining gazeti» va «Turkestanskiye vedomosti» gazetalari o‘z faoliyatlarini to‘xtatdi. «Najot» va «Kengash» gazetalari paydo bo‘ldi. «Turon» va «Sho‘roi islomiya» gazetalari qisqa muddatda faoliyat olib bordi. Turkistonda jadidlar va ulamolar firqalari tuzildi. «Hurriyat» gazetasi chiqa boshladi. Shuningdek, «Al-Izoh», «Kengash» va «Yurt» jurnallari faoliyat yuritadigan bo‘ldi.
1917 yil Oktyabr to‘ntarishigacha bo‘lgan davrdagi yirik publitsistlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxo‘jayevlar ijodiga alohida to‘xtalib o‘tish mumkin.
Ta’kidlash joizki, M.Behbudiy ilk publitsist sifatida shakllandi. Adib publitsistikasining mavzu doirasi keng bo‘lib, u siyosiy publitsistika, maorif va madaniyatga bag‘ishlangan publitsistik chiqishlarga mualliflik qildi. Shuningdek, M.Behbudiy publitsistikasida Turkistonning istiqboli mavzuiga alohida o‘rin ajratiladi. Uning sayohatnomasi va uning muharrirlik faoliyati haqida ham batafsil ma’lumotlar saqlanib qolgan.
O‘zbek jurnalistikasi tarixini o‘rgangan yetakchi olim Boybo‘ta Do‘stqorayevning qayd etishicha «M.Behbudiyning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ijodiy, publitsistik, tashkilotchilik faoliyati rang-barang va sermazmun bo‘lib, u ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tashviq etuvchidan istiqlolning nazariy va amaliy masalalarini hal etib berolgan lider darajasiga ko‘tarilgan shaxsdir», deya e’tirof etadi professor B.Do‘stqorayev.
Munavvar qori ham o‘zbek milliy jurnalistikasiga dadil kirib kelgan ijodkorlardan hisoblanadi. Uning jurnalistik taqdirida «Taraqqiy», «Xurshid», «Sadoi Turkiston», «Najot» gazetalarinnig ahamiyati kattadir. Munavvar qorining maktab va madrasalar islohiga bag‘ishlangan publitsistikasi juda katta ahamiyatga molikdir. Publitsist ayrim holatlarda eskirgan, nojoyiz urf-odatlarni tanqid qiladi. Munavvar qori publitsistikasida siyosiy-ijtimoiy mavzu ham keng o‘rin olgan.
Abdulla Avloniy publitsistikasida ta’lim va tarbiya masalalari atroflicha yoritilgan. Publitsistning siyosiy-ijtimoiy voqealarga munosabat bildirgan asarlari talaygina, «Afg‘on sayohati» safarnomasi shular jumlasidandir. U «Shuhrat» va «Turon» gazetalariga muharrirlik qilgan.
Ubaydulla Asadullaxo‘jayev – yangi tipdagi muharrir hisoblangan. U asosan huquqiy savodxonlikni oshirishga mo‘ljallangan maqolalar yozgan.
O‘zbekistonda bolsheviklar matbuotining yuzaga kelishi. Uning Ikkinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrdagi taraqqiyoti xususiyatlari (1917 noyabr -1941 yil iyun)
Aynan shu davrda Turkistonda hokimiyat tepasiga bolsheviklar keladi. Natijada dastlabki sho‘ro gazeta va jurnallari paydo bo‘ladi. Orif Klibleyev o‘zbek sho‘ro matbuotini yuzaga keltirishda asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. O‘lkada shu paytgacha faoliyat olib borayotgan, ya’ni sho‘ro matbuoti hisoblanmagan boshqa eski gazeta va jurnallarni yopish to‘g‘risida V.Lenin imzolagan dekret (1917 yil, 8 noyabr) amalga oshiriladi.
O‘zbek ziyolilarining erk va istiqlol uchun kurashlari matbuotda zohiriy va botiniy ko‘rina boshlaydi. «El bayrog‘i» gazetasi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. O‘zbekiston SSR (Sovet sotsialistik respublikasi) tashkil topadi.
Sho‘ro matbuotida sinfiylik va partiyaviylik prinsiplari yuzaga keladi. Matbuotga partiyaviy rahbarlikning mohiyati oshadi. Sho‘rolar hukumati matbuot yuzasidan alohida qonun hujjatlarini qabul qiladi. SSSRda sotsialistik jamiyat qurilishida matbuot zimmasiga alohida vazifalar yuklanadi.
Usmonxon Eshonxo‘jayev, Nazir To‘raqulov, Mirmuhsin Shermuhamedov, Kabir Bakirov, Ibrohim Tohiriy, Zarif Bashirov, Qamchinbek, Muhammad Hasanov, Botu, Elbek, Oltoy, Mannon Romiz va shu kabi publitsist va muharrirlar davrga mos ravishda faoliyat yuritadi. Qayd etish kerak, sho‘rolar matbuotida janrlar taraqqiy eta boshlaydi. Davr siyosiy muhitidan kelib chiqib, ilk marotaba xorijda o‘zbek matbuoti paydo bo‘ladi («Yosh Turkiston», Parij, 1929–1939).
Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat publitsistikasi
Mashhur o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning ilk publitsistikasi paydo bo‘ladi. Adib ijodi qo‘l urilgan mavzu yo‘nalishlarining qamrovi kengligi bilan ajralib turadi. Hajviy publitsistikaga, shuningdek, ocherklarga katta e’tibor beriladi.
Bu davrda Cho‘lpon ham publitsist sifatida shakllana boshlaydi. Uning ijodida erkinlik, istiqlol mavzulariga alohida o‘rin beriladi. Cho‘lpon sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng publitsistika yo‘nalishida samarali ijod qiladi. Bulardan tashqari muharrirlik faoliyatini olib boradi.
Fitrat jurnalistikaga dadil kirib keladi U siyosiy publitsistikada o‘z o‘rnini topadi. Fitrat, shuningdek, adabiy-tanqidiy sohada ham ijod qiladi, muharrirlik ishlari bilan shug‘ullanadi.
Toshkent – TV vatani
Jahon jurnalistikasi tarixida Toshkent televideniye vatani sifatida e’tirof etiladi. Chunki dunyodagi ilk oq-qora tasvirli elektron televideniye tizimi loyihasi 1925 yilda aynan Toshkent shahrida faoliyat yuritgan olimlar B.Grabovskiy va I.Belyavskiylar tomonidan ishlab chiqilgan. Shu yili mazkur kashfiyot uchun patent ham olingan. 1928 yilda televizion tajriba qurilmasida harakatlanuvchi (oddiy) ob’yektlar namoyish etilgan.
Sho‘rolar matbuotning Ikkinchi jahon urushi va undan so‘nggi davrlari (1941 – 1991 yillar)
Ikkinchi jahon urushining boshlanishi o‘zbek milliy matbuotida o‘ziga xos burilish yasadi. Umuman, sho‘rolar matbuotining urush davri faoliyatiga qisqacha tavsif beradigan bo‘lsak, bu vaqtda frontda o‘zbek tilidagi qator nashrlar, xususan, «Dushmanga qarshi olg‘a», «Suvorovchi», «Vatan uchun», «Front xaqiqati», «Qizil askar haqiqati», «Vatan sharafi uchun» gazetalarining ham tarqatilganini aytib o‘tish o‘rinlidir.
Urushdan keyingi – mamlakat xalq xo‘jaligini tiklash, «sotsializm qurilishi uzil-kesil va to‘la g‘alaba qilishi»ni ta’minlashda matbuotning vazifasi oshib boradi. Turg‘unlik yillarida sho‘ro ommaviy axborot vositalari sistemasi takomillashadi.
Sobiq sho‘ro tuzumi davrida O‘zbekistonda davriy matbuot tarmog‘i respublika, viloyat va tuman miqyosida chiqadigan umumsiyosiy va tarmoq gazetalari, shuningdek, yangi jurnallar hisobiga kengayadi. Ayni paytda radiojurnalistika va telejurnalistika ham tarkib topa boradi. Lekin bular mustabid tuzum ko‘zlagan siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlarga xizmat qilishga mahkum edi.
O‘zbekistonda teleko‘rsatuvlarni rasmiy ravishda efirga uzatish 1956 yil 5 noyabrdan boshlangan. Xuddi shu paytda Toshkent televideniye studiyasi tashkil etilgan. «Qayta qurish» davrida (1980 yillar o‘rtalaridan) esa OAV o‘ta siyosiylashib ketadi. Keyinchalik kommunistlar partiyasiga xizmat qiladigan sho‘ro matbuoti barham topa boshlaydi.
Mustaqillik davri jurnalistikasi
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, respublika jurnalistikasi yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Jamiyatni demokratik tarzda yangilash, huquqiy demokratik davlat barpo qilishga ko‘maklashayotgan yangi tizim shakllana boshladi. Prezident Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «butun mamlakatimiz qatori O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham mustaqillik yillarida katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini barchamiz yaxshi bilamiz va bunday yutuqlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz».
Bu davr O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi, Sho‘ro matbuotining barham topib, yangi jamiyatga mos matbuot sistemasining yuzaga kelishi bilan xarakterlidir. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy aoslari takomillashtirildi. Xususan, 1997 yilda «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida», «Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi asosiy qonunlar qabul qilindi.
Matbuotda mustaqillikning mazmun-mohiyati, uning ahamiyati kabi muhim mavzularga keng o‘rin ajratildi. Milliy, tarixiy va diniy qadriyatlarning tiklanishida matbuotning o‘rni bir necha bor oshdi.
1991 yilda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 395 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib bu ko‘rsatkich jami hisobda 1636 taga yetdi. Bosma nashrlar, tele va radiokanallar bilan bir qatorda, yangicha OAV turi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 480 ta veb-cayt ham faoliyat olib bormoqda. Yaqin kelajakda ularning soni yanada ortib borishi kutilmoqda.
Manba
Beruniy Alimov
filologiya fanlari bo‘yicha, falsafa doktori
Mahalliy
O‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha muhim tadbir tashkil etildi
Bugungi kunda ta’lim tizimida o‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada belgilangan vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 24-28-avgust kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari tashkil etildi.
Seminarga respublikamizning barcha hududlaridan jami 180 nafar pedagog, xususan, 120 nafar maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 60 nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi jalb etildi.
Joriy yilning 24-avgust kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublika o‘quv-seminarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov va Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktor o‘rinbosari Habibullo Nosirov ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Mustaqillik bizga nafaqat erkin va farovon hayot qurish, balki milliy tilimiz, madaniyatimiz va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini berdi. Shu ma’noda, bugungi “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi seminar alohida ahamiyatga ega. Chunki til – bu shunchaki muloqot vositasi emas. Til – xalqning tarixi, ma’naviyati va tafakkurini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Farzandlarimizga o‘zbek tilini sifatli o‘rgatish orqali biz ularning nafaqat savodxonligini, balki Vatanga daxldorlik hissini, milliy qadriyatlarga hurmatini va jamiyat bilan erkin muloqot qilish qobiliyatini ham rivojlantiramiz. Bu jarayonda, ayniqsa, pedagogning o‘rni beqiyos. Bolada tilga muhabbat uyg‘otish uchun, avvalo, unga erkin gapirish, fikr bildirish va xato qilishdan qo‘rqmaslik imkonini berish zarur. Bugungi seminarda 180 nafar pedagog ishtirok etayotgani ham ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Ishonamanki, bugungi seminar sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, zamonaviy metodikalarni amaliyotga keng joriy etish va o‘zbek tilini o‘qitish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tashkil etilayotgan seminarlar, yaratilayotgan dastur va metodikalar pedagoglarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
”Millatning taraqqiyoti, eng avvalo, uning tiliga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. O‘z tilini qadrlagan, unda erkin fikrlay oladigan va o‘z fikrini ravon ifoda eta oladigan avlod milliy qadriyatlarni ham chuqurroq anglaydi. Shuning uchun bolalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatish masalasi faqat ta’lim muassasalarining vazifasi bo‘lib qolmasligi kerak. Bolaning tilga bo‘lgan munosabati, avvalo, oilada shakllanadi. Ota-onalar, ayniqsa, onalar bolaning dastlabki nutqi, so‘z boyligi va fikrlash tarzining rivojlanishida katta o‘rin tutadi. Bola bilan o‘zbek tilida ko‘proq suhbatlashish, uning savollariga to‘liq va tushunarli javob berish, ertak, she’r va hikoyalar o‘qib berish juda muhim,” – dedi Sherzod Karimov.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozimligini ta’kidladi.
”Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar nihoyatda katta. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh avlodga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ularning bilim doirasini kengaytirish hamda kelajakda yetuk inson bo‘lib shakllanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugun pedagoglar uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Ilgari biz o‘rganmagan yoki yetarlicha foydalanmagan metodikalar, tajribalar va bilimlarni egallash imkoniga ega bo‘lyapmiz. Bunday seminar va uchrashuvlar orqali o‘qituvchilar bir-biridan o‘rganadi, o‘z qarashlarini boyitadi va mavjud muammolarga birgalikda yechim izlaydi. Oldimizda hali ko‘plab vazifalar va yechimini kutayotgan savollar mavjud. Ularni hal etish uchun bilim, tajriba, hamkorlik va mas’uliyat talab qilinadi. Eng muhimi, amalga oshirayotgan har bir ishimiz bolalarning kelajagiga xizmat qilishi kerak. Bugungi uchrashuv va mashg‘ulotlarda egallangan bilimlar amaliyotga tatbiq etilsa, ular o‘z samarasini beradi. Olingan tajribalar ta’lim muassasalariga, pedagoglarga va eng asosiysi, bolalarimizga yetib borishi lozim. Shundagina biz bilimli, ma’naviy yetuk, o‘z ona tilini, milliy madaniyati va Vatanini sevadigan yosh avlodni tarbiyalay olamiz.” – dedi Shuhrat Sirojiddinov.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari o‘zbek tili fani o‘qituvchilari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni zamonaviy metod va vositalardan samarali foydalanishga yo‘naltirishdan iborat.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashdi.
Maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishda o‘yin texnologiyalaridan foydalanish, tabiiy til muhitini yaratish, talaffuz va lug‘at boyligini rivojlantirish usullariga e’tibor qaratildi.
Seminar doirasida “O‘zbek tili” interfaol ta’lim platformasi ham taqdim etildi. Mazkur platforma maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari va pedagoglar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish jarayonini raqamli vositalar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.
Platformada bolalarning yosh xususiyatlari hisobga olingan holda kichik va o‘rta guruh hamda katta va tayyorlov guruhi uchun alohida o‘quv resurslari shakllantirilgan. Unda mavzuli materiallar, interfaol o‘yinlar, video mashg‘ulotlar va foydalanuvchi uchun yo‘riqnomalar joylashtirilgan.
Mazkur resurslar orqali bolalarning lug‘at boyligini oshirish, og‘zaki nutqini rivojlantirish va o‘zbek tilida muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyati yaratilgan. Platformada kundalik hayot, oila, tabiat, fasllar, hayvonot olami, kasblar, transport, milliy qadriyatlar, o‘quv qurollari hamda alifbo kabi mavzular bo‘yicha interfaol materiallar mavjud.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt vositalari va zamonaviy o‘quv resurslaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ishtirokchilar guruhli ishlar, amaliy topshiriqlar va muhokamalar orqali o‘z metodik yondashuvlarini boyitdi.
Mazkur seminar ta’lim rus va qardosh tillarda olib boriladigan maktablar hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va davlat tilini o‘qitish samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Seminarni muvaffaqiyatli tamomlagan pedagoglarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Ular “Milliy mentor” sifatida o‘z hududlariga qaytgach, seminar davomida egallagan bilim va ko‘nikmalari hamda o‘zlashtirgan zamonaviy metodikalarni kaskad-kombinatsiyalashgan yondashuv asosida hududdagi boshqa pedagoglarga yetkazish va amaliyotga joriy etish ishlarini davom ettiradi.
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat14 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
