Jamiyat
FVV qutqaruvchilari Katta Chimyon tog‘ida adashgan fuqaroni qutqardi
Bo‘stonliq tumanidagi Katta Chimyon tog‘ida yo‘ldan adashib qolgan fuqaro FVV qutqaruvchilari tomonidan topilib, xavfsiz hududga tushirildi. Fuqaroning ahvoli qoniqarli.
Toshkent viloyati FVBga Chimyon mahallasi hududidagi Katta Chimyon tog‘iga sayrga chiqqan bir fuqaro yo‘ldan adashib, mustaqil ravishda pastga tusha olmayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida Chimyon yong‘in-qutqaruv otryadidan bir guruh qutqaruvchi belgilangan manzilga yo‘l oldi. Qidiruv tadbirlari natijasida fuqaro aniqlanib, maxsus jihozlar yordamida xavfsiz yo‘nalish bo‘yicha tog‘dan tushirildi. Dastlabki ko‘rikda uning tan jarohati olmagani va holati yaxshi ekani ma’lum bo‘ldi.
FVV aholiga tog‘ va o‘rmon hududlariga chiqishda ob-havo sharoiti va yo‘nalishdan oldindan xabardor bo‘lish, to‘liq zaryadlangan telefon va qo‘shimcha quvvatlagich, fonar hamda yetarli kiyim-boshni olib yurish, yolg‘iz sayr qilmaslik kabi xavfsizlik qoidalariga rioya etishni tavsiya etdi.