Sport
Futbolchilar pulsiz, murabbiy shartnomasiz. Senegal lagerida nimalar bo‘lmoqda?
Muhim o‘yin oldidan afrikaliklar jamoasi ichidan yoqimsiz insaydlar tarqalmoqda.
Senegal milliy jamoasi jahon chempionati startida Fransiya bilan o‘yinda ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirgandi. Afrikaliklar jamoasi o‘sha o‘yinning birinchi bo‘limida 2026 yilgi mundial favoritlarini barcha jabhalarda ortda qoldirishgandi. Endi bu jamoani Norvegiyaga qarshi muhim o‘yin kutmoqda. Katta ehtimol bilan, bu o‘yin guruhda ikkinchi o‘rinni kim olishini hal qiladi. Senegalliklar o‘yin bobida Erling Holand va uning jamosidan ustun kelishga qodir, agar ular ichki mojarolar sharoitida buni uddalay olishsa, ikki karra qoyil qolish kerak. Lekin jamoa ichkarisida muhit yaxshi emas – federatsiya futbolchilardan qarzini to‘lamagan va pul tejash uchun mundialga oshpazini olib kelmagan, bosh murabbiy esa besh oydan buyon maoshsiz ishlamoqda.
Senegal milliy jamoasida ishlar joyida emasligi haqida gaplar jahon chempionati boshlanishidan oldinroq paydo bo‘lgandi. May oyi oxirida Senegaldagi nashrlar milliy jamoa bosh murabbiyi Pap Tiav jahon chempionatiga borishdan bosh tortish bilan tahdid qilgani haqida xabar tarqatgandi – ushbu mutaxassis boshchiligida jamoa yanvar oyida Afrika kubogini qo‘lga kiritgandi (va bu kubokka finaldagi voqealar uchun texnik mag‘lubiyat yozilmagunicha egalik qildi). Manbalar Senegal futbol federatsiyasining Tiav bilan shartnomasi muddati fevral oyidayoq yakunlangani va uch oy o‘tsa ham shartnoma yangilanmagani haqida aytishgandi. Tiav esa rasmiy kelishuv va maosh yo‘qligiga qaramay, ishlashda davom etgan – futbolchilarni yig‘gan, o‘rtoqlik uchrashuvlari va mashg‘ulot yig‘inlari tashkillashtirishda qatnashgan. Papning kelajagi mavhumligi sharoitida Senegalning AQShga safari kechikkan. U masalani chempionat boshlanguniga qadar hal etishni talab qilgandi.
Shu bilan birga, Senegal futbol federatsiyasidagilar murabbiy bilan munosabatlarda qandaydir muammolar borligini qat’iyan rad etgan. Tashkilot AQShga safar kechikkanini quyidagicha bayonot orqali izohlagan:
«Senegal delegatsiyasi parvozi kechiktirilishi faqat ma’muriy va logistik murakkabliklar, xususan, AQSh hududiga maxsus reysni amalga oshirishga ruxsat berilishi kechikishi, shuningdek, shtabning ba’zi a’zolari uchun vizalar rasmiylashtirilishini kutish bilan bog‘liq. Federatsiya milliy jamoa murabbiyi shartnoma sababli safardan bosh tortgani haqidagi asossiz mish-mishlarni qat’iyan rad etadi. Shartnoma bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, ammo ular jamoaga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.
Moddiy-texnik ta’minotdagi kichik muammolar futbolchilar, murabbiylar shtabi va federatsiyaning hamjihatligi va qat’iyatini susaytirmaydi. Jamoa AQShdagi muhim o‘yinlar oldidan birdamligini saqlab qolmoqda. Federatsiya tayyorgarlik uchun zarur bo‘lgan tinch muhitni ta’minlaydi. Har qanday dezinformatsiyadan saqlanish uchun jamoatchilikka muntazam ravishda, shaffof va ishonchli axborot berib turamiz».
Shu bilan mavzu yopilgandi. Senegal milliy jamoasi AQShga uchib kelgan va Tiav rahbarligida jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishda davom etgandi. Jamoa Nyu Jyersida, Ratgerskiy universiteti bazasiga joylashgan. Turnirning ilk kunlarida jamoa atrofidagi yagona yoqimsiz xabar – futbolchilar va delegatsiyaning qolgan a’zolari AQShdagi aeroportda qat’iy tekshiruvdan o‘tkazilgani haqida bo‘lgandi.
Ammo jahon chempionatining 2-turida Norvegiyaga qarshi kechadigan o‘yin arafasida Senegal lageridagi olov yangidan alanga oldi. Sport News Africa sayti xabariga ko‘ra, muhim uchrashuv oldidan jamoa ruhiyati keskin tushib ketgan. Buning sababi – moliyalashtirish va tashkilotchilik bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolayotganidir. Futbolchilar Afrika kubogidagi ishtiroki va jahon chempionatiga yo‘llanma olgani uchun mukofot pullari hali ham to‘lab berilmaganidan norozi, holbuki FIFA va Afrika futbol konfederatsiyasi mablag‘larni allaqachon federatsiya hisobiga o‘tkazib beran, lekin mablag‘lar qayerga g‘oyib bo‘lgani noma’lum.
Bundan tashqari, Senegal milliy jamoasi a’zolari AQShdagi yashash sharoitlari qoniqarli emasligidan shikoyat qilishmoqda. Federatsiya eng arzon mehmonxonalardan birini tanlagan, bu yerda tayyorlanadigan taomlar sifati o‘rtacha va professional sportchilar uchun mos emas deb topilgan.
Shu bilan birga, senegallik futbol amaldorlari hashamat ichida yashayotgani aytiladi – ular Qo‘shma Shtatlarga o‘z oila a’zolari hamda boshqa yaqin kishilarini ham olib kelishgan.
Qo‘shimchasiga federatsiya Senegal milliy jamoasiga hamrohlik qiluvchi xodimlar uchun budjetni qisqartirgan. Xususan, chempionlik qo‘lga kiritilgan Afrika kubogida jamoa bilan bo‘lgan bosh oshpaz jahon chempionatiga olib ketilmagan. Ish shu darajaga yetganki, mehmonxona ovqatlari yoqmagan futbolchilar o‘zi uchun tashqaridan ovqat buyurtma qilishmoqda. Ichki muhit taranglashgan va istalgan vaqtda portlash ro‘y berib, jamoa bo‘linib ketishi mumkin.
Tiav esa besh oydirki shartnomasiz va amalda tekinga ishlamoqda. Federatsiya u bilan yangi shartnoma imzolashni kechiktirmoqda, buni «jahon chempionatidek mas’uliyatli tadbir boshqa barcha masalalarni keyinga qoldirishga majbur qilishi» bilan izohlanmoqda. Jamoadagilar esa, tabiiyki, bu so‘zlarni bahona sifatida qabul qilishadi. 45 yoshli Tiav 2024 yil dekabridan buyon Senegal milliy jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning statistikasi juda salmoqli: 14 ta g‘alaba, to‘rtta durang va atigi ucht mag‘lubiyat – Fransiya, Braziliya, AQShga qarshi o‘yinlarda. Shuningdek, Afrika kubogi finalida Marokash mag‘lub etilgan bo‘lsa-da, bir necha oy o‘tib bu o‘yin uchun texnik mag‘lubiyat yozildi.
Pap Tiav, Senegal milliy jamoasi ustozi
Foto: Franco Arland/Getty Images
Uning o‘zi esa ijobiy kayfiyatni saqlab qolishga urinmoqda:
«Mening shartnomam ahamiyatga ega emas – faqat Senegal muhim. Biz birlashishimiz lozim. Jamoa safarbar qilingan, futbolchilar Senegal xalqini ulug‘lash va Mamlakat bayrog‘i ranglarini himoya qilish uchun bu yerda. Men bor e’tiborimni futbol maydonidagi ishlarga qaratganman. Butun e’tiborim – jahon chempionatiga qaratilgan».
Umuman, bunaqa holat Afrika uchun yangilik emas. Qit’adagi ayrim jamoalar futbolchilari oldin ham jahon chempionatlarida quruq rahmat uchun o‘ynashgan. 2018 yilgi mundialda esa FIFA Afrika jamoalariga 2 mln yevrodan bonus pullari ajratib bergandi, bunga to‘rt yil oldingi mundialdan keyin Afrikaning birato‘la bir necha jamoasida futbolchilarga mukofot pullari to‘lanmagani bilan bog‘liq mojaro ro‘y bergani sabab bo‘lgandi.
Yuzaga kelgan vaziyat yarim yil oldin Afrika kubogida bo‘lgani kabi Amerikadagi mundialda ham uzoqqa borish salohiyatiga ega bo‘lgan Senegal milliy jamoasini parchalab yuborishi mumkin. Tiav bunday bo‘lmasligi uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda. Ammo birgina murabbiyning avtoriteti jamoa ustidan nazoratni saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Tarkibdagi yulduzlar, birinchi navbatda, Sadio Mane tashabbusni qo‘lga olishi kerak bo‘ladi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot18 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat14 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat13 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
