Jamiyat
fuqarolar Uchtepa City’ning 16 qavat bo‘lishiga qarshi
Uchtepa tumanidagi salkam 1 gektar joy avvaliga avtoturargoh qurish uchun ajratilgan edi. Lekin keyin, loyiha bir yumalab 5 qavatli, yana bir dumalab 16 qavatli “dom” loyihasiga aylandi. 5 qavatgacha uy qurishga ruxsat olinganiga qaramay, undan yuqoridagi qavatlar uchun ham xonadonlar sotuvi olib borilgan. Kun.uz gaplashgan fuqarolarga ko‘ra, mahalla infratuzilmasi bunday yuklamani ko‘tara olmaydi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Kun.uz’ga Toshkent shahri Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasidan murojaat kelib tushdi: mahalla ahli 5 qavatli turar joy deb ruxsatnoma berilgan joyga 16 qavatli uy qurish harakatlaridan norozi.
Surishtiruvimizga ko‘ra, 2018 yilda Uchtepa tumanining sobiq hokimi Shavkatbek Ergashev 96 sotix yer maydonini “Elegant Avto Servis” MJChga ajratib bergan. Qarorda faoliyat turini o‘zgartirmaslik sharti bilan, ko‘p qavatli avtoturargoh qurish belgilangan. Keyinchalik, yer maydoni “Great Vertex” MChJga o‘tgan va jamiyat 2019 yilda obektni ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma olgan. 2023 yil 23 iyun kuni 5 qavatli turar joy majmuasi uchun Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa taqdim etilgan.
1 yil o‘tar-o‘tmas u yerda qurilish ishlari boshlangan. Bir muddat o‘tib, Great Vertex majmuani balandroq qilib qurishga qaror qilgan: 2 ta 16 qavatli va 3 ta 8 qavatli binolar loyihasi ishlab chiqilgan. 2025 yil fevralida Qurilish vazirligi bu yangi loyiha poytaxt bosh rejasiga zid va avtoturargohlar hisobga olinmagan deb, uni rad etgan. Shunday bo‘lsa-da, qurilish ishlarining dastlabki bosqichi faol olib borilgan.
Qurilish inspeksiyasi obektda ko‘p marta o‘rganishlar o‘tkazib, qurilish-montaj jarayonlarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilinmaganini aniqlagan. Ayrim ishlarda tasdiqlangan loyiha yechimlariga zid harakatlar kuzatilgan: yerostiga qarab 1,5 metr kovlash belgilangan bo‘lsa, 2,5 metrgacha qazilgan. Inspeksiya jami 13 marta nazorat tadbiri o‘tkazgan va 12 ta yozma ko‘rsatma bergan. Talablar bajarilmagach, buyurtmachi “Great Vertex” MChJning mansabdori MJtKning 99-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
“Agar loyihadan chetga chiqilsa, sudga da’vo arizalari kiritiladi. Hozirda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan. Jarayon ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan”, – deyiladi inspeksiya Kun.uz’ga taqdim etgan axborotda.
Shunga qaramay, aholi vakillari 16 qavatli uy qurilishidan xavotirda.
“Mahallamizda loyiha bo‘yicha 5 qavatli imorat qurilishi kerak edi. Lekin 16 qavat imorat qurilyapti. Mahallamiz bunga qarshi. Ertaga gaz, elektr energiyasi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, mana bu yerda maktabimiz bor, o‘quvchilarga salbiy ta’sir qilishi mumkin”, – deydi Elmurod Yo‘ldoshev.
“16 qavat bo‘lgan taqdirda kamida 3000-4000 aholi kelishi mumkin. 1500-2000 ta avtoulovi bo‘ladi. Mana shu kranning toshi yaqinda tushib ketdi. Tushib ketgandan beri bolalarimni ko‘chaga chiqarmayman”, – deydi Laziz Qudratov.
Yana bir fuqaro Avaz Abduvahobovga ko‘ra, mahalladan bir guruh fuqarolar Uchtepa Sity’ning sotuv ofisiga borishganida, 16-qavatlik loyihaning yuqori qavatlari uchun sotuv ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
“O‘zi infrastruktura yetarli emas. 700 ga yaqin xonadon turgan bo‘lsa, mashina chiqib ketadigan joy yo‘q bu yerda. Mana shu yerdan yo‘l olinishi kerak edi, yo‘l qurilmadi. Hozirgi yo‘l tor, mashinalar o‘tishi uchun bir-birini kutib turadi. Biror joyga borishda mahalladan chiqib olishimizning o‘ziga ancha vaqt ketib qoladi”, – deydi u.
Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasi ko‘chasi, 228-maktabning old qismi
Avaz Abduvahobov qurilish uchun mahalliy aholini chalg‘itgan holda ruxsat olinganini da’vo qildi.
“Roziligi haqida qo‘l qo‘ygan fuqarolarning bittasi ham yo‘q. Bittasining Rossiyaga ketganiga 2 yil bo‘lgan ekan. Bir kichik informatsiya bor, bular rozilik olish uchun qaysidir maskanda 100 kishilik osh berishgan ekan. Keyin kam ta’minlanganlarga 1-1,5 kilodan go‘sht tarqatishgan ekan. Shundan keyin, ularga “go‘sht oldingmi, qo‘l qo‘y” deyishgan. Ular go‘sht olganimga qo‘l qo‘yyapman deb o‘ylashgan”, – deydi fuqaro.
Kun.uz’ga taqdim etilgan bir shartnomada, quruvchi mijozga 12-qavatdan xonadon sotgani ko‘rinadi. 5-qavatdan yuqori qavatlarda joylashishi reja qilingan, lekin ruxsat olinmagan xonadonlarning nechtasi sotilgani ma’lum emas.
Boshqa bir fuqaro ulushdor sifatida 8-qavatdan 2 xonali uyga 17 mln 860 ming so‘m to‘lagan. Biroq bahsli masalalardan keyin, pulini qaytarib olgan.
Qurilish vazirligi loyihani tasdiqlamagan bo‘lsa, nega 16 qavatli uylar ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilindi? Hozirgacha 5 dan yuqori qavatlarga nechta odam shartnoma tuzdi, ularning pullari qaytariladimi? Biz shu kabi savollar bilan Uchtepa City’ning sotuv ofisiga borib, ofis yopiq ekaniga guvoh bo‘ldik. Ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganimizda, operator hozir faqat 5-qavatgacha shartnoma borligini, sotuv ofisi elektr yo‘qligi tufayli onlayn ishlayotganini aytdi.
Ko‘p o‘tmay, firma rahbari Zafar Asadov biz bilan suhbatda Qurilish vazirligi fevral oyidagi loyihani rad etganini, hozirda loyiha tasdiqlanishini kutayotganini aytdi, tafsilotlarni ochiqlamadi. “Hali 1-qavat ham ko‘tarilmagan, nima muammo?” – deydi u.
Avvalroq, xuddi shu joyda bir nechta zarang daraxtlari kesib tashlangani haqida reportaj tayyorlagan edik.
Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz
Jamiyat
O‘zbekiston fuqarolari AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin
Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev va AQShning USA Farm Labor tashkiloti rahbari Manuel Fik o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muzokarada o‘zbekistonlik nomzodlarni ilk bor AQShdagi mavsumiy ishlarga jalb etish tartiblari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: USA Farm Labor 22 yildan buyon H-2A dasturi doirasida Qo‘shma Shtatlardagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga xorijiy ishchilarni jalb qilish bilan shug‘ullanadi. Hozirda Shimoliy Amerika hududida 1 400 dan ortiq fermer xo‘jaliklari va rancholar bilan hamkorlik shartnomasiga ega.
AQSh mavsumiy ishchilar uchun quyidagilarni taklif etadi:
Ish muddati: 9–10 oy;
O‘rtacha oylik: $3 500;
Turarjoy: ish beruvchi hisobidan;
Malakali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro kelishuv imzolandi hamda hamkorlikning keyingi bosqichlarini eng tez muddatlarda amalga oshirishga kelishib olindi, deyiladi Migratsiya agentligi xabarida.
Jamiyat
Ajrim uchun yarashtirish muddati bir yilgacha uzaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda nikohdan ajratish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi doirasida yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda.
Foto: Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali
Nikoh va oila munosabatlarini yanada tartibga solish, oilani saqlab qolish hamda bolalar huquqlarini kuchliroq himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi tartibda sud tomonidan belgilanadigan yarashtirish muddatini 6 oydan 1 yilgacha uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa ajrim qarorini qabul qilishdan oldin oilani saqlab qolish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida nikoh shartnomasi shartlarini erkin tanlash imkoniyatlarini kengaytirish, idoralararo elektron hamkorlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari orqali nikohni bekor qilishda oilaning haqiqiy holatini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilishi belgilanmoqda.
Loyihada yana bir muhim yangilik — voyaga yetmagan bolalar uchun aliment miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi belgilash taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, aliment to‘lovlari bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanishi va uning sarflanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, nikohdan ajratilgandan so‘ng bolalarning qaysi ota-ona bilan yashashi, ularning manfaatlarini ustuvor ta’minlash, shuningdek, alohida yashayotgan ota-onaning farzand bilan muloqot tartibini belgilash kabi masalalarga ham aniqlik kiritilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda giyohvand moddalar tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi
Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylardan birida tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh etildi, katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi. Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi 2003 yilda tug‘ilgan shaxs Sergeli tumanidagi xonadonni ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kilogramm “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kilogramm kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, laboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir fuqaro ham ushlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar avval Telegram messenjeri orqali ishlovchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh ishonchini qozonib, bevosita moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Mas’ul idoralar fuqarolardan shubhali holatlarga befarq bo‘lmaslikni, bunday holatlarga duch kelganda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni so‘ramoqda.
Jamiyat
Nurafshondan Toshkentga tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yiladi
Nurafshon shahridan Bektemir tumanigacha tezyurar avtobus qatnovlari uchun «Bus rapid trans» (BRT) tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 24-martdagi qarorida keltirilgan.
Ushbu qarorga ko‘ra, «Toshkent–Nurafshon» avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish orqali ekspress avtobus tizimini (BRT) tashkil etish loyihasi tashabbuskori sifatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus yo‘laklar ajratiladi. 9 ta yopiq va iqlim nazorati tizimiga ega bekat bo‘lishi ham reja qilingan. Bekatlar oralig‘i o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.
Qarorga ko‘ra, ushbu loyihaning umumiy qiymati 119 mln 642,7 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha Xalqaro moliya institutlari va Davlat budjeti tomonidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, «Avtoyo‘linvest» agentligi bevosita buyurtmachi funksiyasini bajaradi. Loyiha 2028-yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyat
Aholini masjidlar orqali ogohlantirish tizimi joriy etildi
BMT Taraqqiyot dasturi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda aholini erta ogohlantirish tizimini kengaytirishga qaratilgan yangi tizim joriy qildi. Loyiha doirasida masjidlarga maxsus uskunalar o‘rnatilib, tezkor xabarlar tashqi ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatiladi.
Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi 272 ta masjid ushbu tizim bilan jihozlangan. Ogohlantirish radiusi 500 metrdan 2000 metrgacha yetadi.
Yangi tizimning muhim jihati shundaki, u aloqa va elektr uzilishlari sharoitida ham ishlay oladi. Bu esa favqulodda holatlarda axborot uzilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Loyihaga ko‘ra, ushbu usul orqali 6,5 million nafarga yaqin aholini qamrab olish mumkin.
-
Siyosat4 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Jamiyat3 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Turk dunyosi3 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Dunyodan2 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Jamiyat1 day ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat4 days ago
Namanganda yirik turistik majmua qurilishi boshlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston eksporti 35 yilda qariyb 19 barobarga oshdi
