Jamiyat
Firibgarlikda ayblangan shaxs Interpol orqali BAAdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Foto: Ichki ishlar vazirligi
BAAdan Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur fuqaro firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lgan. Interpolning Toshkent va Abu-Dabi Milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida u BAA hududida aniqlangan.
Ekstraditsiya jarayoni ikki davlatning vakolatli organlari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan faoliyat hamda Interpol kanallari orqali olib borilgan hamkorlik asosida amalga oshirilgan. Qayd etilishicha, barcha xalqaro huquqiy tartib-taomillar va amaldagi kelishuvlarga qat’iy rioya qilingan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda BAA va boshqa xorijiy davlatlardan qidiruvdagi shaxslarni ekstraditsiya qilish holatlari soni ortib bormoqda.
Hozirda ushbu fuqaro qonunchilikda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortish va sud oldida javob berishi uchun vakolatli organlarga topshirilgan.