Connect with us

Jamiyat

“Fil” qahfasi, pop-korn hidli hayvon, Fransiyani eslatadigan ko‘chalar…

Published

on


Vetnamning Nyachang shahrida bir necha orollar bor. Har biri menda o‘ziga yarasha taassurot qoldirgan, tabiati, yashilligi, ob-havosi bilan. Dalat shaharchasiga otlanganimizda ham, olgan ma’lumotlarimga ko‘ra, sayohatim har doimgidek o‘zgacharoq bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo bu galgi taassurotlarim o‘sha “o‘zgacha” degan qolipga ham sig‘madi.

Vetnam deganda ko‘z oldimizga issiq, nam havo, motorollerlar shovqini kelsa, Dalat shaharchasi bu tasavvurga muloyim tabassum bilan qarshi turadi. Shahar nomi, ehtimol, mahalliy lati qabilasi bilan bog‘liqdir, shuning uchun “Lat qabilasining daryosi” degan ma’noni anglatar. Bu nomning o‘ziyoq Dalat tabiat bilan qanchalik uyg‘un ekanini aytib turibdi.

Dalat tabiati Vetnamning odatiy manzaralaridan keskin farq qiladi. Bu yerda tog‘lar, qarag‘ay o‘rmonlari va salqin havo bor. Go‘yo Osiyo bilan Yevropaning orasida qolib ketgandek shaharni tasavvur qilasiz.

Biz bu yerga tongda yetib kelganimiz uchun qiziq manzarani ko‘rdik: tuman tepaliklar ustiga yotib olgan, sharsharalar yashillik orasiga berkinib yotgandi.

Dalat Vetnamning markaziy baland tog‘lik qismida joylashgan. Dengiz sathidan taxminan 1500 metr balandlikda. Shuning uchun bu yerda havo boshqacha yumshoq, ba’zan esa tumanli. Hatto iyulda ham issqiroq kiyim kerak bo‘ladi. Vetnamdaya… Ha, bu yerda hayot qoidalari bir oz boshqacha. Yana dalatda sukut bor. Katta shaharlarga xos asabiylik yo‘q. Odamlar shoshilmaydi, ko‘chalar motoroller ovozidan emas, shamol va qushlar tovushiga to‘lib turadi.

 

Dalat  shunchaki tomosha qilish uchun emas, qalbdan his qilish uchun mo‘ljallangan shahar. U baland ovoz bilan taassurot qoldirmaydi, lekin insonni ichi-ichidan o‘zgartiradi. Shuning uchun bu shaharni eslab qolish oson, unutmoq esa qiyin.

Fransuzlar qoldirib ketgan xotira

Dalatni XX asr boshlarida fransuz mustamlakachilari kurort sifatida rivojlantirgan. 1887-yilda fransuz shifokori va tadqiqotchisi Aleksandr Yersen bu hududning toza, salqin havosiga e’tibor qaratgan va aynan shu yerda kurort qurish g‘oyasini ilgari surgan. Shu sabab shaharda Yevropa uslubidagi villalar, cherkovlar, keng bog‘lar ko‘p. Ayrim ko‘chalardan o‘tsangiz, bir zumga Parij atrofidagi kichik shaharchada yurgandek bo‘lasiz.

 

Mahalliy relefi tepaliklar, vodiylar, ko‘llar, sharsharalardan tashkil topgan. Bizga yo‘lboshlovchining aytishicha, bu yerga fransuz sayyohlar ko‘proq tashrif buyurisharkan, nega, sababi ular bu yerda yashab o‘tgan ota-bobolari haqidagi xotiralarni eshitishni yaxshi ko‘risharkan.

Gullar shahri

Dalatni “Gullar shahri” deb atashadi. Bu tasodif emas. Bu yerda atirgullar, lola, xrizantema, orxideya — nimani istasangiz, shu o‘sadi. Issiqxona xo‘jaligi juda rivojlangan. Vetnamning yarim gullari shu yerda yetishtiriladi desak, xato bo‘lmaydi. Hatto Dalatda gullar festivali o‘tkaziladi, shahar o‘sha kunlari chiroyli rangu turli iforlardan “charchab” ketadi. Shahar iqtisodiyoti qishloq xo‘jaligi va turizmga tayanadi.  

 

 Sevishganlar shahri

Dalatni “sevishganlar shahri” ham deyishadi. Balki tumanli kechalari, balki ko‘l bo‘yidagi sokin sayrlar sabab. Bu yerga yangi turmush qurganlar, ijodkorlar, yolg‘izlikda o‘y surishni istaganlar ko‘p keladi.  

Osmonga osilib turgan yo‘l

Dalat atrofidagi eng ko‘p muhokama qilinadigan joylardan biri bu shisha ko‘prik. U yashil vodiy ustida muallaq osilib turganday tuyuladi. Oyoq ostida mutlaq shaffoflik, atrofda esa tog‘lar, qarag‘ayzorlar va tushga yaqin ko‘tariladigan tuman.

 

Ko‘prik, albatta, turistlar yurib o‘tishi uchun qurilgan. Lekin u sizga yana bir narsani beradi: tabiatga yuqoridan, hech qanday panjarasiz, ortiqcha bezaklarsiz qarash imkoni. Ilk qadamlar har doim taranglik bilan boshlanadi, miya “qo‘rqinchli, bo‘lmaydi” deydi, oyoq esa baribir olg‘a yuradi. Birozdan keyin qo‘rquv o‘rnini qiziqish, so‘ng esa yengillik va erkinlik hissi egallaydi. Qisqasi, bu ko‘prik odamning o‘zi bilan qilgan kichik muzokarasi.

Sukuti bilan hayratga soladigan Budda

Dalatda shunday joy borki, u yerda shahar shovqini to‘satdan uzilib qoladi. Bu mashhur Van Xan ibodatxonasi. U yerda balandligi 24 metr bo‘lgan, qo‘lida lotus guli tutib turgan ulkan Oltin Budda (Shakyamuni) haykali bor. Bu haykal Dalatning o‘ziga xos ramzlaridan biri hisoblanadi.

Ibodatxonaga 1952-yilda asos solingan. U o‘zining an’anaviy sharqona me’morchiligi, ajdaho haykallari va chiroyli bog‘lari bilan ajralib turadi. Ibodatxonaning o‘ng tomonida qadimiy ashyolar, toshlar va kvarsdan ishlangan rasmlar ko‘rgazmasi joylashgan kichik muzey bor.

Ibodatxona tepalikda joylashgan, u yerdan Dalat shahrining va atrofdagi fermer xo‘jaliklarining chiroyli manzarasi tomosha qilishingiz mumkin.

  

Bu joy muqaddas hisoblangani uchun tizzalar va yelkalarni yopib turuvchi kiyimda bo‘lish talab etiladi. Ibodatxona ichiga kirishda poyafzal yechiladi.

Loydan yaratilgan shahar

Loy qishlog‘i Dalatdagi eng g‘ayrioddiy ochiq osmon osti muzeylaridan biri. Bu yerda shahar tarixi so‘z bilan emas, loydan qilingan shakllar orqali aytiladi. Uylar, ko‘chalar, odamlar qiyofasi  hammasi loydan. Go‘yo vaqt shu yerda to‘xtab qolgandek.

   

Majmuaning eng mashhur qismi “Muhabbat chehralari” deb nomlangan erkak va ayolning bir biriga qaragan ulkan yuzlari, orasidan esa odamlar o‘tib, ich-ichidan nimadir niyatini aytib o‘tadi.

Bu installyasiya nafaqat ko‘lami, balki yaqinlik, ishonch va insonlar orasidagi bog‘liqlik ramzi sifatida ham diqqatni tortadi.

Loy qishlog‘i shovqinli taassurot emas, balki sekin yurib, mayda detallarga e’tibor qaratishingizni istaydigan maskan.

Dalatda yana bir uylar bor ular inglizchasiga «crazy house» deyiladi:

Qahva… ta’mdan ko‘ra hikoya ko‘proq

Dalat atrofi qahva plantatsiyalari bilan mashhur. Bu yerda tayyorlanadigan arabika qahvasi Vetnamning eng sifatli qahvalari qatorida. Dalatning yana bir “faxri” qulupnay haqida aytib o‘tsam: qulupnayli shirinliklar, murabbo, hatto qulupnayli qahva ham bor. Ha, ha, biz uni sinab ko‘rdik.

Vetnamda lyuvak qahvasini sizga ekzotika sifatida taklif qilishadi, Dalatda esa u haqda aytib berishni juda yoqtiradilar. Uni musang deb ataladigan jonivor “tanlab” yeydi: eng pishgan qahva mevalari, tabiiy fermentatsiya, keyin qayta ishlash. Hidida shokolad, yong‘oq, yengil karamel seziladi, achchiqlik deyarli yo‘q. Lekin rostini aytish kerak: turistik plantatsiyalarda lyuvak deb ko‘proq afsona sotiladi, noyoblik emas.

Ana fil qahvasi esa boshqa gap. Bu juda kam uchraydigan, qimmat va sekin ichiladigan qahva. Donalar fil organizmida fermentatsiyadan o‘tadi. Hidi yerning hidini beradi, chuqur, kakao va quritilgan mevalarni eslatadi.

Hikoyamni oxirlab qoldi deb o‘ylashga shoshilmang. Dalatda popkorn hidli ayiqcha-mushukni uchratib qolganimni aytish esdan chiqib qolay debdi.

Pop-korn hidli hayvon…

Bu shahar meni mana shu “mo‘’jiza” bilan ham shokka tushirdi! Ko‘z oldingizga keltiring: ko‘rinishidan kichkina qora ayiq polvon, yuzi xuddi mehribon mushuk, lekin o‘zidan xuddi kinoteatrda o‘tirganingizdek yangi pishgan popkorn (makkajo‘xori bodroqchalari) hidi keladi! Bu jonzotning ismi Binturong. Eng qiziqlarini aytaymi, uning “beshinchi qo‘l”i bor, ya’ni dumi shunchalik kuchliki, bemalol daraxtda osilib, meva yeyishi mumkin. Xuddi “Maugli” kinosidagi hayvonlardek!

U “parfyumer” hayvon, ishonasizmi, unga yaqinlashsangiz, dimog‘ingizga issiqqina yorilgan makkajo‘xori donachalarining hidi uriladi. Tabiat qanday qilib bunday “ifor” yaratganiga haligacha aqlim bovar qilmayapti! Xulqiga kelsak, juda vazmin, uyquchi va nihoyatda yuvosh. Uni meva bilan mehmon qilsangiz, siz bilan “do‘st” bo‘lib qoladi.

Maboda yo‘lingiz tushib Dalatdagi Puppy Farm yoki An Phu fermalariga borsangiz, albatta shu “mushuk-ayiq”ni izlab toping. Uni nafaqat ko‘rish, balki “hidlash” uchun ham borish kerak.

Sayohat kundaligimga yozdim: “Vetnam, sen odamlarni hayratlantirishdan to‘xtamaysan-a!” 

Sitorabonu Hotamova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkentda Tracker va BYD ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Published

on


Toshkent shahrining Bektemir tumanida Tracker va BYD rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga oraliq masofaga rioya qilinmagani sabab bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 23:00 lar atrofida Bektemir tumanidagi X. Bayqaro mahallasi hududidan o‘tuvchi X. Bayqaro ko‘chasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Tracker rusumli transport vositasi haydovchisi xavfsiz oraliq masofani saqlamagani oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan BYD rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

YHXB haydovchilarga murojaat qilib, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish, xavfsiz tezlik va oraliq masofani saqlash orqali yo‘l-transport hodisalarining oldini olish mumkinligini eslatdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

“Bolalar muntazam qiynab kelingan” – Toshkentdagi xususiy bog‘chada tarbiyachi yig‘layotgan bola og‘ziga latta tiqdi

Published

on


Uchtepa tumanidagi Rayan Kids bog‘chasida tarbiyachi bolalarni turli xil usullarda qiynab kelgani aytilmoqda. Farzandi jarohatlangan otalardan biri bog‘chada kuzatuv kameralaridan pana joylar borligini, xarxasha qilgan bolalar o‘sha yerda jazolanishini da’vo qilyapti. 2 oy avval ham ushbu bog‘cha tarbiyachisi bolaga yengil tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilganini aniqlandi.

Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar turli xil usullarda qiynab kelingani aytilmoqda. Kun.uz’ga bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlari kelib tushdi.

Bola og‘ziga latta tiqqan

Videoyozuvlardan birida tarbiyachi yig‘layotgan bolaning og‘ziga latta bo‘lagini tiqqani ko‘rinadi. Yana bir holatda esa ayni shu tarbiyachi bolaning og‘ziga barmog‘ini tiqib olgani tasvirlarga tushib qolgan.

Yana bir videoda esa tarbiyachi yig‘layotgan bolaning bosh qismini ko‘ksiga bosib, uni qiynagani ko‘rinadi.

“Muntazam qiynab kelishgan”

Kun.uz jarohatlangan bolaning otasi bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha so‘radi. Otaning aytishicha, “reklamada boshqacha, bog‘cha ichidagi vaziyat esa dahshatli”.

“Reklamasiga ishonib, bolamni shu bog‘chaga bergandim. Hali gapirolmaydi, kichik yoshda. Qop-qop va’dalar qilishgandi, ammo vaziyat umuman boshqacha bo‘lib chiqdi. 

O‘g‘lim o‘z-o‘zidan yig‘laydigan, qo‘rqib, qaltirab qoladigan bo‘ldi. Avvaliga tanasining ayrim joylarida kichik ko‘karishlar ko‘rdik. Keyin bunday jarohatlar ko‘paydi. Bog‘chadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini ko‘rsatishni talab qildim. Ularni ko‘rib esa dahshatga tushdim: bolalarni muntazam qiynab kelishgan ekan.

Bolamning og‘ziga latta tiqibdi, chimchilab hamma joyini ko‘kartirib tashlabdi. Hozir ekspertizaga berganmiz, IIBga ham murojaat qildim”, deydi ota. 

Bu birinchisi emas   

Avvalroq Rayan Kids bog‘chasining boshqa tarbiyachisi ham bolaga jarohat yetkazgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud hujjatiga ko‘ra, 44 yoshli tarbiyachi 13 mart kuni bolaning oyoqlarini kuch bilan tortib, unga yengil jarohat yetkazgan. Tarbiyachi sudda qilmishidan pushaymonligini aytgan. Bolaning onasi tarbiyachiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

JIB Uchtepa tuman sudining 2026 yil 7 maydagi qarori bilan tarbiyachi BHMning 3 baravari (1 mln 236 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

Vazirlik munosabati

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, holat vazirlik tomonidan nazoratga olingan, huquq-tartibot organlari mas’ullari tarkibida ishchi guruh tuzilgan. 

“Voqeaning barcha tafsilotlariga aniqlik kiritiladi va tegishli tartibda ushbu holatda kasb etika qoidalariga rioya etmagan, holatga javobgar bo‘lgan barcha maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga qonun doirasida chora ko‘riladi”, deyiladi munosabatda.

Shuningdek, vazirlik litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday maktabgacha ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini bildirgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanib 4 kishi qo‘lga olindi

Published

on


IIV holat Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lganini tasdiqlagan. 20 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasida dalaga olib borib, zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Holat yuzasidan nomusga tegish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar protsessual tartibda ushlangan.

Illyustrativ surat / Getty Images

Yakkabog‘ tumanida 4 nafar yigit 14 yoshli qizni zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz xabar berdi.

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nemolchi.uz so‘roviga javoban holatni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 7 iyun kuni Yakkabog‘ tumanida 20, 21, 22, 23 yoshli 4 nafar yigit 14 yoshli qizni Damas mashinasiga mindirib, dalaga olib borishgan va zo‘rlashgan. 

Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov-tezkor guruhi voqea joyini ko‘zdan kechirib, ish uchun ahamiyatli bo‘lgan ashyo va dalillarni olib qo‘ygan. Sudga oid tibbiy, biologik va psixologik ekspertizalar tayinlangan.

Holat yuzasidan 8 iyun kuni Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi 29 iyun kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandiga qayta malakalangan. Gumondorlar Sh.X.,  D.H., O.N. va D.A. protsessual tartibda ushlangan.

Mazkur jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingani hamda barcha aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirilgan.

Avvalroq Namanganda 6-sinf o‘quvchisiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchi qamoqqa olingandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi

Published

on


Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishini ta’kidladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov tibbiyot sohasi xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.

Vazirning ta’kidlashicha, prezidentning 2026 yil 5 maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.

Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Vazirning bildirishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.

Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.

Uning ta’kidlashicha, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan ushlandi

Published

on


Toshkent va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yerdan foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirish evaziga pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Toshkent va Navoiy viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda inspektor ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollarini o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSh dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Keyingi tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Navoiy viloyatida esa DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda «Navoiy suv ta’minoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini qabul qilgan, muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Shuningdek, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘ining ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.