Sport

Fayzullayev gol urishni boshladi, Shomurodov davom ettirdi, «Barsa» «Real»ni quvib o‘tdi

Published

on


Shomurodov Turkiya chempionatidagi gollari sonini 10 taga yetkazdi va to‘purarlar poygasidagi ishtirokini davom ettirdi. «Siti» qo‘shimcha daqiqalarda sharmandalikdan qutulib qoldi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Turkiya Superligasi: Fayzullayev tushdi va gol urdi

«Qosimposho» – «Istanbul «Boshoqshehir» 1:3

Gollar: Abbosbek Fayzullayev, 26 (0:1). Harit 45+4, (0:2). Arous, 79 (1:2). Eldor Shomurodov 90+3, (1:3).

«Qosimposho»: Yanniotis, Frimpong, Arus, Salai (Diabite, 46), Opoku, Vink, Ben-Uannes, Kafu (Ustuntog‘, 14, Kanatsizkush 64), Baldursson, Fall (Kol, 64), Guyye

«Istanbul Boshoqshehir»: Shengezer, Bulut (Shahiner, 53), Duarte, Opoku, Operi, Gunesh (O‘zdemir, 72), Fayzullayev (Gureler, 78), Kemen (Kreshpu, 78), Harit (Da Koshta, 72), Zelke, Shomurodov.

Ogohlantirishlar: Opoku, 21. Salai, 24. Fall, 58. Baldursson, 90+3. – Zelke, 37. Opoku, 55. Shahiner, 58. Leo Duarte, 78.

Chetlatish: Felke 75 (ikkinchi sariq)

Turkiya chempionatining 14-turida «Istanbul Boshoqshehir» klubi safarda «Qosimposho»ga qarshi o‘yinda muhim g‘alabaga erishdi. Mehmonlar ikkinchi bo‘limda son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishdi, lekin o‘zbekistonlik legionerlarning gollari ishonchli g‘alabani ta’minladi.

O‘yinning 26-daqiqadasida ancha vaqtdan buyon jarohatini da’volatgan va bu mavsumda ilk bor boshlang‘ich asosiy tarkibda maydonga tushgan Abbosbek Fayzullayev jarima zarbasidan so‘ng supergol muallifiga aylandi. Bo‘lim oxirida istanbulliklar hisobdagi farqni oshirdi. Ammo ikkinchi bo‘limda jamoaning germaniyalik hujumchisi Zelke qizil kartochka olib maydonni tark etdi va bir necha daqiqa o‘tib mezbonlar hisobni qisqartirishdi, natijada o‘yinning qolgan qismi o‘ta asabiy ruhda kechdi. Faqat 90+6-daqiqada Eldor Shomurodov qarshi hujumda gol urib, o‘yin taqdirini hal qildi. Bu bilan u Superligadagi gollari sonini 10 taga yetkazdi va «Trabzonspor»ning nigeriyalik hujumchisi Pol Onuachu (11 gol, 4 tasi penaltidan) bilan to‘purarlik poygasini davom ettirdi.

O‘tgan turda aynan «Trabzonspor»ga yutqazgan (3:4) «Boshoqshehir» esa ochkolari sonini 16 taga yetkazib, 9-o‘ringa ko‘tarildi.

Angliya: Foden «Siti»ni qutqardi

«Manchester Siti» – «Lids» 3:2

Gollar: Foden, 1 (1:0). Gvardiol, 25 (2:0). Kalvert-Lyuin, 49 (2:1). Nmecha, 68 (2:2). Foden, 90+1 (3:2)

Aniq ijro etilmagan penalti: Nmecha, 68’

«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Bernardu Silva (Marmush, 89), Reynders (Sherki, 75), Doku (Stouns, 90+6), Foden, Holand

«Lids»: Perri, Streyk, Rodon, Jastin (Gudmundsson, 69), Bogl, Ampadu, Gruyev, Tanaka (Aaronson, 90+2), Nionto (Biyol, 46), Jyeyms (Kalvert-Lyuin, 46), Nmecha (Okafor, 82)

Ogohlantirishlar: Mateus Nunes, 55. Bernardu Silva, 57. Gvardiol, 66. Donnarumma, 87 – Rodon, 58

APLda «Nyukasl» (1:2) va YeChLda «Bayyer»ga (0:2) qarshi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin «Manchester Siti» o‘z uyida bor alamini «Lids»dan oladigandek ko‘rinayotgandi. Fodenning tezkor goli ham voqealar rivoji kutilganidek ketishini ko‘rsatdi, u 1-daqiqadayoq Mateus Nunesning qanotdan uzatmasini bir teginishda golga aylantirdi. Bo‘lim o‘rtalarida burchak zarbasidan keyin Gvardiol hisobdagi farqni oshirdi.

Ammo tanaffusdan keyin «Siti» xotirjamlikka berildi, mehmonlar safida zaxiradan tushgan Kalvert-Lyuin esa o‘yinni o‘zgartirib yubordi. Avvaliga ushbu hujumchi hisobni qisqartirdi, keyin penalti ishladi. Nuqtaga yaqinlashgan Nmechaning zarbasini Donnarumma qaytargandi, ammo to‘pga birinchi bo‘lim zarbani ijro etuvchining o‘zi yetib keldi va hisobni tenglashtirdi. Xosep Gvardiola shogirdlari ancha vaqtgacha bunga javob topa olishmadi. Faqat qo‘shimcha daqiqalarda yana Foden o‘zini ko‘rsatdi va g‘alaba golini urdi. «Siti» kamida «Chelsi» va «Arsenal» o‘yini yakunigacha ikkinchi o‘ringa qaytdi.

«Everton» – «Nyukasl Yunayted» 1:4

Gollar: Tshau, 1 (0:1). Mayli, 25 (0:2). Voltemade, 45 (0:3). Tshau, 58 (0:4). Dyusberi-Holl, 69 (1:4)

«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen, Garner, Iroegbunam (Alkaras, 46), Dyusberi-Holl, Grilish (Makneyl, 80), Ndiay (Dibling, 80), Barri (Betu, 87)

«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Tshau, Bern, Holl (Sher, 90), Livramento, Gimarayns (Tonali, 90), Joelinton, Mayli, Barns (Uillok, 71), Elanga (Remsi, 71), Voltemade (Gordon, 90)

«Everton» birinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib to‘pga egalik qilish bo‘yicha 79 foizlik ustunlikka erishdi, ammo bu vaqtda tabloda 0:2 raqami porlab turardi. Himoyachi Tshau birinchi daqiqadayoq burchak zarbasidan keyin hisobni ochgandi, bo‘lim o‘rtalarida esa Pikford Li Maylining darvoza markaziga yo‘llagan zarbasini o‘tkazib yubordi. Bo‘lim oxirida esa Elanganing uzatmasidan keyin Voltemade to‘pni shunchaki darvozabonning ustidan oshirib tashlab, amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida Tshau dublni rasmiylashtirdi va hisobni yanada yiriklashtirdi. O‘tgan turda bir kishi kam bo‘lib o‘ynab ham «MYu»ni mag‘lub eta olgan «Everton» faqat o‘yin oxirida bitta javob golini urishga erishdi. «Nyukasl» APL safar o‘yinlaridagi ilk g‘alabasini nishonladi va turnir jadvalining ikkinchi qismida qolayotganiga qaramay, YeChLga yo‘llanma beradigan beshinchi o‘rin bilan oradagi farq atigi uch ochkoni tashkil etmoqda.

«Tottenhem» – «Fulhem» 1:2

Gollar: Tete, 4 (0:1). Uilson, 6 (0:2). Kudus, 59 (1:2)

«Tottenhem»: Vikario, Danso, van de Ven, Udodji (Tel, 85), Porro, Palinya (Simons, 60), Grey (Bentankur, 60), Bergvall (Sarr, 77), Risharlison (Odober, 60), Quddus, Kolo Muani

«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Sessenon, Tete, Berge, Ivobi (Kastan, 87), King (Lukich, 68), Chukvueze (Kevin, 81), Uilson (Smit-Rou, 68), Ximenes

Ogohlantirishlar: van de Ven, 30. Udodji, 49. Kolo Muani, 90 – Ximenes, 78. Leno, 90

Yaqingacha turnir jadvalining yuqori qismida yurgan «Tottenhem» so‘nggi turlarda sur’atni pasaytirdi va turnir jadvalining ekvatoriga tushib ketdi. «Shporlar» «Fulhem»ga qarshi o‘yinni juda yomon boshlashdi va APLda ishtirokini boshlaganidan buyon ilk bor dastlabki olti daqiqa ichida ikki gol o‘tkazib yubordi. Darvozabon Vikarioning qo‘pol xatosi mezbonlarga qimmatga tushdi, u oddiy vaziyatda jarima maydonini tashlab chiqdi, to‘pga egalik qilib turganiga qaramay, uni maydon tashqarisiga chiqarib yubormadi va raqibga topshirdi, natijada Uilson bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar bitta javob golini urishdi, ammo mag‘lubiyatdan qutulib qola olmadi. Yozda jamoa boshqaruviga kelgan Tomas Frank Angelos Posteko‘g‘li davridagi ko‘plab muammolarni yecha oldi, ammo asosiylaridan biriga chora topa olmayapti – jamoa hamon o‘z maydonidagi o‘yinlarda yaxshi ishtirok eta olmayapti. Londonliklar allaqachon bir kalendar yilida o‘z maydonida boy berilgan o‘yinlar soni bo‘yicha klub antirekordini takrorladi (10 mag‘lubiyat). Joriy mavsumda faqat autsayder «Vulverhempton» (1) o‘z uyidagi o‘yinlarda «shporlar»dan (5)kamroq ochko to‘plagan.

Ispaniya: «Atletiko» tarixga kirdi

«Barselona» – «Alaves» 3:1

Gollar: Ibanes, 1 (0:1). Yamal, 8 (1:1). Olmo, 26 (2:1). Olmo, 90+3 (3:1)

«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi (Kristensen, 84), Martin, Balde, E. Garsiya (Kunde, 46), Bernal (Reshford, 46), Olmo, Kasado, Rafinya (Pedri, 60), Yamal, Levandovski (Torres, 60)

«Alaves»: Sivera, Pacheko, Tenalya, Parada (Martines, 80), Otto, Blanko, Suares (Gevara, 68), Ibanes (Guridi, 68), Rebbach (Alenya, 58), Kalebe (Visente, 59), Boyye

Ogohlantirishlar: Bernal, 36. X. Garsiya, 90 – Rebbach, 32. Kalebe, 53. Blanko, 81

«Barselona» tashkil etilganining 126 yilligiga to‘g‘ri kelgan o‘yinning 43-soniyasidayoq gol o‘tkazib yubordi. 15 oydan buyon ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Bernal yakkakurashni boy berdi va Paradaning uzatmasidan keyin Ibanes darvoza to‘rini ishg‘ol etdi.

Lekin mezbonlar darhol tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi va chempionlik mavsumidagi hujum triosi barcha masalani hal qildi. «Alaves» bir necha hujumni qaytardi, ammo 8-daqiqada Yamal Levandovskining uzatmasidan keyin «Kamp Nou»da ilk golini urib, hisobni tenglashtirdi. Bo‘lim o‘rtalarida esa Rafinya Dani Olmoni golli pas bilan ta’minladi.

Ikkinchi bo‘lim voqealarga boy kechmadi, «Barselona» to‘pga egalik qildi va o‘yinni nazorat qildi. Birinchi bo‘limda vaziyatni bir necha xavfli vaziyatlar yaratgan «Alaves»da ikkinchi bo‘limda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba bo‘lmadi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Yamalning uzatmasidan keyin Olmo dubni rasmiylashtirdi. «Barsa» hozircha birinchi o‘ringa ko‘tarildi va bugun «Real»ni qabul qiladigan qo‘shnisi «Jirona» matonat ko‘rsatishidan umid qiladi.

«Atletiko» – «Oviyedo» 2:0

Gollar: Serlot, 16 (1:0). Serlot, 26 (2:0)

«Atletiko»: Oblak, Langle, Gansko, Pubil, Gonsales (Ximenes, 87), Molina, Koke (Raspadori, 75), Gallaher, Baena (Simeone, 46), Grizmann (Barrios, 63), Serlot (Alvares, 63)

«Oviyedo»: Eskandel, Kostas, Karmu (Kalvo, 61), Alhasseyn, Vidal, Dendonker, Kasorla (Edjaria, 75), Hassan (Reyna, 82), Kolombatto (Ilich, 82), Vinyas, Rondon (Fores, 75)

Ogohlantirish: Karmu, 54

«Atletiko» ham «Oviyedo» mudofaasidagi bo‘sh nuqtalardan foydalanib, o‘ziga kerakli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Mezbonlarning chap qanotida Aleks Baena va Xanskoning faol harakatlaridan keyin Serlot bo‘sh darvozani ishg‘ol etib hisobni ochdi. O‘n daqiqa o‘tib Ganskoning uzatmasidan keyin to‘p raqib himoyachisiga tekkan holda Serlotga borib tushdi va hisobdagi farq ikkitaga oshdi. «Matraschilar» bu mavsumdagi barcha o‘yinlarda (14) birinchi bo‘lib gol urish an’anasini davom ettirdi va bu borada 1991 yildan buyon «Real»ga tegishli bo‘lib kelgan natijani yaxshiladi. Ammo Diyego Simeone bu o‘yinlarning barchasida hisobdagi ustunlikni saqlab qololmagandi. Aks holda qizil-oqlar hozirda turnir jadvalida uchinchi emas, birinchi o‘rinda ketayotgan bo‘lardi. Shu bilan birga, birinchi o‘rin bilan uch ochkolik farq «Atletiko» ham chempionlik poygasining to‘laqonli ishtirokchisi ekanini ko‘rsatadi.

Italiya: «Yuventus»da g‘alabali hafta

«Yuventus» – «Kalyari» 2:1

Gollar: Espozito, 26 (0:1). Kenan Yildiz, 27 (1:1). Kenan Yildiz, 45+1 (2:1)

«Yuventus»: Perin, Kelli, Kopmeyners, Kalyulyu, Lokatelli, Tyuram (Miretti, 70), Kostich (Kambiyaso, 46), Makkenni, Konseysau (Kabal, 85), Kenan Yildiz (Openda, 85), Vlahovich (David, 31)

«Kalyari»: Kaprile, Luperto, Obert (Idrissi, 53), Dzappa, Adopo (Gaetano, 81), Deyola, Folorunsho (Semix Qilichsoy, 81), Liteta (Prati, 53), Palestra, Borrelli, Espozito (Felichi, 70)

Ogohlantirishlar: Kambiyaso, 83 – Obert, 39. Folorunsho, 63. Felichi, 81. Prati, 82. Deyola, 90

Luchano Spallettining Turindagi faoliyatining ilk bosqichida «Yuventus» duranglar virusiga chalingandi, ammo bu haftadagi ikki o‘yinda ham byankonerilar g‘alaba qozonishdi. «Kalyari» birinchi bo‘lim o‘rtalarida hisobni ochgandi, ammo Kenan Yildiz darhol javob qaytardi, bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa turkiyalik yarimhimoyachi amalda o‘yin taqdirini hal qilgan golni urdi. Ikkinchi bo‘lim ham «Keksa sinioralar» ustunligida o‘tdi va mezbonlarda hisobdagi ustunlikni oshirish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo minimal farq bilan qozonilgan g‘alaba uchun ham uch ochko beriladi va bu ochkolar turinliklarni yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarga maksimal darajada yaqinlashtirdi.

«Milan» – «Latsio» 1:0

Gol: Leau, 51 (1:0)

«Milan»: Menyan, Gabbia, Pavlovich, Tomori, Rabio, Modrich, Fofana (Loftus-Chik, 65), Bartesagi, Salemakers, Leau, Nkunku (Richchi, 82)

«Latsio»: Provedel, Romanioli, Xila, Marushich, Pellegrini (Nunu Tavaresh, 85), Vesino (Dele-Bashiru, 62), Bashich (Noslin, 85), Genduzi, Dzakkani, Isaksen (Pedro, 70), Dia (Kastelyanos, 62)

Ogohlantirishlar: Tomori, 26. Gabbia, 64. Richchi, 89 – Pellegrini, 57. Romanioli, 72. Dzakkani, 90

Italiyada bu turning ikki markaziy o‘yinidan birida «Milan» tezkor gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi, ammo bu mavsumda yuqori sport formasini namoyish etayotgan Menyan yana bir bor o‘zini ko‘rsatdi. Ikkinchi bo‘lim esa Rafael Leauning goli bilan boshlandi. Tomorining uzatmasidan keyin to‘pni darvozaga yo‘llagan portugaliyalik futbolchi A Seriyadagi 60-golini nishonladi.

O‘yin oxiri hissiyotlarga boy kechdi, hakam tomonidan qo‘shib berilgan besh daqiqaning oxirgisida Romaniolining zarbasidan keyin to‘p Pavlovichning qo‘liga tegdi. Arbitr epizodni monitorda tekshirish uchun yana besh daqiqa sarfladi, chunki avvaliga qizil kartochka olgan Massimiliano Allegrini kiyim almashtirish xonasiga yuborishga to‘g‘ri keldi, keyin esa jamoalarning zaxira o‘rindig‘i vakillari o‘rtasida janjal boshlanib ketdi. Lekin yakunda ish penaltigacha yetib bormadi, hujumning boshlang‘ich nuqtasida «Latsio» futbolchisi tomonidan fol ishlatilgani aniqlandi. Hakamning qarori «San-Siro»dagilar tomonidan xuddi «Milan» kubok finalida g‘olib chiqqandek bayram qilindi. Ammo bu g‘alaba hozircha jamoani faqat turnir jadvalida birinchi o‘ringa olib chiqdi, yakshanba kuni «Roma» va «Napoli» o‘rtasida kechadigan boshqa bir markaziy o‘yin natijasiga ko‘ra bu o‘rin boy berilishi ham mumkin.

Germaniya: bavarcha xarakter

«Bavariya» – «Sankt-Pauli» 3:1

Gollar: Untonji, 6 (0:1). Rafael Gerreyru, 44 (1:1). Dias, 90+3 (2:1). Jyekson, 90+6 (3:1)

«Bavariya»: Noyyer, Kim Min Je (Goretska, 77), Ta, Bishof, Laymer (Olise, 46), Kimmih, Pavlovich (Jyekson, 83), Rafael Gerreyru (Stanishich, 65), Dias, Karl (Gnabri, 65), Keyn

«Sankt-Pauli»: Vasil, Smit, Mets, Val, Sends, Ritska (Oppi, 68), Pirka, Irvayn (Sisey, 68), Fudzita, Untonji (Sinani, 18), Pereyra Laj (Metkalf, 87)

Ogohlantirishlar: Ta, 83 – Mets, 39

O‘tgan turda «Bavariya» Myunxendagi o‘yinning 17-daqiqasiga kelib «Frayburg»ga 0:2 hisobida ortda borayotgandi. Endi esa «Alyans Arena»dagi o‘yinda «Sankt-Pauli» ham hisobni ochdi va bu safar ham amaldagi chempionlar bo‘lim oxirida javob qaytarishdi. Luis Dias murakkab holatda turganiga qaramay, to‘pni qulay vaziyatdagi Rafael Gerreyruga yetkazib berdi. Ikki o‘yindagi asosiy farq – ikkinchi bo‘limlar bo‘ldi. «Frayburg» to‘liq yakson etilgandi (6:2), bu safargi mehmonlar esa Hamburgga ochko bilan qaytishga yaqin edi.

Faqat o‘yinga qo‘shib berilgan uchinchi daqiqada Vensan Kompani shogirdlari g‘alabani ilib ketishdi, Kimmih darvozabon hududiga yetkazib bergan to‘pga Dias ideal tarzda yetib bordi. Bir necha daqiqa o‘tib esa Jyekson qarshi hujumda uchinchi golni urdi. «Bavariya» bundesligada qatorasiga yigirma turda kamida ikki gol urib kelmoqda va bu bilan Xosep Gvardiola davriga mansub rekordini takrorladi.

«Bayyer» – «Borussiya» D 1:2

Gollar: Anselmino, 41 (0:1). Adeyyemi, 65 (0:2). Kofane, 83 (1:2)

«Bayyer»: Flekken, Bade, Tapsoba, Andrix (Kuansa, 88), Garsiya, Maza, Grimaldo, Hofmann (Echeverri, 74), Tillman (Terre, 74), Poku (Tella, 88), Shik (Kofane, 63)

«Borussiya» D: Kobel, Anton, Shlotterbek, Anselmino, Nmecha (Bensebaini, 90), Zabitser, Svensson, Ryuerson (Koutu, 80), Brandt (Chukvuemeka, 90+1), Adeyyemi (Bellinghem, 80), Girassi (Silva, 61)

Ogohlantirishlar: Tillman, 30. Tapsoba, 40. Garsiya, 90 – Shlotterbek, 11. Ryuerson, 54. Silva, 82. Koutu, 88

Ikkinchi o‘rindagi «Leypsig» juma kuni Menxengladbaxda durang o‘ynab qo‘ygach, «Bayyer» va «Borussiya» Dortmund klublari o‘rtasidagi bahsning ahamiyati oshib ketdi. Shanba kungi o‘yin g‘olibi «Leypsig» bilan oradagi farqni minimumgacha qisqartirgan bo‘lar, mag‘lub jamoa esa kuchli to‘rtlikni tark etishi mumkin edi. Yakunda «Bayyer» YeChLda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda bor kuch va hissiyotlarini sarflab yuborgani ma’lum bo‘ldi. «Borussiya» esa tajribasini namoyish etib, safardan g‘alaba bilan qaytdi.

Dortmundliklar safida porlayotgan navbatdagi yosh yulduz, himoyachi Anselmino birinchi bo‘lim oxirlarida hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa Adeyyemi Fabiu Silvaning assistini golga aylantirdi. Leverkuzenliklarda esa o‘yinda burilish yasash uchun deyarli imkoniyat bo‘lmadi, Brandt esa yakkama-yakka vaziyatda uchinchi golni urishi ham mumkin edi. Faqat o‘yin oxirida Kofane chiroyli gol bilan hisobni qisqartirishga erishdi, ammo bu gol hech narsani o‘zgartira olmadi. Niko Kovach ochiqchasiga Kasper Yulmanndan ustun keldi. Endi bu mutaxassislar seshanba kuni Germaniya Kubogi doirasida qarama-qarshilikni davom ettiradi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version