Jamiyat

Farg‘onadagi muzeyda yana 11 dona eksponat yo‘qolgan. Bu – muzey bilan bog‘liq birinchi holat emas

Published

on


Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda ushbu muzeyning Shohimardon tabiat muzeyi filiali fond saqlovida bo‘lgan 11 dona muzey eksponatlari yo‘qolgan.

Madaniy meros agentligi direktorining tegishli buyrug‘i bilan holat yuzasidan muzey mas’ul xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.

Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha qaror Farg‘ona tumani Ichki ishlar bo‘limining 2026-yil 18-fevraldagi taqdimnomasidan so‘ng qabul qilingan.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiyaga IIB taqdimnomasida qayd etilgan barcha holatlarni belgilangan tartibda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq atroflicha va xolisona o‘rganib chiqish hamda xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha ma’lumotni Madaniy meros agentligi direktoriga va Farg‘ona tumani Ichki ishlar bo‘limiga taqdim etish vazifasi yuklangan.

«Xabar.uz»ning Farg‘ona viloyati IIB bilan bog‘lanib, ushbu vaziyat yuzasidan bergan aniqlashtiruvchi savollari esa ochiq qoldirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning yoz oylarida ham Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan umumiy bahosi 2,5 mlrd. so‘mlik 70 ta noyob eksponatlar (ulardan 56 tasi rangtasvir asarlari) qalbakilashtirilgani, muzeyni kapital ta’mirlash uchun budjetdan ajratilgan 3,1 mlrd. so‘m mablag‘ning 1,4 mlrd. so‘mi mansabdor shaxslar tomonidan talon-toroj qilingani aytilgan edi.

Shuningdek, muzeyda saqlanishi lozim bo‘lgan 1 dona rangtasvir va 1 dona grafika asari topilmagan. 

Biroq, keyinchalik «Xabar.uz» qo‘lga kiritgan sud hujjatlariga ko‘ra, muzey xodimlarining ikki nafari – muzey direktori va muhofizi mazkur jinoiy ish doirasida tergov bergan va sudda 4 dona orden va medallarni yo‘qotish, 14  dona  ordenni esa qalbakilashtirishda aybli deb topilgan hamda tegishli tartibda jazoga tortilgan. Muzeyni kapital ta’mirlash uchun ajratilgan, biroq o‘zlashtirib yuborilgan pullar miqdori ham 1,6 mlrd hisoblangan (mazkur jinoiy ish tafsilotlari haqida keyinroq xabar joylanadi. Unda, jumladan, «ish»ga aloqador 1938-43 yillarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi bo‘lgan Yo‘ldosh Oxunboboyevning shaxsiga doir ayrim ma’lumotlar ham keltiriladi, -tahr.).

Bundan tashqari, 2011-yilda muzeydan noma’lum sabablarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga jo‘natilgan 21 nomdagi ashyolarning 7 donasi ham g‘oyib bo‘lgan.

Muzeydagi eksponatlarning yo‘qolganidan biroz vaqt o‘tib esa, aniqrog‘i 2024-yilning 11-aprelida mazkur muzeyda to‘satdan yong‘in chiqqan va bir nechta qimmatbaho eksponatlar jiddiy zararlangan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version