Jamiyat
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida joylashgan fermer xo‘jaliklaridan birida baxtsiz hodisa yuz berdi. Membranali qoplamali suv havzasiga tushib ketgan fuqaro halok bo‘ldi.
Foto: FVV / Videodan kadr
Kecha, 3 iyun kuni Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida inson o‘limi bilan bog‘liq baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, membranali qoplama asosida qurilgan suv havzasiga tushib ketgan fuqaro cho‘kib halok bo‘lgan.
Mazkur holatdan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari membranali qoplamali suv rezervuarlaridan foydalanuvchi fermerlarni xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, bunday suv havzalari atrofi to‘sib qo‘yilishi, ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilishi hamda ularga begonalar va bolalarning yaqinlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
Mutaxassislarga ko‘ra, xavfsizlik talablariga amal qilmaslik nafaqat fermer xo‘jaligi xodimlari, balki atrofdagi aholi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Jamiyat
Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali o‘tkaziladi
Joriy yil 26 sentyabr kuni Andijon shahri ilk bor “Yashil uyim” ekologik festivaliga mezbonlik qiladi. Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida tashkil etilayotgan tadbir Berlin Zentrum majmuasida bo‘lib o‘tadi.
YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, festival ekologik turmush tarzi, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy ilmiy va ekologik yechimlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan.
Festival davomida tashrif buyuruvchilar uchun mutaxassislar ishtirokidagi ochiq ma’ruzalar, chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha mahorat darslari, ekologik mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar yarmarkasi, sovrinli o‘yinlar hamda jonli musiqiy dastur tashkil etiladi.
Festivalning asosiy hududida ekologik turmush tarzi va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq turli tadbirlar o‘tkaziladi. Jumladan, yetakchi mutaxassislar ishtirokida “Ekologik yashash qimmat emas: uyda ishni nimadan boshlash kerak?”, “Saraton genomikasi”, “Nega chiqindilarni saralash kerak?”, “Imo-ishora tilini o‘rganamiz”, “Ekologiya yoki iqtisodiyot?” kabi mavzularda suhbat va munozaralar tashkil etiladi.
Tadbir doirasida bolalar uchun ham ma’rifiy va interaktiv mashg‘ulotlar, robototexnika darsi va ilmiy eksperimentlar o‘tkaziladi.
Festival davomida tashrif buyuruvchilar ekologik mahsulotlar yarmarkasida ishtirok etish, mahalliy ekologik tashabbuslar va ilmiy ishlanmalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, festival hududida chiqindilarni topshirish va qayta foydalanishni rag‘batlantiruvchi maxsus punktlar faoliyat yuritadi. Punktlarda batareyalar, ishlatilgan o‘simlik yog‘i, qog‘oz, sellofan va alyuminiy qabul qilinadi.
“Yashil uyim” festivali ekologik mas’uliyatni kundalik hayotdan boshlash, foydali odatlarni shakllantirish va atrof-muhitni asrashga qaratilgan amaliy yechimlarni keng targ‘ib qilish uchun ochiq maydon yaratadi”, — deyiladi YeI delegatsiyasi xabarnomasida.
Jamiyat
Noqonuniy «Umra» xizmati taklif qilgan ikki shaxs ushlandi
Samarqand viloyatining Payariq tumanida faoliyat yurituvchi aviakassa rahbari «Umra» ziyoratiga yuborish huquqiga ega bo‘lmaganiga qaramay, mahalliy fuqaroga Saudiya Arabistoniga safar uyushtirishni taklif qilgan.
U fuqaroning ishonchiga kirib, uni muborak safarga jo‘natish evaziga 1150 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan shaxs uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga «Umra» ziyoratiga yuborishni taklif qilgan.
U buning uchun Toshkent shahridagi go‘yoki «Umra» ziyoratini tashkil etish vakolatiga ega bo‘lgan turistik firma orqali safar uyushtirilishini aytgan va jami 3150 AQSh dollari talab qilgan.
Mazkur shaxs so‘ralgan pul hisobidan oldindan 3,5 mln so‘m olgan vaqtda DXX, IJQKD va IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ushlandi
Andijon viloyatida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Shahrixon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari B.G. “H.” MChJ ish yurituvchisi E.K.ning ishonchiga kirib, umumiy ovqatlanish shoxobchasida kelgusida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmaslik va tekshiruvchilar kelgan taqdirda uning foydasiga hal qilib berishini aytib, 1,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Samarqand Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoniga aylandi
Bugun, 17-sentyabr kuni Samarqand shahrida «Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi» mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir 15-sentyabr — Xalqaro demokratiya kuniga bag‘ishlandi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir BMT hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, «Yuksalish» harakati, Progressiv islohotlar markazi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, O‘zNNTMA hamda O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Forum AQSh, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridagi aql markazlaridan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizdagi jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin mutaxassisni bir davraga jamladi.
Ta’kidlash kerakki, har yili Xalqaro demokratiya kuni doirasida demokratiyaning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. 2026-yilda mazkur sana “Inson huquqlarini diqqat markaziga olib chiqish” mavzusi ostida o‘tkazilmoqda.
Forumning aynan Samarqand shahrida tashkil etilgani ham o‘ziga xos ramziy ahamiyatga ega. Asrlar davomida Samarqand Sharq va G‘arbni, turli xalqlar, madaniyatlar, dinlar va g‘oyalarni bog‘lab kelgan sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib, bu zaminda taraqqiyot muloqot, o‘zaro hurmat, ilm-ma’rifat va hamkorlik bilan uyg‘un rivojlanib kelgan.
Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan geosiyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, migratsiya jarayonlari, axborot makonida ishonchli axborotni ta’minlash bilan bog‘liq masalalar davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot hamda hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Bunday sharoitda demokratik taraqqiyotni ta’minlash, ijtimoiy barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, aholining qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonlarda fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazoratini ta’minlash, inson manfaatlarini ilgari surish, aholi fikrini davlat organlariga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
Shu ma’noda, zamonaviy demokratik taraqqiyot davlat boshqaruvi organlarining ochiq va hisobdor faoliyati, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbuskorligi va faol ishtiroki bilan uzviy bog‘liq.
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, inson manfaatlarini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish borasida muayyan tajribalar shakllandi.
Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhitini mustahkamlash borasida ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati alohida qayd etildi.
Xususan, «yashil» energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslardan oqilona foydalanish, Orolbo‘yidagi ekologik muammolar hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish O‘zbekiston mintaqaviy siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shu bilan birga, har bir mamlakatda mazkur yo‘nalishlarni amalga oshirish o‘ziga xos tarixiy, milliy va institutsional xususiyatlarga ega. Bu esa mintaqada o‘zaro tajriba almashish, umumiy yondashuvlarni muhokama qilish va ilg‘or amaliyotlarni keng tatbiq etish uchun muhim asos yaratadi.
Shu jihatdan, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini qiyosiy o‘rganish, demokratik taraqqiyotning umumiy tendensiyalarini aniqlash, mavjud masalalarni tahlil qilish va istiqbolli vazifalarni belgilash forum muhokamalarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Ochilish marosimidan so‘ng forum o‘z ishini «Xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik: islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari», «Inson manfaatlari va farovonligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli», «Yangi O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda umumiy taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik drayveri» mavzulariga bag‘ishlangan uchta yonma-yon tadbirda davom ettirdi.
Sessiyalar doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarida fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlar va NNTlar tarmoqlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mintaqada fuqarolik jamiyati institutlari uchun doimiy muloqot platformalarini rivojlantirish, ijtimoiy innovatsiyalar hamda samarali NNT amaliyotlarini ommalashtirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, Qozog‘istonning «Yermensay» jamoat birlashmasi rahbari Lyudmila Sengirbayeva mamlakatida mahalliy ijtimoiy muammolarni hal etishda «davlat — fuqarolik jamiyati — mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish» uch bosqichli modeli shakllanganini o‘rtoqlashdi.
Unda asosiy yondashuv an’anaviy ma’muriy boshqaruvdan fuqarolar va NNTlarni qaror qabul qilish jarayoniga jalb etuvchi ishtirokchi boshqaruvga o‘tishga qaratilganini bildirildi. Ta’kidlashicha, bu hamkorlik Fuqarolik forumi, vazirlik va hokimliklar huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda jamoatchilik nazorati instituti orqali amalga oshiriladi. Jamoatchilik kengashlari tarkibining kamida 70 foizini jamoatchilik vakillari tashkil etishi fuqarolar ovozini qarorlarga olib kirishga xizmat qiladi.
Tojikistonning «Iqtidor» jamoatchilik tashkiloti boshqaruv Kengashi a’zosi Nodira Rahmonberdiyeva jamoatchilik monitoringini davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida e’tirof etdi. Xususan, jamoatchilik monitoringi davlat va aholi o‘rtasidagi samarali qayta aloqa mexanizmi sifatida muammoni aniqlashdan tortib ma’lumot to‘plash, faktni tekshirish, tahlil, tavsiya, davlat bilan muloqot va tavsiyalar ijrosini qayta kuzatishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni qamrab olishi kerakligi haqidagi fikrni ilgari surdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, tadbirda ishtirok etgan xorijlik ekspertlar mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqot mexanizmlarini takomillashtirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdilar.
Forum global miqyosda demokratik institutlar oldida yangi chaqiriqlar yuzaga kelayotgan bir sharoitda Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini kengaytirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan rezolyusiya qabul qilindi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda harorat 34 darajagacha isiydi
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 29-34 daraja bo‘ladi.
Toshkentda havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 31-33 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 22-27 daraja bo‘ladi.
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Sport5 days agoButunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumidagi asosiy fikrlari
-
Jamiyat5 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yilishi mumkin
-
Sport4 days ago
«Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi
-
Jamiyat4 days ago
Sud hokimiyatiga oid muhim qonun qabul qilindi
