Jamiyat
Farg‘onada chegara-bojxona postida giyohvandlik vositalari qo‘lga olindi
Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi “Ravot” chegara-bojxona postida Tojikistondan kirib kelgan “Lasetti” avtomashinasi tekshiruvdan o‘tkazilib, undan giyohvandlik vositalari hamda Royal nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi.
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida joylashgan “Ravot” chegara-bojxona postiga Tojikistondan kirib kelgan, O‘zbekiston tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida sinchkovlik bilan tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasida avtomashinada 10 kg 739 gr “gashish”, 412 gr “marixuana”, 35 gr “opiy” giyohvandlik vositalari, shuningdek, 6945 dona Royal kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilgani aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Tergov doirasida uning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.