Jamiyat
Farg‘onada ayol erini urgani uchun oilaviy zo‘ravonlikda ayblandi
Farzandlarini aylantirib kelish maqsadida ko‘chaga chiqqan er-xotin san’at saroyi yoki savdo majmuasiga borish masalasida tortishib qolgan. Oradan 2 kun o‘tib janjal yana davom etgan: ayol eriga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilib, qo‘li bilan urgan holda unga tan jarohati yetkazgan. Sud ayolni jinoiy jazoga tortdi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Farg‘ona shahrida erini urgan ayol jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1999 yilda tug‘ilgan M.A. 2026 yil 20 fevral kuni turmush o‘rtog‘i M.S. bilan oilaviy kelishmovchilik sabab o‘zaro janjallashgan. Ayol janjal paytida erini qo‘li bilan urib, qasddan tan jarohati yetkazgan hamda unga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik qilgan.
Ayol sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U ko‘rsatmasida o‘zaro janjal paytida o‘zini himoya qilmoqchi bo‘lib, erini turtib yuborganini aytgan.
“2026 yil 18 fevral kuni farzandlarimizni aylantirib kelish uchun ko‘chaga chiqdik. Men san’at saroyiga, turmush o‘rtog‘im savdo majmuasiga borishni aytdi. Jahlim chiqib, u bilan janjallashib ketdim. U esa uyga kirib ketdi. Qo‘rqib, otamning uyiga ketib yubordim”, degan ayol.
Oradan 2 kun o‘tib M.A. turmush o‘rtog‘ining uyiga qaytgan hamda er-xotin o‘rtasida yana janjal chiqqan.
“Meni urmoqchi bo‘lganida o‘zimni himoya qilish maqsadida qo‘lim bilan turtib yubordim. Hozirda harakatlarim noqonuniy ekanini tushunib yetdim”, degan M.A.
Jabrlanuvchi erkak esa ayolini kechirmasligini aytib, suddan unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Farg‘ona shahar sudi hukmi bilan M.A. Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy zo‘ravonlik) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga BHMning 20 baravari (8 mln 240 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Jabrlanuvchi erkakka davolanishi uchun ketgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Jamiyat
“O‘zbektelekom”ga ishga kiritishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida fuqaroni “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan shaxs tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. U ishga kiritish uchun 20 million so‘m talab qilgan.
Foto: Telegram / Department_uz
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Taxiatosh tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda muqaddam sudlangan N.S. ismli fuqaro ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqaro X.R.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali “O‘zbektelekom” AKga ishga kiritib qo‘yishini aytgan. Shu maqsadda kelishilgan 20 million so‘mning 15 million so‘mini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
«Bunyodkor» stadioni ishchilarining oyligi undirib berildi
Kun.uz «Bunyodkor» stadioni ishchilariga o‘tgan yilning dekabr oyidan beri pul berilmayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Davlat mehnat inspeksiyasi stadion xodimlariga shu paytgacha to‘lanmagan oyliklari to‘liq undirib berilgani haqida xabar berdi. Xususan, direksiyaning 49 nafar ishchisiga jami 867 mln so‘mlik ish haqi to‘lab berilgan.
«Bunyodkor» stadioni direksiyasining bir guruh xodimlari oyliklari 2025 yilning dekabr oyidan buyon kechikayotgani sababli og‘ir iqtisodiy ahvolda qolganidan shikoyat qilib, Kun.uz’ga murojaat qilgandi. Davlat mehnat inspeksiyasi stadion ishchilariga shu paytgacha to‘lanmagan oyliklari to‘liq undirib berilgani haqida xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, «Bunyodkor» stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi» korxonasining 49 nafar xodimiga jami 867 mln so‘mlik ish haqi undirib berilgan.
Hozirda xodimlar oldida ish haqi bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi qayd etilgan. O‘z navbatida xodimlarga qaysi manbadan maoshlar to‘lab berilgani ochiqlanmagan.
Oyliklar kechikishiga nima sabab bo‘lgandi?
Shu paytgacha «Bunyodkor» direksiyasi xodimlarini moliyalashtirish 2018 yildagi prezident qarori asosida «O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilgan. Ammo joriy yildan boshlab vaziyat birdan o‘zgardi. Gaz qazib olish ko‘rsatkichlarining muttasil kamayib borayotgani va qator tizimli muammolar fonida «O‘zbekneftgaz» 2026 yil 1 yanvardan «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublariga pul ajratishni to‘xtatdi. Kompaniya sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlari hamda xarajatlarni maqbullashtirishini e’lon qildi. O‘z navbatida Superliga klublarining har biriga davlat budjetidan 2026 yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Ya’ni shu paytgacha «O‘zbekneftgaz» qaramog‘ida bo‘lgan «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublariga muqobil manbalardan pul berilyapti, ammo «Bunyodkor» direksiyasini moliyalashtirish haligacha noaniq bo‘lib qolyapti. Bu esa yuzlab ishchilarning oyliksiz qolib ketishiga sabab bo‘ldi.
Jamiyat
Parkentda davlat yerini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatining Parkent tumanida davlat zaxirasidagi yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga uringan shaxslar tezkor tadbir davomida ushlandi. Ular yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun mansabdor shaxsga pora berishni rejalashtirgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va 1970 yilda tug‘ilgan fuqaro davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydonini xaridorga 20 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Shuningdek, ular Davlat kadastrlari palatasining tuman filiali muhandisi orqali 2-3 ming dollar evaziga yer hujjatlarini rasmiylashtirib berishni maqsad qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla raisi, kadastr muhandisi va mazkur fuqaro 17 ming AQSh dollari hamda 37 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.
Jamiyat
«Ko‘cha bolasi» bo‘lishni istagan o‘quvchilardan iborat «to‘da»ga chek qo‘yildi
Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sport bilan shug‘ullanuvchi bir guruh buxorolik voyaga yetmaganlarning jinoiy harakatlariga chek qo‘yilib, «uyushgan to‘da» faoliyati tugatildi.
Buxoro shahrida voyaga yetmagan yoshlar ishtirokidagi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuv ortidan kelib chiqqan navbatdagi «ko‘cha janjali»ning ortida jiddiy muammolar yashiringani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro avval Instagram ijtimoiy tarmog‘ida boshlangan. Gap-so‘z bir qiz bola sabab chiqqan. Buxoro tumanidagi maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigit bilan yozishmalar atrofida boshlangan bahsga Buxoro shahridagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilari ham aralashgan. Oddiy internet tortishuvi asta-sekin haqorat, tahdid va «razbor» chaqiriqlariga aylanib ketgan.
Tomonlar masalani «ko‘chada hal qilish»ga kelishib olishgan.
Uchrashuv uchun esa Buxoroning eng gavjum va turistlar qatnovi yuqori bo‘lgan hududlaridan biri – eski shahar atrofidagi Samarqand ko‘chasi tanlangan.
Kechki payt belgilangan joyga kelgan jabrlanuvchilarni 10-15 nafardan iborat uyushgan yoshlar guruhi qarshi olgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, janjal oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Guruh a’zolari jabrlanuvchilarni shafqatsizlarcha kaltaklashgan. Ular boshqaruvidagi oq rangli Nexia avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazilgan.
Eng tashvishlisi, ayrim gumonlanuvchilar o‘zlari bilan sovuq qurol olib kelgani va janjal vaqtida undan foydalanganidir.
Natijada jabrlanuvchilar tan jarohati olgan.
Voqeadan so‘ng gumonlanuvchilar hodisa joyidan yashiringan. Biroq, Buxoro viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan ular qisqa vaqt ichida aniqlanib, qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida ushbu janjalga aloqador bir nechta ta’lim muassasalari nomi tilga olingan. Buxoro shahridagi 3 ta maktab va Buxoro tumanidagi 1 ta maktab o‘quvchilari mojaroda ishtirok etgani aytilmoqda. Ular orasida oliy ta’lim muassasasi talabalari ham bo‘lgan. Ayrim talabalarning hujjatsiz holda avtomashina boshqarib kelgani ham aniqlangan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari janjalni zudlik bilan to‘xtatib, ishtirokchilarning ota-onalarini ham tergovga chaqirgan.
Mazkur urush-janjalda shaxsan ishtirok etganlarning shaxsiga aniqlik kiritilganda, holatga Buxoro tumanidagi 39-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Buxoro shahridagi 36-, 15- hamda 10- sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etgani aniqlangan.
Voqeadan keyin Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i nomiga jinoyatga aloqador maktablarda xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. Va shu asosda 4 ta maktabda ham o‘rganuv o‘tkazilgan.
Boshqarma mas’ul xodimining bildirishicha, o‘rganuvlar davomida janjal ishtirokchilarining aksariyati darslarda muntazam qatnashib kelgan. O‘sha kuni ham ularning barchasi mashg‘ulotlarda ishtirok etgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, mazkur umumiy o‘rta ta’lim maktablari mas’ullari tomonidan o‘z vaqtida huquqbuzarlikka qarshi kurash, jinoyatchilikning oldini olish borasida yetarli tadbirlar tashkil etilmagani, manzilli chora-tadbirlar belgilanmagani natijasida maktab o‘quvchilari ishtirokidagi bu kabi noxush holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.
Xususan, o‘rganuvlar Buxoro shahridagi 36-maktab faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.
— Bu ko‘ngilsiz voqea darsdan keyin sodir bo‘lgan. O‘quvchilarning darslarga qatnashuvida muammo bo‘lmagan. Lekin, 36-maktab ma’muriyatida jiddiy xatolar bor. Maktab ish rejasi tasdiqlanmagan. Dars jadvali ham tartibli yuritilmagan, — dedi boshqarma mas’uli.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi, ya’ni bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik sodir etish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ichki ishlar organlari, shuningdek, mazkur guruh harakatlaridan jabrlangan boshqa fuqarolar bo‘lsa, murojaat qilishlarini so‘ragan.
Tergov jarayonida ota-onalarning pushaymonliklari ham jamoatchilik e’tiborini tortdi.
— Farzandimning tarbiyasiga yetarlicha e’tibor bermaganim uchun pushaymonman. O‘g‘limga ortiqcha ishonib, uni nazorat qilmabman, — deydi gumonlanuvchilardan birining onasi.
Mazkur jinoyatning asosiy tashabbuskorlari sifatida 2009-yilda tug‘ilgan H.S. va T.M. tilga olinmoqda.
Gumonlanuvchilardan biri H.S. tergovda qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan:
— Xalqqa zarar yetkazdik. Labi Hovuzda, ko‘chada janjal qildik. O‘sha payt turistlar ham o‘tib ketayotgandi. Qo‘rqib ketishdi. «Ko‘cha bolasi» bo‘lishni havas qilgandik. Lekin, hozir qilgan ishimdan pushaymonman.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur voqea faqat oddiy yoshlar janjali emas. Bu — ijtimoiy tarmoqlarda shakllanayotgan «ko‘cha romantikasi», nazoratsiz internet muhiti, voyaga yetmaganlar orasidagi soxta obro‘ uchun kurash va ta’lim-tarbiya tizimidagi bo‘shliqlarning bir nuqtada to‘qnashgan xavfli signalidir.
Buxoroning tarixiy markazida, sayyohlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan bu kabi voqealar, nafaqat, jamoat xavfsizligiga hamda shaharning nufuziga ham jiddiy soya tashlamoqda.
Mazkur holat sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar va mas’ullar xatti-harakati yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga qaytamiz.
Laylo Hayitova
Jamiyat
Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
Hodisa 19 may kuni Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan. 25 yoshli yigit tushdan so‘ng qo‘ylarini boqish maqsadida chiqib ketgan. Kechga yaqin uning murdasi sel bilan oqib kelgan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qashqadaryo viloyatida sel oqizib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Hodisa Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan. 19 may kuni soat 20:20 da tuman IIB navbatchilik qismiga Yangi hayot mahallasi Qurilish qishlog‘idagi daryodan sel bilan birga notanish erkak murdasi oqib kelgani haqida xabar kelib tushgan. Tuman prokurori rahbarligidagi tergov-tezkor guruhi hodisa joyiga yetib borgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida halok bo‘lgan yigit 2001 yilda tug‘ilgan O.Sh. ekani aniqlangan.
Marhumning yaqinlariga ko‘ra, O.Sh. 19 may kuni soat 15:00 larda qo‘ylarini boqish uchun chiqib ketgan. U soat 18:00 ga qadar qaytib kelmagan. O‘sha vaqtda qishloqda kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelgan. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, yigitning murdasi suvda oqib kelgan.
Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
FVV axborot xizmatiga ko‘ra, 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Yakkabog‘, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlarida kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilgan. Sel toshishi oqibatida Qamashida ichki yo‘l, Yakkabog‘da esa ko‘prik ma’lum muddat yopilgan.
-
Jamiyat5 days agoSergelidagi qo‘lansa hid: muammo yechimi nimaga bog‘liq?
-
Jamiyat5 days ago“Meni zapretdan chiqaringlar, ijod qilmoqchiman, deya olmadim”
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Jamiyat4 days ago“2 kishiga 165 mln so‘m” – Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Dunyodan4 days agoYaponiya atom elektr stansiyasida radioaktiv zarrachalar bilan bug ‘chiqishi kuzatildi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Jamiyat4 days agoAfg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
