Jamiyat
“Faqat ovqat emas, emotsiya va nohaqliklarni ham ko‘tarishga majburmiz”: ofitsiantlar hayotida bir kun
Girgittonlik – ko‘plab yoshlar uchun vaqtinchalik daromad manbai. Bu ish tashqi tomondan oson ko‘rinadi, biroq ofitsiantlar hayotining parda ortidagi og‘riqli jihatlari ko‘pchilikka noma’lum. Taomlarni tez va sifatli yetkazish, kun bo‘yi tik oyoqda ishlash ularning kundalik mas’uliyati hisoblanadi. Ammo girgittonlar kezi kelganda sabrsiz mijozlarning qo‘polligini ko‘tarish, buyurtmalar ko‘payganda tushlik qilmay och qolish, mijozlar hisobni to‘lamay qochganda xarajatni qoplashga ham majbur. Ushbu ko‘rsatuvda “Qaldirg‘och” milliy taomlari restoranida faoliyat yuritayotgan yoshlar misolida ofitsiantlik kasbining haqiqatlari, sohadagi qiyinchiliklar va xo‘randalarning taomlanish madaniyati hikoya qilinadi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
O‘zbekistonda girgittonlik vaqtinchalik ish bo‘lib, 17-35 yosh atrofidagi yoshlar va talabalar orasida keng tarqalgan. Aksar universitet talabalari darsdan tashqari paytda kafe va restoranlarda ishlaydi, shu tariqa o‘qish bilan birga o‘z xarajatlarini qoplashga harakat qiladi.
Ko‘rsatuv qahramonlaridan biri – 20 yoshli Rimma Killer ham poytaxtdagi xususiy universitetlardan birida moliya yo‘nalishida tahsil oladi. Maktabda katta sinfga o‘tgan vaqtidan restoran sohasiga doir turli kasblarda ishlab ko‘rgan. Ota-onasi uning bolalik paytidayoq ajrashib ketgan va boshqa-boshqa oila qurgan. O‘smir qiz esa buvisining qaramog‘ida qolgan. Buvisi olamdan o‘tganidan so‘ng qiz xolasining uyida yashay boshlagan. Shundan keyin, oilaga “og‘irligim tushmasin” degan maqsadda turli ishlarni bajarib, daromad topgan.
“Aslida 16 yoshlilarni ishga olishmaydi. Qo‘shnilarimiz, tanish xolalar bilan birga borib ish o‘rganardim. Kafe va restoran boshliqlariga vaziyatim og‘irligini, ishlamasam bo‘lmasligini tushuntirib, opalarim ish topishimga yordam berishardi. 2 yildan buyon mustaqil pul topaman. “Qaldirg‘och” milliy taomlarida faoliyat yuritayotganimga esa 7 oy bo‘ldi”, – deydi Rimma Killer.
Ayni paytda abituriyent sifatida oliy ta’lim muassasiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan va bir vaqtning o‘zida girgittonlik faoliyatini olib borayotgan Elomon Saydullayev 18 yoshda. Uning ofitsiant sifatida ish boshlaganiga 2 yil bo‘lgan. Hozirda tungi smenada girgittonlik qiladi.
“Asosan kechqurun ishlayman, kunduzi darslarga borib, testga tayyorlanaman. Ba’zan uyga ertalab charchab qaytaman, kitob o‘qib, mashq qilishga energiya tugab qoladi. Ayrim paytlarda stress va charchoqdan miyamga dars umuman kirmaydi. Shu sabab, bu yil ham talabalikka erisha olmadim. Ishga endi chiqqan vaqtlarimda, ya’ni 2 yil avval otam katta yuk mashinasi haydovchisi, onam esa maktabda farrosh bo‘lib ishlardi. Oiladagi moddiy ahvol og‘ir bo‘lgani sababli kattalarga yordamlashish uchun pul olib keladigan mehnat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lganman. Vaziyatim yaxshilanganda, bor diqqatimni o‘qishga qaratib, testlarga kuchliroq tayyorlanar edim”, – deydi Elomon Saydullayev.
Restorandagi yoshi eng katta girgittonlaridan biri Naima To‘rayeva (ism-familiya shaxsning iltimosiga binoan o‘zgartirildi) 2 nafar farzandning onasi. U qishloqdagi yumushlar sog‘ligiga to‘g‘ri kelmagani uchun poytaxtga kelgan.
“Jigarimni operatsiya qildirganim sababli o‘zimiz yashaydigan hududdagi pul to‘lanadigan ishlarni bajarish sog‘ligimga to‘g‘ri kelmadi. Shu tufayli Surxondaryodan Toshkentga keldim. Operatsiya xarajatlarimni qoplashga akalarim yordam berdi. Biroq davolanish va sog‘ligimni qayta tiklashga ham qo‘shimcha mablag‘ kerak edi. Pul topish uchun “Qaldirg‘och” restoraniga ishga kirdim. Ungacha hech qanday faoliyat bilan shug‘ullanmaganman. Uy bekasi bo‘lganman. Avvaliga uyimdan uzoqda yashash, notanish shaharda turli xarakterdagi odamlarga xizmat ko‘rsatish oson bo‘lmadi. Ba’zida mijozlarning gaplariga chidash, og‘ir laganlarni ko‘tarish, kun bo‘yi tik oyoqda turishga to‘g‘ri keldi. Lekin boshqa ilojim yo‘q edi — farzandlarimning ehtiyoji, uyimdagi xarajatlar, dori-darmonimning pulini to‘lash uchun mehnat qilishga majbur edim”, – deydi Naima To‘rayeva.
Ayrim ayollar oilaviy sharoit sababli yoki qo‘shimcha daromad izlab bu sohaga kirib keladi. Ular ko‘proq fast-fud tarmoqlari yoki oilaviy kafelarda ishlaydi. Bunday joylarda ish uncha murakkab emasdek ko‘rinsa-da, aslida mas’uliyati katta: ovqatni tez va toza holda eltib berish, mijozning kayfiyatiga e’tibor qaratish, xizmat jarayonida muloyimlikni saqlash talab etiladi.
“Ba’zi mijozlarning noo‘rin gaplari yoki haddan tashqari e’tibori meni noqulay ahvolga soladi. Ish vaqtida samimiy va muloyim bo‘lishimiz kerak. Odatda, barcha xo‘randalarga tabassum bilan xizmat ko‘rsatamiz. Buni ayrim odamlar noto‘g‘ri tushunib, yengiltaklikka yo‘yadi: “raqamingizni bering”, “ishdan keyin nima qilasiz?” degan gaplarni gapirib, bizni xijolat qiladi. Ba’zan ish bizga bog‘liq bo‘lmagan holda cho‘ziladi, uyga qaytishga kechikamiz. Shunday paytlarda poylab turib, yo‘lda ham gap otib ketadiganlar topiladi. Qiz bola girgittonlar uchun shaxsiy chegarani himoya qilish oson emas. Ishimiz halol, og‘ir mehnat qilib pul topyapmiz, odamlarning bizga bunday ko‘z bilan qarashlarini istamas edik”, – deydi Rimma Killer.
“Qaldirg‘och” milliy taomlari bosh menejeri, 15 yillik tajribaga ega girgitton Firdavs Rashidovning aytishicha, mahalliy doirada odamlarda xo‘randalik madaniyatini shakllantirish kerak. U mijozlar orasida taom kutishda sabrsizlik, ofitsiantlarni mensimay, qo‘pol gapirish hamda hisobni to‘lamay ketish kabi holatlar uchrashini ta’kidlaydi.
“Restoranimizda ko‘p taomlar, masalan, salatlar har bir buyurtmadan keyin o‘sha vaqtning o‘zidayoq yangi (svejiy) tayyorlanadi, birinchi va ikkinchi ovqatlar esa yarim tayyor holatda bo‘ladi. Faqatgina karam sho‘rva (borsh)ni yanada yaxshiroq ta’m kirishi uchun bir kun avval pishirib qo‘yamiz. Qolgan hamma taomlar xo‘randalardan buyurtmani qabul qilgandan keyingina yangi tayyorlab beriladi. Bu esa ovqatlarning tez yoki uzoq pishishi, oson yo murakkab tayyorlanishiga qarab turlicha vaqtni oladi.
Salatlarga o‘rtacha 8-15 daqiqa, birinchi ovqatlarga 15-20 daqiqa, ikkinchi taomlarga esa 25-30 daqiqaga yaqin vaqt sarflanishi mumkin. Menyuda har bir taomning tayyor bo‘lish vaqti qancha minutni tashkil etishini ham yozib qo‘yganmiz. Biroq xo‘randalar bunga e’tibor qilmay, sabrsizlik ko‘rsatib, ba’zan baqirib ketadi. Aynan shu masala ortidan janjalli holatlar yuzaga kelib turadi. Eski taomni olib chiqib bera olmaysiz, hech kim bir kun avval pishirilgan ovqatni yegisi kelmaydi. Yangi tayyorlanadigan taomni kutishga esa odamlarning gohida sabri chidamaydi”, – deydi Firdavs Rashidov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xo‘randalar orasida taomlarni iste’mol qilib, porsiya tugay deganda ovqat yoqmaganini aytib, boshqa ovqat so‘raydiganlar va hatto dasturxon pulini to‘lamay ketadiganlari ham topiladi.
“Odam yegan narsasi uchun to‘lovni amalga oshirishni unutishini hech xayolimga sig‘dira olmayman. Ayrimlar o‘zini parishonxotir ko‘rsatib, taomlanib bo‘lganidan so‘ng atrofga qarab indamay chiqib ketadi. Ba’zilarni kameradan kuzatib ushlab qolamiz. Sababini so‘rasak, “yodimdan ko‘tarilibdi”, “shoshib, esdan chiqaribman” degan vajlarni ko‘rsatadi. Ovqat puli to‘lanmay qolgan hollarda jarima girgittonga yuklanadi. O‘zi ularning ishi og‘ir bo‘lsa, bir noinsof xo‘randani deb 2-3 kunlik mehnati ayrim hollarda kuyib ketadi”, – deydi restoran menejeri.
Restoranda ishlashning ham o‘ziga xos qiyinchiliklari mavjud, ularning aksariyati ko‘rinmas, ammo og‘riqli. Xodimlar kun bo‘yi tik oyoqda yurib, ovqat tashiydi, o‘zi tushlik qilishga ulgurmasa-da xo‘randalarni uzoq vaqt och qoldirmaslik uchun harakat qiladi, har bir mijozning injiqliklarini ko‘tarib, talabini qondirishga urinadi, lekin ba’zan buning qiymati e’tiborsiz qoladi.
“Fikrimcha, girgittonlik O‘zbekistonda eng qadrlanmaydigan kasblardan biri. Ishimiz odamlarga oson ko‘rinadi: ovqatni olib kelish, idish-tovoqni yig‘ish. Lekin aslida bu kasb katta sabr, chaqqonlik, xotira va har bir shaxs bilan individual yondashib muomala qilishni talab etadi. Mijozning kayfiyatini buzmaslik, xafa qilmaslik, hatto charchoqni bildirmasdan kulib turish ham kerak. O‘zimizni ba’zan bir stoldan ikkinchisiga yugurayotgan poygachi, ba’zan og‘ir patnos ko‘tarib mashq qilayotgan sportchi, gohida esa “bu ovqat yoqmadi” degan mijoz bilan murosa qilayotgan diplomatga o‘xshataman. Restoranga kelgan odamlar ayrim paytlarda bizni mensimay, qo‘pol gapiradi. Ayrim vaziyatlarda jirkanib muomala qiladi. Menimcha, bunday qarashni o‘zgartirishimiz kerak. Biz ham boshqalar singari halol mehnat qilib, yashash uchun kurashayotgan oddiy odamlarmiz”, – deydi Elomon Saydullayev.
Intervyuni to‘liq holda Kun,uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Muallif Diyoraxon Nabijonova
postanovka ishtirokchilari Ibrohim Samadov, Fazliddin Rahmonaliyev
operatorlar Ziyaddin Mammatjonov, Abdulloh Hasanov, Bobur Anvarov
montaj ustasi Abdulloh Hasanov
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat2 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat5 days agoSirdaryo viloyati IIBga yangi rahbar tayinlandi
-
Siyosat4 days ago
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
-
Siyosat19 hours ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
