Siyosat
Eronning javobi va so‘nggi o‘zgarishlarga nazar: Qonuniy mudofaadan mintaqaviy mas’uliyatgacha
Zamonaviy xalqaro tartib bir nechta asosiy tamoyillarga tayanadi: davlatlar suverenitetini saqlash, harbiy tajovuzni taqiqlash hamda nizolarni huquqiy va diplomatik mexanizmlar yordamida hal qilish. Shu bilan birga, amalda shunday holatlar yuz beradiki, mazkur tamoyillar buziladi va biror davlat harbiy harakat xavfi ostida qoladi. Bunday sharoitda xalqaro huquq faqat bitta qonuniy javob yo‘lini nazarda tutadi: qonuniy mudofaa huquqi.
Fors ko‘rfaz va Eron atrofidagi so‘nggi o‘zgarishlarni ham aynan mana shu doirada tahlil qilish lozim. Ya’ni dastlab Eronga qarshi harbiy harakat amalga oshirilgan va keyin Eronning javobi o‘zini himoya qilish shaklida bo‘lgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining eng muhim tamoyillaridan biri – xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishni taqiqlash tamoyilidir. BMT Nizomining 2-moddasiga ko‘ra, hech bir davlat boshqa davlatning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish huquqiga ega emas. Eron tomonidan bildirilgan rasmiy pozitsiyaga ko‘ra, bu mamlakatga qarshi amalga oshirilgan hujum ushbu asosiy tamoyilning ochiq-oydin buzilishi hisoblanadi. Xalqaro huquqda bunday harakatlar qonunga zid ravishda kuch ishlatish sifatida baholanadi va bu mintaqaviy va global xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkin.
Tajovuzni taqiqlash tamoyili bilan bir qatorda, BMT Nizomi muhim bir istisnoni ham nazarda tutadi – bu qonuniy mudofaa huquqidir. BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, agar biror davlat qurolli hujumga uchrasa, u o‘zini himoya qilish uchun chora ko‘rishi mumkin.
Eron mamlakatning harbiy javobi AQSh va sionistik rejim tomonidan amalga oshirilgan dastlabki tajovuzga javob sifatida va aynan shu huquqiy tamoyil doirasida amalga oshirilganligini ma’lum qildi. Xalqaro huquq nuqtai nazaridan, qonuniy mudofaa quyidagi asosiy shartlar bajarilganda qonuniy hisoblanadi: zarurat, mutanosiblik va tahdid o‘choqlarini nishonga olish.
Zamonaviy mojarolarning eng murakkab jihatlaridan biri – harbiy amaliyotlarni amalga oshirish uchun uchinchi davlatlar hududi yoki infratuzilmasidan foydalanishdir. Ko‘plab zamonaviy urushlarda harbiy kuchlar operatsiyalarni amalga oshirish uchun boshqa mamlakatlarda joylashgan bazalar, aeroportlar yoki inshootlardan foydalanishadi.
Bunday holatlarda shunday savol tug‘iladi: agar bir davlatga qarshi harbiy amaliyot boshqa bir davlat hududidan amalga oshirilsa, buning mas’uliyati qanday belgilanadi? Ko‘plab huquqiy tahlillarga ko‘ra, agar bir davlatning hududi yoki infratuzilmasidan boshqa davlatga qarshi harbiy amaliyotda bevosita foydalanilsa, u holda bunday infratuzilmalar harbiy nuqtai nazardan operatsiyaning bir qismi yoki qonuniy mudofaa nishoni sifatida baholanishi mumkin.
Eron oldinroq boshqa davlatlar hududi, osmoni yoki imkoniyatlaridan Eronga qarshi hujum uchun foydalanilsa, bu tajovuzda ishtirok sifatida baholanadi deb ogohlantirgandi. Bu ogohlantirish aslida inqirozning kengayib ketishini va mintaqadagi davlatlarning mojaroga tortilishini oldini olishga qaratilgan harakat edi.
Mazkur ogohlantirishlarga qaramay, e’lon qilingan ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Eronga qarshi ayrim amaliyotlar mintaqaning ba’zi davlatlarida joylashgan harbiy bazalar yoki infratuzilmalardan foydalangan holda rejalashtirilgan yoki amalga oshirilgan.
Bunday sharoitda Eron mintaqadagi ayrim nishonlarga nisbatan amalga oshirilgan javob choralari bu davlatlar yoki ularning xalqlariga qaratilmagan, balki faqat Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda foydalanilgan infratuzilmalarga qaratilganlini ma’lum qildi.
Ko‘plab tahlilchilar tomonidan bunday yondashuv mojaro doirasini cheklash va uni mintaqaviy urushga aylanib ketishining oldini olishga qaratilgan harakat sifatida baholanadi.
Yana bir muhim jihat – Eronning Fors ko‘rfazidagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarining mohiyatidir. Mazkur davlatlar asrlar davomida bir-birlari bilan yonma-yon yashab kelgan va ular o‘rtasida keng iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy aloqalar mavjud.
Eron bir necha bor mintaqadagi qo‘shni davlatlar, ularning xalqlari va hukumatlari bilan hech qanday ixtilofga ega emasligi va Fors ko‘rfazi xavfsizligi mintaqa davlatlarining o‘zi tomonidan ta’minlanishi kerakligini ta’kidlagan.
So‘nggi yillarda ham Eron va Fors ko‘rfazi arab davlatlari o‘rtasidagi muloqotlarni mustahkamlash va taranglikni yumshatishga qaratilgan sa’y-harakatlar amalga oshirilgan.
Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, mintaqadagi ba’zi bir keskinliklarning asosiy omillaridan biri – Fors ko‘rfazida AQSh harbiy kuchlarining keng miqyosdagi ishtirokidir. Ko‘plab harbiy bazalarning mavjudligi va ayrim mamlakatlarda xorijiy harbiy kuchlar hamda texnikalarning joylashuvi ba’zi holatlarda mezbon davlatlarni o‘zlari istamagan holda mintaqaviy inqirozlarga tortib ketishi mumkin.
Mintaqa jamoatchiligi ham harbiy mojarolarning kengayishiga nisbatan juda e’tiborli va ko‘p hollarda xorijiy harbiy kuchlarning joylashtirilishiga qarshi ekanini bildirib keladi. Ko‘plab so‘rovnomalarda Yaqin Sharq aholisi o‘z mamlakatlari katta davlatlar raqobatining maydoniga aylanib qolishidan xavotirda ekanini bildirgan.
Fors ko‘rfazi dunyoning eng muhim strategik hududlaridan biri hisoblanadi va jahon energiya savdosining katta qismi aynan shu hudud orqali amalga oshiriladi. Bu mintaqadagi har qanday harbiy taranglik butun dunyo uchun katta iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, bunday inqirozlarning yana takrorlanishini oldini olishning eng barqaror yo‘li – mintaqaviy muloqotlarni kuchaytirish, davlatlar suverenitetini hurmat qilish va mintaqa davlatlari hududidan harbiy mojarolar uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Fors ko‘rfazi mintaqasi davlatlarining aholisi, hukumatlari va davlat hokimiyatlari Eron uchun hurmatga sazovordir va bu yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bundan keyin ham davom etadi.
Muhammadali Iskandariy, Eron Islom Respublikasining O‘zbeksiton Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi
(Mazkur materialdagi qarashlar tahririyat pozitsiyasini anglatmasligi mumkin)