Iqtisodiyot
Erondagi sulh xabarlari ortidan neft narxi keskin tushdi
Brent markali neft fyucherslari qariyb 13 foiz arzonlashib, bir barrel uchun 95 dollargacha tushdi. Bu Tramp va Eron tomonidan ikki haftalik sulh haqidagi xabarlarga yaqqol reaksiya bo‘ldi.
Foto: Brian Snyder/REUTERS
Jahon bozorlari Eronda ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabarlarga neft va uni qayta ishlash mahsulotlari narxining pasayishi bilan javob qaytardi. 8 aprel, chorshanba tongiga kelib, Brent markali neft fyucherslari narxi bir barrel uchun 95 dollar atrofida tebrandi. Holbuki, bir kun avval u taxminan 110 dollardan sotilayotgan edi. Buni kotirovkalarni kuzatib boruvchi servislar ma’lumotlari ko‘rsatmoqda.
Trading Economics platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, xom neft jahon bozorlarida bir sutka ichida 14 foiz arzonlab, bir barrel uchun 96 dollardan sotilgan. AQShda pech yonilg‘isi sifatida keng qo‘llanadigan mazut narxi bir sutkada 17 foizga tushdi, benzin esa qariyb 10 foiz arzonladi.
Neft sektoridagi narxlar pasayishi — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida ikki haftalik sulh o‘rnatilgani hamda Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yishi yaqin orada bekor qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlarga bozorlarning yaqqol reaksiyasidir. Bu bo‘g‘oz Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan boshqa hududlarga neft yetkazib berishda eng muhim yo‘laklardan biri hisoblanadi.
7 aprel kechqurun, AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq Eronga qo‘ygan va “butun bir sivilizatsiyaning halokati” bilan tahdid qilgan ultimatum muddati tugashiga bir necha soat qolganida, Oq uy rahbari Tehron javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalarga hujumlarni to‘xtatsa, Islom Respublikasiga qarshi hujumlarni to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, buni AQSh va Eron o‘rtasida vositachi bo‘lib turgan Pokiston so‘ragan.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi mamlakatga qarshi hujumlar bo‘lmagan taqdirda, qurolli kuchlar “mudofaa operatsiyalari”ni to‘xtatishini tasdiqladi.
“Ikki hafta davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning xavfsiz o‘tishi Eron Qurolli kuchlari bilan muvofiqlashtirilgan holda va texnik cheklovlar inobatga olingan tarzda ta’minlanadi”, — dedi Arag‘chi.
Isroil ham sulhni qo‘llab-quvvatlaganini mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisi ma’lum qildi.
AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eron hududiga havo zarbalari bermoqda. Bu hujumlar oqibatida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy va qator yuqori lavozimli amaldorlar hamda kuchishlatar tizim vakillari halok bo‘lgan. Xominaiy o‘rniga uning 56 yoshli o‘g‘li Mujtaba kelgan, ammo u janglar boshlanganidan beri na jamoatchilik oldida, na videomurojaat orqali ko‘rinish bergan.
Eron esa bu hujumlarga javoban Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi Amerika bazalariga raketa va dronlar bilan zarba bermoqda. Bundan tashqari, Eron Fors ko‘rfazidagi bir qator davlatlardagi neft omborlari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qatnayotgan neft tankerlariga ham hujum qilmoqda. Bo‘g‘oz blokadasi Tramp uchun jiddiy sinovga aylandi: u Eronga ham tahdid qilishga, ham o‘zi yuzaga keltirgan muammoni hal qilishga NATO davlatlarini jalb etishga urindi, ammo bu borada muvaffaqiyat qozona olmadi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
