Sport
Erdo‘g‘an bilan aloqalar va City Football Group bilan hamkorlik. Shomurodov va Fayzullayevning yangi jamoasi haqida nimalar ma’lum?
Nisbatan yangi hisoblangan «Istanbul Bashakshehir» klubi so‘nggi vaqtlarda Turkiya futboli grandlariga jiddiy raqobat ko‘rsatib kelmoqda. Bu klub Abbosbek Fayzullayev uchun Yevropaning kuchli chempionatlariga o‘tishda tramplin vazifasini o‘tashi mumkin.
O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov yangi mavsumni Turkiya chempionatida ijara asosida o‘tkazadi. «Roma» uni «Istanbul Bashakshehir» klubiga ijaraga berdi. Shuningdek, shu paytgacha Rossiyaning TsSKA klubida to‘p surib kelgan Abbos Fayzullayev ham aynan shu klubga o‘tmoqda. Yevropaning bir klubida o‘zbekistonlik ikki futbolchi jamoadosh bo‘lishi noyob holat, shu sababli quyida ushbu klub haqida batafsil ma’lumot berib o‘tiladi. Zero, o‘zbekistonlik muxlislar uchun Turkiya klublari tanish bo‘lsa-da, «Istanbul Bashakshehir» haqida boshqa grantlar bilan solishtirilganda ma’lumot kamroq.
Tarixi, tashkil etilishi
Klub nisbatan ancha yosh, 1990 yilda Istanbulning Buyukshehir tumanida tashkil etilgan. Aytish kerakki, klub tuzilmasi ko‘proq sobiq ittifoq jamoalari tizimini eslatib yuborardi. Ya’ni klub mutlaqo davlatniki bo‘lib, futbolchilar hokimiyatning turli tuzilmalariga ishga joylashtirilar va o‘sha yerdan ularga maosh to‘lanardi. Jamoa asosan quyi ligalarda ishtirok etgan, futbol muxlislarining aksariyatida bunday jamoa mavjudligidan ham xabari yo‘q, o‘yinlarga ham asosan davlat xizmatchilari tomoshabin sifatida jalb qilinardi.
2007 yilga kelib jamoa birinchi ligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritadi va Superligaga yo‘llanma oladi. Superligadagi dastlabki olti yillik davrda asosan pastki o‘rinlarda yurdi va eng esda qolarli voqea sifatida 2010/11 yillar mavsumida jamoa mamlakat kubogi finaliga chiqqanini aytish mumkin. O‘shanda finalda «Beshiktosh»ga munosib qarshilik ko‘rsatilgan va faqat penaltilar seriyasidagina imkoniyat boy berilgandi. 2012/13 yillar mavsumida jamoa Superligani tark etadi, ammo keyingi yil birinchi ligada g‘olibi sifatida yana elitaga qaytadi.
Ikkinchi davr. Islohot. Erdo‘g‘an bilan aloqalar
2014 yilda Turkiya hukumati futbol klublarini xususiylashtirishga e’tibor qarata boshladi va «Istanbul BB» (Buyukshehir Belediyesi) ham birinchilardan bo‘lib hokimiyatdan uzilib, «Istanbul Bashaqshehir» nomi ostida qatnasha boshladi. Klubi logotipi ham o‘zgardi, yangi homiylar paydo bo‘ldi.
Aytish kerakki, turk futboli «yangi jamoani» unchalik iliq kutib olmadi. Sababi, go‘yoki klub baribir hukumat loyihasidek tasavvur uyg‘otar, bunday o‘ylash uchun asoslar ham yetarlicha edi.
Birinchidan, o‘sha 1990 yilda klub paydo bo‘lganida shahar meri Rajab Toyyib Erdo‘g‘an edi. Bu ham go‘yoki mamlakat rahbarini klub asoschilaridan biri sifatida namoyon qiladi. Keyinchalik klubga Erdo‘g‘anning qarindoshi bo‘lgan shaxs rahbarlik qilishi, biriktirilgan homiylar ham asosan hukumatdagi partiya a’zolari ekani, 2014 yilda yangi stadion ochilishida bevosita Erdo‘g‘an ham mehmon bo‘lib, 12-raqamda maydonga tushgani va shu raqam butunlayga unga band qilingani ham bu fikrni dastaklardir. Hatto futbol jamoatchiligida klubni «Erdo‘g‘an FK» deb atash urf bo‘ladi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash kerak. Ma’lumki, turk futboli uchta gigant – «Galatasaroy», «Fenerbahche» va «Beshiktosh» ustida «o‘tiradi» va muxlislar ham uchga bo‘lingan, asosiysi, matbuot ham asosan mana shu klublar manfaatlari yuzasidan faoliyat ko‘rsatadi. Hukumat qo‘llovi ostida yana bir klub paydo bo‘lishidan asosan mana shu klublar xavf ko‘rgan bo‘lishi mumkin, ya’ni kelajakda «cheksiz moliyaviy resurslar»ga ega bo‘lgan to‘rtinchi grand paydo bo‘lishi albatta ularning manfaatlariga zid. Ammo hikoyaning davomi boshqacha kechdi – aynan mana shunday salbiy munosabatlar tufaylimi yo rostan ham boshidan unaqa reja bo‘lmaganmi, «Istanbul Bashakshehir» boshida ham, keyinchalik ham gigant klublarning budjetidan ancha past sharoitlarda yashamoqda.
Transferlar
Turk futbolini chetdan kuzatgan futbol muxlislari uchun bunday tuyulmagan bo‘lishi mumkin, zero so‘nggi o‘n yillikda klub safida juda ko‘p futbol yulduzlari o‘ynashga ulgurgan. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, aslida transferlar uchun juda kam pul sarflangan va kelishuvlar asosan erkin agentlar, nafaqa yoshidagi futbolchilar bilan amalga oshirilgan. Misol uchun, agar Abbos Fayzullayev transferi rasman tasdiqlansa, TsSKA uchun to‘lanadigan 7,5 mln yevro klub uchun rekord bo‘ladi.
Emre Berezo‘g‘li, Gael Klishi, Martin Shkrtel, Demba Ba, Rafael, Mesut O‘zil kabi futbolchilar tekinga olib kelingan bo‘lsa, Adnan Yanuzay, Bertran, Traore, Arda Turan kabilar ijara asosida to‘p surgan. Klub Elia uchun 1,1 million, Pyontek va Robinio uchun 2 million yevro to‘lagan. Shu paytgacha klub rekordi Chengiz O‘nder hisoblanadi – klub o‘z vaqtida 18 yoshli O‘nder uchun birinchi liga klubiga 4,8 million yevro to‘lab bergandi. Hatto Eldor Shomurodovning bir yillik ijara to‘lovi (3 mln yevro) ham klub transfer xarajatlari ichida uchinchi o‘rinda turadi.
Chempionlik, Yevropaga chiqish va klub siyosati
Ancha katta piar bilan boshlangan bo‘lsa-da, «Istanbul Bashakshehir»ning siyosati boshqa yetakchi klublardan farq qiladi. Klubning asosiy yo‘nalishi Turkiya uchun noan’anaviy bo‘lib, asosan ma’lumotlar va texnologiyalar bilan ishlash, inson omilini minimalgacha olib borish orqali natijalarga erishishdir. Klub Turkiyada birinchi bo‘lib VAR, GPS, Data Scouting texnologiyalarini olib kirgan. AI Scout tizimi yordamida klub yosh futbolchilarni 1000 dan ortiq texnik mezon bo‘yicha baholaydi. Bu ham Turkiyadagi yagona modeldir.
«Istanbul Bashakshehir» avvaliga ikki mavsumda chempionlik uchun kurashib 2-o‘rin bilan kifoyalangach, nihoyat 2019/20 yillar mavsumida mamlakat chempioniga aylanadi. Turkiyada buyuk uchlikdan tashqari faqat uch jamoa o‘z tarixida chempionlikka erishgan – «Trabzonspor», «Bursaspor» va «Istanbul Bashakshehir». «Bursaspor»ning 2010 yilgi g‘alabasidan o‘n yil o‘tib yana g‘oliblik asosiy uchlikdan tashqaridagi jamoaga nasib etgandi.
Keyingi yil jamoa Yevropada ham o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ladi. «Istanbul Bashakshehir» YeChLda «PSJ», «MYu» va «Leypsig»dan iborat o‘lim guruhiga tushib qoladi va aytish mumkinki, kim guruhdan chiqishini aynan turklar jamoasi hal qiladi. Uch peshqadam o‘zaro o‘yinlarda g‘alaba qozongan, ochkolar soni teng bo‘lib qolgan va aynan turklarga qarshi o‘yinlar natijalari o‘rinlarni taqsimlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘shanda Istanbuldagi o‘yinda 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragan «Manchester Yunayted» 3-o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgandi. Ushbu g‘alaba istanbulliklar klubining yaqin tarixdagi katta voqealardan biri sifatida qayd etiladi.
Klubning transfer siyosati, City Football Group bilan hamkorlik
Bu ham o‘zbekistonlik futbolchilar uchun muhim nuqta bo‘lishi kerak. Eldor tushunarli, u «Roma» a’zosi hisoblanadi va muvaffaqiyatli o‘yinlar orqali e’tiborda bo‘lib turishi shubhasiz. Shuningdek, uning 30 yoshda ekanini ham unutmaslik kerak. Abbos Fayzullayev uchun esa bu transfer biroz boshqacha mazmun kasb etadi, zero yosh futbolchi «Istanbul Bashakshehir»ga Yevropaning kuchli beshlik chempionatlari uchun tramplin sifatida qarashi kerak. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: klub bu borada qanday ish yuritadi? Yosh futbolchilar bilan ishlab, keyinchalik kattaroq summaga sotish yo‘nalishi qanaqa ishlaydi?
Klubning 2016-20 yillardagi muvaffaqiyatlari, so‘nggi to‘rt yilda esa beshinchi o‘rindan pastga tushmagani tabiiyki, Turkiya peshqadamlari va Yevropaning ko‘z ostida bo‘lishni ta’minlab beradi. Jamoa nisbatan muvaffaqiyatli va budjeti kichikroq bo‘lgani, ya’ni futbolchilarni arzonroq summaga sotib olish imkoni borligi ham rol o‘ynashi tabiiy. Faktlarga murojaat qilinsa, yuqorida tilga olingan Chengiz O‘nderni hozir ko‘pchilik taniydi va uni aynan «Istanbul Bashakshehir» kashf qilgan. Quyi ligadan 4,8 million yevroga sotib olingan futbolchi keyinchalik «Roma»ga 14,2 million yevroga transfer qilingandi. Kuchli beshlik chempionatining yana bir vakili «Nitssa» esa Yusuf Ndaishimiye uchun 11,5 million yevro to‘lagan. Bu futbolchi o‘z vaqtida «Malatiyaspor»dan 2,15 million yevroga xarid qilingandi.
Yana bir yaxshi xabar – 2024 yil fevralida klub City Football Group global holdingi hamkoriga aylandi. Ushbu tizim BAA shayxi Mansur tomonidan boshqarilishi va tarkibiga bir qator klublar kirishi ma’lum. «Manchester Siti», «Jirona», «Trua» kabi Yevropa klublari ham shular sirasida. Demak, «Bashakshehir»ning tashqi bozor bilan aloqalari yanada takomillashadi va bu Fayzullayev uchun ham ayni muddaodir.
Yangi mavsum
Yangi mavsumda har ikki hamyurtimiz katta ehtimol bilan asosiy tarkib futbolchisi sifatida o‘ynaydi. Klub zaxira variantlar uchun o‘z transfer rekordlarini yangilamagani tayin.
Jamoada asosiy hujumchi sifatida so‘nggi ikki mavsumda Kshishtof Pyontek harakat qilib keldi va Shomurodov aynan ushbu futbolchining o‘rini bosishi kerak. Sababi, polshalik to‘purar futbolchi Qatarning «Al Duhayl» klubiga 10 million yevroga pullandi. Pyontek so‘nggi mavsumda jamoa safida barcha turnirlar doirasida 31 gol va 4 assistni amalga oshirgandi. Umid qilamizki, Eldor ham ishonchni oqlaydi va kamida shu natijani qayd etadi. Klub yozgi transferlar doirasida «Qosimposho»dan 34 yoshli hujumchi Nunu da Koshtani ham 800 ming yevro evaziga sotib oldi. Kabo-Verdedan bo‘lgan futbolchi sobiq jamoasi safida o‘tgan mavsumda 13+2 ko‘rsatkichni qayd etgandi.
Abbos Fayzullayev esa kimningdir o‘rnini to‘ldirishga emas, aniq bir mo‘ljal asosida xarid qilindi, ya’ni u dastlab klub yarimhimoya chizig‘ini bir pog‘ona yuqoriga olib chiqishi, keyinchalik, o‘zini Yevropaga ko‘rsata olishi kutiladi. Yuqorida aytilganidek, klubda tahlil va ma’lumotlar bilan ishlash bo‘limi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Shubhasiz, Abbosning O‘zbekiston turli yoshdagi jamoalaridagi o‘yinlaridan tortib, Rossiyadagi faoliyati chuqur o‘rganilgan. Tabiiyki, u turklar tomonidan bo‘lajak yulduz sifatida baholanyapti. Shu paytgacha hech qaysi futbolchi uchun 5 million yevro ham sarflamagan klub bekorga 7,5 million yevrodan voz kechmaydi.
Turkiya chempionati 8 avgust kuni boshlanadi va dastlabki turni «Istanbul Bashakshehir» safarda «Karagyumryuk» klubiga qarshi o‘tkazadi. Ilk top raqibga qarshi o‘yin esa 14 sentabrga belgilangan – shu kuni jamoa «Beshiktosh» mehmoni bo‘ladi.
Bugun esa «Istanbul Bashakshehir» o‘zining yevrokuboklardagi yurishini boshlaydi. Jamoa Bolgariyada Konferetsiyalar kubogi saralashi doirasida «Cherno More Verna» mehmoni bo‘ladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi va «Zo‘r TV» telekanali bu uchrashuvni translatsiya qilishini ma’lum qilgan. Javob o‘yini esa yakshanba kuniga belgilangan.
Vikipediya ma’lumotlari:
Klub nomi: «Istanbul Bashakshehir» FK
Tashkil topgan: 1990 yil
Stadion: «Bashakshehir Fotih Terim». 17 ming tomoshabin.
Klub prezidenti: Gyoksel Gumushdag‘
Bosh murabbiy: Chag‘dash Atan
Jamoa sardori: Mahmud Tekdemir
UYeFA reytingi: 57-o‘rin
Turkiya chempioni: 2019/20
Vitse chempion: 2016/17, 2018/19
Turkiya kubogi finalchisi: 2011, 2017, 2023
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
