Iqtisodiyot
eng yirik iqtisodiyotlar reytingi yangilandi
Bugun global iqtisodiy kuchlar muvozanati 25 yil oldingidan butunlay boshqacha ko‘rinishga ega.
2000 yilda Yaponiya dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlar orasida ikkinchi o‘rinda turgan, Xitoy esa faqat oltinchi pog‘onada edi. Shundan keyin jahon iyerarxiyasi keskin o‘zgarishlarga uchradi — ayniqsa Xitoy, Hindiston va Rossiyaning jadal yuksalishi hisobiga.
Ushbu infografika Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga tayanib, so‘nggi chorak asr davomida YaIM hajmi bo‘yicha yetakchi iqtisodiyotlarni ko‘rsatadi.
Foto: Visual Capitalist
Ko‘p o‘n yillar davomida AQSh sayyoraning eng yirik iqtisodiyoti maqomini saqlab keldi. 2025 yilga kelib, uning nominal YaIMi 30,6 trillion dollarga yetdi. So‘nggi 25 yilda AQSh iqtisodiyoti deyarli uch barobar o‘sdi — bunga jahon moliya bozorlaridagi ustunlik va texnologiyalar sohasidagi yetakchilik turtki bo‘ldi. 2000 yilda AQSh Yaponiyadan ancha oldinda edi, ammo 2010 yilga kelib Yaponiyani Xitoy ortda qoldirdi.
Xitoy iqtisodiyoti 2000 yildagi 1,2 trillion dollardan 19,4 trillion dollargacha o‘sdi — deyarli o‘n yetti barobarlik o‘sishni namoyon qildi.
Hindistonning yo‘li ham ta’sirli bo‘ldi. 2000 yilda u YaIM hajmi bo‘yicha dunyoda atigi 13-o‘rinda edi, ammo shundan beri beshinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Bundan tashqari, joriy yilda Hindiston to‘rtinchi eng yirik iqtisodiyotga aylanishi kutilmoqda — bu barqaror o‘sish sur’atlari, qulay demografik tarkib va infratuzilmaga yirik investitsiyalar bilan izohlanadi. Rossiya esa so‘nggi chorak asrda 20-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarildi.
Iqtisodiyot
“Quyoshli xonadon”larga aprel–may oylari uchun subsidiya to‘lab berildi
Uyiga quyosh paneli o‘rnatib davlatga elektr energiyasi sotgan 60 mingdan ortiq aholiga, kechikish sababiga izoh berilmagan holda, aprel-may oylari uchun 156 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berildi. Subsidiya oluvchilar soni mart oyiga nisbatan 15 ming nafarga yoki 33 foizga ko‘paygan. Ayni paytda tadbirkorlar oldidagi xuddi shunday qarzdorlik masalasida yangilik bo‘lganicha yo‘q.
O‘zbekiston hukumati “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida jismoniy shaxslar oldidagi subsidiya qarzdorliklarini to‘lab bermoqda.
Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, joriy yilning aprel-may oylarida 60 193 nafar jismoniy shaxs “Quyoshli xonadon” dasturidan foydalanib, elektr tarmoqlariga uzatilgan 156 125 388 kWh quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan 156 mlrd 125 mln so‘m subsidiya oladi (1 kWh uchun 1000 so‘mdan).
Subsidiyaning eng katta qismi Xorazm (29,1 mlrd so‘m) va Buxoro (27,1 mlrd) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (19,1 mlrd) to‘g‘ri keladi.
“Quyoshli xonadon” dasturi bo‘yicha aprel-may oylaridagi subsidiya pullari – jami 9 million 386 ming so‘m hisobimga tushdi”, – deyiladi 2 iyul kuni obunachilardan biri Kun.uz’ga yuborgan videoda.
Kun.uz’ning yana bir mushtariysi ikki oy uchun 9,5 mln so‘m subsidiya olganini ma’lum qildi. Avvalroq ikki oylik qarzdorliklar yuzasidan fuqarolar murojaatlarini yoritgan, bu mavzuda iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbat ham tashkil etgan edik.
Bakirovning e’tibor qaratishicha, jismoniy shaxslarga ikki oylik subsidiyalar to‘lana boshlagan bo‘lsa-da, tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari orqali tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun yarim yilga yaqin yig‘ilib qolgan qarzdorliklarni to‘lash borasida hozircha o‘zgarish kuzatilmayapti.
Iqtisodchi avvalroq Kun.uz’ga bergan intervyusida quyosh panellaridan umumiy elektr tarmog‘iga uzatilayotgan energiya uchun subsidiyalarning hech qanday izohsiz to‘xtatilganini “ishonchga putur yetkazuvchi holat” deb baholagandi. U hukumatni investorlar bilan dastlab qanday kelishuv tuzilgan bo‘lsa, o‘sha majburiyatlarga amal qilishga chaqirgandi.
E’tiborlisi, subsidiya to‘lovlari nega to‘xtab qolgani yuzasidan na Energetika vazirligi, na Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy izoh berdi. Soliq qo‘mitasining 2 iyul kungi bayonotida ham kechikish sabablariga to‘xtalinmagan.
Bayonotda aprel-may oylari uchun “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida 60 193 nafar jismoniy shaxsga 156,1 mlrd so‘m subsidiya to‘lanayotgani aytilgan. Taqqoslash uchun, joriy yil yanvar–mart oylari uchun 45,2 ming nafar jismoniy shaxsga 73,9 mlrd so‘mdan ortiq shunday subsidiya to‘langan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarida Rossiyaning ulushi pasayishda davom etmoqda
Joriy yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davridan 13 foizga oshib, 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Umumiy o‘tkazmalar tarkibida Rossiyadan jo‘natilgan mablag‘lar ulushi bir yil oldingidan 5,2 foiz punktga pasayib, 72,4 foizga tushdi. Mazkur davrda Rossiyada patent asosida ishlagan o‘zbekistonliklar soni 1,34 mln nafar bo‘lib, bu ko‘rsatkich yillik nisbatda 1,8 foizga kamaygan.
2026 yilning I choragida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,63 mln nafarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,6 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, mazkur davrda havo transportida tashilgan yo‘lovchilar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga oshib, 2,25 mln nafarni tashkil etgan.
Rossiya davlat statistikasi federal xizmatiga ko‘ra, 2026 yil I choragida Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan O‘zbekiston fuqarolari soni 1,34 mln nafarni tashkil qildi. Bu – o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam. Mazkur kamayish mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanishi mumkin.
Markaziy bankning qayd etishicha, mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish jarayoni davom etmoqda.
Xususan, Turkiyada migratsiya ruxsatnomasini olayotgan o‘zbekistonliklar soni oshib bormoqda. Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiyani boshqarish organi ma’lumotlariga ko‘ra, I chorakda bunday ruxsatnomalar soni qariyb 70 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshgan.
Janubiy Koreyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham I chorakda barqaror o‘sishni davom ettirib, 99,6 ming nafarga yetdi.
Pul o‘tkazmalari
2026 yil I choragida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oshdi.
Pul o‘tkazmalari tarkibida ham mamlakatlar kesimida diversifikatsiya davom etmoqda. Biroq, ushbu jarayonning sur’ati va davomiyligi tashqi mehnat bozorlari hamda asosiy hamkor davlatlardagi makroiqtisodiy sharoitlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Xususan, 2026 yil I choragida Rossiyadan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining ulushi o‘tgan yilning mos davridagi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaydi. Bu, asosan, yil boshidan patent to‘lovlarining oshishi, rubl kursining nisbatan mart oyida qadrsizlanishi, hamda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, umumiy pul o‘tkazmalarda Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga oshib 4,1 foizni, Yevropa davlatlarining ulushi 1 foiz bandga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreyani ulushi 0,6 foiz bandga oshib 4,1 foizni tashkil etdi.
Boshqa davlatlar ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetdi.
Iqtisodiyot
Endi biznes faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimi joriy etiladi
Adliya vazirligi tomonidan Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar o‘tkazish faoliyatida «Xavfni tahlil etish» elektron tizimini joriy etish to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfi avtomatlashtirilgan tarzda baholanadi.
Xavf darajasi davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlar asosida aniqlanadi. Bunda tadbirkorlik subyektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumot talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavfni baholash iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat, reklama, davlat xaridlari, tovar-xom ashyo birjalari faoliyati, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji hamda chakana savdosi sohalari bo‘yicha alohida mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Tizimda huquqbuzarlik xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi subyektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik subyektlarida esa tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.
Shu bilan birga, elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik subyektiga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Iqtisodiyot
Hujjatsiz yerlarga uch karrali soliq qanday qayta hisoblanadi?
O‘RQ–1153-sonli qonunga muvofiq, hujjatsiz yerlarga hisoblangan uch karrali soliqlarni qayta hisob-kitob qilish tartibi belgilandi.
Soliqlarni qayta hisob-kitob qilish fuqarolarga ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, Soliq qo‘mitasi tomonidan markazlashtirilgan tartibda, «Soliq hisoblash» dasturidagi algoritmga o‘zgartish kiritish orqali amalga oshiriladi.
Mazkur Qonun bilan 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha bo‘lgan davr uchun hisoblangan uch karrali soliqlar bekor qilingan.
Avvalo, jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan hujjatsiz yerga 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha hisoblangan uch karrali soliqlar 1 karrali stavkada qayta hisob-kitob qilinadi.
Agar soliq to‘lovchi ushbu davr uchun to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa, qayta hisob-kitob natijasida yuzaga kelgan ortiqcha summa 2024-yil 1-iyundan 2026-yilgacha hisoblangan mol-mulk va yer soliqlariga to‘lov sifatida singdiriladi.
Shuningdek, agar soliq to‘lovchi 2024-yil 1-iyundan 2026-yilgacha hisoblangan soliqlar bo‘yicha ham to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsa, yuzaga kelgan ortiqcha summa soliq to‘lovchining boshqa soliq turlari bo‘yicha mavjud qarzdorliklariga singdiriladi.
Mabodo soliq to‘lovchining boshqa soliq turlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasa, ortiqcha summa uning shaxsiy hisobvarag‘ida ortiqcha to‘lov sifatida shakllanadi.
Shu bilan birga, ortiqcha to‘langan soliq summasi soliq to‘lovchining arizasiga ko‘ra to‘liq yoki qisman qaytarilishi mumkin.
Iqtisodiyot
Qirg‘iziston 650 kg kolbasa mahsulotlarini O‘zbekistonga qaytarib yubordi
Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, mahsulotning yorlig‘i bo‘lmagan va veterinariya-sanitariya talablariga javob bermagan. O‘sh viloyatidagi “Do‘stlik” chegara punktidagi tekshiruvdan keyin mahsulot ortga qaytarib yuborilgan.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasida joylashgan “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti O‘zbekistondan olib kirilgan 650 kg kolbasa mahsulotlarini ortga qaytarib yubordi.
Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, mahsulotlar yorliqsiz bo‘lib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablariga javob bermasligi aniqlangan.
“Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida yuklarni Qirg‘iziston Respublikasiga olib kirish taqiqlandi. Inspektorlar tegishli bayonnomalar tuzdi, shundan so‘ng yuklar “Do‘stlik” chegara veterinariya nazorat punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytarildi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Prezident raisligida videoselektor boshlandi
-
Jamiyat4 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Iqtisodiyot5 days ago
12 ta tarmoqqa 37 ta sohaviy ilmiy institut va OTM biriktirildi
-
Sport4 days agoShomurodov jahon chempionatidagi deyarli imkonsiz gol muallifi bo‘ldi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim muassasasi top-1000 talik ro‘yxatga kiritildi
-
Sport5 days agoo‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
