Jamiyat
Energetiklarning xatosi tufayli tadbirkorga qariyb 1,1 mlrd so‘m ortiqcha to‘lov hisoblandi
Toshkent shahrida energetika tarmog‘i xodimlari tadbirkorlik sub’yektida hisoblagichni noto‘g‘ri ulagan. Natijada oxirgi 3 yilda 1 mlrd 97 mln so‘m qo‘shimcha to‘lov yuzaga keladi. Raqobat qo‘mitasi ushbu holatni qonunbuzilishi deb topdi va HET hamda «Energiyasavdo»ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Elektr energiyasi uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz hisoblangan daromadni iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.
Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning «Energiyasavdo» filiali harakatlaridan norozi bo‘lib qo‘mitaga murojaat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida, hisobga olish uskunasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ulangan bo‘lishiga qaramay, undagi ikkilamchi zanjirlari almashib ulab qo‘yilgani, mazkur texnik xatolik uchun iste’molchiga oxirgi uch yil uchun 1 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lov hisoblangani, texnik xatolik masalasi yangi elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida nazarda tutilib, eski tahrirdagi qoidalarda qayd etilmagani, shuningdek, mazkur hisoblagichga to‘g‘ri ulangan subiste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichlari chegirib tashlanmasdan hisoblangani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasiga asosan ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan, belgilangan narxlardan ortiqcha haq olish ustun mavqeni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi.
Yuqoridagilarga asosan, qo‘mita hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning «Energiyasavdo» filialiga nisbatan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha iste’molchiga asossiz hisoblangan 1 mlrd 97 mln so‘mni qayta-hisob-kitob qilish hamda ushbu qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ta’minotchining elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablariga amal qilinganiga baho berish maqsadida tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborish to‘g‘risida qaror chiqarilib, ko‘rsatma berilgan.