Jamiyat
Endi jarimani avtomobil egasi emas, qoidani buzgan shaxs to‘laydi
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni transportni boshqargan shaxsga o‘tkazish tartibi joriy etildi. Bu Hukumatning 30-martdagi tegishli qarori bilan belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab avtomobilni boshqa shaxsga fuqarolik-huquqiy asosda boshqarishga bergan hollarda, qoidabuzarlik uchun jarima o‘sha haydovchiga rasmiylashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, transport egasi va uni boshqaruvchi shaxs o‘rtasidagi munosabatlar rasmiy tarzda ro‘yxatga olinadi. Shu asosda javobgarlik ham aniq belgilanadi.
Javobgarlikni o‘tkazish uchun transport egasi Davlat xizmatlari portali yoki maxsus mobil ilova orqali murojaat qiladi. U yerda boshqarish huquqini berish muddati va shaxs ma’lumotlari ko‘rsatiladi.
Boshqaruvchi shaxs esa so‘rovnomani tasdiqlab, kelgusida qoidabuzarlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini elektron tarzda ma’qullaydi. Bu jarayon elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali amalga oshiriladi.
Mazkur xizmatdan foydalanish uchun belgilangan yig‘im undiriladi. Uning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 10 foiziga teng qilib belgilangan.
Shuningdek, qaror bilan avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi.