Sport
“Endi bu yerda boshqa harakat qila olmayman”. Babayan “Andijon” bosh murabbiyligidan ketishini ma’lum qildi
Joriy yilgi mavsumda “Andijon” jamoasi Samvel Babayan qo‘l ostida Superligada 7 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 5 tasida mag‘lubiyatga uchradi va 2 ta o‘yinda g‘alaba qozondi.
“Andijon” jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Superliga 7-tur doirasida OKMKga qarshi o‘yindan (1:2) keyingi matbuot anjumanida o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi.
“Birinchi navbatda bugungi natija uchun hammadan uzr so‘rayman. Nima deyishim mumkin? Tushuntirish juda qiyin. Bu hol faoliyatimda birinchi marta ro‘y berdi. Nima bo‘lishi kerak bo‘lsa bo‘ldi. Faqat «Andijon»da shu holat bo‘lgani achinarli. Bugungi raqibimiz ham qiyin holatda edi. O‘yinni yomon boshlamadik, deb o‘ylayman. Bir qator imkoniyatlarimiz bo‘ldi, standartlardan ham foydalansak bo‘lardi. Harakat qildik, ammo to‘p darvozaga kirmadi. Qanot himosidagi xatolar tufayli gol o‘tkazdik. Darvozamizdan ikkita to‘p o‘tkazdik, tushuntirishim ancha qiyin. Birinchi taymda raqib deyarli unchalik xavfli vaziyatlarni yarata olmadi. Yaxshi harakat qilsak, g‘alaba qozonishimiz ham mumkin edi. Yigitlar vaziyatni o‘zgartirishga intilishdi. Bu safar o‘xshamadi” , dedi u.
Babayanning so‘zlariga ko‘ra, qanday talablar qo‘yilgan bo‘lsa, klub barchasini bajargan.
“Bu yerga yaxshi niyatlar bilan, klub tarixini yaxshilash uchun kelgandim. «Andijon»ning chempionatda eng yaxshi natijasi 5-o‘rin bo‘lgan ekan va men buni yaxshilab, yuqoriga ko‘tarish maqsadida kelgandim. Futbolchilar ham bu yerga yuqori maqsadlarni ko‘zlab kelishgan. Jamoa uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. To‘g‘risi, erkakcha gapiraman: endi bu yerda boshqa harakat qila olmayman. Klub boshqaruvini boshqasiga beraman. Biz bu o‘yindan avval rahbariyat bilan ochiq va samimiy gaplashdik. Rosti, endi o‘z o‘rnimni boshqa insonga topshiraman. Yana aytaman: bu yerga natija qilish va barchani xursand qilish uchun kelgandim…
Avval ham aytganman: menda ko‘p vaqt yo‘q edi va qisqa fursat ichida natija ko‘rsatishim kerak. Yillar davomida ishlab natija ko‘rsatishga menda vaqt yo‘q edi. Viloyat hokimi barcha sharoitlarni yaratib, natija uchun jonbozlik bilan harakat qilyapti. Klub yuqori natijalarni ko‘rsatishi uchun viloyat hokimi barcha ishni amalga oshiryapti. O‘zbek futboli rivojlanishi yo‘lida aynan viloyat hokimi ko‘p ishlarni qilyapti. Men ko‘rdimki, biz birgalikda bu ishlarni bajara olardik. Kechayu kunduz 24 soat ishladik va agar 25 soat bo‘lsa ham ishlashga tayyor edik. Afsuski, mehnatlarimiz o‘xshamadi. Har doim nimadir yetishmadi. Rahbariyat bilan gaplashdik va jamoani boshqasi boshqarishi kerak. Men va mening murabbiylar shtabim iste’foga chiqamiz”, deya fikrini yakunladi “Andijon” bosh murabbiyi.
Joriy yilgi mavsumda “Andijon” jamoasi Samvel Babayan qo‘l ostida Superligada 7 ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 5 tasida mag‘lubiyatga uchradi va 2 ta o‘yinda g‘alaba qozondi.
Sport
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
Afsonaviy futbolchi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. Leo ijtimoiy tarmoqlarda bu haqdagi maktubni e’lon qildi.
«Finaldan keyingi voqealar va uzoq o‘ylanishlardan so‘ng barchaga milliy terma jamoadagi faoliyatimni yakunlayotganimni ma’lum qilmoqchiman. Bu og‘riqli qaror bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Biroq hozir buning uchun eng munosib vaqt ekanini tushunyapman.
Qasam ichaman, men nafaqat so‘nggi yillarda, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan davrimizda, balki undan oldin ham doimo bor kuchimni berib keldim. Har doim kurashdim va sizlarga quvonch ulashish, futbol orqali argentinalik ekaningizdan faxrlanishingiz uchun ushbu kiyim sharafi uchun borimni berdim.
Vaqt oz qoldi. Yangi boblar ochilmoqda, ammo bu bob menga chuqur og‘riq bermoqda. Men milliy terma jamoada bo‘lishni sevdim, sevaman va har doim sevib qolaman. Bor kuchimni berdim. Endi beradigan boshqa narsam qolmadi.
Bundan tashqari, ortimdan juda iste’dodli yosh futbolchilar kelmoqda va ular terma jamoada bo‘lishga loyiq. 20 yil davomidagi mehringiz uchun rahmat», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yildan buyon o‘ynab kelgan. U jami 207 ta uchrashuvda maydonga tushib, 125 ta gol urgan va 68 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Messi Argentina bilan 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi, 2022 yilgi Finalissimada g‘olib bo‘lgan, shuningdek, 2008 yilgi Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, Leo bilan Argentina 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarida finalga chiqqan. Jamoa 2007, 2015 va 2016 yillardagi Amerika kubogida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
Sport
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
Niderlandiyaning Amsterdam shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi tarixiy medalga sazovor bo‘ldi.
Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti oltin medal sohibi bo‘ldi. Bu o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan birinchi oltin medalidir.
Musobaqada kumush medal Germaniya, bronza medali esa AQSh sportchilariga nasib etdi.
Sport
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
UEFA Chempionlar ligasi 2026/2027-yilgi mavsumi umumiy bosqichi to‘liq taqvimni e’lon qildi.
Bu bosqichda har bir jamoa 8 ta o‘yin o‘tkazadi: 4 tasi o‘z maydonida, 4 tasi safarda.
Joriy mavsumdan e’tiboran bir jamoa bir raqib bilan ketma-ket uch mavsum davomida o‘z maydonida o‘ynashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Umumiy bosqichning 1-turi uch kun — seshanba, chorshanba va payshanba (8-9-10-sentyabr) kunlariga taqsimlanadi. Qolgan turlar ikki kun davomida o‘tkaziladi. So‘nggi turda esa barcha uchrashuvlar bir vaqtda boshlanadi.
1-turni Abduqodir Husanov va «Manchester Siti» safarda «Portu»ga qarshi o‘tkazadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 9 sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:01 da.
Umarali Rahmonaliyev va «Sabah» esa Chempionlar ligasi umumiy bosqichidagi debyutida «Manchester Yunayted» maydonida sinovdan o‘tadi. Boshlanishi: bizning vaqt bilan 11-sentyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da.
Manba: UEFA
Sport
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Prezident kengashi rossiyalik shaxmatchilarni Butunjahon shaxmat Olimpiadasida ishtirok etishiga ruxsat bermadi. Bu haqda Rossiya shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Aleksandr Tkachyov TASS agentligiga ma’lum qildi.
«Jahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoalarimiz qatnashmaydi. Kengash ushbu qarorni FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi janob Vishvanatan Anandning tashabbusi bilan qabul qildi», — dedi Tkachyov.
Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 16–27 sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.
2025 yilning dekabrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi Bosh assambleyasi rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni to‘liq va qisman bekor qilish uchun ovoz bergan edi. Rossiyalik shaxmatchilarning qaytishiga 61 delegat ovoz bergan, 51 delegat qarshi chiqqan.
Biroq 2026 yil yanvarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya va Ukraina shaxmat federatsiyalari FIDEning rossiyalik shaxmatchilarga nisbatan sanksiyalarni to‘liq bekor qilish haqidagi qaroriga e’tiroz bildirish niyatida ekani xabar qilindi. Shundan so‘ng, 2026 yil iyun oyida sanksiyalar qayta joriy etildi.
Avvalroq mazkur Olimpiadani Magnus Karlsen va yana bir qator shaxmat yulduzlari ham o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi.
Sport
Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin
Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.
«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.
Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.
Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.
-
Sport2 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport2 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat3 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat1 day ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat18 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat17 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Sport7 hours ago
«Beradigan boshqa narsam qolmadi» — Messi Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi
