Jamiyat
Endi boshpanasizlar Ijtimoiy markazlarga sud qarorisiz joylashtiriladi
Prezidentning «Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, ichki ishlar organlarining Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlari deb qayta nomlanadi.
2026-yil 1-sentyabrdan boshlab boshpanasiz shaxslarni ijtimoiy markazlarga sud qarori asosida joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Endi ular mazkur markazlarga faqat o‘z roziligi bilan qabul qilinadi.
Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Shuningdek, ular individual rejalar asosida ijtimoiy xizmat va yordamlardan foydalanadi.
2026-yil 1-oktyabrdan boshlab ijtimoiy markazlarda bo‘lgan boshpanasiz shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi.
Ularga tuman va shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali kasb-hunarga o‘qitish uchun vaucherlar ajratiladi.
Shuningdek, markazda bo‘lgan davrda ular muassasa manzili bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga qo‘yiladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq davlat boji «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.