Iqtisodiyot
Elektromobil egalariga ehtimoliy subsidiya miqdori ma’lum bo‘ldi
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasidan kelib chiqilsa, quvvatlash stansiyasidan foydalangan haydovchilarga har bir kWh uchun hozirgi tarifda 700 so‘mdan subsidiya to‘lanishi mumkin. Subsidiya keyingi oyning 25-sanasigacha “Soliq” ilovasi orqali to‘lab beriladi. Quvvatlash stansiyalariga davlat tomonidan tok yetkazib berish narxi oshirilganida, subsidiya miqdori ham oshib boradi.
Energetika vazirligi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari mijozlarining xarajatlarini subsidiyalashga oid qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan boshlab elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Lekin bu boradagi tartibni belgilovchi qaror loyihasi 2 mayga kelibgina muhokamaga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, subsidiya miqdori – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Energosavdo korxonasi tomonidan elektromobillarni quvvatlash stansiyalariga sotiladigan har bir kWh elektr energiyasi uchun belgilangan narxning 300 so‘mdan oshgan qismiga teng bo‘ladi.
Hozirda yuridik shaxslar uchun 1 kWh elektr energiyasi tarifi – 1000 so‘m. Shunga ko‘ra, subsidiya miqdori joriy tarifning 300 so‘mdan oshgan qismi miqdorida, ya’ni 700 so‘mni tashkil etadi. Agar HETK tomonidan quvvatlash stansiyalariga sotiladigan elektr energiyasi narxi ko‘tarilsa, subsidiya miqdori ham shunga mos ravishda ko‘tariladi.
Qaror loyihasida subsidiya “Soliq” ilovasi orqali keyingi oyning 25-sanasiga qadar to‘lab berilishi nazarda tutilgan.
Mazkur tartib 2026 yil 1 maydan boshlanib, 2030 yil 30 dekabrgacha amal amal qilishi rejalashtirilmoqda.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlarni qiynayotgan soliqqa oid ayrim muammolar bo‘yicha prezidentga takliflar kiritildi
QQS guvohnomasini to‘xtatib qo‘yish tartibini takomillashtirish, kafe-restoranlar uchun QQS keshbekini olishni osonlashtirish, soliq qarzi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish va boshqa takliflar shular jumlasidan.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammoli masalalarni hal etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, taqdimotda jumladan quyidagi takliflar ilgari surilgan:
umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish;
ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq tartiblarni yengillashtirish;
mehnat munosabatlarida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi ayrim tartib-taomillarni aniqlashtirish;
soliq imtiyozlarini qo‘llashda yuzaga kelayotgan nizoli holatlarni bartaraf etish;
soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanayotgan penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi bo‘yicha normani joriy etish;
chek bermaslik holati yuzasidan xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish;
QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish.
Rasmiy xabarda yuqoridagi takliflarning detallari keltirilmagan. Davlat rahbari tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar bergani aytilgan.
Avvalroq Kun.uz bilan suhbatda soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xo‘jabekov tadbirkorlarni qiynayotgan soliqqa oid qator muammolarni sanab o‘tgan edi. Ular, jumladan, ko‘plab holatlarda QQS guvohnomasi asossiz to‘xtatib qo‘yilishi, hatto guvohnomani tiklash bo‘yicha sud qarori chiqqanidan keyin ham uning ijrosi cho‘zilishini aytgan edi.
Iqtisodiyot
Investitsiya bo‘yicha hokimlar reytingi e’lon qilindi
O‘zbekistonda investitsiya jalb qilish bo‘yicha eng faol hokimlar ro‘yxati e’lon qilindi.
«Yuksalish» harakati investitsiya samaradorligi bo‘yicha mamlakatning eng yetakchi 35 ta tuman va shahar hokimlari reytingini taqdim etdi.
Reyting natijalariga ko‘ra, hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va loyihalarni amalga oshirish borasida yuqori ko‘rsatkich qayd etgan rahbarlar aniqlangan.
Unga ko‘ra, Qobil Xamdamov (Olmaliq shahri hokimi) — 835,2 mln dollar bilan ro‘yxatda mutlaq yetakchilik qilmoqda.
Ikkinchi o‘rinni Azamat Fayziyev (Nurota tumani hokimi) egalladi — 719,4 mln dollar.
Anvar Baymuratov (Qorao‘zak tumani hokimi) — 593,2 mln dollar bilan uchinchi pog‘onani yakunlab bergan.
Shuningdek, kuchli beshlikdan Xurshid Tohirov (Qorako‘l tumani, 581,3 mln dollar) va Bekzod Madaminov (Qo‘shko‘pir tumani, 580,7 mln dollar) joy olgan.
Reytingdan respublikaning turli viloyatlari, jumladan, Navoiy, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyati tumanlari vakillari o‘rin olgan.
Ro‘yxatdagi yagona ayol hokim — Olot tumani rahbari Nargiza Ne’matova bo‘lib, u 226,5 mln dollarlik ko‘rsatkich bilan Top-35 talikka kirgan.
Ro‘yxatning yakuniy pog‘onalarini Otabek Nosirov (Yangiyer shahri), Alisher Abdug‘aniyev (Zomin tumani) va Asadulla Najmiddinov (Yangiqo‘rg‘on tumani) kabi rahbarlar band etgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi investitsion muhit naqadar faol ekanini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston oltin zaxirasini 9 tonnaga oshirdi
Mart oyida O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotib oluvchi davlatlar qatoriga kirdi.
Joriy yil bahorining birinchi oyida butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar 66 tonna oltin sotdi. Bu haqda Butunjahon oltin kengashining (WGC) navbatdagi hisobotida aytiladi.
Ushbu qimmatbaho metallning eng yirik sotuvchilari Turkiya va Rossiya bo‘lib chiqdi. Birinchisi 60 tonna, ikkinchisi esa 6 tonna sotdi.
Shu bilan birga, Polsha oltin zaxirasini 11 tonnaga, O‘zbekiston esa 9 tonnaga oshirdi. Bundan tashqari, Qozog‘iston 6 tonna, Xitoy esa 5 tonna sotib oldi. Chexiya va Gvatemalaning zaxiralari 2 tonnaga ko‘paydi.
Iqtisodiyot
Toshkentdagi tadbirkorlarning peshlavha muammosi prezidentga olib chiqildi
Peshlavhani reklama deb baholash va pasport rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi. Dizayn-kod talablari tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
5 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan peshlavhalar masalasi ko‘rib chiqildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma’muriy yuk bo‘lishi bilan birga, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik sub’yektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun pasport rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi.
Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
“Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Iqtisodiyot
Endi chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
Endilikda chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi.
Adliya vazirligi Kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3826, 29.04.2026-y.).
Xususan, chet el valyutasida ifodalangan obligatsiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valyutasida ifodalangan obligatsiya egasining obligatsiyaning nominal qiymatini va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi.
O‘zbekiston rezidenti va «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar chet el valyutasidagi obligatsiyalarni chiqarishi mumkin.
Bunda, 1 ta emitent tomonidan valyuta obligatsiyalari chiqarilishlarining umumiy summasi 50 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur.
Valyuta obligatsiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin.
Valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valyuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.
Valyuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valyuta obligatsiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
-
Jamiyat4 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Jamiyat4 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Jamiyat5 days ago
Jurnalistika uchun dolzarb bo‘lgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Dunyodan4 days ago
AQShning Eronga iqtisodiy bosimi: inqiroz davom etadimi?
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
-
Sport3 days ago
Floyd Meyvezer Amerika pasportidan ayrilishi mumkin
