Iqtisodiyot
ekspertlarning inflyasiya bo‘yicha kutilmalari ijobiy
2026-yil may oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalari moliya sohasi ekspertlarining inflyasiya va iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha qarashlari ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
So‘rovda jami 41 nafar ekspert ishtirok etgan bo‘lib, ularning 71 foizini tijorat banklari, 22 foizini mikromoliya tashkilotlari va 7 foizini boshqa moliya institutlari vakillari tashkil qildi.
Natijalarga ko‘ra, kelgusi 12 oy uchun yillik inflyasiya bo‘yicha kutilmalar 7,5 foizdan 7,2 foizgacha pasaygan. Kelgusi uch yil uchun inflyasiya prognozi ham 5,7 foizdan 5,4 foizga tushgan. Bu ko‘rsatkichlar inflyasiyaning Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsadli darajasiga yaqinlashayotganini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil dekabrida kelgusi 12 oy uchun inflyasiya 7,8 foiz deb baholangan bo‘lsa, may oyiga kelib bu ko‘rsatkich 7,2 foizgacha kamaygan.
Ekspertlarning inflyasiyaning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha ishonchi ham ortib bormoqda. May oyida ishtirokchilarning 51,2 foizi ushbu maqsadga 2027–2028-yillarda erishilishini kutmoqda. Bu aprel oyidagi 48 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori.
Markaziy bankning asosiy stavkasini o‘zgartirmaslik bo‘yicha qarashlar ham ustuvor bo‘lib qolmoqda. Ekspertlarning 80,5 foizi navbatdagi boshqaruv yig‘ilishidan keyin stavka 14 foiz darajasida saqlanishini prognoz qilgan. Kelgusi 12 oy uchun asosiy stavka bo‘yicha kutilmalar esa 13 foiz atrofida shakllangan.
Shuningdek, banklararo pul bozoridagi resurslar qiymati bo‘yicha kutilmalar yuqori saqlanmoqda. Bir yillik resurslar bo‘yicha stavkalar kelgusi 30 kunda 15,8 foiz, kelgusi 12 oyda esa 15 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha baholar ham ijobiy saqlanmoqda. Ekspertlar joriy va kelgusi yilda real yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6,4 foiz darajasida bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Shu bilan birga, nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,3 foiz, kelgusi yilda esa 12,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Umuman, so‘rov natijalari moliya bozori ishtirokchilari inflyasiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, pul-kredit siyosati barqarorligi va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining saqlanishiga ishonayotganini ko‘rsatmoqda.