Jamiyat
Ekologik huquqbuzarliklar sodir etgan korxonalarga moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda
7-aprel kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi. Hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Senatorlar ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikda ekologik huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar miqdori past bo‘lib, ular yetarli profilaktik ta’sir ko‘rsatmayotgan edi. Bu esa ayrim holatlarda qoidabuzarliklarning takrorlanishiga olib kelgan.
Yangi qonun bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar kiritilib, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etilmoqda.
Qonun doirasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Jumladan, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda chiqindilarni ochiq yoqish, shina, mazut, bitum, rezina va boshqa zararli materiallarni yoqish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu kabi amaliyotlar atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi qayd etildi.
Shuningdek, issiqxonalar va ishlab chiqarish binolarida ekologik talablarga zid ravishda yoqilg‘i sifatida turli chiqindilardan foydalanish ham qonun doirasida cheklanmoqda.
Senatorlar mazkur qonunni ma’qullashdi.
Jamiyat
Toshkentda avtobusga chiqib yo‘l haqini to‘lamagan 32 ming kishi jarimaga tortildi
Yanvar, fevral, mart oylarida Toshkent shahri avtobuslarida yo‘lkirani to‘lamasdan harakatlangan 32 450 nafar yo‘lovchi javobgarlikka tortildi. Transport inspeksiyasiga ko‘ra, qaysi yo‘nalishdagi avtobuslarda reydlar kuchaytirilsa, o‘sha yo‘nalishlarda yo‘l haqini to‘lash darajasi oshishi kuzatilyapti.
Toshkent shahri avtobuslarida yo‘lkirani to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda, deya xabar berdi Transport nazorati inspeksiyasi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan 3 oyi davomida inspektorlar tomonidan 32450 ta holatda qoidabuzarlik aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
“Hozirda to‘lov tizimi va inspektorlar faoliyati raqamlashtirilgan bo‘lib, nazorat tadbirlari monitoring natijalaridan kelib chiqib, yo‘nalishlarda manzilli amalga oshirilmoqda. Jumladan, 8 ta yo‘nalishda (2026 yil boshidan 28 ta) yo‘l haqi nazorati kuchaytirilgan tartibda o‘tkazildi va natijada yo‘nalishlarda tranzaksiyalar soni nisbatan oshdi”, deyiladi xabarda
Transport nazorati inspeksiyasi barcha yo‘lovchilardan jamoat transportidan foydalanishda belgilangan qoidalarga rioya qilib, yo‘l haqqini o‘z vaqtida to‘lashni so‘radi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasiga asosan, jamoat transportida yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchilar BHMning o‘ndan bir qismi (hozirda 41 200 so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Jamiyat
Turkiyada yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
Yirik miqdordagi mablag‘larni olib, ularni qaytarmasdan Turkiyaga yashirinib ketgan O‘zbekiston fuqarosi huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida qo‘lga olinib, qonuniy choralar ko‘rish uchun qaytarildi.
Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 37 yoshli, Samarqand viloyatida tug‘ilgan fuqaro B.A. O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik natijasida aniqlanib, tegishli tartibda qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng mazkur shaxsga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
Hozirda fuqaro B.A.ga nisbatan qonunchilikka muvofiq tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh konsulxona xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarni amaldagi qonunlarga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Jamiyat
O‘zbekistonliklarning ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda
Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» Qonun ma’qullandi.
Mazkur hujjatning eng muhim jihatlaridan biri – ish tashlash huquqining qonunan mustahkamlanishidir.
Qonunga ko‘ra, ish tashlash xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida belgilanmoqda. U ixtiyoriy va birgalikda mehnat majburiyatlarini vaqtincha to‘liq yoki qisman bajarmaslik shaklida amalga oshiriladi.
Shuningdek, ish tashlash jarayonida ish beruvchi va tegishli organlarni xabardor qilish tartibi, tomonlarning huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. U Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual va Mehnat kodekslariga, shuningdek, jamoat birlashmalari va kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun ish tashlash jarayonini qonuniy tartibga solish orqali jamoat xavfsizligi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga, shuningdek, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat
Toshkentda voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi Lacetti avariyaga uchradi
Shayxontohur tumanida voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, bir necha nafarga tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ma’lum qilinishicha, 9 aprel kuni soat taxminan 03:30 larda Sebzor ko‘chasida joylashgan «Ganga» ko‘prigi ustida 2009 yilda tug‘ilgan fuqaro Lacetti rusumli avtomobilni boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
Natijada u o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi KIA rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Lacetti haydovchisi hamda uning ikki nafar yo‘lovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Senat to‘lov tizimlarida firibgarlikka qarshi tizim joriy etish bo‘yicha qonunni ma’qulladi
Senatning yalpi majlisida to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun muhokama qilinib, ma’qullandi. Hujjatda bank kartalari orqali sodir etilayotgan firibgarlik va o‘g‘rilik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda raqamli to‘lov xizmatlari jadal rivojlanmoqda. Bu esa moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni talab qilmoqda.
Qonun doirasida zamonaviy antifrod tizimlarini joriy etish, bank kartalari bilan bog‘liq operatsiyalarni qo‘shimcha himoya qilish va firibgarlik sxemalarini barvaqt aniqlash mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, antifrod tizimi firibgarlikni aniqlash va oldini olishga xizmat qiladi. U sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahliliga asoslanadi. Shubhali operatsiyalarni real vaqtda bloklaydi.
Shuningdek, qonun bilan bir qator amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida», «Markaziy bank to‘g‘risida» hamda boshqa qonunlar qayta ko‘rib chiqildi.
Qonunga muvofiq, to‘lov tizimlari operatorlari va tashkilotlari uchun antifrod tizimlari va biometrik identifikatsiyani joriy etish majburiy tarzda belgilanmoqda.
-
Dunyodan3 days ago
AQSh Eron urushida kamida 7 samolyotini yo’qotdi
-
Jamiyat3 days agoJizzaxda kuchli yomg‘irdan keyin sel kuzatildi
-
Dunyodan1 day ago
AQSh va Eron o’rtasidagi sulh bitimi bugun kuchga kirishi mumkin
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonga poyabzal importi qariyb 15 foizga kamaydi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi
-
Sport5 days ago“Lokomotiv” o‘yinidan keyingi janjal sabablari o‘rganilmoqda
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Eronni Hormuz muammosi “jiddiy oqibatlarga olib kelishi” haqida ogohlantirdi
-
Dunyodan3 days ago
Qanday qilib ikki ayol ixtisoslashgan laboratoriyasiz tibbiyotni yangilashdi?
