Jamiyat
Ekologik huquqbuzarliklar sodir etgan korxonalarga moliyaviy sanksiyalar belgilanmoqda
7-aprel kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi. Hujjat atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Senatorlar ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikda ekologik huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarimalar miqdori past bo‘lib, ular yetarli profilaktik ta’sir ko‘rsatmayotgan edi. Bu esa ayrim holatlarda qoidabuzarliklarning takrorlanishiga olib kelgan.
Yangi qonun bilan «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar kiritilib, yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etilmoqda.
Qonun doirasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, atmosfera havosini muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Jumladan, yoqish uchun mo‘ljallanmagan joylarda chiqindilarni ochiq yoqish, shina, mazut, bitum, rezina va boshqa zararli materiallarni yoqish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu kabi amaliyotlar atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi qayd etildi.
Shuningdek, issiqxonalar va ishlab chiqarish binolarida ekologik talablarga zid ravishda yoqilg‘i sifatida turli chiqindilardan foydalanish ham qonun doirasida cheklanmoqda.
Senatorlar mazkur qonunni ma’qullashdi.