Jamiyat
“Egnidagi formasiga ishonib qolibman” – Andijonda YXHB inspektori odamlarni chuv tushirdi
Andijon viloyati IIB YHXB inspektori Bekzod G‘oyibnazarov avtomobilini sotuvga qo‘ygan bir necha kishini chuv tushirdi. U odamlarning ishonchiga kirishda o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan, rasmiy formada videolarga tushib, va’dalar bergan. Serjant hali o‘z nomiga o‘tmagan mashinalarni sotib yuborib, pullarni onlayn qimorga tikkani aytilyapti.
Bekzod G‘oyibnazarov 2025 yilning 13 oktyabr kuni Gentra mashinasini sotayotgan Abdulloh Ne’matov bilan uchrashadi. Avtomobil 8 500 dollarga savdo qilinadi va xodim 20 dekabr kuni bu pulni berishini ma’lum qiladi. Lekin oradan 7 oy o‘tibdiki, na puldan va na mashinadan darak yo‘q.
Formali xodim aldamasa kerak, deya o‘zini ovutishga harakat qilgan Abdulloh nihoyat chuv tushganini anglab yetadi va bu haqda inspeksiya va Andijon shahar prokuraturasida xabar qiladi.
YHXB inspektori bu vaziyatdan ham chiqib ketish yo‘lini tutib, mashina egasidan arizasini qaytarib olishni so‘raydi, evaziga har oy oylik maoshidan 1 000 dollardan berib borib qarzini to‘lashini va’da qiladi. Lekin bu gal ham Abdulloh Ne’matovning qo‘yni puch yong‘oqqa to‘lgan edi.
Serjant Bekzod G‘oyibnazarov boshqalarning ham ishonchiga kirib, pulini qo‘lga kiritib, bermay yurgani ma’lum bo‘ldi.
“Formada syomkaga tushib beraman, sotavering uka…”
Xodimning hiylasiga uchgan Abdulloh Ne’matov:
— Gentra mashinam bor edi, Andijon viloyat YHXB xodimi Bekzod G‘oyibnazarov 2025 yilning oktyabr oyida mashinani menga sotasiz, deb qo‘yarda qo‘ymay iltimos qildi. Yo‘q, sotmayman, desam ham, “uka, formada syomkaga tushib beraman”, deb turib oldi. 8 500 AQSh dollariga savdoni pishitdik. Kelishilgan pulni 20 dekabr kuni berishi kerak edi.
Mashinaga o‘tirib kelishuv haqida video ham qildik. Formasiga ishonib mashinani qanday qilib sotib yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Gentra’ni kimgadir sotgan ekan. Uni sotib olgan odamning nomiga xujjatlarni ham rasmiylashtirib berdim.
Oradan 7 oy o‘tibdiki, puldan ham, mashinadan ham darak yo‘q. Bu haqda inspeksiyaga murojaat qildim, inspeksiya xizmat tekshiruv olib borib, xujjatlarni prokuraturaga chiqardi. Ish prokuraturaga chiqqandan keyin Bekzod G‘oyibnazarov: “Arizangizni qaytarib oling, har oyning 25-sanasida oyligimdan 1 000 dollardan beraman, 8 oyda qutulaman qarzimdan”, deb iltimos qildi. Ko‘ngliga qarab bu safar ham xo‘p, dedim. Lekin u endi telefonimni ham ko‘tarmay qo‘ydi.
Odamlarning aytishiga qaraganda, xodim onlayn qimorga yutqizib qo‘yib ko‘pchilikdan qarz bo‘lib ketgan ekan. Do‘konchidan 5-6 ta iPhone olib, uni ham bermay yurgani haqida eshitdim. Yana bir kishining Captiva mashinasini olib, uni ham pulini bermay sotib yuborgan ekan.
Formali odamni aldab ketishi aqliga sig‘maydi-da, bunday bo‘lishini xayolimgayam keltirmagan edim. Arizamni qaytarib olganimdan keyin yana yo‘q. Hech qayerdan topib bo‘lmayapti. Aloqaga chiqmayapti. Telefon qilyapman, o‘chiq telefoni. Telegram’dan yozsam o‘qimayapti. Hech qayerdan topib bo‘lmayapti. Ishxonasidagi xodimlar bilan ham gaplashdim. Qarzi juda ko‘p, kechib yuboraver pulingni deyishyapti.
Tegishli tashkilotlardan pulimizni olib berishlarini iltimos qilamiz…
Abdulloh Ne’matov
“Uyimizni sotuvga qo‘yganmiz, sotilsa beraman…”
Inspektorga aldanib qolgan Sherzod Xoldorov:
— Mashinafurushman. 21 yanvar kuni inspektor Bekzod G‘oyibnazarov sotiladigan Captiva bor, deb chaqirdi. Uchrashdik. Mashina bir ayolning nomida ekan. 7 200 dollarga kelishdik. Men bu pulni o‘sha ayolning ukasiga berdim. Inspektor pulni mashina egasidan olib, onlayn qimorga tikib yuborgan ekan. O‘zi ham buni tan olyapti: “1XBET o‘ynab yomon yo‘lga kirib qoldim, akalar, ozgina muhlat beringlar”, dedi.
Captiva egasi bo‘lgan ayol endi mashinani nomimga o‘tkazib bermayapti. Mashina uyimda turibdi. Boshim qotgan. Pullarini to‘lab berganmiz, bizda syomkalarigacha bor.
Telefonlarini o‘chirib olgan, uyiga borsak, “pul yo‘q”, deyapti. Onasi tinmay yig‘lab: “Uyimizni sotuvga qo‘yganmiz, sotilsa beraman”, deyapti. Lekin uy sotiladi deb yozilgan e’lon ham yo‘q-da…
Sherzod Xoldorov
“Inspektor ishdan bo‘shatilgan…”
Andijon viloyati IIB YXHB Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i Abdumajid Rayimjonov:
— Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining 5-safarbar guruh inspektori, serjant Bekzod G‘oyibnazarov 2013 yildan beri tizimda ishlab kelgan. 2025 yil oxirlarida xodim ustidan bir necha arizalar kelib tushgan. Ya’ni, pul oldi-berdi masalasida.
Abdumajid Rayimjonov
Xodim ustidan murojaatlar ko‘payib ketganligi sababli viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati tomonidan holat tanqidiy muhokama qilinib, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida attestatsiya tartibiga muhokamaga havola etilgan va attestatsiya tartibida ko‘rib chiqilganidan so‘ng, bu xodimni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan 2026 yil 30 martda Ichki ishlar organlari safidan, ya’ni tizimdan bo‘shatilgan.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat2 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
