Jamiyat
DXX Toshkent va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlarni fosh etdi
Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali shartnoma qiymati 2 mlrd 73 mln so‘m bo‘lgan ob’yektni kapital ta’mirlash bo‘yicha g‘olib bo‘lgan pudratchi tashkilot hisob raqamiga bo‘nak sifatida 1,1 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berganligi evaziga muqaddam MChJ rahbaridan tamagirlik yo‘li bilan 2 ming AQSh dollari oladi.
Shuningdek, u jinoiy harakatini takroran davom ettirib, pudratchi tashkilot tomonidan qurilish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi sababli, undan 643 mln 530 ming so‘m penya undirish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasidan voz kechish orqali MChJ foydasiga ajrim chiqartirib bergani evaziga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i 1990 y.t. fuqaro tomonidan o‘zi istiqomat qiluvchi uyning ko‘cha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlashi uchun ruxsat berish evaziga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur rahbar xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Pop tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga kelgusida to‘yxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2025 yilda 4500 AQSh dollari oladi.
Ammo, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi va’da qilingan ishni bitira olmagach, 4500 AQSh dollari hisobidan 1 mln 200 ming so‘mni qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Department xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Talabalar turar joylarini qurish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Hukumat qarori bilan talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi.
Endilikda tadbirkorlar davlat bilan hamkorlikda zamonaviy talabalar turar joylarini quradi, davlat esa ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, DXSh asosidagi loyiha kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyi uchun amalga oshiriladi.
Shuningdek, DXSh belgilangan limit doirasida har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi.
Talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Agar yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar qolsa, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari ham joylashtirilishi mumkin.
Shuningdek, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida bitimda belgilangan yotoq o‘rinlardan tashqari bo‘sh maydonlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanishga ruxsat beriladi.
Davlat subsidiyalari maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab davlat OTTlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi. Avval boshlangan loyihalar esa amaldagi bitimlar muddati tugaguniga qadar davom ettiriladi.
Jamiyat
Daraxt va butalarni kesish, shakl berish hamda ko‘chirib o‘tqazish tartibi belgilandi
Daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida – o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda tana ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalar ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tqaziladi.
Shuningdek, daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tqazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — o‘simliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1 apreliga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalar ularning ildiz tuprog‘ini saqlagan holda ko‘chirib o‘tqaziladi, buning uchun ruxsatnomalar har bir ko‘chirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi.
Jamiyat
Dorixona ochishga litsenziya berish uchun pul talab qilgan mansabdorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
«Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
Yangi dorixona filialini ochish maqsadida Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor litsenziya olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasiga murojaat qilgan. Biroq litsenziyalash jarayonida ushbu markaz xodimi undan pul talab qilgan.
Aniqlanishicha, Markazning litsenziyalash va nazorat qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorga yangi tashkil etilayotgan dorixona uchun litsenziyani mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib 6 mln so‘m pul so‘ragan.
U talab qilingan pulning 4 mln so‘mini olgan, biroq qolgan 2 mln so‘mni ololmagach, tadbirkorning litsenziya olish bo‘yicha yuborilgan so‘rovnomasiga rad javobini bergan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi hamda 25, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
Kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlar soni keskin ortgan – Raqobat qo‘mitasi
Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, mobil aloqa abonentlaridan eng ko‘p qo‘ng‘iroqlar elektr tarmoqlari, gaz va suv ta’minoti va xizmatlarning boshqa hayotiy muhim bo‘g‘in raqamlariga amalga oshirilgan.
Qayd etilishicha, umumiy o‘rtacha kutish davomiyligi ayrim holatlarda 10-30 daqiqagachani tashkil etgan.
Shuningdek, o‘rganishlar tahlili ko‘rsatishicha, kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlarning 80-90 foizdan ortig‘i qo‘mitaning 1159 ishonch raqami orqali qabul qilingan va ularning soni quyidagi tarzda keskin ortib borgan:
gaz ta’minoti bo‘yicha – 4,5 barobar;
maishiy chiqindi xizmatlari bo‘yicha – 2,4 barobar;
ichimlik suvi va qurilish xizmatlari bo‘yicha – 1,2 barobar.
Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar aloqa markazlarida faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, bu esa jismoniy va yuridik shaxslar tegishli ishonch telefonlaridan to‘liq va samarali foydalana olmasligi hamda ko‘plab vaqtini yo‘qotayotgan fuqarolarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qisqa vaqtda yechim topishiga to‘sqinlik qilayotgani aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish, ularning behuda yo‘qotgan vaqtlarini qadrlash, xizmat ko‘rsatish korxonalari qisqa raqamiga ishonchini oshirish maqsadida ishonch telefonlaridagi texnik va tashkiliy muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar Raqamli texnologiyalar vazirligiga yuborildi.
Jumladan, aloqa markazlari faoliyatini baholash tartibini aholi bilan ishlovchi barcha tashkilotlarga tatbiq etish, kamchiliklar uchun aniq javobgarlik belgilash hamda natijalarni ochiq e’lon qilib borish taklif etilmoqda.
Jamiyat
5 iyul kuni ma’muriy binolarda FVVning maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi
Mashqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari binolarida soat 10.00dan 12.00gacha o‘tkaziladi.
5 iyul kuni O‘zbekiston bo‘ylab reja-grafik asosida ma’muriy binolarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkaziladi.
FVV e’lon qilgan jadvalga ko‘ra, mashqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari binolarida soat 10.00dan 12.00gacha o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zilzila, yong‘in va boshqa turdagi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, oqibatlarni qisqa vaqtda bartaraf etish, odamlarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini oshirishdan iboratdir.
Favqudodda vaziyatlar vazirligi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan mazkur o‘quv mashqlari bo‘yicha materiallar yuzasidan asossiz va noo‘rin materiallarni tarqatmaslik, mavjud ma’lumotlardan unumli foydalanishni so‘ramoqda.
-
Siyosat2 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan3 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Mbappe Messini ta’qib qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoGaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat4 days agoNavoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
