Sport
«Dunyoni biz boshqarmaymiz» – Infantino arbitr Artan AQShga kiritilmaganiga munosabat bildirdi
Xalqaro futbol federatsiyasi prezidenti Janni Infantino jahon chempionati boshlanishi arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida AQShga kirishdagi muammolar atrofida shov-shuv ko‘tarmaslikka va rohatlanib ishlashga chaqirdi.
Jurnalistlardan biri esa unga somalilik hakam Umar Artan bilan ro‘y bergan voqeani eslatib, uni o‘zining eng yaxshi hakamlaridan birini himoya qila olmaslikda aybladi, shuningdek, Eron milliy jamoasi o‘z mashg‘ulot bazasini Meksikaga ko‘chirishga majbur bo‘lgani, yana ko‘plab mamlakatlardan OAV vakillari va oddiy muxlislar jahon chempionati mezboni bo‘lgan mamlakatga kira olmaganini aytib, FIFA shafeligidagi turnir ustidan nazoratni yo‘qotganingizni tan olasizmi, deya so‘radi.
Bunga javoban Infantino Umar Artan bilan bo‘lgan voqea qayg‘uli ekani, ammo tashkilot barchasini nazorat qila olmasligini aytdi.
«Muammolarni hal qilishga harakat qilyapmiz, vaziyatni o‘rganyapmiz. Ba’zida shunchaki tinchlanish foydali bo‘lishi mumkin. Ba’zida baqirish, g‘azablanish yordam bermaydi, balki teskari effekt beradi. Sizni ishontirib aytamanki, biz doimo yechim topishga harakat qilamiz. Doim. Ammo biz dunyoning egasi emasmiz. Biz hukumatlar va politsiyachini boshqaradigan qirollar emasmiz», degan u.
Eslatib o‘tamiz, AQSh hukumati jahon chempionatida o‘yinlarni boshqarishi kerak bo‘lgan Umar Artanni Mayami xalqaro aeroportidan ortga qaytarib yubordi. Bunga Somali fuqarolari Amerikaga kirishi cheklangan davlatlar qatorida ekani sabab bo‘ldi. Umar diplomatik pasportga egaligi ham foyda bermadi.
Sport
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» qancha pul ishlaydi?
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/2027-yilgi mavsumda Osiyo klublar musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit (Elite) turnirida, «Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida ishtirok etmoqda.
Jamoalarga turnirdagi ishtiroki, har bir g‘alabasi hamda keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun OFK tomonidan yirik miqdorda mukofot pullari ajratiladi.
«Paxtakor» va «Neftchi» nufuzli Elit turnirning asosiy (liga) bosqichida qatnashgani uchun kafolatlangan 800 ming AQSh dollaridan qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari, ushbu musobaqada jamoalar har bir g‘alaba uchun qo‘shimcha 100 ming dollar bonus ishlab olishlari mumkin. Klublarning umumiy daromadi ular qayd etadigan natijalar va g‘alabalar soniga qarab oshib boradi.
Musobaqaning pley-off bosqichida ham mukofot pullari sezilarli darajada yuqori. OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida 1/8 finalga yo‘l olgan klubga 200 ming dollar, chorak final ishtirokchisiga 400 ming dollar, yarim finalga chiqqan jamoaga esa 600 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.
Musobaqa g‘olibi — turnir chempioni 10 million dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga 4 million dollar mukofot puli to‘lanadi. Bir so‘z bilan aytganda, «Paxtakor» va «Neftchi» musobaqada qancha uzoqqa borsa, shuncha ko‘p daromad oladi — bu mablag‘ bir necha million dollarga yetishi mumkin.
«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 turnirini guruh bosqichidan boshlaydi. Ushbu bosqichda qatnashgani uchun qarshiliklarga kafolatlangan 300 ming dollar mukofot puli ajratiladi. Bundan tashqari, guruhdagi har bir g‘alaba uchun 50 ming dollardan qo‘shimcha bonus to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
OFK Chempionlar ligasi 2 turnirining pley-off bosqichida sovrinlar quyidagicha taqsimlanadi: 1/8 finalga chiqqan klub 80 ming dollar, chorak finalga yo‘l olgan jamoa 160 ming dollar, yarim final ishtirokchisi esa 240 ming dollar mukofot oladi.
Turnir g‘olibiga 2,5 million dollar, finalchiga 1 million dollar mukofot puli beriladi. Shunday qilib, «Nasaf» ham musobaqadagi muvaffaqiyatli natijalari evaziga boshlang‘ich 300 ming dollarni (bir necha) million dollargacha ko‘paytirish imkoniyatiga ega.
Sport
«Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi
«Paxtakor» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi asosiy bosqichini durang bilan boshladi.
Jiddada turnirning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» klubiga qarshi o‘ynagan paxtakorchilar 86-daqiqada hisobni ochishdi. Ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda javob goli o‘tkazib yuborildi.
«Paxtakor» keyingi o‘yinni 12-oktyabrda Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga qarshi o‘tkazadi.
Elit OChL. G‘arb mintaqasi. 1-tur
14-sentyabr, Jidda, «King Abdullah Sports City» stadioni
Al-Ahli – Paxtakor 1:1
Gollar: Firas al-Buraykan (90+3) — Flamarion (86)
Bosh hakam: Abdulla Jamaliy (Kuvayt)
Al-Ahli: Eduard Mendi, Ibrahima Diabi (Valentin Atangana 62), Galeno (Meshal Al-Mutayriy 53), Said Baattia, Ivan Toni (Firas Al-Buraykan 68), Mateus Martins, Merix Demiral (Muhammad Sulaymon 68), Saad Balobaid, Rayan Hamid, Solih Abu Alshamat, Naif Masud (Eduard Spersyan 46)
Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin (Murtazo Puraliganji 46), Dilshod Saitov, Ibrohim Ibragimov, Akmal Mozgovoy (Muhammadali Dilshodbekov 88), Dostonbek Hamdamov (Flamarion 68), Bashar Resan, Abdurauf Bo‘riyev, Ayman Husayn (Stiven Chinedu 69), Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov 78), Muhammadrasul Abdumajidov
Ogohlantirishlar: Ibrohim Ibragimov (63), Solih Abu Alshamat (64)
Eslatib o‘tamiz, kecha Elit Osiyo chempionlar ligasi 1-turida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida «Eyr Fors» ustidan 1:0 hisobida ustun kelgandi.
Sport
Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan an’anaviy Mash’ala estafetasi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang olimpiada mash’alasini o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi.
Endilikda ramziy olov Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishiga 2 kun qoldi.
Sport
Gukesh — Sindarov matchida mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi
FIDE 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match reglamentini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga qarshi shaxmat tojini himoya qiladi.
Match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24 noyabrda, so‘nggisi esa 11-dekabrda o‘ynaladi. Agar 14 partiyadan keyin hisob teng bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.
Jahon chempionligi bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi.
Gukesh va Sindarov match boshlangan paytda 20 yoshda bo‘ladi. Shu tariqa, bu jahon chempionati tarixidagi eng yosh ikki shaxmatchi o‘rtasidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.
Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun matchda ishtirok etish huquqini 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib qo‘lga kiritdi. U musobaqada 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va turnir g‘olibligiga bir tur qolgandayoq erishdi.
Bundan oldin Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan edi. U mutlaq jahon chempioni unvoni uchun matchda ishtirok etadigan O‘zbekiston tarixidagi birinchi shaxmatchi bo‘ladi.
Gukesh esa 2024-yilda Singapurda Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. U o‘shanda 18 yoshida shaxmat tarixidagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan.
Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollardan beriladi, qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.
Jahon chempionligi uchun bahs Fondation Martin Bodmer — jahon adabiyoti va insoniyat tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar hamda hujjatlar saqlanadigan mashhur kutubxona-muzeyda o‘tkaziladi.
Sport
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.
Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.
Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.
26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.
Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.
-
Jamiyat5 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Jamiyat3 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Jamiyat3 days ago
«Ma’rifat karvoni» ziyolilarni umummilliy harakatga safarbar etmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin
