Iqtisodiyot
Dunyoda oltin zaxiralari qisqaryaptimi? Infografika va prognoz
Oltinning kamyobligi – uni investitsiyalar uchun ishonchli vosita sifatida saqlab qolish sabablaridan biri. 2025 yilda ushbu metall so‘nggi ko‘p yillardagi eng kuchli o‘sishni boshdan kechirdi: iqtisodiy noaniqlikka jahon investorlarining reaksiyasi fonida narx 50 foizdan ko‘proq oshdi.
Agar insoniyat tomonidan qazib olingan barcha oltin (taxminan 216 000 tonna) yagona quymaga aylantirilsa, u balandligi atigi 22 metr bo‘lgan — taxminan yetti qavatli binoga teng — kub shaklini olgan bo‘lar edi.
Taqqoslash uchun, jahon miqyosida aniqlangan va iqtisodiy jihatdan samarali deb baholangan oltin zaxiralari taxminan 64 000 tonnani tashkil qiladi, bu esa balandligi 15 metr bo‘lgan kubga to‘g‘ri keladi.
Ushbu infografika Butunjahon oltin kengashi va AQSh Geologik xizmati (USGS) ma’lumotlariga, shuningdek Britaniya ensiklopediyasidan olingan tarixiy kontekstga tayanadi va bu qimmatbaho metall zaxiralarining umumiy manzarasini namoyish etadi.
Ma’lum barcha zaxiralarning deyarli uchdan ikki qismi allaqachon yerosti konlaridan qazib olingan. Yangi konlar kamroq topilayotgani va qazib olish qiymati o‘sib borayotgani sabab, asosiy e’tibor asta-sekin ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash va qazib olish texnologiyalarini takomillashtirishga siljiyapti.
Insoniyat tarixi davomida qazib olingan oltinning uchdan ikki qismi 1950 yildan keyin — texnologik taraqqiyot va sanoat talablari tufayli — qo‘lga kiritildi. Urushdan keyingi davr yirik karerlar va samarali affinaj usullarining paydo bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bugun rudada metall miqdori pasayib borayotgani sabab qazib olish sur’atlari sekinlashmoqda, ammo aylanmadagi jami oltin hajmi har yili sekin-asta ko‘payib bormoqda.
Qazib olingan barcha oltinning taxminan 45 foizi zargarlik buyumlari ko‘rinishida, 22 foizi esa quymalar va tangalar ko‘rinishida mavjud. Markaziy banklar taxminan 17 foiziga egalik qiladi — oltinni inflatsiya va geosiyosiy noaniqlikka qarshi strategik zaxira sifatida ushlab turadi. Oltin texnologik va boshqa sanoat tarmoqlarida — elektronikadan to aerokosmik komponentlarigacha — qo‘llanadi.
2025 yilda oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4000 AQSh dollariga yetdi. Bu investorlar dollarning kuchsizlanishi, geosiyosiy o‘zgaruvchanlik va iqtisodiy noaniqlik sharoitida xavfsiz vosita izlagani bilan izohlanadi.
Iqtisodiy jihatdan samarali deb baholangan yerosti zaxiralari taxminan 64 000 tonna bo‘lsa-da, bu qolgan barcha metallni qamrab olmaydi.
Dunyoda hali ochilmagan konlar mavjud va oltin narxlarining o‘sishi bilan kichikroq ruda konlarini ishlab chiqarish ham iqtisodiy jihatdan maqbul bo‘lib boradi. Yuqori narxlar qidiruv kompaniyalarini geologiya-qidiruv ishlarini faollashtirishga rag‘batlantiradi, bu esa, oxir-oqibat, yangiliklarga olib kelishi mumkin.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
