Iqtisodiyot
Dunyo oziq-ovqat xaritasi o‘zgarmoqda: markazda Lotin Amerikasi
Lotin Amerikasi asta-sekin, ammo ishonch bilan dunyodagi eng muhim oziq-ovqat yetkazib beruvchilardan biri maqomini mustahkamlab bormoqda. Mintaqaning bir nechta asosiy davlatlari soya va mol go‘shtidan tortib avokado hamda qahvagacha bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha global taklifni shakllantirmoqda. Sohaga oid so‘nggi ma’lumotlar va prognozlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mintaqa nafaqat o‘sib borayotgan jahon talabiga ulgurmoqda, balki tobora ko‘proq hollarda shu talab yo‘nalishini o‘zi belgilay boshlamoqda.
Foto: RIA Novosti / Aleksey Kudenko
Qishloq xo‘jaligi salohiyati tahliliga ko‘ra, oldingi safda qahva, soya, makkajo‘xori, shakarqamish va mol go‘shti kabi asosiy eksport mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan Braziliya turibdi. Uning ortidan Argentina bormoqda: u soya, makkajo‘xori, bug‘doy va mol go‘shti bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etib, Janubiy Amerika mintaqasining “dunyo don ombori” sifatidagi rolini mustahkamlamoqda.
Yangi dinamika Market Data Forecast tahlilchilari prognozlariga mos keladi. Ularga ko‘ra, Lotin Amerikasi agrar bozori oziq-ovqat, bioyonilg‘i va qishloq xo‘jaligi eksportiga bo‘lgan jahon talabining o‘sishi fonida barqaror o‘sishni davom ettiradi.
Braziliya dunyodagi eng yirik qahva ishlab chiqaruvchi va soya hamda mol go‘shtining yetakchi eksportchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ishlab chiqarish miqyosi va qishloq xo‘jaligining diversifikatsiyasi uni global oziq-ovqat zanjirlarining hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirgan.
Argentina esa, o‘z navbatida, jahon don bozorida o‘ta muhim o‘rin tutadi. Soya shroti va makkajo‘xorining yetakchi eksportchilaridan biri sifatida u Osiyo va Yevropa mamlakatlariga yetkazib berishni ta’minlamoqda.
World Visualized
Mutaxassislar qayd etishicha, tashqi bozorlardagi barqaror talab va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish yaqin yillarda ham ushbu tarmoqlar o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Eng yirik iqtisodiyotlardan tashqari, mintaqaning qishloq xo‘jaligi yaqqol ifodalangan ixtisoslashuvi bilan ham ajralib turadi.
Meksika yuqori daromad keltiradigan ekinlar — avokado, pomidor va mevalar eksportida kuchli pozitsiyalarni shakllantirgan. Bunga AQShga yaqinlik va qulay savdo kelishuvlari yordam bermoqda. Bugungi kunda Meksika dunyodagi yetakchi avokado eksportchilaridan biri hisoblanadi.
Kolumbiya va Ekvador tropik mahsulotlarga ixtisoslashgan. Kolumbiya o‘zining qahvasi va gullari bilan mashhur bo‘lsa, Ekvador banan eksportida yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi va qisqichbaqa yetishtirishni ham faol rivojlantirmoqda.
Peru va Chili premium toifadagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beruvchi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi. Peru avokado, uzum va sparja eksportni faol oshirmoqda, Chili esa mevalar va raqobatbardosh losos yetishtirish tarmog‘iga tayanmoqda.
Market Data Forecast ma’lumotlariga ko‘ra, bunday diversifikatsiya mintaqaga oz sonli tovarlarga qaramlikni kamaytirish va yuqori foyda keltiradigan eksport bozorlariga chiqishga yordam bermoqda.
Lotin Amerikasi qishloq xo‘jaligining kengayishi jahon oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xavotirlar ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda. Mintaqa soya, makkajo‘xori, qahva va mol go‘shtining jahon eksportida salmoqli ulushni egallab, xalqaro ta’minotda muhim rol o‘ynamoqda.
Hatto Paragvay va Urugvay kabi nisbatan kichik davlatlar ham soya ishlab chiqarish, mol go‘shti va sut mahsulotlari eksporti orqali sezilarli hissa qo‘shmoqda. Kosta-Rika esa qahva, banan va ananasning muhim yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, qulay iqlim, keng yer resurslari va agrotexnologiyalarga kiritilayotgan investitsiyalarning oshib borishi mintaqaning raqobat ustunliklarini kuchaytirmoqda hamda uning jahon maydonidagi pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari bekor qilinadi
Tarkibidagi xomashyo O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan 15 turdagi mahsulot uchun xomashyoga import bojlari olib tashlanadi. Maqsad – mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va ichki bozordagi raqobatni oshirish. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev qandolat mahsulotlari misolida vaziyatni izohlab, ayni paytda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotganiga e’tibor qaratdi. Buning asosiy sababi tayyor mahsulotlarga bojlar yo‘q, ammo xomashyoga tariflar saqlanib qolyapti.
O‘zbekistonda 15 turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo importiga bojxona bojlari bekor qilinadi. Bu haqda 28 mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Idoralararo komissiyaning Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik bo‘yicha tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ilk ochiq muloqotida ma’lum qildi.
Xo‘jayevning ta’kidlashicha, ayrim mahsulotlarda “tarif inversiyasi” holati mavjud. Ya’ni tayyor mahsulotlar import qilinishi arzonroq, ammo ushbu turdagi mahsulotlarni mamlakat ichida ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolarga yuqori bojlar qo‘llanyapti. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar tannarxning oshishi, import mahsulotlari bilan raqobat qilish imkoniyatining pasayishi kabi muammolarga duch kelishyapti, ko‘p korxonalar to‘laqonli ishlay olmayapti.
Bosh vazir o‘rinbosari qandolat mahsulotlari misolida vaziyatni izohlab, ayni paytda shokolad va boshqa shirinliklarni import qilish mahalliy ishlab chiqarishdan arzonga tushayotganiga e’tibor qaratdi. Buning asosiy sababi tayyor mahsulotlarga bojlar yo‘q, ammo xomashyoga bojlar saqlanib qolyapti.
2025 yil dekabr oyida prezident JST bilan hamkorlik bo‘yicha Idoralararo komissiyaga “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida ayrim tovarlarni olib kirishga va tayyor mahsulotlarni ichki bozorda sotishga ruxsat berish vakolatini bergan edi. Ishchi guruh tahlil o‘tkazib, tajriba tariqasida yangi tartib qo‘llanishi rejalashtirilayotgan bir qator tovarlarni tanlab olgan. Xususan, 15 turdagi mahsulot uchun xomashyo importida bojlar bekor qilinishi mumkin. Ular qatoriga quyidagilar kirishi mumkin:
elektr skuterlar;
nogironlik aravachalari;
kungaboqar yog‘i;
marmeladlar;
karamelli shirinliklar;
shokolad;
bolalar ozuqasi;
tez tayyorlanadigan ugra;
pryanik va pechenelar;
vaflilar;
piroglar;
kekslar;
jyem va murabbolar;
konservalangan qulupnay;
shakarli ichimliklar.
Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor mahsulotni ichki bozorda sotgan taqdirdagina QQS to‘laydi. Bundan tashqari, tayyor mahsulot mamlakat ichida sotilganda, unga tayyor mahsulot sifatida boj undiriladi, biroq uni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyo bojsiz olib kiriladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda noshirlik sohasidagi korxonalar soni oshdi
2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nashriyotchilik faoliyati sohasida 2,1 mingta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 520 taga ko‘paygan. Bu esa noshirlik bozorida yangi ishtirokchilar paydo bo‘layotganini anglatadi.
So‘nggi yillarda korxonalar soni ma’lum darajada o‘zgaruvchan dinamikani namoyon etgan. 2022-yil 1 fevral holatida 1 587 ta korxona qayd etilgan.
2023-yilda bu ko‘rsatkich 1 677 taga yetgan bo‘lsa, 2024-yilda 1 632 taga biroz pasaygan. 2025-yilda esa 1 571 ta korxona faoliyat yuritgan.
2026-yildagi 2 091 ta natija esa sohada keskin o‘sish yuz berganini ko‘rsatadi va avvalgi yillar tendensiyasidan farq qiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda har to‘rtinchi korxona savdo sohasida faoliyat yuritmoqda
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil 1-mart holatida O‘zbekistonda jami 576,8 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng katta ulush savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, mazkur yo‘nalishda 156 796 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu esa deyarli har to‘rtinchi korxona savdo bilan shug‘ullanayotganini anglatadi.
Ikkinchi o‘rinda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasi joylashgan bo‘lib, unda 127 071 ta korxona qayd etilgan. Sanoat tarmog‘ida esa 61 062 ta sub’yekt faoliyat olib bormoqda.
Qurilish sohasida 31 372 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida ham 31 350 ta sub’yekt qayd etilgan.
Tashish va saqlash sohasida 17 737 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 14 538 ta korxona mavjud. Axborot va aloqa tarmog‘ida esa 12 391 ta tashkilot faoliyat yuritmoqda.
Qolgan 124 477 ta korxona boshqa turli sohalarga to‘g‘ri keladi. Bu iqtisodiyotdagi tarmoqlar xilma-xilligini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
Islomiy moliyaviy xizmatlar uchun soliqlar qanday hisoblanadi?
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, Markaziy bankda 5 nafar a’zodan iborat bo‘lgan Markaziy bankning islomiy moliya kengashi tashkil etiladi.
Islomiy moliya faoliyati doirasida jami daromadlar tarkibiga quyidagi daromadlar kiritiladi:
islomiy moliya faoliyati bo‘yicha mukofot tarzidagi daromad;
islomiy sug‘urta va islomiy qayta sug‘urta tashkilotining sug‘urta, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha daromadi.
Quyidagilar QQS solishdan ozod qilinadi:
islomiy qimmatli qog‘ozlar (sertifikatlar) bilan bog‘liq operatsiyalar.
islomiy moliya faoliyati doirasida ishonchli boshqaruv (vositachilik) shartnomalari asosida bank va mikromoliya tashkiloti tomonidan ishonchli boshqaruvning muassisiga (komitentga) pulli asosda ko‘rsatilgan xizmatlar;
islomiy moliya faoliyati doirasida mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berishda ushbu mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berish bo‘yicha barcha ijara to‘lovlari summasi va sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq;
banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida tuziladigan shartnomalar bo‘yicha mijozga (xaridorga) realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama.
Islomiy moliya faoliyati doirasida ko‘chmas mulklarni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) beruvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari mol-mulk solig‘i to‘lovchilari deb e’tirof etiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun qabul qilindi
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun 27-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi ushbu qonun asosida Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan:
qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy omonat (depozit) tushunchalari kiritildi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinib, mazkur litsenziyani olish bo‘yicha aniq talablar o‘rnatildi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya operatsiyalari ro‘yxati tasdiqlandi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni cheklovlarsiz olishga ruxsat berildi;
islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilandi.
Islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari ham qonunda belgilangan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan24 hours agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Jamiyat4 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Dunyodan2 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
