Dunyodan
Dubay urush tufayli har daqiqada 1 million dollar yo‘qotmoqda
Mintaqaning eng yirik aeroporti Dubay AQSh va Isroil oʻrtasidagi Eronga qarshi urush va Eron hukumatining qoʻshni davlatlarga, jumladan Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) javob hujumlari tufayli yopildi.
NDTV World maʼlumotlariga koʻra, Dubay Eron hujumlari tufayli har daqiqada 1 million dollar yoʻqotmoqda. Bu raqam Amirliklarning kunlik yo’lovchi va yuk operatsiyalari, mehmonxonalar, taksilar va chakana xizmatlaridan tushgan daromadni o’z ichiga oladi.
Dubay aeroportlari 2023-yilda 87 million, 2025-yilning birinchi choragida esa 23,4 million yo‘lovchini tashidi. Bu xalqaro aeroport kuniga 270 ming sayyohga xizmat ko‘rsatishini anglatadi. 2026-yil 3-yanvarda aeroport rekord darajadagi 324 ming yo‘lovchini qabul qildi.
Harbiy harakatlardan eng koʻp jabr koʻrgan Emirates Airlines aviakompaniyasi boʻldi. Tahlillarga ko’ra, kompaniya kuniga 100 million dollar daromad keltirgan. 24 soatlik uzluksiz xizmat ko’rsatuvchi aviakompaniyalarning ishlamay qolishi katta moliyaviy yo’qotishlarni, shuningdek, mijozlar ishonchi va obro’sini yo’qotishni o’z ichiga oladi.
Yevropa, Osiyo va Afrika o‘rtasidagi qulay geografik hududda joylashgan Dubay aeroporti dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarini bog‘laydi.
Ma’lumot uchun: Dubay aeroporti raketa va dron hujumlari ortidan 28-fevraldan beri ommaviy reyslarni bekor qilmoqda. Aeroport binosi ham zarbadan zarar ko’rgan.
Bloomberg xabariga ko‘ra, BAA va Qatar AQShdan iqtisodiy yo‘qotishlarni bahona qilib, Eronga hujumlarni to‘xtatishni so‘ragan.
Avval xabar berganimizdek, Yaqin Sharqdagi harbiy keskinliklar ortidan badavlat shaxslar va yuqori martabali rahbarlar mintaqani tark etish uchun shaxsiy samolyotlarga yuz minglab dollar sarflamoqda.