Iqtisodiyot
Dronlar hujumi oqibatida Rossiyada benzin taqchilligi kuchaymoqda
Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari quvvatining qariyb 40 foizi ishdan chiqqan. Ayrim hududlarda bir kishiga 30 litrdan ortiq benzin sotilmayapti. 20 dan ortiq regionda taqchillik yuzaga kelgan.
Foto: Viktor Korotayev, Kommersant
Avgust oyi boshidan beri Rossiya hududidagi yigirmadan ortiq yirik neft zavodlariga zarba bergan Ukraina dronlarining hujumlari Rossiya yoqilg‘i bozorini misli ko‘rilmagan inqiroz holatiga olib keldi.
28 sentabr holatiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab neftni qayta ishlash zavodlarida neftni birlamchi qayta ishlash quvvatlarining 38 foizi (yoki kuniga 338 ming tonna) ishlamayapti, deb yozadi RBK «Siala» tahlil agentligi ma’lumotlariga tayanib.
Avgust oyida benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun mavjud quvvatlarning umumiy hajmi 6 foizga, sentabr oyida esa yana 18 foizga kamaydi.
«Siala» hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘xtashlarning taxminan 70 foizi Ukraina dronlari hujumlari bilan bog‘liq: sentabr oyi oxiriga kelib bunday hujumlar tufayli kuniga 236 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilishini ta’minlovchi quvvatlar ishlamayapti. Bu tarixiy rekord ko‘rsatkich bo‘lib, avgustdagi ko‘rsatkich (kuniga 206 ming tonna) yangilandi. Neftni qayta ishlash zavodlarida hozirgi inqirozgacha rekord darajadagi to‘xtab qolish 2022 yil mayida kuzatilgandi (196 ming tonna).
Sentyabr oyining o‘zida dronlar hujumlari tufayli neftni qayta ishlash zavodlaridan to‘rttasi faoliyatini to‘xtatgan: ular orasida Rossiyadagi eng yirik ikkinchi zavod hisoblangan Leningrad oblastidagi «Kinef» zavodi hamda Ryazan yaqinidagi «Rosneft» korxonasi (kuchli beshlikka kiradi) bor. Ulardan birinchisi 14 sentabrda, ikkinchisi – 5 sentabrda ishlashdan to‘xtagan. Shuningdek, 20 sentabrdan Novokuybishev neftni qayta ishlash zavodi, 22 sentabrdan esa – «Gazprom»ning Astraxandagi gazni qayta ishlash zavodi ishlamay qoldi.
Natijada sentabr oyida benzin ishlab chiqarish hajmi 1 million tonnaga kamaydi, uning ichki bozordagi taqchilligi esa iste’molning 20 foiziga yetdi.
RBK qayd etishicha, inqiroz fonida Belarus uzoq vaqtdan buyon birinchi marta Peterburg birjasida benzin va dizel yoqilg‘isi savdosini tikladi hamda darhol narxni keskin oshirdi. Sentyabr oyida Rossiyadagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari Belarus benzinini sotib olishni oylik hisobda 168 foizga oshirgandi.
«Kommersant» bozordagi ishtirokchilardan biriga tayanib yozishicha, sentabrda RFda benzin taqchilligi oylik 400 ming tonnadan ikki million tonnagacha yetdi. Peterburg birjasida benzin narxlari so‘nggi haftalarda butun tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni saqlab qolmoqda.
Bu fonda ba’zi hududlarda yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzilishlar boshlandi, eng og‘ir vaziyat – Uzoq Sharq va Rossiya janubida kuzatilmoqda. Anneksiya qilingan Qrimda hukumat yoqilg‘i sotishni chekladi – bir qo‘lga 30 litrdan ko‘p emas, shuningdek, treyderlar bilan 30 kun davomida yoqilg‘ining qat’iy narxi bo‘yicha kelishib olingan.
Umuman olganda, Saxalindan Nijniy Novgorod oblastigacha bo‘lgan 20 dan ortiq region yoqilg‘i taqchilligiga duch kelgan.
Rossiya hukumati benzin va dizel eksportiga cheklovlarni yil oxirigacha uzaytirdi. Shu bilan birga, 1 oktyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak mamlakatda benzin bilan bog‘liq vaziyat «mutlaqo nazorat ostidaligi»ni aytdi. «Alohida hududlar bo‘yicha ta’minot bilan bog‘liq ayrim muammolar kuzatilmoqda va Energetika vazirligi hududlar bilan birgalikda ushbu masalalarni qo‘l rejimida hal qilmoqda hamda tegishli neft mahsulotlari mavjudligi va yetkazib berilishini ta’minlamoqda», – dedi u.
Rossiya neft kompaniyalari inqirozni yumshatish uchun ko‘p narsa qila olmaydi, deydi iqtisodchi Vladislav Inozemsev: zarar ko‘rgan zavodlarni ta’mirlash oylab davom etishi mumkin, ayniqsa sanksiyalar hisobga olinsa. Sanksiyalar tufayli 2010-yillarda Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini modernizatsiya qilish uchun ishlatilgan G‘arb uskunalarini yetkazib berish taqiqlangan va ularni Xitoydagi analoglari bilan osongina almashtirib bo‘lmaydi, deb tushuntiradi Inozemsev.
Benzin bozoridagi «yong‘inni o‘chirish» uchun hukumat uni mamlakatdan olib chiqishni taqiqladi, shuningdek, xorijdan xarid qilishni boshlashga tayyorlandi – buning uchun YeOII darajasida benzin, dizel yoqilg‘isi va aviakerosin uchun import bojlari bekor qilindi. Katta ehtimol bilan, neftni qayta ishlash zavodlari ko‘proq yoqilg‘i ishlab chiqarishi uchun hukumat ekologik standartlarni pasaytirishiga to‘g‘ri keladi, deb hisoblaydi «Kommersant» manbasi.
Freedom Finance Global tahlilchisi Vladimir Chernovning ogohlantirishicha, benzin inqirozi Rossiya iqtisodiyotiga inflatsiya tezlashishini va’da qilmoqda. Yil boshidan buyon yoqilg‘ining ulgurji narxlari 40 foizdan ko‘proqqa oshdi, chakana narxlar o‘sishi esa yillik hisobda 11-12 foiz darajasida saqlanib qolmoqda va so‘nggi 7 yildagi rekordlarni yangilayapti. «Yoqilg‘i narxi oshishi muqarrar ravishda qishloq xo‘jaligi, transport va logistika xarajatlarini oshiradi, bu esa oziq-ovqat va eng zarur tovarlar narxining oshishiga aylanadi», – deya tushuntiradi Chernov.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Toskana delegatsiyasi bilan uchrashib, savdo, sarmoyaviy va madaniy aloqalarni muhokama qildi
-
Dunyodan5 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Dunyodan3 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoChimyonda tog‘ sayri qutqaruv operatsiyasi bilan yakunlandi
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
